![](/storage/articles/February2025/ZT1rPZ8O1xO7eAnopulf.png)
Yoshlikda odam nimalarni orzu qilmaydi. Litseyda saboqdosh bir do‘stimiz har ikki gapining birida qiziqchi bo‘laman deya latifanamo gaplar to‘qib yurardi. Kunda, kunora yangisidan topib, aytib berishdan sira charchamasdi. Indallosini aytganda, uning latifalari latifaga emas, ko‘proq maynavozchilikka o‘xshardi. Na qiliqlarining, na so‘zlarining maza-matrasi bor edi. Avvaliga do‘stimizning ko‘ngliga qaragan bo‘lib, o‘zimizni kulgan qilib ko‘rsatardik. Bora-bora, oldi-qochdi, tayinsiz, qo‘shtirnoq ichidagi latifalar hammaning ba’diga urdi. Bu haqda o‘ziga aytishga botinolmasdik, andisha qilardik. Har tugul, insonning yuzi issiq, buning ustiga saboqdosh. Chidashga majburmiz.
Kunduzning tuni, oqshomning tongi, har qanday yaxshi-yomonning yakuni bor. Adashmasam, yangi yil bayrami arafasida shahar markazidagi bir yemakxonada ziyofat uyushtirdik. Qiziqchi do‘stimiz ham shu yerda. O‘sha zamonlar urf bo‘lgan qo‘shiqlar tinmay jaranglab turibdi. Dasturxon to‘kin, o‘yin-kulgi avjida, barchaning kayfiyati chog‘. Hamma masrur, ziyofat qizigandan qizib borardi. Dabdurustdan davra suv quyganday jimjit bo‘lib qoldi. Hamma yarq etib sahnaga qaradi. Sochini silliq taragan, ola-bula ustibosh kiygan, kapalaknusxa bo‘yinbog‘ taqqan qiziqchi do‘stimiz tirjaygancha mikrofon ushlab turibdi. Bo‘lajak bachkanalikni oldindan sezganday hamma xavotir bilan sahnaga qarab qoldi.
Do‘stimiz avval barchani bayram bilan qutladi. Ezgu tilaklar bildirdi. Har bir inson kulib yashashi kerakligi, kulgi odam immunitetini oshirishi, asabini tinchlantirishi, eng muhimi, umrini uzaytirishi haqida ham ancha vaqt quloqqa tepdi. So‘ng odatini kanda qilmay, yangi latifa boshladi. Eski hammom, eski tos. Yana o‘sha lattachaynar gaplar. Yetmaganiga, gaplari orasida uyat-uyat joylari ham bor. Keyin davrada g‘ala-g‘ovur boshlanib ketdi. Hamma qadah so‘zi aytish, bir-biriga omad tilash bilan andarmon bo‘lib qoldi. Qiziqchi do‘stimizga birov quloq solmaydi. Go‘yo u o‘ziga o‘zi latifa aytayotganday. Vaqt ham to‘xtab qolganday. Sira o‘tmaydi. Lag‘monday cho‘zilgan latifa nihoyat tugadi. Biroq qarsaklar chalinmadi. Hech kim kulmadi.
– Sizlar meni ko‘rolmaysizlar, – dedi do‘stimiz davraga kelib qo‘shilgach. – Hammangizning ichingiz qora. Ko‘nglim uchun ham kulmadingiz!
Hazil-huzil bilan chaqchaqlashib o‘tirgan saboqdoshlar jim bo‘lib qoldik. Hammaning nigohi yerga qadalgan, bir so‘z aytishga til ojiz.
– O‘zingiz ham kulgili qilib ayting-da, – shaddodgina bir saboqdosh qiz har doimgiday gapni cho‘rt kesdi. – Latifangizning qayeriga kulishimiz kerak edi? Kuladigan joyi yo‘g‘-u.
– Hali shunaqami? – qiziqchi do‘stimiz stolga musht tushirib, tashqariga chiqib ketdi. – Baringning tiling bir! Hammangga ko‘rsatib qo‘yaman!
Ochig‘i, bu voqeani unutib yuborgan ekanman. Shu kunlarda internetda o‘zidan “so‘z ustasi” yasab olgan ayrim qiziqchi va jamoalarning chiqishlariga ko‘zim tushib, saboqdosh do‘stim xayolga keldi. “Dizayn”, “Million”, “Bravo”, “Kosmos”, “Aristokratlar” singari jamoalarning talaygina tomoshalari bachkanalik, didsizlik va hayosizlikda do‘stim aytib yurgan hangomalardan yomonroq bo‘lsa bordirki, aslo pesh emas. Ularning tomoshabinni kuldirish uchun o‘ylab topgan qiliqlarini ko‘rib, odamning bir rahmi kelsa, bir sahnaning qadriga ichi kuyadi.
Keling, yaxshisi, jamoalarning chiqishlaridan olingan ba’zi lavhalarni qo‘ldan kelgancha tahlil qilib ko‘ramiz.
Birinchi lavha
“Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida “Dizayn” jamoasining konserti endigina boshlangan. Sahnaga jamoa a’zolari asta-asta chiqib kelayapti. Avvaliga zamonaviy musiqa sadosida uzun bo‘yli, to‘q pushti rang kostyum kiygan yigit chiqib, muxlislar bilan salom-alik qilib oldi.
– Assalomu alaykum, xush kelibsizlar! Charchab qolmadiylami? Yaxshi keldiylami? Sovu, yomg‘irlarda qiynalib qolmadiylami? Dikoratsiya qalay? Dahshatmi? Zalni issuligi-chi? Kastyum-shim qalay? Zo‘rmi? Chunki bu yilgi konsertni o‘zlari olib boradilar. Anuv uchtasigayam aytdim. Bo‘ldi, endi bachkanalikni yig‘ishtiramiz, kotta bo‘ldik dedim. Chiroyli chiqamiz muxlislarni oldida dedim. Bitta chiroyli qarsak chalib bersaylar, bitta-bitta chiqadi.
Birdan “Dachalar bor, dachalar” degan alahsirashga o‘xshash bir qo‘shiq yangradi. Sahnaga turli hayvonlar obrazidagi kiyim kiygan besh-olti kishi chiqib keldi. Ular bog‘chada bolalarga tomosha ko‘rsatayotganday u yoqdan-bu yoqqa sakrab-sakrab o‘ynar edi.
– O‘chir-ov, o‘chir, – sahnaga birinchi bo‘lib chiqqan haligi yigit san’at saroyi dijeyiga buyurdi. – Dilshod akamni chiqarlaring-ov. Nima bu? Hammayoq hayvonat bog‘i-yu.
– Sahnadaman, hov, sahnadaman, – ayiqpolvon bo‘lib chiqqan kishi zaldagi tomoshabinlarga qarab ikki qo‘lini ko‘tardi.
– Dilshod aka, seryozniy chiqamiz dedik-ku! Nima ahvol bu?
– Bularning ichida eng seryozniysi shu kiyim ekan-ku!
– Ayuvni kiyib olibsiz-ku, ho‘kizday odam.
– Xo‘kiz dema manga. Bo‘yningni ko‘p cho‘zma. Kallangni uzib olaman hozir.
To‘q pushti kostyum kiygan haligi yigit jahd bilan ayiqpolvonning bosh kiyimini sug‘urib oldi. Dilshod aka emas, ayiqpolvonning ichida bir yosh bola bor ekan.
– Bolaga ozor berma. Nima qivossan san? – Dilshod aka degani aslida o‘rislarning “Qizaloq va maymoq” multfilmi qahramoni Mashaning qiyofasida yashiringan ekan. – Ha, qalay? Dahshatu!
– Aka, kalla joyidami? – sahnaga birinchi chiqqan yigit qo‘li bilan boshini ko‘rsatdi.
– Yo‘q, qo‘limda, – dedi Dilshod aka tirjayib.
– Kop-kotta odam. A, bu topib olgan kiyimingizni qarang! Seryozniy chiqamiz dedigu.
– Mambetdagilar mazza qilib kulaman deb kelgan. Nima, yoqmadimi chiqish? – Dilshod aka san’at saroyiga kelganlarga yuzlandi.
Zaldagilar qiy-chuv, baqir-chaqir qilib yubordi.
Konsert debochasidan olti-yetti daqiqani atay so‘zma-so‘z keltirishni ma’qul ko‘rdik. Aftidan, bu yigitlarning og‘zidan chiqqan gapini quloqlari eshitmayotir. Bachkanalik, didsizlik, saviyasizlik yetmaganiday, o‘zbek adabiy tiliga qilingan hurmatsizlikka ko‘z yumib bo‘lmaydi. Har jumlada adabiy til buziladi. Yetmaganiga orasida ruschalari ham bor. Afsuski, oxirgi vaqtlarda bunday holat faqat konsert va tomoshalardagina emas, har xil telekanal va ijtimoiy tarmoqlarda bot-bot uchramoqda. Har kim bilganicha sayrab yotibdi. O‘zbek tilini asrab-avaylash, rivojlantirish aksariyat kimsalarning xayoliga ham kelgani yo‘q. Aslida taniqli shaxslar, san’atkor va ijodkorlar o‘z ijodida adabiy til me’yorlariga amal qilib, bu borada boshqa soha odamlariga namuna bo‘lishi lozim.
Shevadagi so‘z va iboralarga hech qanday e’tiroz bo‘lishi mumkin emas. Qaytanga shevalar o‘zbek tilining boyligi. Ulardan o‘z o‘rnida va vaqtida foydalanishning hech bir zarari yo‘q. Lekin ommaviy chiqishlar, xususan, kino, konsert va qo‘shiqlarda adabiy til me’yorlariga rioya etish san’atkorlarning burchi.
– Bir gal qishloqqa borgan edim, – degan edi adabiyotshunos olim Uzoq Jo‘raqulov bir gurungda. – Yoshlarimizni tanimay qoldim. O‘zlaricha allambalo shevada so‘zlashishni odat qilibdi. Ota-bobomiz so‘ylashgan tildan asar ham qolmabdi. Hayron bo‘ldim: ular bu so‘zlarni qayerdan o‘zlashtirib olayapti? Katta shaharlarga borib o‘rgangan desak, axir qishloqdosh yigitchalar orasida hali uyoqlarga qadam bosmaganlari bisyor. Oxiri o‘ylab-o‘ylab, yoshlar sheva va jargonlarni kino, qo‘shiq va turli konsertlardan olayapti degan xulosaga keldim. Aytish mumkinki, so‘nggi vaqtlarda yaratilayotgan video va audio shaklidagi barcha “ijod mahsullari”da turli sheva-yu jargonlardan hech bir istisnosiz foydalanilmoqda. Bu holatga panja ortidan qarab turishning oxiri xayrli emas. Yana “Dizayn” jamoasi konsertiga qaytsak.
– Hov, baqir-taqir qimalaring! Mam betda seryozniy, o‘zining uriveniga ega bo‘lgan man kevomman.
Kimdir sahna ortidan gapirdi. So‘ngra san’at saroyi uzra qo‘shiq yangradi: “Somalaykum, somsalar, eh, eh, somsalar”.
Zalda tomoshabinlar jonlanib qoldi: qarsaklar, qiy-chuv, hushtakbozlik. Peshonasiga ro‘molcha tang‘ib olgan, egniga askarlarnikiga o‘xshash nimcha kiygan o‘rta yoshli yigit sahnaga chiqib keldi. Yonida elga ena bo‘lguday ikki suluv. U qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, muxlislarga salom berdi. San’at saroyi balkonida o‘tirganlarga ham salom yo‘lladi. Yana chapaklar, hushtaklar va qiy-chuv!
– Qalay, somsalar yoqvottimi? – sahnaga chiqib kelgan yigit ikki qo‘lini yoniga yoydi.
Zalda baqir-chaqir avjiga chiqdi. Ayol-u erkak miriqib kulardi. Kamina esa bu holga hayron edim. Axir bu kuladigan emas, oddiy gaplar-ku.
– Vaalaykum assalom, – konsertni boshlab bergan to‘q pushti kostyumli kishi gapga aralashdi. – Somsalardan so‘rang, “Drujba” yoqvottimi?
– Qaysi biridan so‘riy? – oxiri bo‘lib sahnaga ko‘rinish bergan yigit bir o‘ngiga, bir so‘liga ishora qildi. – Qavoqli, tovuqli bor!
– So‘rama, nima ahvol bu?
– Zo‘rg‘a topib kevomman o‘zi.
– Ja, qattan qidirding, zo‘rg‘a topib?
– Qidirganini nima qilasan? – gapga aralashgan Dilshod aka qizlarga suqlanib, ulardan biriga xuddi yeb qo‘ygudek bo‘lib qaradi. – Zato, topib kelibdi-ku! Qo‘y yog‘li, qo‘y go‘shtliligini topib kepti-ku!
Konsertning shu joyini qayta-qayta ko‘rdim. To‘g‘risi, zalni to‘ldirib o‘tirgan odamlar nega xandon otib kulganiga tushunmadim. Somsa – milliy taom. Qo‘y go‘shtidan ham, mol go‘shtidan ham tayyorlanadi. Qovoqli, tovuqli, hatto kartoshkalilari ham bor! Bu gapga nega kulishim kerak?
Ammo gap tagida boshqa ma’ni bor ekan. Somsaning ko‘chma ma’nosini eshitmagan ekanman. So‘rab-surishtirsam, Andijon taraflarda suyuqoyoq ayolni somsa deyishar ekan. Yo tavba! Bu ne ko‘rgulik?! O‘zbek san’ati sahnalari qanday mavzular, qanday kishilar qo‘lida qoldi?! Deylik, o‘g‘il yo qizingiz internetda shu konsertni ko‘rib, somsalar nima deb so‘rasa, qanday javob berasiz? Shu gaplarga kulib o‘tirgan xotin-qizlarimiz nomus qilmaydimi? Xuddi boshqa mavzu qurib ketganday shuni sahnaga olib chiqqan, o‘zini san’atkor sanaydigan yigitlar onasi, xotini va bolalari oldida uyalmaydimi? Ular shu haqda hech o‘ylab ko‘rganmikan?
Ikkinchi lavha
Sahnada zamonaviy lampalar har tarafdan nur taratib turibdi. Olis-olisdan Dubay shahrining osmono‘par binolari ko‘zga tashlanadi. Sal beriroqda qator palma daraxtlari shamolda ohista tebranadi. Zaldan tomoshabinlar qiyqirig‘i keladi. “Endi qachon uylonamiz” degan ashula eshitiladi. Shu mahal bugungi kunda urfga kirgan ustibosh kiygan, qo‘lida aso tutgan uchta chol sahnaga qiliqsib o‘ynagan holda chiqib keladi.
– Bo‘ldi, bo‘ldi! – deydi egnida oq kostyum-shim, boshida milliy do‘ppi bo‘lgan chol qiyofasidagi bir yigit.
– Hoy, akang kuchaydi, akang! – deydi boshida askarlarning kaskasi, bir tutam qora soqoli bo‘lgan boshqa biri. – Akang uje Dubayda! Qizlar bilan kayf qilayapti. He-he-he...
– Hoy, kechki Dubaydi qara! Kampiringni uyiday katta ekan.
Shu mahal oriq, o‘rta bo‘yli, qirraburun, shopmo‘ylovli boshqa bir chol qiyofasidagi yigit zaldagilarga havodan bo‘sa yo‘lladi.
– Hov, Petka garang, – deydi oq kostyumli boboy. – Qizlarga ko‘p anqayaverma. Bilasan-a, qulog‘ing yaxshi ishlamaydi.
Petka boboy zaldagilarga hozir deganday ko‘rsatkich barmog‘ini yuqoriga ko‘tarib ishora qiladi:
– Hoy, meni faqat qulog‘im ishlamaydi! Xo‘bmi?
Uchovlon bir-biriga shoxada ham, kurakda ham turmaydigan so‘zlar bilan obdon hazil-huzul qildi.
– Toji, – dedi kaskali boboy bir muddatdan so‘ng. – Qizlaringni chaqir! Bir ko‘raylik.
– Hozir, – Toji boboy cho‘ntagidan telefon oldi. – Qo‘ng‘iroq qilay-chi, yomonlari keladi-da o‘ziyam! Hozir, mana... Ey, antenna chiqmayapti-ku!
– Qani? – Petka boboy gapga aralashdi. – A, bu kompaniyaning o‘zimizda antennasi yo‘q-ku, Dubayda chiqarmidi?
– Ha, bo‘ldi, – dedi Toji boboy. – Dubayning sim kartasidan chiqamiz. Alo-o-o, kelayapsizlarmi?
– Alo-o-o, biz keldik, – ayolning ovozi eshitildi.
Sahnada birovi sariq sochli, birovi ochiq-sochiqroq kiyingan ikkita qiz ko‘rinish berdi. Zalda qiy-chuv, hushtakbozlik boshlandi.
– Mana, biz uchta cholning oldida turibmiz, – dedi telefonda gaplashayotgan sariq sochli qiz.
– O‘sha uchta cholning birovi menman-da, jonidan, – dedi Toji boboy qizning yoniga kelib.
Toji cholni ko‘rgan qiz baqirib yubordi...
Bu orada chollar qizlar bilan salom-alik qildi. Mayda-chuyda hazil gap otdi. So‘ngra gapni asosiy maqsadiga burdi.
– Hey, lomatsa qilma-da. Xo‘p deyishing uchun qancha so‘raysan? Ikki pochka ko‘kat yetadimi? – Toji boboy qizlarning biridan so‘radi.
– Yetadi, – qiz dugonasi bilan pichirlashib olgach, rozi bo‘ldi. Pulni cho‘zing deganday qo‘lini cholning burni tagigacha ko‘tardi.
– Mana, o‘zimizning bog‘dan ikki pochka ukrop! He-he-he...
– Ota, hazilni ham yomon qilarkansiz-a. Biz haqiqiy pulni so‘radik.
– Ha, undan ham bor, – Toji boboy cho‘ntagiga qo‘l suqdi. – Qatda edi-ya?
Shu mahal bir tanga yerga tushib dumalab ketdi.
– Ey, tanga tushib ketdi-da, – Toji boboy qizlarning biriga gapirdi. – Shuni olib berolmaysanmi? Bel jijja ketgan.
Qiz egilib noz-u karashma ila yerdan tangani oldi. Uning orqasida turgan chollar yiqilib tushmaslik uchun bir-biriga suyanib qoldi go‘yo. So‘ngra chollardan biri bir siqim tangani yerga sochib yubordi...
Bu lavha “Aristokratlar” jamoasining “Otaxonlar Dubayda” degan hazil-shousi edi. Biz andisha qilsak-da, gapimiz asosli bo‘lishi uchun bu lavhani atay so‘zma-so‘z keltirdik. Har bir gapda fahsh va zinoga undovchi yoki shu illatlarni targ‘ib qilishga moyillikni sezish mumkin. Ayniqsa millatimizga yot bo‘lgan bunday mavzularga otaxonlar obrazi tanlanishi achinarli. Chunki azal-azaldan Sharq xalqlarida, xususan, o‘zbeklarda bobolar donishmandlik, halollik ramzi bo‘lib kelgan. Ular qizi yoki nabirasi tengi qizlarga gap otish tugul, ko‘zining qiri tushishini or bilgan. “Aristokratlar” jamoasi bu borada o‘z oldiga qanday maqsad qo‘ygani esa qorong‘i.
Otasi yoki bobosi tengi kishilar oldida qizlarning turli qiliq qilib qilpanglashini ko‘rib uyalib ketasiz. Axir bu holatni minglab yosh qizlar tomosha qilayotgan bo‘lishi mumkin. Bu bema’nilik ularga qanday ta’sir ko‘rsatadi, nimani o‘rgatadi, nimada ibrat bo‘ladi? Qizlar oilaning ori, nomusi hisoblangan, hayosi va ibosi bilan aziz bo‘lgan. Lekin so‘nggi vaqtlarda mashhurlik, soxta obro‘ yo‘lida turli shou va konsertlarda chiqib, o‘ziga yarashmagan xatti-harakat qilayotgan ba’zi qizlarimizning ko‘zga tashlanayotgani qayg‘uli hol.
Oxiri
Hozir zamonaviy o‘zbek qiziqchiligi haqida qisman taassurot beradigan ikki lavhaning matnli bayoni ila tanishdik. Hali bu xamir uchidan patir, xolos. Yana bunga o‘xshash o‘nlab jamoalar borki, ularning ham ijodi negizini beldan pastga qaratilgan mavzular, o‘zbek millatiga begona bo‘lgan qarash va g‘oyalar qamrab oladi. Xususan, “Million”, “Bravo”, “Kosmos” kabi jamoalarning chiqishlarida ham bu holatga bot-bot duch kelish mumkin. Odamlarni kuldiraman deya o‘ylab topilgan ba’zi chiqishlarni gapirish tugul eshitishga odamning yuzi chidamaydi.
Afsuski, odamlarimiz bunday andishasizlikka ko‘nikib borayotir. Aslida yig‘lashimiz kerak bo‘lgan sahnalarga san’at saroylarini to‘ldirib o‘tirgan kishilar miriqib kulmoqda. Ular orasida xotin-qizlar, yoshi bir joyga borib qolgan keksalarning borligi ortiqcha. Bu o‘rinda barcha aybni tomoshabinlar bo‘yniga ag‘darib qo‘yish ham insofdan bo‘lmasa kerak. Odamlarni didsizlik, saviyasizlik girdobi sari aynan shunday bachkana tomoshalar tortmoqda. Bu haqida o‘ylab ko‘rish va xulosa chiqarishning esa allaqachon fursati yetib bo‘ldi.
Darvoqe, o‘sha kezlari litseydagi saboqdosh do‘stimizni qiziqchilik qilishdan qaytarib to‘g‘ri qilgan ekanmiz. Yo‘qsa, u hozir bir jamoa tuzib, bo‘lar-bo‘lmas gaplari bilan odamlarning qulog‘iga lag‘mon osib yurarmidi? Qaytanga hozirgi ishi yaxshi. Ko‘p yillardan beri fermerlik qiladi. Yiliga falon tonna bug‘doy, piston tonna paxta yetishtiradi. Sut-qatiq yetkazib bermoqda. Xullas, ba’zi qiziqchilardan ko‘ra xalqimizga ko‘proq foydasi tegmoqda.
Eskartish:
Biz bu gaplarimiz bilan hamma qiziqchilarni shunday deyish fikridan yiroqmiz. Yurtga qiziqchilar kerak. Har bir so‘zi chaqmoqday, har bir harakati yoshlarga ibrat bo‘ladigan, har tomoshasida el dardi yotadigan Hojiboy Tojiboyevday saviyasi baland, fikri teran qiziqchilar juda kerak.
Azim RO‘ZIYEV
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2024-yil 4-son.
“Qiziqchilikmi yo buziqchilik?..” maqolasi
Jarayon
Adabiyot
Mafkura
Adabiyot
San’at
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q