Janubiy Koreya bayrog‘i va o‘zbek do‘ppisidagi o‘xshash shakllar – qay biri qadimiyroq?


Saqlash
16:09 / 13.12.2021 4247 0

 

 

Ayrim o‘zbek yigitlarining boshida oq, olachipor, cho‘michning ag‘darilgan kovshiga o‘xshash yumaloq, to‘rpardalar kabi to‘qilgan bosh kiyimlarni ko‘rish mumkin. Ular asosan arablarning yoki ma’lum-noma’lum e’tiqod vakillarining bosh kiyimidir. Yigitlarimiz ularni kiyib, ayni vaqtda bilib-bilmay xalqimiz orasida tashviq ham qilayotir. Agar bu yigitlar asl o‘zbek do‘ppisining mohiyatini bilganda edi, shoir aytgan: “Qayga borsam boshda do‘ppim, g‘oz yurarman gerdayib” misralarini shunchaki yozmaganligiga iqror bo‘lardi. Agar bizga yumaloq chipor do‘ppichalarni yuborayotganlar bosh kiyimida bizning do‘ppida aks etgan tushunchalar bo‘lgandami, bilmadik, yotganda ham uni boshdan olmasmidi...

 

O‘zbek do‘ppisidagi naqshlar qadimgi Sharq falsafasining olam muvozanati haqidagi qarashlarining eng qadimgi va mukammal ramzlarini aks ettiradi. Xitoy, yapon va koreys xalqlarining qadimgi falsafiy tushunchalariga ko‘ra butun olam ikki qarama-qarshi in-yang yoki o‘zbekcha aytganda “oq” va “qora” kuchlar o‘rtasidagi kurashga asoslanadi. Bu qarama-qarshiliklar o‘rtasidagi doimiy kurash bir-birining ketidan quvib yuruvchi baliqchalarga o‘xshash oq (yang) va qora (in) rangli shakllarda va butun borliqning qurilishini aks ettiruvchi trigramma gorizontal uch (yoki ikki) qatorli chiziqchalarda aks etgan (1-rasm). Uning mohiyatini kun va tun, quyosh va oy, osmon va yer, issiq va sovuq, toq va juft, er va ayol kabi tushunchalar o‘rtasidagi munosabatda ko‘rishimiz mumkin.

 

chust do'ppisi Namangan - YouTube

 

“Bir-birining ketidan quvib yuruvchi baliqchalar” va uch ketma-ket chiziqchalarning turli ko‘rinishlari xitoy, yaponlarning deyarli barcha falsafiy ramzlarida, meditsina, san’ati, kiyimlarida aks etib, bu narsani ular uzoq umr ko‘rayotgani, iqtisodiy taraqqiyoti, boy va baxtli yashayotgani, muvozanat va garmoniyaning sabablaridan biri deb bilishadi. Ko‘pchilik singapurliklarning butun hayot tarzi, hatto bino qurilishlari ham shu shakldagi tushunchalarga asoslangan.

 

Bu shakl Janubiy Koreya bayrog‘ida, eng qiziq tomoni o‘zbekning milliy bosh kiyimi – do‘ppi naqshlarida ham o‘z aksini topgan! Biroq ming yillar mobaynida do‘ppidan do‘ppiga ko‘chib yurgan bunday falsafiy naqshlarning mazmunini usta do‘ppichilarning ko‘pchiligi afsuski bilishmaydi va stixiyali tarzda ajdodlardan qolgan naqshlarga olam falsafasining ramzlarini tushirib kelishadi. Farqi shuki, o‘zbek do‘ppisi tepa qismining to‘rt tomonida faqat ezgulik – “yang (oq baliqcha) timsolining andozasi tushirilgan. Bu ezgulik energiyasining to‘rt tomonga to‘rt barobar kuch bilan yoyilib turishini bildiradi.

 

Флаг Южной Кореи «Тхэгыкки 태극기» - HansangLab

 

Borliqning qurilishini aks ettiruvchi uch qatorli chiziqchalar esa do‘ppining to‘rt yonboshida to‘rt martadan tasvirlangan (pastdagi suratlarni solishtirib ko‘ring) va birgina do‘ppining o‘zida olam dialektikasining ramzlari o‘z aksini topgan.

 

Endi haqli savol tug‘iladi: o‘zbek va xitoy, yapon, koreys xalqlari tushunchalaridagi oq va qora “baliqchalar” shakli qayerdan paydo bo‘lib qolgan?

 

Olam tuzilishi va taraqqiyotining qarama-qarshiliklar kurashiga asoslangan falsafasi qadimgi Turon ellari orasida azaldan mavjud bo‘lib, u zardushtiylik, buddizm davrida yanada takomillashgan. Qarama-qarshi kuchlar o‘rtasidagi kurashni aks ettiruvchi naqshlar kashta, kiyim va bosh kiyimlarga tushirila boshlangan. Bosh kiyimga ezgulik, olamning yorug‘lik timsoli yang (oq baliqcha) naqshlangan.

 

Manbalarning guvohlik berishicha, Xitoydagi dao ta’limoti vakillari “bir-birining ketidan quvib yuruvchi” oq va qora “baliqchalar” surati va falsafasini eramizning IIII asrlarida buddaviy rohiblardan o‘zlashtirgan. Biroq ma’lumki, buddaviylik ta’limoti qadimgi Xitoyga aynan bizning hududdan I asrlarda o‘tgan. Naqshlarning aynan bu xil ko‘rinishi ham shu davrda Xitoyga, u yerdan esa Chin ta’sirida bo‘lgan Yaponiya va Koreyaga yetib borgan.

 

Bu suratlarning mohiyatini bilmasdan ularni qalampir kabi narsalarga o‘xshatish yaramaydi, minglab yillik olamshumul falsafani o‘zida mujassam etgan o‘zbek do‘ppisining hurmatini joyiga qo‘yish va undagi asl mohiyatni to‘g‘ri anglash nihoyatda muhimdir. Qolaversa, do‘ppilarning mumtoz naqshlarini bilib-bilmasdan o‘zgartirishga nihoyatda ehtiyot bo‘lish zarur.

 

Endi tasavvur qiling, olam va odam mohiyatini o‘zida komil darajada aks ettiruvchi naqshlar tushirilgan do‘ppini boshga kiyish, uni qaysi tumor yoki duodan kam qiladi?

 

Tap-tayyor ruhiy qalqon, yovuz energiyaning kushandasi, miyaning ustida ezgulik taratib turuvchi biomaydonning o‘zginasi-ku bu o‘zbek do‘ppisi! Fikrimizcha, bunday falsafani boshda olib yuruvchi xalqning nima uchun bu qadar fayzli, bag‘ri keng va dono, tarixi shonli va kelajagi buyuk ekanining yana bir sababi balki shu naqshlardagi mohiyat bilan ham bog‘liqdir.

 

Erkin MUSURMONOV

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 118
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22032
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//