
Mansur Jumayev haqida yozarkanman, Yunus Emroning mashhur qo‘shiqqa aylanib ketgan quyidagi satrlari qulog‘im ostida jaranglamoqda:
Yunus o‘ldi deya sado berurlar,
O‘lgan badan erur, oshiqlar o‘lmas…
Mansur ham Haqning oshig‘i edi. Mahbubi qoshiga oshiqdi…
“Usmon she’riyatimizga shamolday kirib keldi. Balki bo‘ronday! U shunday to‘polon va to‘lqin bilan keldiki, uncha-muncha she’riy uslub va ijodni to‘s-to‘s qilib yubordi…” Turob To‘laning ushbu ta’rifi Usmon Nosir ijodiga berilgan munosib baho edi. Hech ikkilanmasdan mazkur ta’rifni marhum shoir Mansur Jumayevga nisbatan ham ishlatish mumkin.
U qisqa umri davomida o‘zidan katta lirik meros qoldira oldi. Shoir juda ham shoshilib yashaganini, judayam shoshqinlik bilan ijod qilganini uning she’rlarini mutolaa qilish davomida yanada teran anglash mumkin.
Shoirlar yarim avliyodirlar, degan bir hikmatni o‘qigandim bir mahallar. Ularga oddiy odamlarga ma’lum bo‘lmagan sirlar ayondir. Mansur Jumayevning “Hazrati ishq” kitobini o‘qish jarayonida shoir o‘zining har bir she’ri, har bir satri bilan Oliy Jamolga bir qadam yaqinlashib borganini his qilish mumkin.
Shoir she’rlarini shartli ravishda 3 guruhga bo‘lib tadqiq etish o‘rinlidir:
1. Ilohiy ishq (hazrati Ishq) navolari.
2. Insoniy muhabbat kuylangan ijod namunalari.
3. Ijtimoiy motivlar asosidagi she’rlari.
1. Ilohiy ishq yo‘lida yozilgan ash’orlar bizni olis tarix tomon yetaklaydi. Tasavvufning sirli ohanglarini, Ishqi haiqiqiyning nozik asrorlarini ongimizda jonlantiradi. Navoiy va Fuzuliy, Nasimiy va Mashrab kabi shoirlarimizning ohangini tinglaganday bo‘lamiz.
Popuklari kuloh darvesh bo‘lganman,
Ozod shamollarga tanish bo‘lganman,
Qanday unutayin, eh ona daryo,
Nay bo‘lishdan oldin qamish bo‘lganman.
Ushbu to‘rtlikda shoirona iqrorlar o‘qirmanni olis moziyga olib boradi. Mavlono Rumiyning “Bishnav az nay, chun hikoyat mekunad, Az judoyiho shikoyat mekunad” (“Tinglagil, nay ne hikoyat aylagay, Ayriliqlardan shikoyat aylagay”) satrlari beixtiyor qulog‘imizda jaranglaydi.
Yuqoridagi to‘rtlikdayoq lirik qahramon samimiyati, rostgo‘yligi bilan o‘quvchini o‘z ortidan ergashtira oladi. She’rxon shoirning darvesh bo‘lganiga, ozod shamollarga tanish ekaniga va nay bo‘lishdan oldin qamish bo‘lganiga ishona boshlaydi. Nay – ayriliqdagi solik timsoli bo‘lib, mumtoz adabiyotimizda ko‘p qo‘llanadigan obrazlardan biridir. Quyoshdan ayro tushgan zarra, ummondan uzilgan qatra holati ayni nayda mujassam. Nay – qamishzordan ajralgan yolg‘iz qamish, u o‘z to‘pidan ajralib, yo‘nilib, teshilib sehrli sado chiqaradigan cholg‘uga aylandi!
Shoirning she’rlarida insoniy muhabbat Ilohiy ishq uchun ko‘prik vazifasini bajaradi. Buni mumtoz adabiyotda mazhar ishqi deb ham yuritishadi. Mazhar – Majnun uchun Layli, Farhod uchun Shirin edi. Mazhar – Yaratganning nuri tushgan yaratiq edi. Ayni shu holatlarga ishora qilib shoir yozadi:
Netong, bu yo‘l tumani
Vidoga olib borsa;
Bir gulning ishqi mani
Xudoga olib borsa!
Insoniy ishq orqali poklanib, Xudoga yuzlashish haqidagi fikrlar tarannum etilgan bu satrlarda Hazrat Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonida Farhodning ta’rifida aytilgan “Haqiqatga badal bo‘ldi majozi” misralarini eslatuvchi ifoda mavjud.
Mansurning “Tangriga maktublar” deb nomlangan turkumi adabiyotimiz tarixidagi munojotlarni yodga soladi. To‘rtta maktubdan iborat turkumning birinchi maktubida quyidagi satrlar bor:
Ey ko‘zimni aylagan soqiy,
Ey so‘zimni sor aylagan zot.
She’rlarimni shifo qil boqiy,
She’rni menga kor aylagan Zot!
Shoir o‘zining ijtimoiy pozitsiyasini eslab o‘tgan ushbu to‘rtlikda ijodining asosiy fenomeni bo‘y ko‘rsatgan. Mazkur bandda muallif o‘z she’rlarining abadiyatga insoniyat uchun shifo bo‘lishini duo qilib so‘ramoqda. Mansur Jumayev she’rlari xasta dilga shifo bo‘ladigan, huzunli qalbga taskin bag‘ishlaydigan xususiyatlarga ega durdonalar ekanini uning iltijolari, munojotlari, Tangriga to‘g‘ridan to‘g‘ri qilingan murojaat shaklidagi she’rlarida ko‘rish mumkin.
Ikkinchi maktubda munojot isyonga aylana borganini kuzatish mumkin. Haqiqiy shoir boshqa insonlarning ham dardini his qila oladi. Shu sababli muallif dunyodagi turli ijtimoiy muammolarni o‘z dardi kabi qalb prizmasidan o‘tkazadi. Shoir ijtimoiy masalalarni nazarda tutar ekan, dunyodagi urushlar, taloto‘plarni ko‘rib nega jimsan, deya Yaratganga isyon qiladi.
Bir janggohga aylandi dunyo,
Bu janggohda nahot Sen yo‘qsan?!
Bu oniy holat barcha ijod ahliga tanish bo‘lsa kerak. So‘z mulkining sultoni Alisher Navoiyda ham shunday isyonli holatlar lahzalik tarzda bo‘y ko‘rsatganki, Hazrat ham Taqdirga tadbir yo‘qligi haqida yozarkan, “Ne dersen bas bu jam’i benavog‘a, Gunohe qilmayin qolg‘on balog‘a?” deya isyon qilgan o‘rinlarini o‘qiganimiz bor.
Maktublar so‘ngida lirik qahramon yana umid va ishonch asosida iltijo qila boshlaydi:
Yoshimizni yomg‘ir aylagan,
Sochimizni qor aylagan Zot.
Dardimizni yo‘q qila qolgin,
Yo‘qdan bizni bor aylagan Zot!
Ayni shu misralar o‘qirmanning ham ko‘ngliga taskin bo‘lib yog‘iladi. Yo‘qdan bizni bor aylagan Zot, albatta, bor dardimizni yo‘q qila olishiga komil ishonch paydo bo‘ladi.
Shoirning tamsillar asosida bunyod bo‘lgan yana bir she’ri “Yarashmoq uchun ham nizo tug‘ilgan” misrasi bilan boshlanadi. Boshdan oxir hayotiy misollarni o‘zining fikrlariga uyg‘un tarzda keltirgan mazkur she’rining so‘ngida shoir Yaratganga murojaat va munojot qiladi:
Kel, vahm sherini jayron qil, Xudo,
Chavandoz nafsimni vayron qil, Xudo,
Mendek bir yomondan yaxshi og‘ochlar
Undirib meni bir hayron qil, Xudo.
Mazkur to‘rtlikda vahm sheri, chavandoz nafs, yaxshi og‘ochlar kabi tamsillar keltirilishi tasodifiy emas. Shoir Yaratganning cheksiz qudrati oldida o‘zini ojiz-u notavon his qilarkan, nafsidan panoh tilaydi, dunyoviy vahimalardan asrashini, yaxshi og‘ochlar – farzandlar kamolini Tangridan so‘raydi. Hazrat Navoiyning “Nafs itin qilsang zabun, olamda yo‘q sendek shujo” misralarining bevosita davomiday o‘qiladigan yuqoridagi satrlar muallifning mumtoz adabiyotimiz buloqlaridan qonib-qonib suv ichganini bildiradi.
2. Mansurning insoniy muhabbat kuylangan she’rlari orasida ona timsoli alohida ahamiyatga ega. Shoirning ona haqidagi satrlari “Hazrati ishq” kitobining ichidan turli mavzudagi she’rlar oralab joy olgan.
Mening bir qarzim bor yorug‘ dunyoda,
Umrim yillariga urgay u taroq.
U men kutganimdan ancha ziyoda,
U sen o‘ylagandan ancha kattaroq.
Muallifning qarzi nima bo‘lishi mumkin? Umrining yillarini har yonga tarayotgan qarz nima bo‘lishi mumkin? Matn osti ma’nolaridan bilish mumkinki, shoir bu o‘rinda onasining oldidagi uzilmas qarzi haqida iqrorlik keltirmoqda. Shoir yana bir to‘rtligida shunday xulosa beradi:
Topganimni yo‘lga xarj qilaman men,
Onam diydorini vaj qilaman men.
Ka’ba tavofidir onam diydori,
Bir yilda o‘n marta haj qilaman men.
Shoir onaizor oldida ham ulkan burch va mas’uliyat his qilganini yuqoridagi satrlar isbotlaydi. Shoirning dunyoviy ishq kuylangan she’rlarida hayrat, erkalik, samimiyat, xokisorlik kabi tuyg‘ular bo‘rtib ko‘zga tashlanadi.
Yorijon,
ay yorijon,
ketdi jon sen sori, jon:
ko‘rmadim ko‘rkam naqsh
ko‘zlaringday,
yorijon!
Bu she’rni har kim o‘zicha his qiladi, o‘zicha tahlil qiladi. Bu she’rda Naqqoshning naqshidan hayratlangan muxlisni ham, mahbubasining go‘zalligi oldida bosh eggan oshiqni ham, farzand ne’matining shukrini ado etayotgan bir bandani ham ko‘rish mumkin. Shoirning ayolining ta’kidlariga ko‘ra, bu she’rni Mansur qizi Orzuga alla sifatida ijro etib berar ekan. Shu bois ham bu she’rda har qanday sevgi mushtarak va uyg‘un holda kelganini ko‘rishimiz mumkin.
Boridan bezdi jonim,
borligin sezdi jonim;
jonim yo yerga kirdi,
yo ko‘kda kezdi jonim.
Ko‘zimdan sizdi jonim,
bir savol ezdi jonim:
jonim-ay,
jonim beray,
seni kim chizdi, jonim?!
Seni kim chizdi, jonim?!
Mazkur she’rda lirik qahramonni hayajonlantirgan, uning cheksiz hayratlariga sabab bo‘lgan timsol bu Yorning go‘zalligi. “Seni kim chizdi, jonim?!” ritorik so‘roq gapi ayni Oliy Naqqoshga – Yaratganga ishora qilmoqda. Yaratganning yaratiqlaridan hayratlanish ham aslida insonlikning asosiy mezonlaridan biridir. Naqqoshning naqshidan hayrat tuyish san’atni yaxshi his etish, anglash belgisi. Yaratganning go‘zal naqshlarini anglash uchun esa ko‘ngilda Uning ishqi bo‘lmog‘i lozimdir, aslida. Alisher Navoiyning “Barchasi Ezid taolo sun naqqoshindadur” kabi hayratlariga hamohang tarzda bitilgan mazkur satrlar hayrati ishqning go‘zal tasviri hisoblanadi.
3. Ijtimoiy mavzular Mansurning she’rlarida bo‘rtib ko‘zga tashlanadi. Uning “Beshinchi musofir” she’ri shoirning ijtimoiy missiyasi haqidagi yirik planda yaratilgan kartinadir. She’r shimol tomonlarga ishlagani ketgan musofirlarning hayot tarzi haqidagi tasvirlar bilan boshlanadi. Tun cho‘kib, hamma uxlayotganda konteyner ichidagi shoir yigit ijod dardi bilan to‘lg‘ona boshlaydi:
Uyg‘ondi,
to‘lg‘ondi:
sog‘inch,
ilhom,
she’r.
Bu tun butun she’rdir –
ko‘ngil to‘q edi.
Oltiga uch metr vagon-konteyner
ichra undan bo‘lak shoir yo‘q edi.
Ushbu banddagi bu tun, butun kabi so‘zlar o‘yini zulmatni yoritayotgan chiroqni o‘quvchi ko‘z oldida namoyon qiladi. Ilhomning cho‘qqisida ijod qilayotgan shoir elektr uzilishlariga guvoh bo‘larkan, darhol qolgan to‘rt sherigini uyg‘otib, ularga she’r o‘qib beradi:
Temir boshpanani daqiqa sayin
ishg‘ol qilar ekan sovuq ayoz, qish,
to‘rtta hamxonasin uyg‘otib tayin,
she’r o‘qib berguvchi shoirga olqish!
Albatta, she’r ayozga bas kela olmasligini ta’kidlarkan, muallif shoiri bor vagondagi besh musofir kechasi bilan harakatda bo‘lgani sabab ayoz zahriga bas kelishganini takidlaydi. Ammo shoiri yo‘q boshqa vagondagi musofirlar esa sovuqdan muzlab vafot etishadi:
Ne chora bor, axir,
kim nima ham der,
barisi navqiron,
g‘ayir yo‘q edi,
lekin bu vagonda
uyg‘otib,
she’r-per
o‘qib beradigan shoir yo‘q edi.
Ayni shu nuqtada muallifning asl maqsadi voqeani shunchaki bayon etish emas, balki ushbu voqeiy she’r orqali shoirning insoniyat yashab qolishi uchun, o‘zligidan, jonidan judo bo‘lmasligi uchun naqadar zarur shaxs ekanligini ta’kidlashdir. Ushbu she’rdagi tirik qolgan besh musofir, vafot etgan musofirlar, konteyner, shoir, chiroq, ayoz – bularning bari ramz bo‘lib umumiy bir g‘oyani: shoirning insoniyat oldida burchi nihoyatda zalvarli ekanini isbotlaydi. Shoir chiroq kabi xalqini ayozlardan asramog‘i, ularning uyquga bosh qo‘yishlariga izn bermasdan, kerak bo‘lsa, majburan bedor tutib, asramog‘i lozimligi “Beshinchi musofir” she’rining asosiy xulosalaridan biridir.
Hali ham sovuqdir shimol, do‘stlarim,
hali ham bir g‘aflat quvar erlarni...
Ayozda chiroqsiz qoldirma, Tangrim,
shoiri yo‘q konteynerlarni!
Xulosa qiladigan bo‘lsak, Mansur Jumayevning “Hazrati ishq” to‘plami Hazrati Ishqning yuksak ohangdagi tarannumi bo‘lgan she’riy guldastadir. “Hazrati ishq” – hayrati ishq! Shoirning umri uning she’rlari, munojotlari, maktublari, kitoblari orqali davom etaveradi. Muhammad Yusuf yozganiday:
O‘lsa, o‘zi o‘lar, so‘zi o‘lmaydi,
Hamisha barhayot nasl – shoirlar.
Haqiqiy shoirning qabri bo‘lmaydi,
Yurakka ko‘milar asl shoirlar!
Sitorabonu HOSHIM qizi,
Xalqaro Nordik universiteti dotsenti,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
Ma’naviyat
Jarayon
Adabiyot
Adabiyot
Adabiyot
San’at
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q