![](/storage/articles/February2025/rx2UZ64bYZF7Wpdw3HxC.png)
Sershovqin shahar ichra, oddiygina osmon ostida, moʻjaz bir kulbada, bozorda sotiladigan bir en mato uzra mukammal goʻzallik, tirilgan tarix yashayotganiga ishonging kelmaydi. Shu moʻjaz kulbada oddiygina hayot moʻjizaga aylangan. Oddiy matodan tarix senga boqa boshlaydi. Hali devorga osilmagan kartinadagi ranglar kompozitsiyasi nigohingni oʻziga mixlaydi. Oddiygina osmon osti moʻjizalarga toʻla ekaniga qayta amin boʻlasan...
Dunyoda natyurmortlar koʻp. Mashhur natyurmortchi rassomlar ham koʻp – G. Vilyam, Klasslardan tortib to Melnikovgacha... Mashhur natyurmortlar koʻp – “Gul bilan natyurmort”, “Qoragʻat natyurmorti”, “Quyon bilan natyurmort” va xоkаzo. Tomoshabin sifatida “Koʻylak ustidagi natyurmort” (Varaxsha yodi)ga qararkanman oʻzbek rassomlarining dunyo rassomlari bilan bir tarozida tura olishiga shubha qilmadim. Bu mening fikrim, albatta, hamma sanʼatni darajasidan kelib chiqib tushunadi. Chunki sanʼat deganda bizda faqat ashulachini tushunish, jamiyatdagi koʻr-koʻronalik, bu jarayonni koʻra bilishga yoʻl qoʻymaydi baʼzan.
Maktabda rasm darslarida ham natyurmort oʻtilgan. Jonsiz, oddiy detallar ifodasi, turli koʻzalar, mevalar... Keyingisi esa roʻzgʻor buyumlari, kamdan -kam jonivorlar natyurmorti boʻlardi. Oʻsha oddiylikdan moʻjiza yaratish esa chin musavvirning isteʼdodi. Bizning turk ellarimizda qadimdan miniatyura, kitob miniatyurasi, hoshiya, naqqoshlik, panno, devorlarga freska chizish orqali ranglar bilan gaplashib kelingan. Ranglar taʼlimoti otashparastlik, shamanizm, tangrichilik kabi qadimiy dinlar orqali yuqqan. Hayratlar chizishga undagan...
Natyurmort oʻrta asr Gollandiyasida yuzaga qalqqan esa-da, Italiya, Germaniya, Fransiya rassomlarida rivojlandi. Oʻzbek rassomchiligida rangtasvirning bu yoʻnalishini yigirmanchi asrda choʻqqiga koʻtargan musavvir esa Roʻzi Choriyev boʻldi.
***
Rassom Anvar Boboqulovning “Varaxsha yodi” kartinasida eng avval qizil ranglar uygʻunligidagi anorlar yaqqol koʻzga tashlanadi. Lali toʻla Sherobod anorlarining boshi, toji osmonga qaragan. Ichi nomaʼlum, qalin poʻst. Eʼtiboringizni esa mis chovgun ostidagi boshi quyi solingan birgina anor, oʻzimizni qadimiy tuyatish anori tortadi. Ichi shaffofdek koʻrinib turibdi. Magʻzi toʻq. Bor-budini, bor shirasini ichidagi donalarga bergan kabi. Soʻngra qizil ranglar kompozitsiyasi sizni stol ustiga yozilgan oʻzbek elatining milliy, qadimgi koʻylagiga boshlaydi. Bir qarashda koʻylak kashtadek koʻrinadi. Sinchiklab qarasangizgina, kashta emasligiga amin boʻlasiz – unga xos hoshiya va popuk chizmalari yoʻq. Koʻylakning chap yengiga koʻzingiz tushgach, oddiygina osmonga termilib yotgan moʻjizaviy xilqat – ayolni koʻrasiz. Qadimgi turk ayoli. Tirikchilik tashvishiga koʻmilib qolgan hayotingiz-u oʻlib boʻlgan tuygʻularingizni qoʻqqis uygʻotadi koʻylakning alohida kesimi boʻlgan ayolning chap yengi.
“Koʻylak ustidagi natyurmort” (Varaxsha yodi) kartinasi
Musavvir moʻyqalam bilan ilk chiziqni torta boshlaganda shu kesimlarni tortgan, asar yakuni esa nomaʼlum boʻlgan. Xayolda pishgach, ranglar kuylay boshlagach eskiz mato uzra emas, yurak uzra oʻtadi. Yurakdagi qon tomir chiziqlariga uyqashib oʻtadi. Soʻngra kompozitsion yechim tanlangan. Va boya kuy boʻlib oqayotgan ranglardan qizil rang ayol koʻylagiga uyqash holda yaqqol ustuvorlik qilib musavvir xayolida kechgan. Bu haqida rassom nima deydi menga nomaʼlum. Ehtimol, ilhom jarayoni boshqacha kechgandir bu birgina uning oʻziga maʼlum. Men oddiy tomoshabin, tomoshabin boʻlganda ham ijodkor koʻruvchi sifatida rasmni talqin qilyapman.
Rassom ehtiyotkorlik bilan ishlamagan, ehtiyotkorlik begona unga. Moʻyqalamning oʻzi musavvirni yetaklab yurgandek, har bir buyum alohida-alohida aniqlashtirib chizib olinmaganday, har bir buyum kartinada yaratilgandek... Musavvir “xolst” qarshisida rasm chizganu, ammo nigohi olisdan kartinani koʻrib turgandek. Butun bir kartinani koloristik yaxlitlikka olib kelgan qizil rang tiriklikka uyqashib boraveradi. Musavvir palitrasi boʻyoq tanloviga toʻliq javob bergan. Qizil rangning yumshoq va zich tanlovi kolorit imkoniyatlarini yanada kengaytirgan. Qizil rangning issiq “ton”i bosh maydonga chiqarilgan. Koʻylakdagi turnaga – “baxt qushi” ga oʻxshash naqshlar etakdagi naqshdan uzmalar boʻlib, etakdan boʻyin qismga qarab ketilgan. Kartina yaralishiga turtki boʻlgan koʻylak hayratlar dunyosiga olib ketadigan ilk buyumlardan biri. Qadimiy Varaxshaga yetaklaydigan koʻprik. Suratdagi mevalar – behi va anor kompozitsiyasi bugungi davr, chovgumga borib qadimiylashadi, koʻylakka yetib yana yuz-ikki yuz yil tarix qaʼriga singadi va devordagi qadimiy Varaxsha tasvirlari bilan uygʻunlashib ketadi. Varaxsha tarix qaʼridan xira koʻrinadi.
Rassom tasavvuri shu darajada chegarasiz va tiyiqsizki hayratdan yoqa ushlaysiz. Varaxsha tasviridagi malika oʻz-oʻzidan jonlanadi. Ikki yoʻlbars bilan jang qilayotgani fil ustidagi qadimiy turk malikasi natyurmortdan chiqib kela boshlaydi. Bu qadim tuproqda hukm surgan buxorxudotlar tomon yetaklab boradi. Undan oʻtib miloddan avvalgi II-IV asrlarga oʻtib borasiz. Qadimiy Varaxsha devoriy tasvirlarida ayol boshli qadimiy baxt qushi tasvirlari ham borligi beixtiyor xayolingizga kelib, koʻzingizni yana koʻylak naqshidagi “turna”larga qaratasiz. Agar kartinaga yuz metrlar olisdan nazar tashlasangiz, tasvirlar sizga koʻrinmaydi-yu, kartinani oʻzi choʻgʻday, olovday koʻzga tashlanadi. Xayolingizga buxorxudotlarning otashgohlari, yonib turgan “azarxurro” – muqaddas olov keladi. Qadimiy Varaxshaliklarning soʻnmagan olovi shu kartinada turganiga ishonasiz.
Rasmda qizil rang bejiz yaqqol bosh maydonga olib chiqilmagan. Anor uchun ham, koʻylak uchun ham emas. Buni ilhom jarayoniga olib chiqqan narsa qadimiy Varaxsha saroyining maxsus qizil xonasi va qizil yoʻlagi boʻlgan. Rassom buni bilib yo bilmay chizgandir, ammo qizil rangli devor freskalaridan xabardor boʻlgani aniq. Albatta, har bir rassomning isteʼdodi oʻziga maʼlum, qoʻlidan nima kelishini his qiladi. Varaxsha tasviriga qadimiy naqshli, kashtali koʻylak oʻz-oʻzidan olib kirilmagan. Qadimiy Varaxsha devorlarida ganchkor naqshli tasvirlar bezaklari saqlanib qolgan. Yigirmanchi asr oʻrtalarida arxeologlar qazilmalari orqali topilgan. Girihli, islimiy devor parchalari esa koʻylakdagi uzilgan naqshlarga uyqashib ketadi. Rassom tarix gʻildiragidan ustalik bilan foydalana olgan.
Miloddan avvalgi asrlarda yuzaga kelgan Varaxsha saltanati milodiy IV asrlarda tugatilgach, oradan yuz yil oʻtib buxorxudotlarning hukmdorlari saltanatni qayta tiklaydi. Varaxsha qalʼasini yangicha uslubda qurdirib, qarorgohga aylantiradi. Devor suvoqlarida qizil tuproqdan foydalangan boʻlsa, devorning bezakli suratlari uchun ham qizil rangdan koʻproq foydalanadi. Buni ustalik bilan kartinaga koʻchirgan rassom buxorxudotlar qalʼasini tasavvurda jonlantirib, koʻylak ustida alohida xatjildga solib sizga tutadi.
Koʻylak ustidagi natyurmortda mis chovgum, misrang suv idish ham “koʻz polotnosi” maktabi bilan qaralsa, bu yerga oʻz-oʻzidan qoʻyilmaganiga amin boʻlasiz. Idish oʻrnida savat yo pichoq boʻlishi mumkin edi. Ammo, aslida bunday boʻlishi mumkinmas. Varaxsha hududi va uning atrofi oʻn ikkita kanal bilan sugʻorilib, arkdan kirishda doim suv saqlangan. Bular tabiiy suv yoʻllari emas, inson qoʻli mehnati bilan bunyod boʻlgan. Suv idishning ramzi endi ayonlashgandir...
Anor va behi kompozitsiyasida esa ular oʻrniga tarvuz yo uzum qoʻyib boʻlmasdi. Yurtimizga arablar bostirib kelguncha bizda madaniyat oʻta yuqori darajada boʻlganini faqatgina arxeologik qazilmalargina isbotlay oladi. Boshqa barcha manbalarni arab bosqinchilari yoʻq qilgan, rassomidan tortib olimlarimizgacha qilichdan oʻtkarilgan. Barchamizga maʼlumki ota-bobolarimizning aksariyati deyarli otashparastlik dinida boʻlgan. Varaxsha hududi esa toʻliq otashparastlik dinida boʻlgan. Otashparastlarda olov muqaddas unsur sanaladi. Barcha ranglardan ajralib turgan behi rangi olovni yaqqol ifodalaydi, anor rangi bilan uyqashib choʻgʻ ustidagi olovday koʻrinadi.
Shuningdek, anor va behi oʻzimizning qadimiy mevalarimiz hisoblanadi. Navroʻzgacha faqatgina shu mevalarni saqlay olishgan ajdodlarimiz. Kasho varzon (dehqonlar)ning yangi yili – Navroʻz bayrami Varaxsha hududida eng katta bayram hisoblangan. Bayramda asralgan mevalar tortiq qilingan, katta gulxanlar yoqilgan. Varaxsha hududidan Xorazm, Bomiyon tomonlarga oʻtadigan karvonlarga yeguliklar hadya qilingan. Ushbu mevalar ham sizga hadyaday, kartinadan chiqib turibdi.
Ranglarni moslashtirish rassom zehni va idrokiga bogʻliq. Naturada ranglar esa ton bilan uzviy bogʻliq. Ranglardan moʻjiza yaratish esa isteʼdodga bogʻliq. Kartinadagi reflekslarga qarar ekansiz, tasvir rangdan-rangga juda yengil koʻchganini his qilasiz. Ranglar koʻzingizni qiynamaydi. Rassomlar odatda natyurmortni jonlantirish uchun, kartinani jimjimador, jozibali qilish uchun unga nur yoʻnaltiradi. Bu nur tomoshabin zavqini oshirishga ham xizmat qiladi. Bu kartinada yoʻnaltirilmagan nur esa tarixni jonlantirgan. Rassom kartinani ham, muxlisni ham, hech nimani oʻylamay chizgan. Asl asar shunday yaraladi.
Natyurmortning asosiy vazifasi buyumlarning umumiy gʻoya atrofida birlashishi. Bundagi anor, behi, lali, koʻylak, chovgum va kartina ichidagi alohida chizma “konvert”dagi ark tasviri: “varaqcha” esa Varaxsha atrofida birlashib, koʻzingiz oldidan tarixiy bir kitobni varaqlab bergan. Akvarelda qora rangli boʻyoqni suv bilan aralashtirganmi yo kulrang boʻyoqning oʻzidan foydalanganmi, degan oddiy savollarga ham javob izlab qolasiz kartina ichidagi “kartina”: ark tasvirini koʻrib... Oʻsha tasvir orqali ushbu kartinaga nuqta qoʻyilgan. Yechim oʻsha yerda koʻrinadi. Yoʻqotilgan saltanatni tiklasa boʻladi degandek bu nuqta.
Kartinani tomosha qilarkansan, sershovqin shahar ichra, oddiygina osmon ostida, moʻjaz bir kulbada, bozorda sotiladigan bir en mato uzra mukammal goʻzallik, tirilgan tarix yashayotganiga ishonging kelmaydi. Shu moʻjaz kulbada oddiygina hayot moʻjizaga aylangan. Oddiygina shu hayotga tarix tirilib hamnafas boʻlganini his qilasan. Oddiy matodan tarix senga boqa boshlaydi. Hali devorga osilmagan kartina orqali ranglar kompozitsiyasi nigohingni oʻziga mixlaydi. Oddiygina osmon osti moʻjizalarga toʻla ekaniga qayta amin boʻlasan...
Talant BEK
Tarix
Mafkura
Jarayon
Adabiyot
Mafkura
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q