
Oʻtgan asrning boshlaridagi jadid taraqqiyparvar ziyolilarining koʻzga koʻringan vakillari – Fitrat, Choʻlpon, Sadriddin Ayniy, Gʻulom Zafariy, Hamza, Muhiddin qori Yoqubov kabi zotlarning qator maqolalari va risolalarida oʻzbek mumtoz musiqa madaniyati, ayniqsa, milliy musiqa merosiga munosabatlar aks etgan. Jumladan, Fitratning ilmiy tadqiqotlarida mavjud musiqa ilmining tarkibiy tuzilishi, fan predmeti, tadqiq usullari mufassal yoritib berilgandi[1]. Gʻulom Zafariy ijodiy merosining ham asosiy qismi oʻzbek milliy musiqasi va uning tarixi tadqiqiga bagʻishlanadi[2]. Sadriddin Ayniy esa oʻz maqolalarida Ota Jalol, Ota Gʻiyos, Qori Kamol, Qori Najm, Miratojon tanburnavoz – “Tillanoxun” kabilarning oʻzbek, tojik musiqa madaniyati taraqqiyotiga qoʻshgan cheksiz hissalarini taʼriflab oʻtgan. Eng ahamiyatli tomoni, “Chigʻatoy gurungi”ning faollaridan va “Koʻmak” jamiyatining aʼzosi boʻlgan Sayyid Ali Usmonxoʻjayev[3] oʻzbek milliy musiqa merosini asrab qolish masalasini birinchilardan boʻlib ilgari surgan edi. U oʻzining “Sanoyi nafisamiz oʻladi” sarlavhali maqolasida oʻzbek xalqining milliy sanʼati naqadar ulkan va qadimiyligiga urgʻu beradi. U xalq amaliy sanʼati, milliy kiyimlar, milliy meʼmorchilik, milliy musiqa va ularning har birining benazir va betakror jihatlariga toʻxtalib, jumladan, shunday yozadi:
“... musiqani olsoq, hozir Buxorodan topilgan asarlar-da qanday musiqashunoslar va musiqiy shoirlar (bastakorlar) yetishgan ekanini koʻrsatdi. Baʼzi yerlarda topilgan musiqiy tovushlar Ovroʻpada yoʻq ekan. Dugoh (maqom sanʼati nazarda tutilmoqda – muallif) Yevropa musiqa sanʼati hozir anglab yetgan qarashlar bizda ilgari boʻlganini koʻrsatadi. Bizning Navoiydek musiqiy shoirlarimiz odamning soʻzini oʻksik (noqis) ekanini anglab, butun miyadagi, koʻngildagi tilaklarni soʻz bilan aytib boʻlmasligini, koʻngilda boʻlgan bu nozli oʻyunlarni, dardlarni yolgʻiz cholgʻu (musiqiy) orqali dunyogʻa-toshqorigʻa chiqaruv yolgʻiz musiqiy kuylar bilangina boʻlaturgʻon ekanligin tushunganlarini Dugoh kabi bir (opera) bilan dunyoga bildirganlar. Bizda musiqiyga tushunuv naqadar buyuk ekanini mana shu qisqagina chiroylik legenda koʻrsatadir... Bizning musiqiy kuylarimizning naqadar chiroylik ekanini, biroz yanglishliklar bilan boʻlsa ham Ovroʻpa orkestri bilan aytilganda, hamma koʻrdi, hamma ovrupoliklarning oʻzi ham uning asiriga aylandi”[4], — deydi.
Yana bir oʻzbek musiqa sanʼati bilimdoni Gʻ.Zafariy oʻz maqolasida: “Har bir elning madaniy turmushigʻa negiz boʻlgan omillar chinakam tekshirilsa, har bir asr yoxud davrdagi kishilarning madaniy yoqdan oʻsishlariga sabab boʻlgan narsalarni tubli bir yoʻlda bir yerga yigʻib ochiq koʻz bilan boqib koʻrilsa, madaniy oʻsishimizga oʻrnak va negiz boʻladirgon hamda kelgusidagi madaniy tuzulishga juda qimmatlik narsalar vujudga chiqar. ...Mana bul qiymatlik asarlar ham narsalar, zamonning oʻtishi, chet ellarning qoʻshilishi bilan yoʻqolib boradirlar yohud oʻzlarining tub shakllarin yoʻqotadirlar va butunlay yoʻqolib bitadirlar. Chet ellarning odatlari, nafosat yoʻllari bizning sanoi nafisalarimizni juda buzadirlar. Mana shuning uchun tez zamonda oshigʻich yoʻllar bilan oʻzimizning asl sanoi nafisalarimizni, ijod etgan narsalarimizni, cholgʻu kuy va ashulalarimizni yoʻqolishlaridan qutqozib qolishimiz kerak. Cholgʻu kuylarimizning “Olti maqom” degan tubli, ilmiy tartiblik boʻlimi yoʻqolayozgan. “Olti maqom”ning nasr, saraxbor boʻlimlarin boʻlsin, mushkilot boʻlimin boʻlsin, bilguvchilardan bir ikkigina ustadan boshqalari oʻlib bitganlar. Vaqt tordir, shul bir ikki kishimiz ham oʻla qolganida, ortiq Olti maqomni bilguvchi oʻzbeklar orasida butunlay yoʻq boʻlishi aniqdir. Shuning uchun oʻlkamizda bor ikkitagina Sharq musiqa maktablarimiz (biri Buxoroda va biri Toshkentda)ni yaxshi yoʻlga qoʻyub, Buxorodagisida yoʻq ustalarni Toshkentdan, Toshkentda yoʻqlarini Buxorodan keltirib ishga kirishilsa, shundagina cholgʻu kuylarimizning tubli va ilmiy boʻlimi oʻlimdan qutqorilgan boʻlur. Bu muhim tilakka erishmagimizga katta bir sabab albatta Maorif komissarligimizning zoʻr fidokorligi va himmati boʻlur. Cholgʻumizni oʻlimdan qutqarmoq bilan ishimiz bitgan boʻlmaydir. Saqlanib qolgan cholgʻumizning toʻblarin ilmiy tusda tekshirmoq, Ovroʻpaning bilim dunyosida buyuk bir oʻrin tutgan cholgʻu toʻplarin oʻzimizga bajara olganimizcha mol qilib olib, cholgʻumizni tahlikalardan butunlay qutqarmoq uchun kuylarimizni notaga olmoq lozim. Shuning ila birga, kuyli ertak va doston, lapar, oʻlan, yor-yorlarimiz yildan-yilga eskirib, yoʻqolib ketayotgan xalq kuylarin va butunlay oʻlim chuquriga tashlangan qalandarlar kuylarin ham oʻquvchilarimizga nota bilan oʻrgatmoq lozim. Soʻngra yangi cholgʻu maktablari uchun “gʻoya” sanalgan fikrlardan biri cholgʻularni teatru sahnasiga chiqarmoqdir.
Biz ham istaymizkim, oʻquvchilarimizdan tugal opera oʻynay olarliq sonda ashulachilar yetishtiraylik. Mana shul tilaklarga yetishmak uchun yurtimizda bor bir-ikkigina cholgʻu ustalarini, ikkinchi turli aytganda, cholgʻu pechatlarini maktablarimizga keltirib, shular bilan Olti maqomlarimizni oʻrgattiraylik. Ham tezdan shul ustalardan bir qancha soz chala bilguvchi cholgʻuchilarimizni tayyorlatib, Samarqand, Qoʻqon, Andijondagi yangigina ochilgan Sharq cholgʻu maktablariga ustalar yetkizib berib, ularni ham tubli bir yoʻlga qoʻyaylik. Oʻquvchilarning barchasiga Yevropa cholgʻusi asoslarin va notasin oʻrgataylik”[5].
Yana bir oʻzbek milliy musiqa merosi jonkuyari Rajabzoda ham milliy musiqamiz, xususan, tanbur haqida jonkuyarlik bilan yozadi: “Goʻzal sanʼatlarimiz qatorida musiqamizning tarixi ham tekshirilmagan. Jon ozigʻi boʻlgan maqomlarimizning tuzilishi har vaqt oʻziga taʼsir bilan bizni tortishi kabi, musiqamizning shunday xususiyatlarin sira oʻylamaymiz. Holbukim, musiqamizning tarixiy betlari qorongʻu puchmoqlarda bitib ketmoqdadir. Bu kungi 15-20 turli musiqa qurollarimizning oʻziga maxsus ancha tarixiy beti bordir.
...Oʻzining mungli tovushi bilan musiqa qurollarimiz orasida ayirmali boʻlgan “tanbur” kuylarimizning taʼsirini anglatishda birinchi oʻrin tutodir. Tarix betiga koʻz solsak, tanburni cholgʻularimiz orasida eng eski va eng tugal, toʻkis ekanini koʻramiz. Musiqa bilan tanish kishilarga belgilikim, tanbur butun cholgʻularimizning negizi va qulogʻuvzi (yetakchisi)dir. Bundan oʻzga, tariximizda barmoq bilan sanayturgan buyuk musiqiychilarimizning koʻpisi Sharq maqomlarining negizi sanalgan Buzruk, Navo, Segoh... kabi nafis kuylarimizning yuzda saksonin shul tanbur orqali yanglishsiz oladirlar. Qolgan cholgʻular esa kuylarni olishga tanbur qadar qulaylik bera olmaydir. Demak, bu qurolni “Sharq pianosi” demak juda yarashadir. Chindanda piano Ovroʻpaning butun musiqachilariga birdan-bir qurol boʻlib, eng mashhur operalar eng oldin piano bilan tuzulganlari kabi Sharqning-da eng dongli maqomlari tanbur bilan olingandir. Tanbur yolgʻiz cholgʻularimiz uchun boʻlmagan, balkim har bir musiqiy sevguchiga qulogʻuz (dalil) boʻlmish. Musiqachilarimizning qandaydir qiyin masalaga murojaat qilaturgon oʻrinlari boʻlgan musiqiy qurollar orasida Navo, Segoh, Iroq... kabi, kishi tabiatiga juda koʻp taʼsir etadurgon kuylarimizni istaganimizcha cholishimiz uchun mos qurol yana shul tanburning oʻzginasidir. Zotan, tanburning oʻziga maxsus boʻlgan cholish yoʻli (uslubi tarannumi) musiqamizning asosiy uslubiga uncha katta taʼsir etgandirkim, yuqoridagi kuylarimizning barchasiga tanbur musiyqi desak-da toʻgʻridir... Endi Sharqning shuncha nozik, yurak yondirgʻuvchi kuylarin bizga koʻrsatguvchi bir iz boʻlsa, ulda tanburdir.
Klassik musiqamizni shunday tasavvur etib boʻladir: Sharq tarz meʼmorisinda yasalgan muhtasham bezangan katta bir uy, yuqorisinda musiqiychilar uchun maxsus bir oʻrin, bir tanbur kamoncha ila, ikki tanbur tirnoq ila bir qobuz. Bular ila birlikda uch goʻzal tovushlik ashulachi tanburning mungli tovushlari bilan Iroq, Navo kabi dongli bir maqomdan boshlaydir. Buni taronalari bilan uforga yetib, siporishiga topshiradir. Endi, tabiiy, bundagi tinglaguvchilar soʻz soʻzlamakka emas, balkim nafas olmoqni ham toʻxtotib turishni oʻzlariga lozim bilib qoladirlar.
Sharq kuylarining mazasini shunday asboblari tugal oʻrindan anglamasa, boshqa bir yerdan anglab boʻlmaydir. Bunda koʻrsatilmish musiqa qurollarimiz chiqish tovushlari bir-biriga shunday qorishadirkim, buni eshitguvchi oʻzini koʻklam chogʻining eng goʻzal koʻngilli bir kunida, togʻlar ustida, buloqlar yonida, gullar orasida, suvning shildir-shildir qilib oqish tovushini eshitib turganday boʻladir[6].
Shundan soʻng matbuotda bu masala keng muhokama etiladi va talaba Iskandar Ikrom: “Buxoroga borgan ijodiy guruh yana bir tanbur notasini topgan ekan, maʼlum boʻlishicha, uni Gʻiyos oqsoqolning bobosi Xorazmdan keltirgan. Notaning tuzilishi XVIII asr miyonalarida deb taxmin etiladir... Oʻshal notaning bir nusxasi Toshkent “Turon” kutubxonasida bor boʻlsa ham baʼzi kamchiliklar orqasida mutolaaga qoʻyilmagan. Tezdan tartibga qoʻyilib, mutolaaga berilsa kerak”, — deydi. Iskandar Ikrom milliy qadriyat boʻlgan musiqaning kelajagidan tashvishlanib, “Hozirgacha notasiz cholinib kelayotqon Sharq kuylarining baʼzi bir maqom va kuylari notasizlikdan yoʻqolib, buzulib ketayotibdir. Bundan xavotir olganlar uni Ovroʻpa notalarida saqlashga intildilar, biroq kamchiliklari koʻp ekan”, deydi. U, jumladan, “Kuy – maqomlarning yuzaga chiqishida oʻshal oʻlkaning havosi, atrofi, ahvoli ruhiyasi va qisqasi, muhitning taʼsiri koʻp boʻladir. Shu sababdan bir oʻlkaning maqomi boshqa oʻlkanikidan juda farqlidir, shuning uchun ovropa notasi va olatlari sharq musiqasini qamray olmaydi” deb hisoblaydi va “Ovroʻpa notasi 15-asrda yaratilib, 4-5 asrlik taraqqiyoti natijasida bugungi holga kelgan boʻlsa, biz ham sharq notasini yaratishimiz lozim va uning uchun mana shu tanbur notasi asos boʻladi” deydi. U Xorazm tanbur notasi tanburning 17-18 pardasidan (boʻgʻimlaridan) olingani va hozirda anchagina qiyin ekanligini aytadi, biroq avvaliga ovroʻpa notasi chiziqlarining ham koʻp boʻlganini eslaydi. Hukumatdan yordam umid qilib, avvaliga maqomning nazariy asoslarini mukammal oʻrganishga chaqiradi va shundan keyin notani qulaylashtirish lozimligini aytadi. Biroq ungacha Muhiddin Qori taklif etgan fonografga zudlik bilan koʻchirib, maxsus fond tashkil etishni tavsiya qiladi. U yoshlarni koʻproq musiqa maktablariga yuborib, mutaxassislarni koʻpaytirish kerak deb hisoblaydi[7].
Munozarada mashhur Choʻlpon ham ishtirok etib, “Chinakam bizning cholgʻumiz yoʻqolib ketishdan saqlanmogʻi lozim. Kuylarimizni unutilishi va buzilishidan asralmogʻi darkor. Koʻpdan beri darkor boʻlgan, bugun kech boʻlsada tuzulibdir. Yashasun, yashasun. Bizning kutgan tilaklarimizni bersun. Bizning vazifamiz ashulalarni tor burchaklardan keng maydonlarga olib chiqish, oʻstirish, parvarish qilish, tarbiya berishdir”[8], deb yozadi.
“Yer yuzi” jurnali sahifalarida Shokirjon Rahimiy tomonidan eʼlon qilingan bir maqolada esa “Oʻzbek musiqasi boy, qozoq, qirgʻizlardagi oqin-oʻlanchilar bor. Gʻozi Olim Samarqand atrofida, Toshkentning Qonjigʻali kentida, Fargʻonaning Shahrixon atrofida baxshilarni oʻrgangan va ularning merosi hamda musiqachilarning sanʼatini xuddi tarixiy binolar va kitoblar singari millatning nodir boyligidir deb taʼriflagan edi. Ular tomonidan shogirdlar tayyorlanishini yoʻlga qoʻyish, kuylarini notaga olish kerakligini aytgandi”, deyiladi. U, shuningdek, “Toshkentda Mullo Toʻychi, Shorahim, Abdusoatlar, Buxoroda Jalol ota, Haydarqul, Mirzo Gʻiyos, Domla Halimlar, Samarqandda Hoji Abdulaziz, Xoʻjandda Sodirxon, Fargʻonada Yusuf qiziq va boshqalarning har qaysisi oʻzbekning yonib turgan chiroqlari!”[9] deb taʼrif bergan edi.
Keyinroq Fitrat munozaraga yakun yasab, oʻz mulohazalarini quyidagicha bayon qiladi: “...Bizning musiqaning bugungi ustodlari orasida uning nazariy tomonlarini bilgan kishilar yoʻq. Shuning uchun bir koʻp yanglish harakatlarga sabab boʻladirlar. ...Bir tanbur bilan bir dutor topilsa darhol bir gʻijjak bilan bir chang qoʻshadilar. Holbuki, bir gʻijjak tovushi ikki tanburning tovushini yeb qoʻyadi. Birgina tanburni bir gʻijjak bilan bir changga topshirish u bechorani boʻgʻib oʻldirishdan boshqa narsa emasdir.
Bizning burungʻi ustalar masalani butunlay boshqacha qoʻyganlar:
Uch tanbur, bir rubob, bir dutor, bir gʻijjak, bir balabon, bir qoʻshnay, bir chang, bir doira.
Ikki tanbur, bir qoʻbiz, bir dutor, bir nay, bir doira.
Ikki tanbur, bir qoʻbiz, bir doira (dutor ham qoʻshilsa mumkindir).
Hech boʻlmaganda: bir tanbur, bir dutor, bir doira.
Burungi ustalar shu yoki shunga yaqin bir tartib bilan musiqa chalgandirlar[10].
Shuningdek, Fitrat “Musiqamizning katta kamchiliklaridan bittasi uning tarqoqligidir. Musiqamizda birlik yoʻq. Bir kuy Xivada boshqa, Buxoroda boshqa, Fargʻonada boshqa, Toshkentda boshqacha cholinadir. Hozirgi texnikumlarimiz ham shul chiziqdan chiqolmay yuradirlar. Buni yoʻqotish uchun musiqa texnikumlarimizdan boshlab ishga kirishmoq kerak. Musiqa texnikumlariga Maorif komissarligi tarafidan umumiy progʻrom berish, unga kirgan kuylarni notaga olib (hech boʻlmaganda Xorazm notasiga olib!) tarqatish va darslarni shul notaga muvofiq suratda davom etishlarini talab qilish lozim”,[11] — deb yozadi.
Umuman oʻtgan asrning 20–30-yillarida sovet mafkurachilari “... oʻzbekning oʻz musiqasi yoʻq, u arab hamda eron taʼsirida paydo boʻlgan. Undan voz kechish va Yevropa musiqasi asosida yangi oʻzbek musiqasini yaratish zarur” degan daʼvo bilan chiqqan edilar[12]. Bu fikrlarga qarshi Fitrat, Gʻulom Zafariy kabi qator jadid taraqqiyparvar ziyolilari keskin kurash olib bordilar. Gʻ.Zarfariy bu masalada jiddiy izlanish olib borib, oʻz xulosalarini quyidagicha bayon qiladi:
“Men musiqamizning tarixin anglamak boʻlib Toshkent, Qoʻqon, Margʻilon, Andijon, Namangan musiqa ustalari bilan boʻlgan musoxabam natijasida shunday koʻrinadirkim, hamma musiqa ustalarimiz bir yo ikki vosita bilan mashhur Xudoyberdi ustozga taqaladi... Toshkent, Qoʻqon musiqachilari Qoʻqon xoni Xudoyorxonning mahrami Ashurali Mahram shogirdlari boʻlib, Ashurali Mahram boʻlsa Xudoyberdi ustozning shogirdi ekan... Bizning maqomlarda Urganch taʼsiri bor boʻlganidek, Qoshgʻar taʼsiri ham bor. Chunki, soʻnggi ustozlardan ikkisi sof urganchlik, biri esa (Xudoyberdi ustoz) aslan qoshgʻarlik boʻlib, Urganchda 18-yil turib, musiqa ilmidan tahsil olib kelgan. Yaqinda musiqa institutining muallimi, xivalik Muhammad Yusuf Devonzoda bilan soʻzlashganimda, “Xudoyberdi degan bir qashqari bundan taxminan 150-yillar ilgari Urganch kelib, uylanib, 18-yil turib, musiqa ilmini oʻrganib, soʻng Fargʻona borib toʻxtab qolgan ekan” deb eski ustozlardan eshitganini soʻyladi. Bundan boshqa toshkentlik eski koʻp ustozlarni koʻrgan Sayyid Ahmadxon ota (78 yoshda) bilan soʻylashganimda, “bizning musiqamizda Urganch va Qoshgʻar taʼsiri bor, chunki koʻp musiqa ustozlarimizning ustozi Xudoyberdi ustoz qoshgʻarlik, 18-yil Urganchda musiqa ilmin oʻrganib, Umarxon zamonida Fargʻonaga kelib qolgan, undan chiqqan shogirdlar hozirgi hamma musiqachilarimizning ustozi” deydir.
Mana bular koʻrsatadiki, Urganch va Qoshgʻarning taʼsiri boʻlgani bilan musiqamiz ruhimizga koʻra oʻzlashtirilgan yaʼni oʻzbeklashtirilgan. Yuqoridagi daʼvoga koʻra, oʻz musiqamiz bor boʻlganin koʻrsatmakka dalil boʻla biladir. Toshkentning mashhur tanburchilaridan mullo Shobarot tanburchi “bizning musiqiy yoʻllarimiz koʻproq Urganch taʼsirida boʻlsa-da, Qoshgʻar taʼsiridan ham qocha olmagan. Ikkala taʼsir ostida boʻlgan musiqamiz oʻz ruhimizga koʻra bir qancha qochruq va tuzatishlar bilan yaxshigina silliqlangan. Buxoro, Samarqand, Xiva yoʻllaridan katta ayirma bilan ayriladi.
Fargʻona va Toshkentda koʻproq Shashmaqom yoʻllari deb Bayot, Dugoh, Segoh, Chorgoh, Nasrullo Shahnoz kuylarini ataydilar. Qoʻqon, Andijonda bularga Buzruk, Ushshoq, Iroqlarni ham qoʻshadilar. Bulardan boshqa Navo, Ajam, Munojot, Rakbmushkilot, Tajnis degan klassik musiqa yoʻllarin biluvchilar har shaharda topiladi. Buxoro Shashmaqomi bular: Buzruk, Rost, Navo, Dugoh, Segoh, Iroq.
Bu yuqorida koʻrsatganim maqom yoʻllari bizda chalingani bilan Eron, Ozarbayjon, Buxoro yoʻllari bilan solishdirilganda bus-butun boshqa. Bunga sabab, yuqorida koʻrsatganimdek, oʻzlashtirganimiz boʻlsa kerak. Bu maqomlardan boʻlak klassik deb atalgan oʻz ruhimizdagi oʻz kuylarimiz borkim, ularning otlari: Sarbarcha, Mirzadavlat, Ilgʻor, Suvora, Miskin, Adoyi, Nosiri, Girya, Nolish, Koʻchabogʻi, Sharob, Abdurahmonbegi, Karimqulibegi, Madalixon, Xurram, Dilxiroj, Kurd, Eshvoy, Begi, Sulton, Toʻlqun, Galdir tuya, Boʻzlov, Tarannum, Moʻgʻulcha, Qashqarcha, Nisor, Qalandari, Sulum, Qarri Navoiy va boshqalar. Mana bular klassik yallalar deb ataladilar.
...Mana shul hujjatlarga tayanib turib deya olamanki, oʻzbekning bor boʻlgan mana shul musiqasin islohlar bilan tuzatib, hozirgacha borligin tuta bilib, shu choqqacha kelgan musiqamizni tamom oʻrganib shuning bilan baravar Ovroʻpaning musiqa nazariyasini va usullarini oʻrganib, shunga tatbiq yoʻli bilan yangi oʻzbek musiqasini yaratish kerak”.[13]
Darhaqiqat, oʻtgan asr boshlarida zamonning qanchalik ogʻirligiga qaramay jadid taraqqiyparvarlarining tashabbusi, fidokorona mehnatlari va mahalliy rahbarlarning jasoratlari evaziga xalqimizning milliy musiqiy merosini oʻrganish va asrab qolish borasida qator muvaffaqiyatlarga erishildi.
Biz yuqoridagi MUNOZARA yuzasidan xulosa chiqarishni hurmatli oʻquvchilarimizga qoldirgan holda oldimizga bugungi holatimiz qanday, bugun bu mavzu qay qadar dolzarb degan savollarni qoʻyishni istaymiz. Maqolamizning xulosasi oʻlaroq, shu kunlarda bu mavzuda alohida suhbat qilishni rejalashtirganmiz. Zero, har bir millatning oʻzligini, kimlikni asrab qolishda musiqiy madaniyatning oʻrni oʻta muhim omillardan biri hisoblanadi.
Bahrom IRZAYEV,
Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori
[1] Fitrat A. Oʻzbek klassik musiqasi va uning tarixi. – Toshkent: Fan. 1922.
[2] Zafariy Gʻ. Oʻzbek muzikasi toʻgʻrisida // Alanga. 1930. №1. – B.10.
[3] Keyinchalik Germaniyada taʼlim olish uchun yoʻllangan, iqtisod fanlari doktori ilmiy darajasi va professor ilmiy unvonini olgan.
[4] Sayyid Ali Xoʻja. Sanoi nafisamiz oʻldi // Qizil Bayroq. 1921-yil 3-avgust. – B.1.
[5] Zafariy Gʻ. Cholgʻumizni oʻlimdan qutqarayliq // Maorif va oʻqituvchi. 1925. №1.
[6] Rajabzoda. Tanbur // Maorif va oʻqituvchi. 1925. №2.
[7] Iskandar Ikrom. Eski tanbur notasi // Yer yuzi. 1926. №12. – B.12 – 13.
[8] Choʻlpon. “Bazm” cholgʻu toʻdasi // Maorif va oʻqituvchi. 1926. №6.
[9] Rahim Sh. 30-35-yil musiqiy yoʻlida // Yer yuzi. 1926. №10. – B.8 – 9.
[10] Fitrat. Oʻzbek musiqasi toʻgʻrisida // Alanga. 1928. №2.
[11] Fitrat. Oʻzbek musiqasi toʻgʻrisida // Alanga. 1928. №2.
[12] Zafariy Gʻ. Oʻzbek muzikasi toʻgʻrisida // Alanga. 1930. №1.– B.10.
[13] Gʻulom Zafariy. Oʻzbek musiqasi toʻgʻrisida // Alanga. 1930-yil yanvar. №1.
Adabiyot
Tarix
Tarix
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q