
Feruza Gafurova 2008-yildan buyon Germaniyada istiqomat qiladi. Oilali, uch nafar farzandning onasi. Qahramonimiz Berlin shahridagi IWES (Innovative Water & Environmental Solutions) kompaniyasi boshqaruvchisi, Germaniyada tashkil etilgan “Oʻzbekoyim Community Germany” ayollar klubining asoschilaridan biri, qolaversa, Germaniyadagi vatandosh xotin-qizlar uchun tashkil etilgan “Baxtiyor oila” loyihasi maslahatchisi.
Hozirgi kasbimni bolalik paytlarimdan orzu qilardim
Qadim Samarqandda ulgʻayganman – bolaligim kechgan dalalar, kenglik, suv kechib yurgan paytlarimni koʻp eslayman. Bolaligim moʻjizaviy kechgan desam ham boʻladi. Eslasam hali-hanuz koʻzlarimga yosh keladi. Tabiatni sevardim, u bilan bogʻliqligimni keyinchalik angladim. Oʻsha paytlardanoq kelajakda xorijiy davlat fuqarolari bilan hamkorlik qilishni orzu qilardim va shu niyat bilan Toshkent davlat jahon tillari universitetiga oʻqishga kirganman. Taʼlimim bu bilan cheklanib qolmadi, turmush qurdim va keyinchalik turmush oʻrtogʻimning sohasi qiziq tuyuldi, ana shu qiziqish meni Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Milliy tadqiqot universitetida ikkinchi yoʻnalish boʻyicha tahsil olishga undadi. Shunday qilib, bu sohada ham bilim va tajribamni oshirdim. Ana oʻsha bilimlar bugun olisdan turib vatanim uchun foydali ishlar qilishimga sababchi boʻlmoqda.
Hamisha Oʻzbekiston iqlimi bilan qiziqaman
2008-yildan buyon Germaniyada yashaymiz. Hozirda Berlin shahridagi IWES (Innovative Water & Environmental Solutions) kompaniyasini boshqaraman. Asosiy maqsadimiz – Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarida suv muammolariga innovatsion yechimlar topish. Kompaniyamiz suv resurslarini boshqarish, ichimlik suv taʼminoti va ekologik barqarorlikni taʼminlash boʻyicha loyihalarni amalga oshiradi. Oʻzga yurtda boʻlishimga qaramay, yurtimizdagi muammolarga befarq emasman, bu daxldorlik hissi meni doim katta ishlarga undaydi. Loyihamiz orqali vatanimiz manfaati, kelajagi uchun xizmat qilishni chin dildan istayman. Yurtimizdagi tegishli tashkilotlarga bu sohada oʻz tajribalarim bilan boʻlishaman, kerakli maslahatlarni beraman. Hamisha Oʻzbekiston iqlimi bilan qiziqaman, atrof-muhitni asrash borasida esa joriy yilning Oʻzbekistonda “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili deb eʼlon qilinishi meni juda ham quvontirdi. Atrof-muhitga eʼtibor berish kerakligi boʻyicha ajoyib tashabbus boʻlgan. Davlat dasturi bilan tanishib, bu borada samarali ishlar olib borilishiga amin boʻldim, yurtimdan faxrlandim.
Bundan tashqari, Germaniyada tashkil topgan “Oʻzbekoyim Community Germany” ayollar klubining asoschilaridan biriman. Bu Germaniyada yashovchi oʻzbek ayollari uchun birlik, qoʻllab-quvvatlash va milliy qadriyatlarni saqlashga qaratilgan platforma. Begona yurtda boshqa madaniyat, oʻzga turmush tarzi ichida inson, ayniqsa, ayol oʻzligini, ildizlarini unutmasligi juda muhim, chunki bu uning oilasida, farzandlarida yaqqol aks etadi. Ushbu ayollar klubi aynan shu maqsadlarga, milliy qadriyatlarni saqlashga qaratilgan. Qolaversa, ayollar birligi masalasi ham dolzarb. Ayol ayolga yelkadosh, hamfikr ekanini shu platforma soyasida bir-birimizda eslatib turamiz.
Eng katta niyatlarimdan biri farzandlarimni milliy ruhda tarbiyalash
Kasbiy faoliyatim shular bilan chegaralanmagan, “Baxtiyor oila” loyihasida maslahatchi sifatida ham faoliyat yuritaman. Bu loyiha oilaviy munosabatlarni mustahkamlash va farovonlikka erishishda yordam berish maqsadida tashkil etilgan. Loyiha ish va oila muvozanatini saqlash, tarozining ikki pallasini teng tutish qanchalar muhim ekanini eslatib turadi. Ishdagi muvaffaqiyatlarni chetga surmagan holda oilamdagi baxt-quvonchni asrashga harakat qilaman. Ushbu gʻoyalarni mazkur loyiha yordamida boshqa ayollarga ham yetkazishga, ularni qoʻllab-quvvatlashga intilaman. Uch nafar farzandim bor, ular Germaniyada ulgʻayishyapti. Shuning uchun ham eng katta orzularimdan biri – farzandlarimni milliy ruhda tarbiyalash. Ular Germaniyada tugʻilgan boʻlsa ham oʻzbek ekanliklarini his qilishlari va bundan faxrlanishlari uchun bor kuchimni sarflayman. Oʻz madaniyatimiz, bobokalonlarimizni bilishlarini xohlayman va bu uchun qoʻlimdan kelganini qilyapman.
Uzoqda boʻlsak ham yuragimiz doimo Vatan bilan birga
Kelajakdagi rejalarim juda katta va koʻp yoʻnalishlarni qamrab oladi. Dunyo miqyosida suv resurslari va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan foydali loyihalar ustida ishlashni davom ettirmoqchiman. Shuningdek, musofirlikda yashayotgan oʻzbek ayollarimizga qoʻlimdan kelgancha madad berish, ularga tayanch va qanot boʻlish muhim maqsadlarimdan biri.
Yana bir muhim yoʻnalish – Germaniyada yashovchi oʻzbek oʻsmirlarida milliylik tuygʻusini kuchaytirish, ildizlarimizga boʻlgan hurmatini mustahkamlash ham maqsadlarim safida. Musofirlikda yashayotgan vatandoshlarimiz nomidan biroz gapirishni istardim. Biz uzoqda boʻlsak ham, yuragimiz doimo Vatan bilan birga. Oʻzbekiston bilan bogʻliq loyihalar sonining koʻpayishini chin dildan xohlayman, chunki bu nafaqat mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qiladi, balki kelajak avlodimiz uchun ham bebaho meros boʻladi. Bu yil biz ham IWES jamoasi bilan ushbu ezgu ishga hissamizni qoʻshmoqdamiz. Hozir Oʻzbekistonda yashillikka qaratilgan loyiha ustida ish olib boryapmiz, chunki bu nafaqat tabiatga, balki butun insoniyatga foyda keltiradigan tashabbus.
Kelajak avlodga toza havo, yashil tabiat va mustahkam milliy ruhni qoldirishimiz shart
Shuningdek, musofirlikda yashayotgan yurtdoshlarimizga milliy qadriyatlarimizni saqlab qolish qanchalik muhim ekanini eslatmoqchiman. Bu bizning kelajak avlodlarimiz uchun bajarishimiz kerak boʻlgan eng katta va muhim vazifalardan biri. Biz kelajak avlodga toza havo, yashil tabiat va mustahkam milliy ruhni qoldirishimiz shart! Musofirlik bu – nafaqat yangi imkoniyatlar, balki katta sinov ham. Biz yurtimizdan uzoqda boʻlsak ham, bir-birimizga suyanishimiz, qoʻllab-quvvatlashimiz va birlashishimiz kerak. Kelajak avlod oʻz ildizlarini, kimligini, qayerdan kelganini unutmasligi uchun bugundan harakat qilishimiz lozim. Biz vatandoshlar “Vatanimizni sevaylik, uni himoya qilaylik va oʻz hissamizni qoʻshaylik” shiori ostida oʻz faoliyatimizni olib borishimiz kerak. Shunday ekan, har bir vatandoshimizni oʻziga shu savolni berishga chaqiraman: men oʻz yurtim uchun qanday foyda keltira olaman? Chunki, agar har birimiz oʻz imkoniyatimiz doirasida kichik boʻlsa ham Vatanimiz uchun biror ezgu ish qilsak, birlashsak, bizning millatimiz yanada kuchli boʻladi!
Ufora HABIBULLAYEVA suhbatlashdi.
Tarix
Adabiyot
Tarix
Falsafa
Tarix
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q