![](/storage/articles/February2025/rx2UZ64bYZF7Wpdw3HxC.png)
Turkiylar azaldan xalq ogʻzaki adabiyotiga eʼtibor qaratib kelgan va shu sabab ularning xotirasi, xususan yod olish qobiliyati kuchli boʻlgan. Dostonlar, termalar, ertaklar, topishmoqlar va tez aytishlar qatorida qonunlar, tamoyillar, qoidalar ham yodda saqlangan. Ularga rioya etilishi uchun doim eslatib turilgan. Tamoyillar buzilganda jamoatchilik “ogʻzaki tanbeh” bilan nazorat qilib borgan. Qoʻpol buzilganda esa oqsoqollar kengashi tomonidan jazo ham qoʻllanilgan. Shu sabab qadriyatlar asrlar davomida xalqning xotirasida saqlanib qolavergan va yozish uchun unchalik zarurat sezilmagan.
Xalqlarning oʻtroqlashishi, yangi madaniyatlarning oʻzlashtirilishi sabab koʻplab madaniyat elementlarining mazmuni yoʻqotilib, faqat shakli saqlanib qolavergan. Davrlar oʻtishi bilan ular faqat anʼana yoki odat sifatida boʻy koʻrsatadigan boʻlgan xolos. Quyida unutilish arafasida boʻlgan nomoddiy meros obyektlaridan biri, “qon orqali bogʻlanmagan qarindoshlik”ning turlaridan biri – “kelinning tutingan onasi” fenomeni haqida soʻz yuritamiz.
Turkiylarning qarindoshchilik aloqalari ham boshqa xalqlarnikidan farqli oʻlaroq, maʼlum bir tamoyillarga boʻysunsa-da aksariyati yozma qonunlarda qayd etilmagan. Turkiy qondoshlik va qarindoshlik aloqalarini ilk bor rus turkologi Nadejda Direnkova tadqiq qilgan. Olima turkiy qarindoshlikning uchta ildizini quyidagicha tasniflab bergan:
Suyak – ota urugʻi(ota tomondan qarindoshlar)
Tai-togʻay(togʻay suyagi) – ona tomondan qarindoshlar.
Qayn – xotin yoki er orqali bogʻlangan quda-qarindoshlar[1].
Ulardan ikkisida qon orqali bogʻlanish yaʼni qondoshlik bor. Ota urugʻi “suyak” deb atalgan va bu urugʻning barcha vakillari bir-biriga nisbatan ogʻayni(ogʻa-ini) sanalgan. “Ota” soʻzi turkiylar anglamida eng ulugʻ nom sanalgan. “Suyak” (söök, syook) soʻzi esa qadimda familiya tushunchasini bergan.
Ona urugʻi nomi tanadagi togʻay suyagiga nisbat berilib, “togʻayni” atalgan. Onaning, otaning onasining, boboning onasining ogʻa-ini, opa-singil va boshqa qarindoshlari “togʻa urugʻi” sanalgan. Shuning uchun qadimda ona urugʻining hamma qarindoshlari nomida “togʻay” oʻzak-leksemasi mavjud boʻlgan: tagʻayada, tagʻayana, tagʻayni, tagʻay eje, tagʻay singil va hk.
Qondoshlik boʻlgani uchun bu ikki qarindoshlik turlari turgʻun xarakterga ega va ularni har qanday holatda ham ajratish mumkin emas.
Turkiylar qarindoshligini uchinchisi yoʻnalishi “qayn urugʻi”, deb atalgan. A.V. Anoxinning tamsiliga koʻra, nikoh orqali bogʻlangan qarindoshlik “qayindash”, deb atalgan[2]. Qayin urugʻi erning yoki xotinning qarindoshlari boʻlib, ushbu soʻzning etimologiyasi turkiy xalqlarda sevgi-muhabbat va nikoh timsoli sanalgan “qayin” daraxti nomi bilan bogʻliqdir. Shu sababli nikoh orqali orttirilgan yaqinlarning nomlanishida “qayn” oʻzagi ishtirok etadi: qaynota, qaynona, qaynogʻa, qaynini, qaynopa, qaynsingil va hk. Unashtirilgan yoki nikohdagi erkak va ayol – qaynliq(qayliq) sanalgan.
“Qayindash” maʼlum bir juftlikning nikoh ahdi orqali quda-qarindoshga aylanadi. Agar ularning nikohi buzilsa qolganlarning qarindoshligi ham uziladi, chunki ahd buziladi. Yangi turmush qurilsa yoki erkak yana boshqa ayollarga uylansa “qayindash”lar ham oʻzgargan.
Turkiylarning qadriyatlari orasida bu uch qarindoshlik uzvlaridan tashqari “kindik kesgan ona”, “sut (emizgan)ona”, “asrab olgan ona(ota)”, enaga, “toʻn yopingan oʻrtoq” kabi yana bir nechta qon bilan bogʻliq boʻlmagan qarindoshlik elementlari ham saqlangan. “Kelinining tutingan onasi” odati tufayli hosil boʻladigan qarindoshlik ham shular qatorida boʻlib, unga koʻra kelin va kuyovning qarindoshlaridan boʻlgan biror ayol oʻrtasida ona-bola tutinish nazarda tutiladi. Ahdlashuvga koʻra, kuyovning oilasi tomonidan tanlangan ayol yangi tushgan kelinning maʼnaviy onasiga aylanadi. Bunday onalar oʻzbeklarda “tutingan ena”, “oldiga chiqqan ena” yoki “burunduruq ena” deyiladi.
“Tutingan ona” iborasi tadqiqot obyektimizni toʻliq aks ettirmaydi. Chunki tutingan ona deyarli hamma xalqlarda bor va boshqa formatlarda boʻlishi ham mumkin. Misol uchun, bir onaning bola asrab olishi yoki yoshi kattaroq ayolning turli sabablar bilan biror yigit(qiz) yoki bola bilan ona-bola tutinishi ham tutingan onaga misol boʻla oladi. Qolaversa, yuqorida qayd etganimiz “kindik kesgan ona”, “sut (emizgan)ona”, “asrab olgan ona”, enaga, nasroniylarda “choʻqintirgan ona” kabi variantlari ham bor. Bu elementlar umuminsoniy qadriyat oʻlaroq saqlangan va ularning “tutingan ota” yoki “choʻqintirilgan ota” variantlari ham bor. Biz soʻz yuritayotgan “tutingan ona”ni “kelinning tutingan onasi” yoki uni saqlab kelayotgan oʻzbeklar taʼbiricha “oldiga chiqqan ona” yoki Xorazm variantida “burunduq ona” deb atasa toʻgʻri boʻladi.
“Kelinning tutingan onasi” deyilishiga sabab, onalikda faqat boshqa qavm yoki oiladan tushgan kelinga nisbat berilishidadir. Yaʼni bunda erkak jinsi yoki kelin boʻlmagan ayollar nazarda tutilmaydi.
“Oldiga chiqqan ona” deb atalishining sababi esa toʻylardagi muhim bir marosim, aniqrogʻi toʻy kuni kelinning yangi oilada kutib olinish marosimi bilan bogʻliq. Taomilga koʻra, kelin uyga birinchi bor kelganda uni kuyov tomonidan tayinlangan ona oldiga chiqib kutib olgan. Otdan yoki aravadan tushirib uyga boshlab kirgan.
“Oldiga chiqqan ona” iborasi shundan olingan. Oʻsha joyda kelinga yangi onasi tanishtirilgan. Tuqqan onasi, agar kelgan boʻlsa qizining “yangi onasi” bilan tanishib, unga sovgʻalar berib qizini topshirgan. “Yangi ona” esa kelinga mehribonlik qilish, yaxshi-yomon kunlarida yonida boʻlishga vaʼda bergan.
“Oldiga chiqqan ona” iborasi Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyati oʻzbeklarida ishlatilgan. Xorazmda esa “burunduruq ena” nomi bilan saqlangan. “Burunduruq ena” nomi ham aynan kelinni “oldiga chiqib kutib olgan” maʼnosi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Chunki, otning noʻxtasini burunduq yoki burunduruq deb atashadi. Xorazmda kelinni otda olib kelishganda tutingan onasi u mingan otning noʻxtasidan tutib hovliga olib kirgan boʻlsa, nom shundan qolgan boʻlishi mumkin. Xorazmda “burunduruq ena”ga kelining tuqqan onasi tomonidan koʻrpacha sovgʻa qilish odati bor ekan. Bu katta ehtimol bilan, “oilangizga mening qizim qoʻshildi, ushbu koʻrpacha uning oʻtirishi uchun” degan maʼnoda yoki “burunduruq ena”ning oʻzini hurmatlash maqsadida berilgan boʻlishi mumkin.
Ijtimoiy tarmoqda “oldiga chiqqan ena” saqlangan hududlarni aniqlash uchun soʻrovnoma oʻtkazganimizda Andijonda “qiz ena” variantini aniqladik. Ammo, bu variant haqida kengroq maʼlumot olish imkoni boʻlmadi.
“Kelinning tutingan onasi” turkiy xalqlar aksiologiyasida fenomen hodisa hisoblanadi. Qadriyatlarning umumoltoy plastida bunday hodisa qayd etilmagan yoki hozirgacha aniqlanmagan. Shaxsan Moʻgʻiliston, Oltoy va Xakasiyaning etnograf olimlari bilan bogʻlanib koʻrdim, ularning qadriyatlarida ushbu element yoʻq. Oʻzbekistonning Buxoro, Navoiy viloyatlari va Toshkent shahridan tashqari boshqa viloyatlarida, shimoliy Afgʻoniston, Janubiy Tojikiston hududlarida turli format va nomlarda saqlangan. Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida esa tojik aholisi oʻrtasida ham bu udum qisman tarqalgan.
Ayni qadriyatni faqat oʻzbeklarga xos deb aytish mumkin boʻlar edi, ammo qozoq va turkman, shuningdek, Kavkazning turkiy xalqlarida ham saqlangani haqida xabarlar oldik. Bundan koʻrinadiki, bu qadriyat qadim turk davridan saqlanib kelayotgan boʻlishi mumkin. Chunki qadriyatning aniq tamoyillar, qoidalarga asoslanishi shaxsiy va ijtimoiy majburiyatlarning mavjudligi uning maʼlum bir davlatchilik doirasida shakllanganini koʻrsatadi. Shu bois bu qadriyatning genezisi alohida tadqiq qilinishi maqsadga muvofiq boʻladi.
“Kelinning tutingan onasi” koʻpincha bolali, oilasini saranjom-sarishta tutadigan ayollarga toʻy boʻlayotgan oilaning bekasi kelinining oldiga chiqish taklifini bergan. Garchi zahmat boʻlsa-da, aksariyat hollarda ayollar bu taklifni quvonib qabul qilishgan. Chunki bu ish orqali ular savob olish va yangi qarindoshlar orttirish umidida boʻlishgan.
“Kelinning tutingan onasi” kuyovning ota yoki ona tomonidan qarindoshi yoki qarindoshlarining ayollari boʻlishi ham mumkin. Eng asosiysi, ayolning mahalladagi nufuzi, axloqi, nasabi, roʻzgʻor tutishiga qaratilgan. Shuning uchun ayrim ayollar oʻnlab kelinlarga tutingan ona boʻlishgan. Baʼzan esa kuyovga qondosh boʻlmasa-da, mahallaning nufuzli ayollaridan biri kelinning oldiga chiqqan. Ayrimlarga esa butun umr bunday taklif boʻlmagan boʻlishi ham mumkin.
“Kelinning tutingan onasi” kelinni qiz sifatida qabul qilgandan soʻng unga bir qancha vazifalar yuklangan:
– Kelindan vaqti-vaqti bilan xabar olib turishi;
– Kelin uy ishlarini bajarishda qiynalsa, farzandlarini yordamga joʻnatish;
– Oilada kelishmovchiliklar, xususan, qaynona-kelin yoki kuyov-kelin munosabatlarida muammolar chiqsa kelin tarafda turib uni himoya qilish;
– Kelin yukli yoki bolali boʻlganda unga maslahatchi va koʻmakchi boʻlish;
– Bola tarbiyasida koʻmaklashish;
– Agar, turmushi buzilib, ajrashishga toʻgʻri kelsa kelinni tuqqan onasi kabi himoya qilish va hk...
Kelin-qizning majburiyatlari:
– Tutingan onasini tuqqan onasi kabi hurmat qilish;
– Har bir ishda maslahat soʻrash, unga rioya qilish va hk.
– Oldiga chiqqan onasining erini ota oʻrnida, bolalarini oʻz aka-uka, opa-singillari oʻrnida qabul qilish.
Bundan koʻrinadiki “oldiga chiqqan ona” fenomeni turkiylar qarindoshchiligida suyak, togʻay va qayn qarindoshlardan tashqari yana bir yangi yoʻnalishni ochib beradi. Chunki qiz-kelinga tutingan onasining eri – ota, bolalari esa yoshiga qarab aka-uka yoki opa-singil boʻlishi oʻz-oʻzidan xuddi qayn qarindoshlar kabi qon bilan bogʻlanmagan qarindoshlik uzvlarini hosil qiladi.
“Kelinning tutingan onasi” fenomeni ijtimoiy hodisa oʻlaroq turkiylar turmush tarzida, xususan, jamiyatning kichik boʻgʻini – oilaning mustahkam boʻlishi va saqlanishida muhim oʻrin tutgan. Maʼlumki, juda koʻp holatda ajrimlarga qaynona-kelin yoki kuyov-kelin munosabatlari sabab boʻlib keladi. Bunday kelinlar koʻpincha yoshligi, tajribasizligi sabab oʻzini himoya qilishga ojizlik qiladi. Kelinning ota-onasi esa janjallarga aralashishga andisha qiladi. Gohida ularning aralashuvi vaziyatni keskinlashtirishga xizmat qilib qolishi ham mumkin. Agar ular uzoqda yashashsa kelin butunlay yolgʻizlanib qoladi. Ana shunday holatlarda kelinning tutingan onasining yordami muhim oʻrin tutadi.
Chuqurroq tafakkur qilib koʻrilsa, kelinlarga tutingan onaning tayinlanishi turkiylarning ijtimoiy hayotida, xossatan, kelinning ijtimoiy moslashuvida juda muhim oʻrin tutgan. Oʻrta asrlarda qizlarning toʻqqiz yoshdan turmushga uzatilganini inobatga olsak, bu fenomenni “kelinlar himoyasiga qaratilgan eng oqilona tadbir” oʻlaroq baholasak boʻladi.
XX asrdagi global madaniyat boʻhronlari va “zamonaviylashuv” illati milliy qadriyatlarning tomiriga bolta urgani rost. Ayniqsa, urbanizatsiya darajasining ortib borishi bobolarimiz yaratgan koʻplab urf-odatlar, anʼanalarni yoʻqqa chiqardi. Oilalarda va mahallarda jamoatchilik nazorati – bir-birini tanbeh bilan yomonlikdan qaytarish yoki qoʻllab-quvvatlash susaygani sari muammolar oiladan, mahalladan chiqib sud zallarigacha yetadigan boʻldi. Ammo, haliyam biz “nega oʻtmishda ajrimlar kam boʻlgan” degan savolni oʻrtaga qoʻymayapmiz. Yangi oilalarning ijtimoiylashuvida faqat ota-ona emas balki jamoatchilikning qoʻllab-quvvatlashiga ham zarurat sanaladi. Shu jihatdan qaralsa, kelinlarga tutingan ona tayinlanishi hodisasi yangi oilani mustahkamlashga xizmat qiladigan oqilona tadbir boʻlgan. Ammo, afsuski, keyingi yillarda bu qadriyat shaharlar va shaharlashgan hududlarda unutilib boʻldi. Saqlangan joylarda ham nomigagina, oddiy anʼana sifatida “xoʻjakoʻrsin”ga bajariladi xolos. Koʻpchilik “oldiga chiqqan ona”lar bu rutba unga nima vazifalar yuklashi bilan qiziqib ham koʻrmaydi. Faqat sarpo-sovgʻa almashib, toʻy kunidagi rusumlarni bajaradi-yu, haqiqiy vazifa va majburiyatlarini bilmaydi.
Mazkur maqolada “Kelinning tutingan onasi” fenomenining genezisiga toʻxtalinmadi. Tarqalish areali esa faqat Oʻzbekiston hududlari, Janubiy Tojikiston va Shimoliy Qozogʻiston misolida keltirildi xolos. Bu esa oʻz-oʻzidan yangi tadqiqotlar oldinda turganini koʻrsatadi. Shu bilan birga, avvalo “kelinning tutingan onasi” odatini yanada chuqurroq oʻrganish, turkiy xalqlar, keyin navbati bilan boshqa xalqlarning qadriyatlarini, xususan qavm-qarindoshlik, toʻy marosimlaridagi elementlarni qiyosiy tadqiq qilish uchun imkon qoldiradi.
Anvar Boʻronov
Oʻzbekiston yozuvchilari uyushmasi aʼzosi
[1] Direnkova N. Rod, klassifikasionnaya sistema rodstva i brachnye normi u altaysev i teleut // Materiali po svadbe i semeyno-rodovomu stroyu narodov SSSR. L., 1926. S. 247–259.
[2] Arxiv MAE. F.11, op. 1, © 104. L. 8.
Tarix
Mafkura
San’at
Jarayon
Adabiyot
Mafkura
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q