![](/storage/articles/February2025/PMzY7dnjWPYo6tA6VgEY.png)
Ayollarsiz bir kuningizni tasavvur qila olasizmi?
Bundan 50-yil muqaddam – 1975-yil, 24-oktyabr kuni Islandiyaning 90 foiz ayoli ovqat tayyorlash, ishlash, hatto, farzand tarbiyasini bir kunga unutib, ishdagi gender diskriminatsiya va mehnatga noteng haq toʻlash boʻyicha norozilik bildirish uchun koʻchalarga chiqadi. Ana shu voqea bugun mamlakatning gender tenglik lideriga aylanishiga katta turtki boʻlgan. BMT maʼlumotiga koʻra, Islandiyada gender tenglik 91 foizga yetgan – mamlakat bu borada dunyoda birinchi oʻrinni egallaydi. Islandiya ayollari bu natijaga qanday erishdi va nega bu borada kurash hamon tugamagan?
Foto: The Women's History Archives
Ayollar uchun dam olish kuni yoki erkaklar uchun “uzoq juma”
Islandiyalik ayollar 1975-yillardayoq dunyoda birinchilardan boʻlib ovoz berish huquqini (40 dan yuqori yoshdagilargagina ruxsat berilgan) qoʻlga kiritgan. Shunga qaramay, 1970-yillarda ham mamlakat xotin-qizlaridan asosan namunali uy bekasi va ona boʻlish talab qilingan.
Ayollar murojaatlarida “Bizga nima uchun dam olish kuni kerak?” deya savdo sohasidagi ayollarning oʻrtacha oylik daromadi erkaklar daromadining 75 foizini tashkil qilishi, oylik tushum farqi esa erkaklarnikidan deyarli 30 000 kronga (deyarli 200 dollar) past ekanini yozadi. Ular ishga olish suhbatida xodimning jinsi uning taʼlim darajasi va koʻnikmalaridan muhimroqligi, uy bekasi boʻlish esa umuman ish deb hisoblanmasligini qayd etgan. Ayollarning “koʻrinmas” va yetarlicha baholanmagan mehnatiga diqqat qaratish, uning ahamiyatini koʻrsatish maqsadida ayollarga alohida dam olish kuni belgilash talab qilingan. Manifest 47 ming nusxada bosib chiqarilib, OAV orqali Islandiya boʻylab tarqatiladi.
1975-yil 24-oktyabr kuni esa island ayollari oʻzi uchun shunday dam olish kunini tashkillashtiradi. Aksiyani Reykyavikning oʻzida 30 ming nafar ayol qoʻllab-quvvatlaydi. Bu 220 ming nafar aholiga ega kichik orol davlati uchun juda katta koʻrsatgich. Oʻsha kuni Islandiya boʻylab barcha maktab va bogʻchalar yopiladi, telefon aloqalari esa butunlay uziladi, chunki aloqachi sifatida ham asosan ayollar faoliyat yuritardi. Gazeta chiqarish uchun bosma mashinkalarda matn terish vazifasi ham egasiz qolgandi. Bank kassalarida boʻlsa, ayollar oʻrniga ularning erkak boshliqlari ishlashga majbur boʻlgan. Otalar farzandlarini oʻzlari bilan ishga olib ketishiga toʻgʻri kelgan, ular kuni boʻyi bolalarga qarash va tushlik tayyorlash bilan band edi.
Bu “mashʼum” kunni islandiyalik erkaklar “uzoq juma” deb nomlaydi.
Ayollarni qoʻllagan boʻlajak prezident
Navbatdagi norozilik esa BMT tomonidan 1975-yil – ayollar yili deb eʼlon qilgan yilga toʻgʻri keladi.
Tarixchilar taʼkidlashicha, mamlakat u qadar katta boʻlmagani uchun aksiya muvaffaqiyat qozongan. Tadqiqotchilar shuningdek, protestga tayyorgarlik darajasini ham yuqori baholagan. Koʻplab ish beruvchi erkaklar ishga kelmagan ayollarga jarima yoki ishdan boʻshatish chorasini qoʻllamagan.
Islandiyaning boʻlajak prezidenti Vigdis Finbogadottir (ushbu lavozimni 1980-1996-yillar egallagan) oʻsha vaqtda Reykyavikdagi Milliy teatrning badiiy rahbari boʻlib ishlaydi. U miting kuni repetitsiyalarni toʻxtatib, onasi va 3 yoshar qizi bilan norozi ayollar safiga qoʻshiladi.
Foto: visir.is
Mashhur namoyishdan 5 yil oʻtib, Vigdis Finnbogadottir xalq tomonidan saylangan dunyodagi ilk ayol prezidentga aylandi. U koʻkrak saratoni bilan kurashuvchi yolgʻiz ayol boʻlgan, shunga qaramay, ushbu lavozimga 4 muddat saylangan – prezidentlik faoliyati 1996-yil vafot etgach, yakuniga yetgan.
Islandiyaga bugungi kunda ham ayol prezident rahbarlik qiladi – Xalle Tomasdottir 2024-yil 1-iyunda saylangan.
Mehnatga teng haq toʻlash va istalgan kasbni tanlash imkoniyati
“Ayollar dam olish kuni”ga oʻxshash namoyishlar Islandiyada bir necha marotaba – 1985, 2005, 2010, 2016, 2018 va 2023-yillarda takrorlangan. Masalan, 2010-yilning 25-oktyabrida island ayollari soat roppa-rosa 14:25 boʻlganida ishdan ketishga kelishib oladi. Oʻshanda ayollarning oʻrtacha ish haqi erkaklar daromadining 65 foizini tashkil etardi. Aksiya ishtirokchilari bunga javoban ish kunining 65 foizida ishlashni mantiqan toʻgʻri boʻladi deb bilgan. Aksiya doirasida ular shuningdek, ovqat tayyorlash, bolalarga qarash yoki uy tozalash ishlaridan ham bosh tortgan. 2016-yilda esa ayollar soat 14:38 da ishlashdan toʻxtaydi – oʻshanda mehnatga haq toʻlashda gender notenglik 2010-yildagiga nisbatan 16 foizgacha qisqargan edi.
2018-yil yanvarida mamlakatda 25 tadan ortiq ishchisi boʻlgan xususiy va davlat kompaniyalari ayol va erkaklarga teng miqdorda haq toʻlashini talab qiluvchi, aks holda, ish beruvchiga nisbatan jarima qoʻllashni nazarda tutuvchi qonun kuchga kiradi. Biroq Islandiya statistika xizmatiga koʻra, maoshdagi farqlar saqlanib qolgan: 2023-yilda ayollar erkaklarga nisbatan oʻrtacha 9 foiz kam maosh olgan.
2023-yil 24-oktyabr kuni Reykyavikda maosh oshirishni talab qiluvchi ayollar namoyishi boʻlib oʻtadi. The Guardian qayd etishicha, ushbu namoyish ishtirokchilari orasida 48-yil avvalgi – 1975-yilgi aksiya qatnashchilari ham boʻlgan.
Foto: The Women's History Archives
Soʻngi namoyishda ayollar shuningdek, jinsiy zoʻravonlik masalasiga ham diqqatni qaratadi. Umummilliy tadqiqotga koʻra, zoʻravonlikning bu turiga umri davomida 40% islandiyalik ayol duch keladi.
Islandiyalik qizlar jamiyatga oʻz talablarini faqat doimiy koʻcha namoyishlaridagina emas, sanʼat orqali ham ilgari suradi. Masalan, 2013-yil mamlakatda “Reykyavikurdotur”, “Reykyavik qizlari” nomli birinchi ayollar xip-xop guruhi paydo boʻldi. Uning tarkibiga 16 nafar qiz kirgan. Qayd etilishicha, ishtirokchilar unga qadar ayollar uchun moʻljallanmagan musiqa maydonida qisqa muddatda oʻz oʻrniga ega boʻlib, erkaklar auditoriyasini ham zabt etgan.
Deyarli tenglik
Jahon iqtisodiy forumi 10-yildan koʻproq vaqt davomida dunyodagi eng yuqori gender tenglikka ega mamlakat sifatida Islandiyani eʼtirof etadi. Mamlakatda sogʻliqni saqlash va taʼlimdan foydalanish boʻyicha jinsiy boʻshliqlar toʻliq yoʻq qilingan. Otalar ham, onalar ham farzand tarbiyasi uchun teng – olti oylik taʼtil olish huquqiga ega. Bu davrda ota-onalarga oylik maoshining 80 foizi miqdorida daromad toʻlanadi. Bu usul koʻpchilik onalarni taʼtildan keyin yana ishga chiqishga undaydi.
Islandiya shuningdek, mahalliy hokimiyatda ayollarning ishtiroki boʻyicha 51,3 foiz bilan dunyoda birinchi oʻrinni egallaydi. Mamlakatning Vazirlar mahkamasida ayol va erkak xodimlar soni teng, parlamentda esa 47,6 foiz ayollar faoliyat yuritadi.
Mamlakat ijobiy oʻzgarishlarga tizimli va keng qamrovli kurashlar, shuningdek, ayollarning oʻz huquqlarini himoya qilishdagi qatʼiyati ortidan erishgan.
Tarix
Tarix
San’at
Jarayon
Adabiyot
Mafkura
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q