![](/storage/articles/February2025/M91sxTqgf2ZB4fUOBKzk.png)
O‘zbekistonda yaqin besh yildan so‘ng suv tanqisligi boshlanishi mumkin. Qanday qilib deysizmi? Buning bir qancha sabablari bor. Masalan, birinchi, qishloq xo‘jaligiga ko‘p suv sarf qilib yuborish yoki suvni tejab ishlatmaslik; ikkinchi tarafdan, O‘zbekiston hududidan oqib o‘tuvchi transchegaraviy suv manbalarida suvning qisqarishi.
Olimlarning hisob-kitobiga ko‘ra keyingi besh yilda, to‘g‘rirog‘i 2030-yilga kelib respublikada suv yetishmovchiligi 7 mlrd kub metrga yetib, O‘zbekiston suv taqchilligiga uchragan dunyoning 33 davlatidan biriga aylanadi. Bunga asosiy sabablardan biri Afg‘oniston hukumati tomonidan qurilayotgan Qo‘shtepa kanalidir. Kanal kelajakda Markaziy Osiyo uchun nafaqat ekologik, balki iqtisodiy halokatlarni ham olib kelishi mumkin. O‘zbekiston rasmiylari Qo‘shtepa kanali qurib bitkazilsa, Afg‘oniston Amudaryo umumiy suv hajmining uchdan bir qismini o‘zlashtirishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda. Mintaqada allaqachon mavjud bo‘lgan suv tanqisligi sharoitida bu juda og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 15-sentyabr kuni Dushanbeda o‘tgan Xalqaro Orolni qutqarish jamg‘armasi (XOQJ) sammitida bu borada quyidagicha fikr bildirgan edi: “Bizning mintaqamizda suv resurslaridan foydalanish jarayoniga yangi ishtirokchi qo‘shildi. Ammo u bizning davlatlarimiz oldida hech qanday majburiyatni zimmasiga olmagan”.
O‘zbekiston hukumatining fikricha, Amudaryo suvlaridan foydalanish bo‘yicha har qanday yangi loyiha butun Markaziy Osiyoning suv balansi va rejimiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Afg‘oniston hukumati esa Qo‘shtepa kanali hech qanday xavf tug‘dirmasligini ta’kidlamoqda. Kobul ma’muriyatiga ko‘ra, mamlakat Amudaryo havzasidan uncha ko‘p suv olmaydi, shu bois bu loyiha mintaqaviy suv taqsimotiga katta ta’sir ko‘rsatmaydi. O‘zbekiston Prezidenti bayonotiga javoban, Afg‘oniston Muvaqqat suv va energetika vaziri Abdul-Latif Mansur quyidagicha fikr bildirgan: “O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amudaryo suvlari va Qo‘shtepa kanali bo‘yicha xavotirlari faqat biz xalqaro shartnomalarni buzganimizdagina o‘rinli bo‘lar edi. Ammo biz hech qanday majburiyatni zimmamizga olmaganmiz. Chunki shartnoma yo‘q. Shunday ekan, o‘zimiz to‘g‘ri deb bilgan ishni qilamiz”. Afg‘oniston shimoliy hududlarida sug‘orish tizimini rivojlantirish 1970-yillarda Prezident Muhammad Dovud davrida ham muhokama qilingan edi.
SSSR qulashidan oldin ham Afg‘oniston va qo‘shni davlatlar, xususan SSSR o‘rtasida transchegaraviy suv resurslaridan foydalanishni tartibga soluvchi bir nechta hujjatlar imzolandi. Shunday qilib, Afg‘oniston SSSR bilan bir qator kelishuvlarga ega bo‘lib, ular faqat suv sohasidagi tomonlarning o‘zaro munosabatlari doirasini belgilab berdi. 1946-yilda SSSR va Afg‘oniston Amudaryo bo‘yicha bitim imzoladi. Keyin 1958-yilda sobiq SSSR va Afg‘oniston o‘rtasida yangi shartnoma imzolandi. Shartnoma “chegara suvlari va davlat chegarasi chizig‘ini kesib o‘tuvchi asosiy yo‘llardan foydalanish qoidalari” qismini o‘z ichiga olgan. 1958-yilgi hujjat va imzolangan protokolda Amudaryo va uning quyi oqimlarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi qoidalar mavjud edi. Biroq ushbu hujjatlarda suvni ajratishning miqdoriy parametrlarini aniqlaydigan qoidalar mavjud emas edi. Shunday qilib, 1946-yilda, keyin 1958-yilda, so‘ngra 1978-yilda SSSR va Afg‘oniston o‘rtasida hamkorlik chegaralari va umumiy tamoyillari to‘g‘risidagina bitimlar imzolandi.
2018-yilda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) ushbu kanal bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslarni o‘rganish jarayonini boshlagan, biroq AQSh va NATO kuchlari Afg‘onistondan chiqib ketganidan so‘ng bu tadqiqot to‘xtatilgan edi. Shundan so‘ng, 2022-yilda Tolibon hukumatining loyihani amalga oshirishga kirishgani kuzatildi. Ushbu kanalga suv Tojikiston chegarasidagi Mozori-Sharif shahridan taxminan 90 km shimoli-g‘arbda Amudaryo daryosidan ajratiladi. Kanal Janubiy yo‘nalishda taxminan 10 km davom etib, so‘ngra Mozori-Sharifdan shimolga – g‘arbga qarab davom etadi. Keyin kanal Juzjon viloyatidan o‘tib, Turkmaniston chegarasi yaqinidagi Faryob viloyatida tugaydi.
Qo‘shtepa kanali
Kanalning qirg‘oqlari pulni tejash maqsadida betonlashtirilmasligi e’lon qilingan. Suv bosimining ko‘payib ketishi yoki shiddatli oqishi oqibatida (tuproq yetarli darajada zichlashtirilmagan) suvning toshib ketishi va hattoki halokatli toshqinlar keltirishi ehtimoli katta. Kanal ikki bosqichda qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, hech qanday tashqi yordamsiz bunyod bo‘lmoqda. Qurilish ishlari 2022-yil mart oyida boshlanib juda tez fursatlarda qurilyapti. Bu Afg‘oniston hukumatining ishlarni juda shoshiilinch ravishda tashkil etgani bilan bog‘liq. Germaniyada yashovchi afg‘on muhandisi Najibulla Sadid 2023-yil fevral oyida Tolibonning murakkab muhandislik ishlari, xususan, suv o‘tkazgichlari va ko‘priklar qurilishini boshqarish qobiliyatiga shubha bilan qarab, kanalning tuproq bilan qoplanganidan xavotirdaligini bildirgan. Uning fikricha, mintaqaning quruq, qumli tuprog‘ida suvning katta qismi yo‘qolib ketishi ehtimoli yuqori. Shuni unutmaslik kerakki, kanalni qazish uni qurishning eng oson qismidir. Eng muhim masala suvni kanalda saqlab qolish va bekorga sarf bo‘lishining oldini olishdir. Agar ishlar shu tarzda davom etsa, ko‘p suv tuproqqa singib ketadi, deydi mutaxassis.
Kanalning 108 km uzunlikdagi birinchi qismi 2023-yil 19-mayida qurib bitkazildi va suv bilan to‘ldirildi. Umumiy miqdorda kanalning uzunligi 285 km (boshqa ma’lumotlarga ko‘ra, hatto 340 km (yo‘nalishga qarab) bo‘lishi kutilmoqda. Kengligi 100 m, chuqurligi 8,5 m. Loyihani amalga oshirish uchun Afg‘oniston 684 million dollar mablag‘ ajratishi belgilangan. Kanal qurilishidan asosiy maqsad Balx, Juzjon va Faryab viloyatlarida 3 million jerib yerlarini (1 jerib 2 000 kvadrat metr) sug‘orish va 250 mingga yaqin odamni ish bilan ta’minlashdir. Tolibon 2028-yilga qadar loyihani to‘liq tugatmoqchi, ammo hozirning o‘zidayoq ko‘plab mutaxassislar Qo‘shtepaning qurilishidan xavotirda.
Amudaryoning Afg‘onistondan oqib o‘tuvchi qismi
Tolibon harakati manbalarining Afg‘oniston ommaviy axborot vositalariga aytishicha, hozirda 5500 ga yaqin odam ishni tezlashtirish uchun bir vaqtning o‘zida 120 ga yaqin joyda ishlamoqda. Qurilishga 3300 dan ortiq texnika safarbar qilingan. Afg‘onistonni rivojlantirish milliy kompaniyasi rahbarligida 200 ga yaqin mahalliy kompaniyalar subpudratchilar sifatida ishlaydi. Birinchi bosqichning qiymati taxminan 91 million AQSH dollariga baholangan bo‘lib, hozirda ishlar tugallangan. Keyingi ikki bosqichini esa Afg‘onistondagi konlarni, xususan Daresuf konini sotishdan tushgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtirish rejalashtirilgan. Kanalning o‘tkazish qobiliyati sekundiga 650 kub metrni tashkil etadi, bu esa Balx, Jauzjan va Faryob viloyatlarini suv bilan ta’minlash imkonini beradi.
Ushbu kanalni qurish kimga foyda keltirishi haqida ko‘plab savollar tug‘iladi. Afg‘oniston tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, loyihaning umumiy qiymati 684 million dollarni tashkil etadi. Afg‘oniston rasmiylarining ta’kidlashicha, kanal qurilishi davlat mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Biroq mamlakat qiyin iqtisodiy vaziyatga tushib qolganini, loyihaning ko‘lamini hisobga olganda davlat mablag‘lari bilan qurish ehtimoldan yiroq ko‘rinadi. Kanal loyihasini amalga oshirishda mintaqaviy bo‘lmagan davlatlarning ishtiroki to‘g‘risida turli gaplar tez-tez quloqqa chalinib turibdi. “Reklama qilinmaydigan Xitoy investitsiyalari bor” degan ma’lumotlar ham mavjud. Boshqa ma’lumotlarga ko‘ra, kanalni moliyalashtirish “Xitoy kompaniyasining offshor firmalari va bir qator G‘arb mamlakatlari” orqali amalga oshiriladi. Shuningdek, “loyihaga investitsiyalar Xitoy va Pokistondan keladi” degan qarashlar ham bor. Agar shunday bo‘lsa, unda kanal qurilishi tashqi tomondan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Afg‘oniston o‘rtasida ziddiyat chiqarish maqsad qilingan puxta reja hisoblanadi. Shunday qilib, Xitoy Afg‘onistonga va uning tabiiy resurslariga katta qiziqish bildirmoqda. Bu qiziqish asosan shimoliy Afg‘onistondagi neft konlariga taalluqli. Afg‘onistonda kanal qurilishi loyihasi bir necha yillardan beri aynan G‘arb davlatlari tomonidan ishlab chiqilgani (Texnik-iqtisodiy asoslash Amerika taraqqiyot institutlari (USAID) ko‘magida tayyorlangan. Tadqiqot AACS Consulting tomonidan AECOM International Development, Inclar boshqaradigan USAIDning “suv yig‘ish va sug‘orishni boshqarishni kuchaytirish” (SWIM) loyihasi doirasida amalga oshirilgan) ham yuqoridagi kanal qurislishiga g‘arbning ta’siri kuchli degan qarashlarni yana bir bor quvvatlaydi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari Afg‘oniston bilan kelajakda Amudaryo suv resurslaridan foydalanish bo‘yicha muzokaralar olib borishga harakat qilmoqda. Biroq buni amalga oshirish juda qiyin. Chunki kanalni qurib, ma’lum miqdordagi qo‘shimcha suv resurslarini olishi Kobulning ajralmas huquqi ekanini ham tushunish kerak. Shuningdek, Amudaryo suvlaridan Afg‘oniston tomonidan foydalanish to‘g‘risida Markaziy Osiyo davlatlari bilan umumiy shartnoma qilinmagan. Kanalning ishga tushirilishi taxminan 2027-2028-yillarga to‘g‘ri kelib, Markaziy Osiyodagi suv resurslari bilan bog‘liq vaziyatni yanada kuchaytirishi mumkin. Muzliklarning erishi natijasida Qirg‘iziston va Tojikistonda suv oqimi pasayadi, shuningdek, suv resurslarining bir qismi Afg‘onistonda qolib ketadi.
Amudaryo suvining davlataro taqsimlanishi
Bunday ssenariy davlatlararo munosabatlarning keskinlashishiga olib keladi. Natijada esa suv tanqisligi bilan bog‘liq ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat yomonlashadi. Suv resurslarining yetishmasligi mintaqa mamlakatlari duch kelayotgan ekologik muammolarni kuchaytiradi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, “mintaqa mamlakatlari suv resurslaridan foydalanishning yomon muvofiqlashtirilishi tufayli har yili 1,75 milliard dollar yo‘qotadi va kelajakda – 30 yildan so‘ng Markaziy Osiyoda toza suv tanqisligi YaIMning 11 foizga pasayishiga olib keladi”.
Kanal qurilishi mintaqadagi geosiyosiy vaziyatga ham ta’sir o‘tkazib, uni yanada keskinlashtiradi. So‘nggi paytlarda doimiy ravishda suv tanqisligi bilan kurashayotgan hudud ziddiyat markaziga aylanishi mumkin. Markaziy Osiyo mamlakatlarida har bir kubometr suv uchun kurash qattiq bo‘ladi va u tez orada boshlanishi mumkin, deb hisoblaydi ko‘pgina mutaxassislar. Rus eksperti S.Jiltsovning fikricha: “Suv muammolari Markaziy Osiyo rivojlanishiga ta’sir qiladigan muammolar orasida birinchi o‘rinni egallaydi. Shu bilan birga, mintaqadan tashqari kuchlarning siyosati aslida kelajakda Afg‘oniston va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi keskin munosabatlarning saqlanishi hamda kuchayishiga olib keladi”.
Xulosa qilib aytganda, kanal qurilishi Amudaryoning quyi oqimida joylashgan davlatlarda (O‘zbekiston va Turkmanistonda) suv resurslari bilan bog‘liq vaziyatni keskinlashtirishi mumkin. Amudaryoning yuqori va pastki oqimida joylashgan mamlakatlar o‘rtasidagi ziddiyatlarni hal qilishning huquqiy mexanizmlari mavjud emas. Natijada esa 2030-yildan keyin suv uchun kurashlar avjiga chiqishi va oxir-oqibatda qurolli to‘qnashuvlarga ham sabab bo‘lishi hech gap emas.
Shohruz SHARIPOV,
Tarix instituti kichik ilmiy xodimi,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Adabiyot
Mafkura
Ma’naviyat
Adabiyot
San’at
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q