Gutenberg ixtirosidan qariyb besh asr o‘tib, Turkistonda matbaachilik kirib kelgan bo‘lsa-da, uning jadal rivojlanishi o‘lka madaniy hayotida jiddiy ahamiyat kasb etdi. XIX asr oxiri XX asr boshlarida Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Qo‘qon, Andijon, Namangan kabi shaharlarda bosmaxonalar tashkil qilinib, ularda asosan mahalliy kitoblarni chop qilishga e’tibor qaratilgan. Bunday manbalarning eng qiymatlilarini sanaganda, shubhasiz, Alisher Navoiy asarlari salmoqli o‘rin egallaydi, boshqacha aytganda, shoir lirik merosining qo‘lyozmalardan keyingi – ikkinchi umri boshlandi. Xususan, shoir devonlari ham shu davr mobaynida xalqqa minglab nusxada yetib bordi. Tadqiqotlarga ko‘ra, 1879–1917-yillar davomida ijodkor asarlari yetmish martadan ziyod nashr etilgan.
Ijodkorning olti asrdan beri avloddan avlodga o‘tib kelayotgan asarlariga qayta-qayta murojaat qilish sabablarini quyidagacha izohlash mumkin:
1. Kitobxonlarning talabi;
2. Madrasalarda darslik sifatida foydalanilganligi;
3. Millat ziyolisi o‘laroq noshirlarning Navoiy asarlarini targ‘ib qilish maqsadi;
4. Qo‘lyozma kitoblarning qimmat va son jihatdan cheklangani.
Har bir kitobni chop etayotgan mas’ul, birinchi navbatda, uning sotilishini, ehtiyoj mavjudligini hisobga olgan. Pirovardida, shoir asarlarining targ‘ibini ham yo‘lga qo‘ygan. Shunga qaramay, kitoblarning Turkistonning barcha hududlarida bir xil tarqalishi imkonsiz edi. Zero, matbaa korxonalarining soni, joylashuvi bunga jiddiy ta’sir ko‘rsatardi. Shu bois Navoiy asarlari nashrlarini hududlar kesimida o‘rganish mavzuga oydinlik kiritadi. Toshbosmalar ham o‘z vaqti adabiy muhitini ko‘rsatuvchi muhim omillardan biridir.
Alisher Navoiy asarlarining toshbosma nashrlari ilk tavsifini amalga oshirgan olim B.Qosimxonov shoir kitoblarini Toshkentdagi Breydenbax, Il’in, aka-uka Kamenskiylar, Laxtin, Portsev, Gʻulom Hasan Orifjonov, “Turkiston kuryeri” gazetasi, Turkiston harbiy okrugi shtabi, Samarqanddagi Demurov, Buxorodagi Desinskiy, Levin, Qo‘qondagi Vayner, Xivadagi Muhammad Rahimxon II matbaalari va Istanbuldagi Said Mahmudbek, Orif afandi hamda Bog‘chasaroy shaharlaridagi matbaalarda nashr etilgani haqida xabar beradi. Yuqoridagi ro‘yxatdan kelib chiqib aytish mumkinki, xususiy bosmaxonalarda Navoiy asarlari ko‘proq chop etilgan. Xususan, Il’in matbaasi 6 marta, Breydenbax 4 marta, Orifjonov 9 marta nashr qilgani haqida ma’lumotlar bor.
Ta’kidlash o‘rinliki, 1883-yildan boshlab Turkistondagi mahalliy senzura komitetining tugatilishi va Peterburgdagi bosh senzura komitetiga murojaat qilinishi mahalliy tillarda kitob chiqarilishini chegaralab qo‘ydi. “Okraina” gazetasining ma’lumotlariga ko‘ra, ba’zi mahalliy kitoblar chop etilishi uchun ruxsatnomani ikki yilgacha kutishga majbur bo‘lingan. Shunday bir holatda Il’in, Breydenbax, ayniqsa, Orifjonov matbaalarining nechog‘li fidokorlik ko‘rsatganini Navoiy toshbosma kitoblarining ko‘pligi isbotlaydi.
Navoiy “Xamsa”si toshbosma asarlarning ilk nashrlaridan bo‘lib, Xiva matbaasida 1297(1879)-yilda chop qilingan. O‘zR FA Sharqshunoslik instituti fondidagi manbalarga ko‘ra, 1878–1907-yillarda dastlab “Farhod va Shirin”, keyinchalik “Hayrat-ul-abror”, “Layli va Majnun”, “Sabba’i sayyor” “Iskandarnoma” dostonlari alohida holatda, “Majolis-un-nafois”, “Tarixi muluki ajam”, “Chihl hadis”, “Munshaot”, “Vaqfiya” “Mahbub-ul-qulub” kabi she’riy-nasriy asarlari ham turli litografiyalarda chop etildi. Ma’rifatparvar xattot Ashurali Zohiriy ko‘chirgan “Muhokamat-ul-lug‘atayn” esa Vayner bosmaxonasida nashr etilgan noyob nusxalardan hisoblanadi. Bu davrdagi Navoiy ijodining ommaviy qamrovini esa devonlari bilan ko‘rsatish ahamiyatlidir. Zero, birgina devonlarning o‘zi qirq martagacha e’lon qilingani haqida qarashlar bor.
Navoiy merosining bosma nusxalari haqidagi ilk manba ham Xiva matbaasiga tegishlidir. Muhammad Rahimxon II matbaasida asosan o‘zbekcha kitoblar – Munis, Komil Xorazmiy, Rojiy, Xolis, Avaz, Tabibiy, Sanoiy, Ogahiy kabi davr shoirlarining asarlari bilan bir qatorda mumtoz adabiy namunalarga ham alohida e’tibor qaratilgan. “Xamsa”dan ikki yil o‘tib, hijriy 1299 (milodiy 1881-1882)-yilda mahalliy xalq ichida “Chahor devon” nomi bilan mashhur bo‘lgan 50 ming misradan iborat “Xazoyin-ul-maoniy” shoir va xattot Komil Xorazmiy so‘zboshisi bilan nashr qilinadi. Tarixchi M.Matyakubovaning xabar berishicha, Muhammad Rahimxon II Feruz nihoyatda nodir va yirik asarlarni nashrga tayyorlash va chop etishni faqat Muhammadrasul Mirzogagina ishonib topshirgan. Shu bois ham Navoiyning ikki noyob asari Muhammadrasul Mirzaboshi tahriri ostida nashr etilgan. Ushbu nusxa toshbosma kitoblar ichida “Xazoyin ul-maoniy” kulliyotining nisbatan mukammali hisoblanadi. Majmua xon topshirig‘i bilan xattot Ibrohim Sulton Eroniy tomonidan Komil Xorazmiy noshirligida Muhammad Rahimxon II matbaasida chop etilgan. Matnshunos R.Mahmudova “Chahor devon”ni sinchkovlik bilan tadqiq etib, “… lirik janrlar tarkibi devon tuzish qoidasiga muvofiq bo‘lsa ham, lekin ular bir-biridan ma’lum darajada tarkibining har xilligi bilan farq qiladi”, deydi. Xususan, H.Sulaymon aniqlagan “Xazoyin-ul-maoniy” nashri bilan solishtirganda “Gʻaroyib-us-sig‘ar”dagi g‘azallar 641 ta (aslida, har to‘rt devonda g‘azallar 650 tadan o‘rin olgani bizga ma’lum), ruboiy esa 126 ta (133 ta bo‘lishi lozim), “Navodir-ush-shabob” devonida 634 ta g‘azal, qit’a 21 ta (50 ta bo‘lishi lozim), “Badoye’-ul-vasat”da 637 ta g‘azal, qit’a 43 ta (60 ta bo‘lishi lozim), mustazod va tuyuq (yo‘q), “Favoyid-ul-kibar” 610 ta g‘azal, fard 82 ta (86 ta bo‘lishi lozim) kabi farqlarni kuzatadi. Shunga qaramay, ushbu devon Navoiy toshbosma asarlari ichidagi eng nodir, ilk nusxa sifatida qadrlidir.
Matbaa “Xazoyin-ul-maoniy” nashridan so‘ng to‘rt devonni alohida chop qilishni maqsad qiladi. Xossatan, matnshunos M.Hakimov “Badoye’-ul-vasat”ning 1300/1882-yili kitobxonlarga taqdim qilingani, ushbu devon ham Muhammad Rahimxon II farmoni bilan Muhammadniyoz ibn Oxund Komil Xorazmiy tomonidan nashrga tayyorlangani, ammo kotibi ko‘rsatilmagani, bundan tashqari, ayni yilda xattoti noma’lum terma devon ham chop etilgani haqida ma’lumot beradi. Respublikamizdagi turli fondlarni kuzatish davomida ushbu matbaada “G‘aroyib-us-sig‘ar”, “Navodir-ush-shabob”, “Favoyid-ul-kibar” devonlarining ham chop etilganiga guvoh bo‘ldik. Ularning xat uslubi “Chahor devon”nikidan farq qilmaydi, ya’ni ayni kotib ko‘chirgan nusxaning alohida kitoblarga bo‘lingan shaklidir.
Alisher Navoiy devonlari eng ko‘p chop etilgan Turkistonning markaziy hududlaridan biri Toshkent hisoblangan. Bir tomondan, bu yerda bosmaxonalar ko‘p bo‘lgani, ikkinchi tomondan, bunda asosan o‘zbek tilidagi asarlar nashr etilishiga e’tibor berilgani bilan bog‘liq. 1889-yili Furqat “Laxtin” bosmaxonasi bilan tanishadi va bu haqida “Turkiston viloyatining gazeti”da ma’lumot beradi. Muhim jihati, Laxtin Navoiy devonlarini nashr ettirgan Toshkentdagi dastlabki bosmaxonalardandir. Unda 1334/1884-yili “Amir Alisher Navoiy navvarallohu marqadahu devonlari” Sankt-Peterburgning 1884-yil 14-dekabrdagi 745-raqamli ruxsatnomasi bilan nashr etilgan. 288 betdan iborat devon Shohmurod Mullo Shohne’mat o‘g‘li tomonidan ko‘chirilib, Rahimxo‘ja eshon ibn Alixo‘ja eshon noshirligida chop etilgan. Shuningdek, “Laxtin”da Navoiy devonining ayni kotib va noshir hamkorligidagi 1888-yili chop etilgan nusxasi ham mavjud.
Navoiy devonlarining Turkiston va undan tashqaridagi hududlarda nashr etilishi va yoyilishi bir-biriga bog‘liq kechgan. Xususan, 1891-yili S.I.Laxtin matbaasi qarzdorlik tufayli aka-uka Kamenskiylar qo‘liga o‘tadi. Shu bois shoirning keyingi devonlari Kamenskiylar matbaasida chop etilgan. Bunda 1893-yili Mullo Ahmadning “Aqoidga sharh” kitobi hamda Navoiyning “Chihil hadis”i bilan bir qatorda terma devoni ham bosilgan. R.Mahmudova tadqiqotida ushbu bosmaxonada ikki marta (1893–1894) chop etilgan deb yozsa, B.Qosimxonov Navoiy devonlarining uch tavsifi (barchasi 1893-yil)ni keltirgan. Ular: “Amir Alisher Navoiy navvarallohu marqadahu devonlari”, “Amir Alisher Navoiy devonlari”, “Devoni Amir Alisher Mulloqab bi-Navoiy” deb nomlangan intixob devonlardir. Ularning hajmi bir-biriga yaqin bo‘lsa-da, janrlar soni jihatdan jiddiy farqalandi. Xususan, Shohmurod kotib ko‘chirgan majmuada soqiynoma va tuyuq, Mullo Muhammad Yunus Mullo G‘oyib o‘g‘li xattotlik qilgan devonda muxammas, mustazod, ruboiy, Hoji Abdulmalik Abdulnabi o‘g‘li noshirlik qilgan yana bir nashrda esa mav’iza va qit’a kabi janrlar o‘rin olgani bilan bir-biridan farqlanadi. Bundan ko‘rinadiki, R.Mahmudovaning shoir devoni 1893-1894-yillarda ayni matbaada 2 marta nashr qilingan degan ma’lumoti haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Shuni aytish joizki, ba’zi manbalarda ushbu nusxalar “Badoye’ ul-vasat” devoni deb berilgan, aslida esa u terma devondir. Sababi boshlanma g‘azallar va tugallanma baytlarning hamda aksariyat she’rlar shu devondan olingani tavsif qiluvchida shunday taassurot uyg‘otgan.
Aka-uka Kamenskiylar 1899-yili bosmaxonani V.M.Ilinga sotib yuboradilar. Bunga qadar Ilin 1896-yili uncha katta bo‘lmagan bosmaxonaga ega bo‘lgan. Matbaaning kengayishi bilan kitoblar turi ham oshib, “Amir Navoiy” (1318/1900), “Navoiy” (1319/1901), “Devoni mavlono Amir Alisher” (1324/1906), “Amir Alisher Navoiy” (1324/1906) devonlari shu yerda chop etilgan. R.Mahmudovaning xabar berishicha, bu matbaa Navoiy devonlarini sakkiz marta chiqarishga muyassar bo‘lgan. Olima ularning 1900, 1903, 1906-yillardagi nashrlarini nisbatan to‘liqroq, deb hisoblaydi. Ammo bizga ma’lum 1906-yilgi nashrda to‘rt janr va 280 she’r mavjud. Boshqa devonlar bilan qiyoslaganda bu nusxani to‘liqroq deb bo‘lmaydi. Chunki Laxtin va Aka-uka Kamenskiylar chiqargan devonlarda 500 ga yaqin she’rlar bor.
Toshkentda joylashgan Breydenbax litografiyasida esa “Navoiy” “Amir Alisher Navoiy devonlari”, “Navoiy devonlari” kabi asarlar 1896–1898-yillari besh marta chop qilingan. Ularning 1315 (1897)-yilgi nusxasidagina Sankt-Peterburg senzurasidan o‘tgani haqida ruxsatnoma bor.
Turkiston Harbiy okrug shtabi qoshida o‘lkadagi o‘zbek poligrafiya sohasiga asos solgan dastlabki bosmaxona 1867-yilda tashkil etilgan bo‘lsa-da, unda mahalliy tildagi kitoblarga murojaat etilishi nisbatan kechroq kuzatiladi. Shtab bosmaxonasida Navoiy devoni ikki marta – 1900 va 1902-yillarda “Devoni Navoiy” va “Navoiy” kitoblari chop qilingan. Ahamiyatli tomoni, har ikkala nashr ham Shirkati “Xayriya” noshirligi va homiyligida tayyorlangan. Alisher Navoiy toshbosma devonlarining boshqa biror nashrida ushbu tashkilot haqida ma’lumot tilga olinmagan.
Yakovlevda 1908-yili bir marta hamda “Turkiston kuryeri” gazetasi matbaasida Mirza Ahmad Mirza Karim o‘g‘li noshirligida 1334 (1915)-yili 70 sahifadan iborat kichik hajmli “Amir Alisher Navoiy” devoni nashr qilingan.
Milliy matbaa va noshirlarning paydo bo‘lishi Turkistonda turkiy kitoblarning soni ortishiga xizmat qilgani yuqorida ta’kidlandi. XIX asrning 90-yillarida marg‘ilonlik Azimxo‘ja, toshkentlik Esonboy Husaynboyev kabi ziyolilar litografiya tashkil etgan, noshirlik faoliyatini olib borgan ilk mahalliy vakillar edi. Xususiy matbaa ochmoqchi bo‘lgan mahalliy kishi chor hukumatining senzurasidan ruxsatnoma olishda bir qancha muammolarga duch kelardi. Buni yuqorida sanab o‘tilgan bosmaxonalarga egalik qiluvchilarning asosan rus millatiga mansub kishilar ekani yaqqol ko‘rsatib turibdi. Shunga qaramay, o‘sha yillari mahalliy matbaachilar soni oshib boravergan. Zero, bu paytda hudud aholisining asosiy qismi, ya’ni 98 foizi mahalliy millat vakillaridan iborat edi.
Dastlabki faoliyatini sahhoflikdan boshlagan G‘ulom Hasan Orifjonov matbaachilik va noshirlik sohasida nafaqat Toshkent yoki Turkistonda, balki Markaziy Osiyo hududida ham muhim o‘ringa ega bo‘lgan. Orifjonov litografiyasining qachon tashkil etilganligi haqida turli qarashlar bor. R.Mahmudova bosmaxona ochilishining aynan yilini keltirmay, XX asr boshlarida deya umumiy ma’lumot bergan. A.Boboxonov esa “XIX asrning ikkinchi yarmi oxirlarida ish boshlagan” deb yozadi. A.Mirzoraximov o‘z tadqiqotida “Al-Kofiya ma’a fiqh” asari 1897-yili ushbu matbaada chop etilganini keltirib, shu yili toshbosmaxonaga asos solinganini dalillaydi. Bizningcha ham, aniq manbasi keltirilgan yil haqiqatga yaqinroq. Matbaaning o‘ziga xosligi unda xalq og‘zaki ijodi namunalari, mumtoz badiiy asarlar va diniy adabiyotlarning yuzdan ortig‘i chop qilingani edi. Bu bilan Orifjonov milliy matbaachilik tarixida jiddiy o‘rin tutgan, mahalliy kitoblarni targ‘ib qilishda fidoyilik ko‘rsatgan hamda o‘zbek tilidagi kitoblar salmog‘ining oshishiga katta hissa qo‘shgan. Birgina Alisher Navoiy asarlarining o‘n martadan oshiq nashr qilinganligi korxona faoliyatining ko‘lamini ko‘rsatib turibdi. B.Qosimxonov tuzgan Alisher Navoiy asarlarining toshbosma nashrlari tavsifida esa to‘qqiz marta deb ma’lumot beriladi. Bosmaxona ulug‘ shoirning “Mavlono amir Navoiy”, “Kulliyoti devoni amir Navoiy”, “Amir Navoiy” kabi devonlarini “G‘ulomiya”, “Orifjonov”, “G‘ulom Hasan Orifjonov” nomlari bilan 1909–1916-yilga qadar nashr etib turgan.
“G‘ulomiya” matbaasining texnik imkoniyati boshqa matbaalarga qaraganda yuqoriroq bo‘lgan deb qaraladi. Navoiy devonlarining tarqalish ko‘lami nazarda tutilganda ayrim ma’lumotlar diqqatni tortadi. M.Rustamov va R.Mahmudova tadqiqotlarida yozilishicha, har bir kitob o‘rta hisobda 2000–3000 tirajda nashr etilgan. Ammo manbashunos M.Hakimov: “Toshbosmada bosilgan har bir nashrning tiraji (adadi) 500–600 nusxadan oshmagan. Kamdan-kam hollardagina bir nashrning adadi 1000 nusxaga borgan. Xattot tomonidan yozilib toshqolipga o‘tkazilgan matndan muayyan nusxa (ko‘pincha 500–600 atrofida) olingach, matn siyqalanib o‘cha boshlagan. Natijada xattot o‘sha nashr matnini yangidan yozib bergan”, deya yozadi. Shu o‘rinda N.Abduazizovaning ma’lumoti ham o‘rinli: “Statistik ma’lumotlarga qaraganda, 1913-yili kitob nashri bor-yo‘g‘i 56 nusxani, shuningdek, o‘zbek tilida 33 nusxani tashkil etardi, xolos. Ularning umumiy tiraji 100 ming nusxani, o‘zbek tilidagisi atigi 8 ming nusxani tashkil qilar edi”.
Agarda 33 turdagi kitobning o‘rta hisobda 200–300 nusxadan chiqishi 8 ming nusxani tashkil qiladigan bo‘lsa, toshbosmalar 2000–3000 nusxada nashr etilmaganligi ma’lum bo‘ladi. Bu M.Hakimov qarashlarida asos borligini ko‘rsatadi. Shunga qaramay, birgina matbaada devonlarning o‘n martalab chop qilinishi hamda besh minglab kitobxonlarni Navoiyga oshufta qilgani noshir G‘ulom Hasan Orifjonovning xalq va shoir oldidagi tarixiy xizmati deyish mumkin.
Samarqanddagi Demurov matbaasi esa O‘rta Osiyodagi bir necha rangli kitob mahsuloti bosa oladigan yirik yagona bosmaxona bo‘lgan. Bunda noshir Solihxo‘ja Buxoriy tashabbusi bilan 1322 (1904)-yili “Navoiy devoni” nashr etiladi. 1910-yili Qori Abdurrauf noshirligida kotib Sayyid Abdussalom Mahdum Samarqandiy xati bilan shoir devonining yana bir nusxasi chop qilingan. Samarqanddagi bu dastlabki nashr, ya’ni “Navoiy devoni” she’rlar miqdori va janrlar xilma-xilligi bilan keyingi yilgi nashridan to‘liqroqdir.
Yangi Buxorodagi Levin va Kogon matbaalari 1910–1916-yillarda shoir lirik asarlarini to‘rt marta nashr etgan. Xususan, Mullo Sayidxo‘ja noshirligi va Mullo Muhammad Usmon kotibligida Kogon toshbosmasida “Mavlono Amir Navoiy” devoni, Levinda chop qilingan “Devoni mavlono amir Navoiy” ham o‘sha yillari Buxoro ahliga yetib borgan.
Qo‘qonda 1902-yili “G‘aroyib-us-sig‘ar” devoni Vayner bosmaxonasida chop etilgan. Bu yerda toshbosma asarlar soni boshqalariga nisbatan kam. Ammo Qo‘qon xoni Muhammadalixon topshirig‘i bilan “Xazoyin-ul-maoniy” 1254/1838–1839-yillari 300 nusxada ko‘chirilgan va xonlikning turli shaharlariga jo‘natilgan. Shu bois bu davrda Qo‘qon Navoiy devonlari eng ko‘p kitobat qilingan hududlardan biri bo‘lgan, deb aytish mumkin. Ushbu adabiy muhitni chuqur o‘rgangan O.Jo‘raboyevning fikricha, Navoiy devonlari “…XIX asr Qo‘qonda tartib berilgan devonlarning tuzilishida ham muhim rol o‘ynadi; lirik janrlardagi asarlarda o‘ziga xos an’analarning saqlanib qolishida muhim omil” bo‘lgan.
Shu tariqa Xiva, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Qo‘qonda chop qilingan toshbosma kitoblar Ozarboyjon, Koshg‘ar, Turkiya, Hindiston, Eron, Afg‘oniston, Arab mamlakatlariga ham tarqalgan. O‘z navbatida, bu yurtlardan, asosan, Boku va Istanbuldan olib kelingan manbalar orasida Navoiy devonlari ham uchraydi. 1319/1901-yilda “Mir Alisher Navoiy devoni” va “Devoni amir Navoiy” nusxalari Istanbulda Said Mahmudbek matbaasida turkistonlik Solihxo‘ja Buxoriy va Muhammad Sodiq Afg‘on Qandahoriy noshirligida nashr qilingan. Bu ikki devon tuzilishi jihatidan farqlansa-da, ularni birlashtirib turadigan ikki muhim jihat bor, bular – bir matbaada chop etilgani va deyarli bir xil she’riy shakldagi kolofonga egaligidir. Albatta, har ikki kitobning aynan bir matbaada chop etilishida g‘ayrioddiylik yo‘q. Ammo matbaachilikning Turkiston hududida 1870-yillari kirib kelganini hisobga olsak, bu yerda 1901-yillari kitob nashr qilish unchalik katta muammo tug‘dirmasdi. Shunday ekan, noshirlarning kitoblarni Istanbulda chop etishlarida qanday omillar muhim ahamiyatga ega bo‘lgani haqida to‘xtalishni joiz deb bildik.
Mahmudbek matbaasi 1872-1873-yillarda Istanbulda zamonasining ziyolisi Mahmudbey tomonidan xususiy bosmaxona o‘laroq tashkil etilgan. Aytish kerakki, Usmonli davlatida ushbu matbaaning alohida o‘rni bo‘lgan. Unda XIX–XX asrlarda madaniyat va ta’lim sohalariga oid 2017 turdagi kitob, 63 ta jurnal va gazeta chop etilgan. O‘z o‘rnida vazirlik maqomida bo‘lgan Maorif nazorati matbaada chop etilayotgan har bir manbani tekshirib turgan. Buni yuqorida nomlarini keltirgan har ikki devonning 1-sahifasidagi nazoratdan o‘tgani haqidagi ma’lumotdan ham bilish mumkin. Nufuzga ega bu matbaada chop qilingan Navoiy devonlarini kitobat san’atining go‘zal namunasi va sifatli qog‘ozdan foydalanilgan nashr deb baholash qiyin.
Bizningcha, Navoiy asarlarini kengroq yoyish bilan birgalikda ularning sotuvdagi ahvolini yaxshilash uchun ham aynan Mahmudbek matbaasi tanlangan. Zero, 1890-yillari bu bosmaxona o‘z kitob do‘konini ochgan. Bugungi til bilan aytganda, unda kitob savdosi marketingi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan edi.
Navoiy asarlarining toshbosma nashrlari tavsifini keltirgan manbashunos B.Qosimxonov Istanbulda chop qilingan devonlarning noshirlari – Hoji Muhammad Siddiq Xo‘jandiy va Solih xo‘ja Buxoriylarni ham keltiradi. Albatta, kitob tayyorlashda sa’y-harakat ko‘rsatgan, uning moddiy ta’minotini amalga oshirgan odamni noshir deyish joiz. Ammo har ikki manbaning 1-betidagi unvon ostida ular کتب تاجر – “tojiri kutub”, ya’ni “kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxs” deya ko‘rsatilgan. Bizningcha, kitob savdogarlari devonlarning Istanbulda nashr qilinishida ko‘proq savdo imkoniyatidan manfaatdor bo‘lishgan.
Shuni ham eslatib o‘tish kerakki, matbaachilik sanoati o‘lkada kotiblik kasbi bilan shug‘ullanuvchilar sonining oshishiga sabab bo‘lgan. XIX asr oxiri XX asr boshlarida Turkiston hududida 70 dan ortiq kotib (25 kotib Navoiy asarlarini ko‘chirgani ma’lum), 80 dan ziyod noshir va bir qancha kitob savdogarlari bilan birgalikda davr ehtiyojidan kelib chiqib, kitoblar nashr qilishgan.
Navoiy toshbosma devonlarining barchasida ham kotiblari ko‘rsatilmagan. Ammo biz ko‘ra olgan mavjud toshbosma kitoblarda Ibrohim Sulton Eroniy, Shohmurod ibn Shohne’matulloh, Mullo Ortuq Abdurasulboy o‘g‘li, Mullo Muhammadyunus Mullo Muhammadg‘oyub o‘g‘li, Abdulqayyum Xo‘qandiy, Xoja Najmuddin Xo‘qandiy, Muhammadsodiq Afg‘on Qandahoriy, Abdusamad Tabriziy, Abdulg‘afur, Mullo Muhammadusmon kotib, Sayyid Abdussalom Maxdum Samarqandiy, Shohislom Shohmuhammad o‘g‘li, Yusufjon Zokirjon o‘g‘li, Mullo O‘tab Rasulmuhammad o‘g‘li kabi kotiblarning nomlari keltirilgan. Toshbosmaga matn ko‘chirishda asosan nasta’liq xat uslubidan foydalanilgan. Xatning chiroyli va tushunarliligi kitoblarning ko‘proq sotilishiga xizmat qilgan.
Chindan ham, XIX asr Navoiy asarlari eng ko‘p ko‘chirilgan davr hisoblanadi.
Umuman olganda, devonlar noshir, kotib hamda xalq hamkorligida chop etilgan. Bunda noshirning dunyoqarashi, iqtisodiy imkoniyati, bozor sharoitini oldindan ko‘ra bilishi, kotibning shoir asarlarini bilishi va xat ilmini puxta egallagan bo‘lishi, bularning barchasi esa xalq madaniy ehtiyojini qondirishga xizmat qilishi lozim edi.
Navoiy lirikasi bu davrda asosan terma devon tuzilishida chop qilingan. Matnshunos olim H.Sulaymon ushbu davr manbalariga nisbatan “shoirning toshbosmada nashr qilingan asarlari ichida eng ko‘pi “Xazoyin-ul-maoniy” she’rlaridan tuzilgan turli hajm va tartibdagi kompelyativ devonlardir”, deya ta’rif beradi. Albatta, Xivada chop etilgan dastlabki devon bu ta’rifdan mustasnodir. Zero, “kompelyativ” (“turli manbalardan yig‘ilgan” ma’nosini anglatadi) atamasini bu nashrga nisbatan qo‘llash joiz emas. Uni ko‘proq terma devonlarga nisbatan ishlatish mumkin.
Intixob (tanlangan) devonlarning nashr etilishiga esa bir qancha omillar sabab bo‘lgan. Birinchidan, matbaachilik bilan shug‘ullanuvchi kishilar o‘z davrining ziyoli qatlami edi. Ular xalq qiziqishlari va ehtiyojiga qarab, xossatan, moddiy manfaatdorlikni ham ko‘zlab kitoblar chop qilishgan. Lirik asarlar nasriy kitoblarga nisbatan oson va tez o‘qiladi. Qolaversa, “Xazoyin-ul-maoniy”ning to‘rt kitobdan iborat to‘liq nusxasini nashr qilish katta xarajatni talab etardi. Moddiy tomondan qiynalib, tez-tez yopilib turadigan matbaalarga bu qiyinchilik tug‘dirardi. Ikkinchidan, terma devonlarga xalq tomonidan sevib o‘qiladigan, qo‘shiq qilib kuylanadigan she’rlarning kiritilishi kitoblarning kengroq yoyilishiga sabab bo‘lardi. Buni toshbosma devonlar mundarijasi bilan tanishish orqali ham bilish mumkin.
Yana bir muhim jihat, M.Hakimov Navoiy asarlarini ko‘chirgan xattotlar faoliyatini o‘rganar ekan, aynan 1888–1916-yillari “Xazoyin-ul-manoiy”dan tanlab olingan terma devonlar 40 martadan ortiq nashr qilingani haqida xabar berib, shunday yozadi: “Navoiy terma devonlarining mana shu o‘nlab toshbosma nusxalari mavjud eski usul maktablarida hamda yangi usul maktablarida ilmi adab (adabiyot)dan darslik vazifasini ham bajargan”. Olimning ushbu xulosasi shoir terma devonlari ahamiyatining nechog‘li baland ekanligini ko‘rsatadi. Zero, darsliklar boshqa toshbosma kitoblarga nisbatan ko‘proq nashr etilgan bo‘lishi, natijada kengroq tarqalgani oydinlashadi.
Jadid maktablarida yoshlarga dars bergan olim Po‘lotjon Qayyumiy “Eski usul maktablarida o‘qish kitoblari to‘g‘risida” esdaliklarida shunday yozadi: “Yuqori sinflarga ko‘tarilgach esa… shikasta xatli Mirzo Abdulqodir Bedilning devoni o‘qitilur edi. Bundan keyin “Devoni Navoiy” – Mavlono Alisher o‘qilur erdi”. Ahamiyatli tomoni, nazmiy asarlarni o‘rganish uchun ilmi tahlil, ilmi ma’oniy, ilmi muammo usullaridan foydalanilgan. Qolaversa, sharh ilmini o‘zlashtirishda “Hayrat-ul-abror”, “Lison-ut-tayr” dostonlari, aruz ilmida “Mezon-ul-avzon” asari adabiyot darsliklari vazifasini bajarib kelgan.
Demak, Alisher Navoiy devonlarining toshbosma nashrlari asosan terma devon tuzilishiga ega bo‘lib, turli janrlardan tashkil topgan. Aslida, ularning barchasini terma devon talablariga to‘la amal qilib tayyorlangan, deb ham bo‘lmaydi. Xususan, ba’zi nashrlarda “Kulliyoti devoni amir Navoiy” tarzida ham nomlangan. Bu esa shu davr adabiyotshunosligida atamalarga jiddiy ahamiyat berilmaganini ko‘rsatadi. (Zero, kulliyot bo‘lishi uchun ijodkorning barcha asarlari qamrab olinishi lozim, yuqoridagi holatda esa she’rlarning bir joyda jamlanishi ma’nosida kelgan). Xususan, H.Sulaymonning Navoiy qo‘lyozmalari kulliyotlariga oid tadqiqotida toshbosma kitoblarga nisbatan yaqin davr – XIX asrda (1240–1245/1824–1830) uyg‘ur adabiyotining mumtoz vakili Abdul Rahim Nizoriy tomonidan ko‘chirilgan nusxada “Arbain”, “Lison-ut-tayr”, “Xamsa” dostonlarining barchasi, “Xamsat-ul-mutahhayyirin”, “Majolis-un-nafois”, “Vaqfiya”, “Munshaot”, “Mahbub-ul-qulub”, “Debocha” kabilar o‘rin olganligi haqida xabar beradi. Ko‘ringanidek, garchi kulliyot deb atalsa-da, shoir lirik asarlari ushbu majmuadan o‘rin olmagan. O.Madaliyeva Navoiy devonlari qo‘lyozmalarida ham “Kulliyoti Navoiy” deb nomlangani haqida yozadi: “Bu holat ko‘pgina tadqiqotlarda to‘rt devondan iborat “Xazoyin-ul-maoniy”ning kulliyot deb yozilishiga o‘xshaydi. Bizningcha, har ikki holda ham kulliyot atamasi tor ma’noda ishlatilmoqda... Alisher Navoiy asarlari, umuman, o‘rta asrlar sharq klassiklari asarlarining nomlanishida qat’iy o‘lchovlar bo‘lmagan”. Yuqoridagi fikrlar ham O.Madaliyeva qarashlariga mos keladi.
Kitobni nomlashdagi xatolik keyingi nashrlarda ham ko‘zga tashlanadi. Toshbosmalardan so‘ng chop etilgan lotin yozuvidagi birinchi devon ham ma’lum ma’noda o‘zidan oldingi avloddan namuna olgani tabiiy. Buyuk shoir dunyoga kelganining besh yuz yilligi munosabati bilan Sobir Abdulla va Uyg‘un 1940-yilda “Chor devon” majmuasini tayyorlaydi. “Chor devon” “Xazoyin-ul-maoniy”ning xalq orasidagi mashhur nomi bo‘lishi bilan birga, to‘rt devonni jamlaganini ham anglatib turadi. Xiva matbaasidagi “Chahor devon” buning yorqin dalilidir. Qolaversa, nafaqat toshbosmalar, balki qo‘lyozma kitoblar ham “Chor devon” deb atalgan. Ammo bu nusxa terma devon bo‘lib, nomlanishda an’anadan kelib chiqilgan ko‘rinadi. Binobarin, yangi lotin alifbosida chop etilgan bu to‘plamda to‘rt devondan saralangan jami 633 ta she’r, 10 janr – g‘azal, mustazod, muxammas, musaddas, musamman, masnaviy, soqiynoma, ruboiy, tuyuq, qit’a mavjud. Mumtoz adabiyot namunalari tahlil qilingan matbuotdagi dastlabki chiqishlarda ham Navoiyning o‘ttizdan ortiq asarlari qatorida “Chor devon” ham sanalgan.
Navoiy lirikasi har bir davr adabiy jarayonidan doimiy ravishda muhim o‘rin olgan. XIX asrda milliy matbaachilik yuzaga kelayotgan bir paytda Navoiy devonlarining faol ishtiroki esa uning barcha davrlar shoiri ekanini ko‘rsatib turibdi. Toshbosma kitob sanoati qariyb 40 yillik faoliyati mobaynida daho ijodkor lirikasining kengroq yoyilishiga xizmat qilgan. Bu jarayon qo‘lyozma kitoblarni ko‘chirishdagi bir shaxs xohish-irodasidan tashqari kitobxonlar adabiy ehtiyojidan kelib chiqib shakllangan. Shoir toshbosma devonlari matnida kuzatiladigan ayrim noqisliklar esa o‘rtadagi uzoq masofaning hosilasi sifatida adabiy manba qadr-qimmatiga soya solmaydi.
Dilnoza RUSTAMOVA,
O‘zR FA Davlat adabiyot muzeyi lektori
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Alisher Navoiy. Chahor devon. №10293. O‘zR FAShI asosiy fondi.
2. Alisher Navoiy. Xamsa. №10363. O‘zR FAShI asosiy fondi. – B. 512.
3. Alisher Navoiy. G‘aroyib-us-sig‘ar. №18; Navodir-ush-shabob. №10293; Badoye’-ul-vasat. №18460; Favoyid-ul-kibar. №10511. O‘zR FAShI asosiy fondi.
4. Alisher Navoiy. Kulliyoti devoni amir Navoiy. O‘zR FA DAM fondi. – №220 toshbosma.
5. Alisher Navoiy nomidagi Davlar adabiyot muzeyida saqlanayotgan toshbosmalar katalogi. – Toshkent: Fan, 2020. – B. 20.
6. Qosimxonov B. Alisher Navoiy asarlarining toshbosma nashrlari tavsifi. – Toshkent, 1988. – B. 61.
7. Sirojiddinov Sh. Matnshunoslik saboqlari. – Toshkent: Navoiy universiteti NMU, 2019. – B. 72.
8. Sulaymon H. Alisher Navoiy kulliyoti qo‘lyozmalari tadqiqotidan // Adabiy meros. – Toshkent. – №3. 1973. – B. 86–89.
9. Ernazarov T. Turkistonda vaqtli matbuot. – Toshkent: O‘zbekiston, 1959. – B. 13.
10. Matyakubova M. XIX asr ikkinchi yarmi XX asrning boshlarida Xiva xonligida kitobat va kutubxona tarixi. Tarix.fan. nomz. ...diss. – Toshkent, 2008. – B. 140.
11. Mahmudova R. Toshbosma asarlar va ularning o‘zbek adabiyoti tarixidagi ahamiyati. Filol.fan. nomz. ...diss. – Toshkent. 1979. – B. 60
12. Madaliyeva O. Navoiy devonlari qo‘lyozmalarining tarkibiy-qiyosiy tadqiqi. – Toshkent: Donishmand ziyosi, 2021. – B. 146.
13. Hakimov M. Navoiy asarlarini ko‘chirgan xattotlar. – Toshkent: Fan, 1991. – B. 41.
Jarayon
Mafkura
Ma’naviyat
Adabiyot
San’at
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q