Qoyada o'sgan gul


Saqlash
19:12 / 13.12.2021 1499 1

 

 Aytmatov Aytmatov-da! Asarlari necha takror o‘qilsa, shuncha qayta yangi taassurot, toza ruh beradi. Yaqinda “Jamila” bahsida bo‘lib o‘tgan bir suhbat bahona bo‘ldi-yu, qissani qayta varaqladim. Aytmatov jodusi... va jamiyat, hayot, odamlar, inson ruhiyati haqidagi uzoq yillik o‘y-xayollar bo‘ronday qo‘zg‘alib keldi.

 

Eng go‘zal muhabbat qissasi

 

Olamshumul Pushkinning Tatyanasidan fikru xayoli ag‘dar-to‘ntar bo‘lmagan kitobxon topilmasa kerak. Adabiyotni inson hayotining egizagi, olam tizimining azal-abad jabhasi deb bilgan kishi uchun shunday bo‘lishi tabiiy. San’atga hayotni chuqurroq mushohada qilish vositasi, qalbni va u orqali dunyoni o‘zgartirguvchi kuch deb qaralganda – ayniqsa.

Tatyana va Pushkin kechikkan oshiq Oneginni muhtasham zal o‘rtasida yolg‘iz tashlab ketganidan so‘ng bir yarim asrcha o‘tib o‘zimizning Jamila ham dunyoni uncha-muncha larzaga solmadi. Aytmatov ham, siporoq aytganda, o‘quvchini hazilakam dilemma qarshisiga qo‘ymadi. Hali-hanuz shunday. Bu go‘zal qissadan so‘ng aql bir yonu, ko‘ngil bir yon; oshkora inkor bir yonu, pinhona iqror bir yon bo‘lmaydi, deb ko‘ring-chi! Aslida har kun sodir bo‘ladigan voqealaru pand-nasihat adabiyotning ishi emas; uning o‘tkir nigohlari sokin tuyulgan tiriklik oqimining suvosti nishabliklari, damba va girdoblariga tushadi – ular esa bizga daf’atan shakkoklik kabi, yakkam-dukkam juz’iylik bo‘lib ko‘rinishi mumkin. “Ha, bu kitob-da...” deymiz.  Deymizu... lekin baribir chuqur-chuqur o‘ylar og‘ushida qolamiz. Bizga daxli yo‘qdek tuyulgan qahramonlar kechmishi o‘z haqiqatlarimizga bo‘lak ko‘zgulardan qarashga majbur qiladi.

Qozoq mutafakkir adibi, jamoat arbobi Baxtijon Qanapiyanov yozadi: “Men Moskvada, bir zamon Chingiz Aytmatov ham tahsil olgan Oliy Adabiyot kursida o‘qigan chog‘larimda o‘quv bo‘limi boshlig‘i Nina Averyanovna Malyukova bir kuni bizga “Jamila” qissasi muhokama qilingan seminar stenogrammasini ko‘rsatdi. Stenografistning sovuqqon qo‘llari bilan tarixga muhrlangan nohaq tanqidlar oqimida hujjatning bir chetida qoldirilgan izoh meni va kursdoshlarimni larzaga soldi. Unda shunday yozilgandi: “Aytmatov yig‘laydi”. Bu stenogramma hozir ham bormi-yo‘qmi, bilmayman. Balki Litinstitut arxivida saqlangandir. Gap hozir bu haqda emas. Shu xil mavzularni qo‘rqmay bemalol muhokama qilish mumkin bo‘lgan, aytilgan gaplar devordan nariga o‘tmaydigan oddiy o‘quv seminarida ham Aytmatovning “Jamila”si qanday bahs-munozara va e’tiroz uyg‘otgan! Yana Litinstitutda! Unda bizning alma-materdan (ona maktab) narilarda nimalar kechgan bo‘lsa?”  Ular odil hukm da’vosidagilarning birinchisi ham, oxirgisi ham emas, albatta.

Yuqorida zikr etilgan suhbatda ham shunga o‘xshash  voqea yodga olindi. San’at oliygohida ishlagan ustoz adibning darsida “Jamila” qissasi muhokamaga qo‘yiladi. Keng-yorug‘ sinfxonalarda ne-ne falsafayu ilmlarni suv qilib ichgan jiddiy talaba qizlar yakdillik va sobitlik bilan Jamilaga qarshi turadilar. Urushning noravo yukini nozik yelkalarida ko‘targan ushoqqina o‘sha Jamilaga. Mag‘lubiyat alamining qurboni bo‘lgan o‘sha bejirim Jamilaga. Albatta, qizlarimizning nikoh, axloq, sadoqat kabi rad etib bo‘lmas dalillari bor. Albatta! Dashtu dalalarda somon sovurib yurgan Jamila esa o‘z qarori himoyasiga oddiygina – baxt talabidan bo‘lak yana qanday hujjat qo‘ya olardi? Nihoyatda boaxloq bo‘lib ko‘rinmoq istagi, balki, u nikoh ortida inson erkiga tajovuz yotganligini ko‘rishimizga xalaqit berar? Aslida nima axloqiyroq: o‘z-o‘ziga qarshi bo‘lib munofiqlarcha yashab o‘tmoqmi va yo o‘z haqqing uchun kurashib ro‘ysiyoh bo‘lmoq? “Ko‘ngli tilagan murodiga yetsa kishi, Yo barcha murodlarni tark etsa kishi...” deganlari ham jonsiz gap emas-ku, axir! O‘ylaysan... o‘ylaysanu, bo‘lg‘usi san’atchilarimiz qolib, Jamila qolib boshqa narsalar xayolga keladi. Deylik, umumdunyo hayotini zarpechakgulday o‘rab olayotgan munofiqlik degan balo... dilda – bir gap, tilda – boshqasi; minbarlarda – bir gap, hayotda – boshqasi. Jahonni, katta-katta davlatlarni, hukmdorligu boylik kurashini, siyosat janggohlari, savdo qaynagan turmush bozorlarini qo‘yaturaylik! U balo hatto oddiy o‘quv xonalariga kirib Yoshlikning tiniq samimiyatiga ham ko‘lanka solayotgandek. Insoniyatni bemahal qaritib, hayot atalmish zumrad sayilni soxta oliyjanoblik  poygasiga aylantirayotgandek.

Zohirbinlar Jamilaning ayolni xo‘rlaydigan urf-odatlar qurboni bo‘lganini ko‘rmaydilar, albatta. Jamiyat o‘z barqarorligini saqlash uchun noravo tutumlarni saqlab turishi-ku bor gap. Lekin nega odamlar o‘zlari ko‘r-ko‘rona bo‘ysunib kelgan, paydo bo‘lish sababi hamma vaqt ham ma’lum bo‘lavermagan ayrim tartib-nizomlarning mohiyati, odamzod hayotiga muvofiqmi-yo‘qligi haqida o‘ylab ham ko‘rmaydilar. Bilibmi-bilmaymi uni rad etganlarni esa shakkok sanaydilar. Bu negadir odamga og‘ir botadi.

Bandai ojiz sifatida ozmi-ko‘pmi gunohkor ekanligimizni o‘z ichimizda har birimiz bilamiz. Bu tuyg‘u Yerga tushirilgan Odam Atodan qolgan. Odam bolasiga xos bo‘lgan umidvorlik ila, gunohkorlikdan qo‘rqish savqi tabiiysi ila har qachon va har yerda o‘zimizni oqlash uchun asos qidiramiz. Uzoq ovulda kechgan voqealarni kengroq mushohada qilsak, nedir bir gunohga sherik bo‘ladigandek sezamiz o‘zimizni. Jamilani rad etishni beaybligimizning dalili deb o‘z-o‘zimizcha hukm beramiz-da, uni qoralash bilan o‘zimizni oqlab olgandek bo‘lamiz. Nachora, Jamila siymosida mujassamlashgan ilohiy tuyg‘ular inkishofini, insoniy baxt talabini iqror etish bilan eng kamida beodob sanalishdan cho‘chiymiz. Aslida har birimiz ne bir lahzada odamlar hurmat qilgan taomillar tugul, butun dunyoni vayron qilishni istaganimiz ham bor gap-ku. Goho ko‘ngilga erk berishni xohlaganimiz yolg‘on emas-ku. Bu – ko‘ngilning ko‘yi hamisha odamiylik arkonlariga yot degani ham emas-ku! Aslida, qadar fursati kelgandirki, Jamila insonlik haqqini tanidi. Hayot voqeligi ibtido qonuniga ters kelib qolgan makonlarni tark etdi. Juda oddiy: ketdi-bordi. Tatyanani sharaflagan, Jamilani malomat etgan aqlimiz bilan o‘ylab ko‘rsak: unisi ham, bunisi ham o‘z qarorida insoniylikning qaysidir arkonini mustahkamladi. Unisi ham, bunisi ham tahqirlangan tuyg‘ular amriga ko‘ra ish tutdi.

Adibning singlisi Roza Aytmatova bir suhbatda shunday xotirlaydi: “Bizning ovulda ko‘p ayollar Jamilaning prototipi menman, deyishadi; Chingiz o‘smir yoshida  aynan o‘ziga muhabbat qo‘yganini ta’kidlashadi”. Albatta-da! Uzoq ovulda umrguzaronlik qilgan sodda bir ayol mashhuri jahon yozuvchining sevgisidan faxrlanib, ozgina mubolag‘a qilsa, shu bilan o‘z qadrini baland his etsa, hech bir yomon joyi yo‘q. Lekin bunda hazilomiz oddiy istakdan chuqurroq mazmun ham bordek. Bu – o‘sha ayollarning o‘zi ham tushib ko‘rmagan botinida ne bir norozilik pinhonligidan nishona ham emasmi? Bu – taqdirga mute emas, sohib bo‘lmoq istagining Jamila siymosida ro‘yobga chiqqanidan yayralish ham emasmi?

“Jamila” avval rus tilida “Novыy mir” jurnalida, keyin Lui Aragon tarjimasida fransuz tilida e’lon qilinishi bilan kitobxonlarning ham, mutaxassis tadqiqotchilaru ijodkorlarning ham diqqatiga tushdi. “Mening kutilmagan muvaffaqiyatim, har doim va har yerda bo‘lgani kabi, ijodkor do‘stlarimni gangitib qo‘ydi, - deydi Aytmatovning o‘zi bu haqda, -  ularning ko‘pchiligi qissadan og‘iz ochmaslikni ma’qul topdilar. Faqatgina ayrim “klassiklarimiz”, xalqona aytganda,  ham shoxiga, ham tuyog‘iga ura boshladilar”.

Xuddi shu shovqinzor ichida Lui Aragon uni “Dunyodagi eng go‘zal muhabbat qissasi” deb baholadi. Hali-hanuz kimlardir farang adibini asardagi ovrupocha erkin muhabbat o‘ziga jazb etgan deyishga moyil. Bo‘lsa, bordir. Ayni paytda yana bir aksioma mavjud: buyuk insonlar hamisha butun insoniyatga tegishli. Shunga ko‘ra, ular biryoqlama-tor, o‘zi mansub makondagina  amal qiladigan haqiqatlarni qo‘llab-quvvatlashi mumkin emas. Agarda Lui Aragonning – g‘ayriinsoniy mohiyatini tushunib yetgach – o‘zi mahliyo bo‘lgan kommunistik g‘oyalarni keskin qoralagani, qatag‘onga uchragan sho‘ro ziyolilari himoyasiga chiqqanini, bu yo‘lda hatto sobiq Ittifoqning “Xalqlar do‘stligi” ordenidan bosh tortish qadar qat’iy turganini nazarda  tutsak, u qissaga bergan ta’rif sirini boshqa yoqdan axtarishga to‘g‘ri keladi. Bizningcha, Aragonni Jamila siymosida barq urgan isyon va hayot tuyg‘usi maftun etgan. Bu tuyg‘u Jamilaning o‘zi ham to‘la his etmagan murosasizligida, jasorat va shiddatida voqelanadi. Avgustning oydin oqshomida nogahoniy iqrorga olib kelgan ishq zamzamalarida, Saidning qalbida yaratish zavqini uyg‘otgan jo‘shqinligida, ruhiga yot voqelikka ko‘nmasligida namoyon bo‘ladi. Har qanday kitobxonda – hatto e’tiroz, qat’iy raddiya shaklida bo‘lsa-da – munosabat uyg‘otganining o‘ziyoq Jamilada Hayotning ulug‘vor yuragi qattiq urib turganligi nishonidir. Bir gal: “Nega Jamilani bunday tasvirladingiz?” degan savolga Aytmatov: “Buni Jamilaning o‘zidan so‘rash kerak” deya javob bergan. Ehtimol, u: “Bu – hayot, axir. Qo‘lingizdan kelsa, Hayotdan so‘rang. Men borini yozdim, xolos...” demoqchi bo‘lgandir. Bu aslo chap berish emas, asl ijodning haqiqati shu – borini yozish.

 

Aytmatovning Tatyanasi

 

“Jamila”ning kutilmagan dovrug‘idan ko‘p o‘tmay Aytmatov o‘z ruhida bir umrlik g‘alayon uyg‘otgan ayolni uchratadi. U – qirg‘iz san’ati yulduzi, balerina Bibisora Beyshenaliyevadir. Qiziq, ularning qalbi, qismati ham musiqada payvandlangan ekan. Xuddi Jamila va Doniyor kabi. Ularning muhabbati roppa-rosa o‘n to‘rt yil – tokim o‘lim farishtasi ham Bibisoraga maftun bo‘lib, uni o‘z dargohiga boshlab ketguniga qadar davom etadi. Saida, Tanaboy, Ilyos, Oltinoy, Edigeyning ziddiyatlarga to‘la, lekin yorug‘ muhabbatini afsonadek hikoya qilgan Chingiz Aytmatov Bibisoraning motamida oshkora bo‘zlaydi. Achchiq ko‘z yoshlarini yashirmaydi. Bir zamonlar “Jamila” bahonasida o‘zini g‘iybat-malomatga ko‘mib, g‘ayirligini oshkor qilgan  so‘qirdil kimsalar oldida munofiqlik qilmaydi. Cho‘chimaydi... Qalbi lang ochiq inson, yozganlari amaliga muvofiq ijodkorgina shunday qilishi mumkin. Asl insonlik shu – boricha ko‘rinish.

Aytmatov Tanaboy (“Alvido, Gulsari!”) va Edigeyning (“Asrni qaritgan kun”) kechikkan muhabbatida ham o‘zining o‘sha tuzalmas  iztiroblarini muhrlagan bo‘lsa ne ajab? Shundaydirki, Gulsarining sohibi Tanaboyni maftun etgan ayolning ismi Bibisoraga uyqash – Bibijon. Shundaydirki, Edigey ko‘ngil qo‘ygan ayolning o‘g‘li Bibisoraning farzandi Ermak bilan adash... 

Qiziq, Aytmatov avval-boshlab “Jamila”da go‘yo o‘z qismatini bashorat qilgandek. Negakim, adibning Bibisoraga bo‘lgan muhabbati ham kechikib kelgan kabi edi... boaxloq odamlar nazdida xato kabi edi. Negakim, o‘zi ham Doniyor va Jamila kabi sof insoniy tuyg‘ulari uchun g‘ayurlar malomatiga nishon bo‘ladi. Faqat... Aytmatov va Bibisora ham o‘sha qahramonlar kabi nega  taqdir rishtalarini qonunan bog‘lamadilar? Bu, albatta, ko‘pchilikni qiziqtiradi. Hatto suygan kishisi bilan turmush qurish oppa-oson tuyulgan bizning XXI asrda ham hammaga muyassar bo‘layotgan ish emas bu. Tuyg‘ularu   vaziyatlarga bog‘liq bo‘lgan hollarda-ku, tushunarli; lekin Jamilaning ovulida bo‘lgani kabi oila qurishda ayolning haq-huquqi bir pulga olinmaydigan jamoatlar, qavmlar hali-hanuz mavjud. O‘zini eng buyuk axloqiy g‘oyalar  himoyachisi deb e’lon qilgan sho‘ro muhitida esa ahvol yanada murakkab, shaxsiy tuyg‘ularga erk berish – Aytmatov mavqeidagi odam uchun o‘ziga kafan bichish demak edi. O‘zimizning Abdulla Orif sho‘ro yillarida  “Birinchi muhabbatim” she’ri uchun qanday malomatlarga nishon bo‘lganini eslaylik...

Aytmatov mavqeyi va hayoti tahlika ostida qolishini bilaturib, hamma hisob-kitoblarni bir yoqqa otgancha, Bibisoraning qo‘lini so‘raydi. Ammo ayol har gal yo gapni boshqa yoqqa burar, yo shoshmaslikni ma’qul ko‘rardi. Nega? Nahotki, u barcha ayollar kabi baxtga talpinmasa? Aytmatov oradan yillar o‘tib qozoq shoiri Muxtor Shoxonov bilan suhbatda bir dunyo hasrat va nadomat bilan deydiki: “Keyinroq angladim, Bibisora partiyaviy “o‘rtoqlarim” va safdosh adiblarning hujumidan meni asrash uchun o‘zini qurbon qilgan ekan”. Ha, xuddi shunday: har bir kishi hayot dramalariga o‘zicha yechim izlaydi. Goho o‘zi uchun eng baland qadriyatlarni-da ongli ravishda qurbonlikka keltiradi. Goho adashadi. Zaminiy hayotning azaliy yo‘rig‘i shu.

Ha, Aytmatovning Yerdagi samoviy muhabbati to oxirigacha “Ming bir kecha” ertaklariga o‘xshamadi. “Jamila”dagi isyonkorona ruh hayot haqiqati oldida yuvosh tortdi. Taqdirning hazillari ko‘pincha achchiq bo‘ladi. Balki muqoyasa to‘la muvofiq kelmas: lekin Bibisora Tatyanani takrorladi. Buyuk adibni ilk bora,  ehtimol, o‘sha mashhur qissaning shov-shuvi orqali tanigan ayol Aytmatovning Jamilasi bo‘lolmadi. Tatyana kabi u ham tug‘ma insoparvarlik amri bilan “...o‘zgani halok aylaguvchi baxtning menga keragi yo‘q!” (Dostoyevskiy. Pushkin haqida nutq. 1880 yil 8 iyun),  deya oldi. “Jamila”dan keyin Aytmatov asarlarida baxtli muhabbat motivi deyarli uchramaydi.

Yozuvchi o‘z asarlarida tuyg‘ulari toza, bir-biridan go‘zal ayollarning xilma-xil obrazlarini yaratdi. Hayotda oliyjanob fazilatlarni o‘zida mujassam etganlarini ham ko‘p uchratdi, ular bilan yelkama-yelka faoliyat yuritdi. Tarix va adabiyot sahifalarida ham ayol desa deguday ayollar qancha-qancha! Ammo adib  bir kuni “U vas yest ideal jenщinы?” degan savolga “Djamilya!” deb javob beradi. Bu javobda Aytmatovning buyuk armoni, iztirobi muhrlanganini sezish qiyin emas. Uni adibning butun hayot yo‘lini mushfiq insoniy qalb ila, yaxlit holda xotiradan kechiribgina his etmoq mumkin.

Aytmatovning qismati ham, muhabbati ham buyuk Shekspir fojialaridagi kabi betakror va yorqin, tozartiruvchidir. U yigirmanchi ming yillikda ulkan imperiya hududida yashagan biz turkiy xalqlar hayotini, aynan bizga o‘xshagan oddiy odamlar turmushini badiiy tarixga aylantirdi. Biz turkiylarni olamga hushyor ko‘z bilan boqqan, ezgulikni ardoqlab, zulmning har qanday ko‘rinishiga murosasiz bo‘lgan oliyjanob bir xalq sifatida jahonga tanitdi. Buning uchun, ehtimol, biz ham; ajoyib asarlar uchun dunyo kitobxonlari ham adibning muzasi bo‘lmish Bibisora Beyshenaliyevadan minnatdor bo‘lishimiz kerakdir?

Yana bir gap. Aytmatov mashinkada 146, qo‘lyozmada yana 78 sahifadan iborat “Sibizg‘a va Yer” (“Fleyta i zemlya”) nomli asar ham yozgan. Akademik Abduljon Akmataliyev uning “Alvido, Gulsari!” bilan “Oq kema” oralig‘idagi vaqtda yaratilganini taxmin qiladi. 2013-yilda o‘g‘li Asqarning uyidan topilgan asar qariyb tugallangan, ammo to‘la yakunlanib, nashr etilmagan. Yozuvchi uni yaratganidan so‘ng qariyb qirq yil yashagan, lekin shu yillar mobaynida o‘z ijodi haqida gapirganda ham hatto biror marta “Sibizg‘a va Yer”ni tilga olmaydi. Nega?

A.Akmataliyev “Sibizg‘a va Yer” qahramoni Cho‘lponning prototipi o‘sha mashhur Beyshenaliyeva bo‘lganidan kelib chiqib taxmin qiladiki, og‘ir xastalik tufayli ayol chekkan azob-uqubat, uning bemahal o‘limi Aytmatovni chuqur qayg‘uga  solgan, yuragida tuzalmas yara ochgan. Adib asarni oxiriga yetkazish, e’lon qilish tugul, nomini tilga olishga ham o‘zida ruhiy kuch topa olmagan. Balki, shundaydir.

Xayolga keladiki... va yoxud hamisha mard va irodali, hamisha haqiqatning yuziga tik qarab kelgan adib shu asar sabab toshbag‘ir kimsalar yana ko‘ngil mulkini talon-taroj etishini, sevimli Bibisoraning ruhini bezovta qilib, uning yorug‘ xotirasiga dog‘ solishlarini istamagandir, balki? Adib hayotida yulduzdek chaqnagan,  lekin o‘zining osoyish baxtini qurbon qilgan ayol haqqi-hurmati uchun yurak qoni bilan yozgan asarini o‘zicha yo‘qlikka hukm qilgan,  shu bilan ezilgan ruhiga tasalli bergandir? Ehtimol...

 

Qo‘yvor nabirangni, otajonim Sharq!

 

Yuqoridagilar “Jamila”ga oid haqiqatlarning hammasi emas. San’at asari hamisha biz o‘ylagandan ko‘ra chuqur, bizning bilimlarimizu idrokimiz to‘la qamrab ololmaydigan darajada rang-barang, ba’zan ziddiyatli ko‘ringan mazmunlar majmuidir.

Aslida Jamila shunchaki ko‘ngil izmidan ketdi deyish to‘g‘ri emas. U insonni inson o‘rnida ko‘rmaydigan urf-odatlar qolipiga boshqalar kabi tushib qo‘yaqolmadi. Odamni buyumga teng qilgan, ammo ming yillarcha istisnosiz qabul qilingan eski tartibga qachondir darz ketishi kerak edi. Muqarrar sodir bo‘lajak bu inqilobni amalga oshirish dasht jayronlariday ozod o‘sgan Jamilaning zimmasiga tushdi.

Negadir shunday nuqtai nazar ham yo‘q emas: urf-odatlarning hammasi ezgu! Ming yillardan beri yashab kelyaptimi, demak, unda xalq ruhi bor, xosiyat bor. Ularni asrash, avloddan-avlodga o‘tkazish kerak... To‘g‘rimikan? Biz mustabidlarcha hukm surib kelayotgan urf-odatlarning qay biri ezgulikdan, qay biri jaholatdan ibtido olganini bilamizmi? Qachondir ezgulik yo‘lida paydo bo‘lgan, xizmat qilgan tartiblarning-da fursati yetib taraqqiyotga to‘siq bo‘lishiday qonuniyat ham bor-ku. Hatto ilohiy kitoblarda ham, aqidaviy tushunchalardan tashqari, bandasining yashash qoidalariga oid nimalardir o‘zgarib-o‘zgarib kelgani-chi?

Eng oliy qadriyat bo‘lmish inson hayotiga daxl qiladigan urf-odatlardan voz kechish kerakligi Aytmatovning yoki bugunning gapi emas. Deylik, Abdulla Qodiriy 1916 yildayoq “Uloqda” hikoyasida odamning beajal o‘limiga sabab bo‘ladigan ibtidoiy ehtirosdan voz kechishga oid fikrni o‘rtaga qo‘ygan. Ko‘pkarini mardlik, jasorat sinovi deydiganlar bu xulosaga aslo qo‘shilmaydilar, bilaman. Lekin uzoq yashab kelgan har neni hayotga muvofiq deb, uni asrab qolishga urinish millatparvarlik deyish to‘g‘rimikan? Qodiriy gumanizmini rad qilish uchun kuchliroq argumentni unga qarshi qo‘yish kerakdir, balki. Vaholanki, shu kunlarda ham ne-ne urf-odatlarimiz dunyoga uyg‘unlashuv, taraqqiyot yo‘lida to‘siq bo‘lib turgani bor gap. Uzoqqa bormay, to‘y-hashamlarimiz bilan bog‘liq o‘nlab, yuzlab mayda-chuydalarni eslash kifoya. Yoki: qarindoshlararo oila qurishdek olis urug‘chilik tuzumidan qolgan odatning zararli ekanligi allaqachonlardan ma’lum bo‘lsa-da, o‘zimizda bu odat ham butkul barham topgan emas.

“Dehqon bo‘lsang – jallod bo‘l”, ya’ni daraxt hosildan qolmasligi uchun uni ayamay butash kerak deydi xalq. Insonlik jamiyatining qoidasi ham shu – uning davomiyati eskirgan, keraksiz narsa-hodisalardan o‘z vaqtida kecha olishga bog‘liq. Hatto inson jismida ham vazifasini o‘tab bo‘lgan hujayralar o‘ladi va organizm uni turli yo‘llar bilan chiqarib tashlaydi. Bu gaplar san’at asarini anchayin jo‘nlashtirib qo‘ygandek tasavvur uyg‘otishi ham mumkin. Nachora, mutafakkir ijodkorning yozganlari hamisha hayotning oddiydan-oddiy kabi tuyulgan, ammo jon joylariga doxil bo‘lib qolaveradi. San’atkor esa  hayotbaxsh “jallod”ning o‘zidir.

Abdulla Oripov  bundan yarim asrcha ilgari shunday nido qilgan edi: “Qo‘yvor nabirangni, otajonim Sharq!”. Tasavvur qiling: bobo va nabira ketib borishyapti. Bolaning joni ichiga sig‘maydi, osmonlarga uchgudek, shaxd bilan yulqinadi, o‘zini har yoqqa tashlaydi. Lekin bobo uning qo‘llaridan mahkam tutgan, qo‘yvormaydi. Bu holda paradoks bor. Shu tazodiy haqiqatdan og‘riq tuygan  shoir yolvoradi:  “Qo‘yvor nabirangni, otajonim Sharq!” Dunyoni anglash, yaratish zavqidan qanot bog‘lagan yoshlikning hayqirig‘i, qo‘llarini bog‘lab turgan “mehribon”iga iltijosi bu. Ibtidodayoq fitratiga yangilanish, kamolot ehtiyoji muhrlangan Insoniyatning iltijosi bu: “Qo‘yvor nabirangni, sen yetmagan ufqlarga yetsin u, otajonim Sharq!..”

Bu mulohazalar Jamilani mardud bilguvchi axloqparastlarga parishon xayollar bo‘lib tuyulsa ham mumkin. Mayli-da. Ammo... Qissada yana bir g‘alati urf-odat qayd etilgan. Oilali erkak vafot etgach, bolalari yetim qolmasin degan maqsadda uning xotinini qayinog‘a-inisiga nikohlab qo‘yishar ekan. Sodiq bilan hikoyachi Seyitning aka-ukaligi ham shunday. Bu haqda esa nima deyishniyam bilmaydi odam...

 

“Tarona” emas, “Jamila”

 

Asar matniga yanada chuqurroq kirsak...

Ilk variantda “Tarona” (qirg‘izcha “Obon”, ruscha “Melodiya”) deb nomlangan qissa dastlab “Novыy mir” jurnalida (1958, № 8. Str. 3 – 31) chop etiladi. Obon – qirg‘izcha so‘z, milliy taronani anglatadi. “Xalq ijrochilari ko‘pincha an’anaviy tarona uchun o‘zlari matn tanlashgan: shunda ayni bir “obon” ijrochining ijodiy yondashuviga (ijro uslubi va ijodiy maqsad) bog‘liq holda xilma-xil hissiy bo‘yoqdorlik kasb etgan. Xalq ijrochisi tez-tez aksentni (musiqada ritmik urg‘u) o‘zgartirib turadi, matndagi hijolarni cho‘zishi yoki qisqartirishi, ko‘paytirishi yoki kamaytirishi mumkin, kirish va undov so‘zlar qo‘shadi, maromni o‘zgartiradi va h.k. Ijrochi uslubining bu xil improvizasiyasi pirovardida asarning negizini o‘ziga xos jilvalantirgan” (Ch.Umetaliyeva-Bayaliyeva.  Etnogenez kыrgыzov muzыkovedcheskiy aspekt. Bishkek, 2008. Str.171).

Aleksandr Tvardovskiy o‘sha tarixiy muhitda Jamila va Doniyor muhabbatining qanday baholanishini oldindan bilmasligi mumkin emasdi. Ammo u qo‘lyozmani qaytarmaydi. Yosh Aytmatov mashhuri zamon Tvardovskiy bilan birinchi marta uchrashadi. “Aynan o‘shanda Aleksandr Trifonovich menga asar nomini “Tarona”dan bosh qahramon ismiga o‘zgartirishni taklif qildi; menimcha, afzallik nimada ekanini ham izohlagandi, – deb eslaydi keyinchalik adib. – Ammo u izoh hozir esimda yo‘q. Men metrning (ustod) bu taklifini jonu dilim bilan qabul qilgandim”.

Demak, “Tarona” emas, “Jamila”.  

Bir qarashda, u bo‘ldi nima-yu, bu bo‘ldi nima – ahamiyatsizdek. Aksincha, aynan “Tarona” degan nomda qissaning lirik-romantik ruhi bo‘rtib, ikki oshiq qalbda tuyqus chaqnagan yulduzli lahza aniq tayin etilgandek edi. Aksincha, ikki bosh qahramondan aynan Jamilaga ustunlik berish zohirbinlar axloqsizlik sifatida baholayajak xatti-harakatni ma’qullashdek bo‘lib qolardi. Bu o‘zini or-nomusli sanaydigan kimsalaru sho‘ro adabiyoti qorovuli da’vosidagi “...shunos”larga yanada ko‘proq dastak berishi ham tayin edi. Aytmatov hamisha ehtirom bilan yodga olgan shoir, jasoratli muharrir – o‘sha Tvardovskiy, nahotki, bularni e’tiborga olmadi? Nahotki, u muqarrar ta’na-malomatlar balosini bir zumga unutdi? Aslida “Tarona” degan nom “Jamila”dan ko‘ra “beozorroq”, xavfsizroq emasmidi? Tvardovskiyning tarixiy izohi Aytmatov xotirasidan chindan o‘chib ketganmikan? – ozgina fikrlaydigan odam ana shular haqda o‘ylaydi. Asl mohiyatga yetmoqchi bo‘lganlar esa turli talqinlardan cho‘chimay chuqurroq tafakkur qiladilar. Va xayol ko‘zgusida erinchoq yoz kunlarining birida Moskvaning Kichik Dmitrovkasidagi 1/7-uy derazasidan botayotgan quyoshga termulib, sokin ovozda so‘zlashayotgan ikki adibni shoyon ko‘radilar. Ikki taqdirdosh, biri e’tirof etilgan, biri bo‘lajak – ikki barhayot klassik o‘shanda nima haqda gaplashishgan?

Har bir san’at asarida, istisnosiz, ijodkorning shaxsiy kechmishlariga bog‘liq boshlang‘ich bo‘ladi. “Jamila”da ham bir qarashda jozibador sevgi qissasi qalamga olingandek bo‘lsa-da, unga Aytmatov qismati ko‘zgusidan qarasak, bo‘lak manzara qalqib chiqadi. Yozuvchi keyinchalik partmajlisda kommunistik oila dushmani sifatida po‘stagini rosa qoqqanlarini eslab, “asar ustida ishlagan paytimda bu xil oqibatlar umuman xayolimga ham kelgan emas”, deydi. Bu – juda muhim qayd; u mazkur qissa qandaydir muhabbat tarixidan ko‘ra yuksakroq, chuqurroq darddan ibtido olganini zimdan tasdiqlaydi. U yozuvchini boshqa bir g‘oya qattiq band qilganligiga dalolat.

Demoqchimizki, 30-yillardagi siyosiy qatag‘on Aytmatovning ham yoshligini zaqqumga aylantirgan, oilasini sarson qilgan. Ana shu zulmu haqsizlik dardi adib qalbining tub-tublarida bosh ko‘tarolmay yotgan. Ehtimol, u alamini  ichiga qamashga majbur bo‘lgan. Odamning qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, qulga aylantiradigan mustabid tutumlarga qarshi isyon fursati yetib Jamila timsolida yuzaga chiqqan. U qattol tutumlar qissa matnining ichki qavatlarida – sho‘roning mudom qonga tashna temir qonunlaridan elas-elas darak berarak, yuza sathida – o‘z umrini o‘tab bo‘lgan patriarxal urf-odatlar shaklida voqelangan. Bu pinhoniy Erk odasini Tvardovskiydek So‘z donishmandi sezmasligi mumkin emas edi. O‘sha – “Ivan Denisovichning bir kuni” (A.Soljenisin) asarini “Novыy mir”da bosishdan qaytarganlarga “Uni chop qila olmasam, bu jurnalni boshimga uramanmi?” deya javob qaytargan  hamisha haqparast Tvardovskiy. Zero, mash’um 30-yillarda uning ham butun oilasi quloq qilingan, sho‘roga umid bilan qaragan bo‘lg‘usi adibning ko‘rguliklari yanada mudhish edi. Qissada u ham, ehtimol, o‘z xotirasida hamon qon silqib yotgan jarohatlarni ko‘rgan. U Aytmatov qalamini harakatga keltirgan ichki impulsni bexato ilg‘adi, o‘sha mohiyatni asar sarlavhasiga ko‘chirdi. Muallif ham buni tushundi. “O‘sha birinchi uchrashganimizda, - deb davom etadi o‘z xotiralarida Aytmatov, - A.Tvardovskiy menga partiyaviy adabiyot  mulozimlarining turg‘un-mustabid talablarini aylanib o‘tish uchun qanday yozish kerakligini  erinmay, sodda qilib tushuntirdi”. Bu qayd yuqoridagi talqinga quvvat beradi. Ehtimol, ular ikkisi ham hamma rishtalarni shartta uzib, ruhiyatida tuzalmas jarohat ochgan joylardan bosh olgancha Jamila kabi uzoq-uzoqlarga ketmoq istagida yonganlar. Ketmoq, unutmoq, eski qayg‘ularning ozodasi bo‘lmoqni tilaganlar. O‘sha tilak fursat yetishi bilan “Jamila” degan nomda o‘zidan darak bergan: bir taklif qilgan, ikkinchisi qabul qilgan..

Sho‘ro hukumati Tvardovskiyni butun oilasidan, Aytmatovni otasidan razillarcha judo qildi. Ularning haq-haqiqat va ezgulikka oid tasavvuriga abadul-abad darz soldi. Keyin esa har ikkalasini yuksak martabalarga ko‘tardi, eng oliy mukofotlar bilan siyladi. Ammo tadqiqotchilardan biri Aytmatov misolida aytganidek, ularning “botinida o‘ta hissiyotchan, qalbi majruh go‘dak bir umrga yashab qoldi”.

Qissaning rus tilidagi asliyatida o‘zbekcha tarjimada tushib qolgan “zapozdalaya lyubov” degan jumla bor. Urushdan qaytgan Karim Jamilaga eridan maktub topshiradi. Yozuvchi xatda nima yozilganini aytmaydi. Lekin shu kuni oqshom Doniyor oldidagi iqrornomasida Jamila shunday deydi: “Nima deyishsa deyishar, u (Sodiq) o‘zining kechikkan sevgisi bilan menga hech ham kerak emas!” Ishoradan ma’lum bo‘ladiki, uyga yozgan xatlarida xotinini hammadan keyin bittagina jumlada eslab o‘tgan Sodiq bu maktubda sevgisiga iqror bo‘lgan. Afsus, kech, kech...

Lekin hozir gap bu haqda emas. “Kechikkan sevgi” degan jumla qiziqtirdi bizni. Struktur tahlilning so‘z-kod usulidan kelib chiqib yondashsak, bu jumla muhim ahamiyat kasb etadi. Unda avvaliga jonu jahonini vayron qilgan sho‘ro hukumatining keyinchalik bergan jamiyki imtiyozlari, mukofotlariga Aytmatovning munosabati ham aks etgan deyish mumkin bo‘ladi. “Sindirarlar, so‘ng o‘zlari yamagaylar” deganlaridek, sho‘ro siyosatining aql bovar qilmas yana qancha o‘yinlari bo‘lgan. Nachora, odamzod o‘zi qurgan mana shu yo‘llardan yurib kelayotir...

Xullas, yodini bir umr ta’qib etgan “xalq dushmanining bolasi” degan tamg‘a bu ikki adibni Jamilaga oid tub haqiqat maxrajida topishtirgan, birlashtirgan bo‘lsa ajab emas. Bu – yashab qolishining sharti insonni erkidan judo qilish bo‘lgan tuzilmalarga qarshi isyon haqiqatidir. Bu – istibdodni parchalab tashlashga qaratilgan da’vatlar haqiqatidir. Bu – insonni yashash zavqidan mahrum qiladigan xurofot va aqidalarga hech bo‘lmasa qalban qarshi turmoq haqiqatidir. O‘sha tarixiy uchrashuvda, ular, ehtimol, ana shular haqida so‘zlar yo ko‘zlar vositasida dardlashgan bo‘lsalar, ne ajab...

 

***

Jamila – arabcha “go‘zal, zebo” demak. Qissa ham, Jamila ham Aytmatovning go‘zalidir. Ichki va tashqi olami ismi qadar maftunkor, mahzun va oliyjanob qalbidan boshqa bisoti bo‘lmagan, o‘z yo‘lini o‘zi  tanlagan Jamila – Aytmatovning moʻjizasidir. Farang adibining ta’rifi ham bejiz emas. E’tiroz, raddiya, qo‘ying-ki, nafrat va alhazar bilan to‘lib-toshgan kitobxon ham qissa ruhining ko‘tarinkiligini his etmay, qissadan keyin nihoyatda samoviy tuyg‘ularga ko‘milmay iloji yo‘q.

...Ha, biz “gullayotgan tosh”ni (Sh.Rahmon) ko‘rmaslik uchun ko‘zlarimizni yumib olamiz. Ichda tan olganimizni odamlarning ko‘zicha rad qilamiz. Qo‘rg‘oshin qoliplarni buzganlarni rad etamiz. Ammo  o‘xshash kuchlarning bir-biridan itarilishi qonunidan kelib chiqsak,  Jamiladagi erkinlik va muhabbat talabi har birimizda istisnosiz mavjud bo‘lib chiqadi; uning bizni pinhon yo oshkor hayajonga solishi ham shundan.

Buyuk munaqqid Vissarion Belinskiy Pushkinning Tatyanasini qoyatoshlar orasida o‘sgan maftunkor gulga o‘xshatgan. Binobarin, Aytmatovning Jamilasi ham   tasavvurimizda cho‘qqilarning qir uchida – “quyoshning belanchagida” (Oybek) ochilgan nafis bir chechak kabi yuksaladi. Osmonlarga ro‘baro‘, ozod, qo‘rqmas, yagona...

Ham hayratga soladi, ham pinhoniy havas uyg‘otadi.

Ilohiy haqiqatlarga itoatkor bu isyonchiga qayrilmasdan o‘tib ketishning ham, unga yeta olishning ham imkoni yo‘qdek...

 Nodira OFOQ

 

"Tafakkur" jurnali, 2019 yil 2-son 

 

 

 

 

 

 

1 Izoh

`foden

12:03 / 06.03.2024

yaxshimas!!!!!!!

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

18:04 / 18.04.2024 0 176
Ey qarindoshlar!





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19171
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15990
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi