
Hindiston – katta tarix, boy adabiyot, o‘ziga xos san’at an’analarining muhtasham diyori. Bu o‘lka afsonalar, dostonlar, xalq og‘zaki ijodining bezavol xazinalari, turli dinlar va urf-odatlar baayni muzeyda saqlangan kabi beshikast saqlangan sirlar o‘lkasi.
Dunyoda eng ko‘p ezilgan, ko‘p bor bosqinlarga uchragan, talangan, yo‘qotib yuborilishga mahkum etilgan, biroq yo‘qolib ketish o‘rniga jahonning eng ko‘p aholisi istiqomat qiladigan bu ulkan mamlakat dunyo tamadduniga juda katta shaxslarni yetkazib bergan.
Hindistonning ko‘plab taniqli kishilari qatorida XX asrning eng mashhur insonlaridan biri, buyuk san’atkor, aktyor, rejissyor, qo‘shiqchi Raj Kapurning mustahkam o‘rni bor. Uning barakali ijodi hind kino san’atida alohida bir davrni tashkil etadi.
Mashhur aktyor haqida so‘z aytishdan avval bu turli millat va dinlar bir joyda qo‘nim topgan mamlakat tarixiga bir qur nazar solishni ma’qul bildik.
1947-yilda davlat mustaqilligiga erishgan zahmatkash hind xalqi o‘tgan asrlar mobaynida juda katta yo‘qotishlarni boshdan kechirdi. Ahamoniylar, kushonlar, Iskandar yurishlari, mo‘g‘ul lashkarlari bosqini, ingliz, fransuz mustamlakachilarining bir necha asrlik ta’siri... bularning barchasi hind xalqining yuragidagi o‘chmas tarixiy dog‘lardir. Balki shu sababli ham Hindistonda uch ming yillik tarixiy yo‘lni bosib o‘tgan ilk adabiy asarlar – vedalardan to bugungi kungacha bo‘lgan adabiyot namunalari ham, qadimiy san’ati ham eng avvalo ozodlik tuyg‘usi bilan to‘yingandir. Badiiy asarlarda hind xalqining boy tarixi va erkka talpingan kishilarning quvonch-u g‘ussalari kuylangan bo‘lsa, san’at durdonalarida ham bu ulug‘ mavzu birinchi o‘ringa chiqdi.
Dastlab sanskrit tilida yaratilgan vedalardan boshlangan adabiyot keyinchalik ko‘p millatli bu diyorda Dandin, Xusrav Dehlaviy, Mirzo Bedil, Mir Toqiy, Mirzo G‘olib, Thokur, Muhammad Iqbol, Xo‘ja Ahmad Abbos, Yashpal kabi ulug‘ shoir va yozuvchilar ijodida yanada ravnaq topdi. Robindranat Thokur, Mahatma Gandi kabi buyuk shaxslar xalq qalbining tiliga aylangan edi.
XX asrga kelib dastlab ovozsiz, so‘ngra ovozli va rangli kino san’ati Hindistonning madaniy hayotida juda katta voqea bo‘ldi. Hindistonning ilk filmi 1912-yilda ishlangan (“Roja Xarishchandra”, rejissyor Dxundiraj Govind Pxalke) bo‘lsa, bir asrdan ortiq vaqt mobaynida bu milliy kino sanoati dunyoda hind kinosining o‘rnini belgilab berdi.
Bu yo‘lda Raj Kapur mansub aktyorlar va rejissyorlar oilasi juda katta rol o‘ynadi.
Hali Hindiston va Pokiston bitta mamlakat bo‘lgan paytda tug‘ilgan (1924-yil) Raj Kapur hozirgi Pokistonning Peshovar viloyatida, aktyorlar oilasida dunyoga keldi. Hind millatiga mansub Kapurlar oilasining boshlig‘i, Rajning otasi – Pritxviraj Kapur o‘z davrining mashhur aktyori va rejissyori bo‘lgan. Raj Kapur dastlab otasining kichik teatrida ukalari bilan birga aktyorlik, assistentlik vazifalarini bajardi. Rajning Shammi va Shashi ismli ukalari ham kino sanoatida nom qozonishgani shundan bo‘lsa ajabmas.
Aktyor 11 yoshida ilk bor filmda suratga tushadi. “Inqilob” nomli filmdagi ishtiroki sabab u o‘sha paytning nomdor kinostudiyasi hisoblanmish “Bombey tokiz”da assistent bo‘lib ish boshlaydi. Bu uning yuksalishida nihoyatda muhim rol o‘ynagan. Raj shu yerda kino sanoatining sirlarini o‘rganadi. Va nihoyat 1948-yilda “Raj Kapur films” kinostudiyasini tashkil qiladi. Bu ijodkor hayotidagi eng katta qadam edi. Raj Kapur bir vaqtning o‘zida ham aktyor, ham rejissyor, ham ssenarist va ham prodyuser sifatida serqirra ijodkorligini namoyon etdi.
Raj Kapurning mashhur “Daydi” filmida uning ijrosida shunday qo‘shiq jaranglaydi:
Boshmog‘im – yaponlarniki,
Kostyum-shimim – inglizlarniki,
Shlyapam – Rusiyaniki,
Ammo yuragim – Hindistonniki!
Raj Kapurning butun ijodiga singib ketgan bu satrlardagi mazmun va qarashlar uni chinakam milliy san’atkorga, hindlarning sevimli kishisiga aylantirdi.
Hindistonni, hind xalqini jon-u jahoni bilan sevgan aktyor o‘z muhabbatiga yarasha xalqning cheksiz mehriga ham sazovor bo‘ldi. Nafaqat Hindistonda, balki dunyoning barcha mamlakatlarida Raj Kapur sevimli san’atkorga aylandi. U intervyularidan birida shunday degan edi: “Qurbonliklarsiz biror yutuqqa erishgan odamni bilmayman. Nimagadir egalik qilish uchun nimalardandir voz kechish – tabiatning o‘zgarmas qonuni. Ba’zan ishim deb (yo‘q, ba’zan emas, ko‘p hollarda) oilamga yetarlicha vaqt ajratolmadim. Ammo hech qachon oilam, farzandlarim oldidagi burchimni unutmaganman. Hamisha erkak sifatida o‘z o‘rnimni mustahkamlash uchun harakat qildim. Chunki ijod uchun siz yuragingizni berishingiz kerak. Qalb harorati esa oila uchun ham nihoyatda zarur…
Umrim davomida yuragimni bo‘lib yashadim. Lekin ortga qarasam, o‘sha bo‘lingan yurakning parchalari millionlab odamlar qalbiga yorug‘lik olib kirganini his etaman va buning uchun o‘zimni juda baxtli odam deb bilaman…”.
Hind xalq eposlarining zamonaviy adabiyot va san’atda juda katta o‘rni bor. “Panchatantra”, “Ramayana”, “Mahobhorat”, “Xitopadesha” kabi muhtasham badiiy obidalar hind san’atiga ham o‘zlarining buyuk g‘oyalarini singdirgan. Raj Kapur ijodida ham bu ta’sir yaqqol ko‘rinadi. Lekin Bollivud kino sanoatida alohida bir davrni yaratgan Raj Kapurning katta yutug‘i shuki, u ko‘hna, qadimiy qarashlarni rad qilmagan holda, yangi nigoh bilan hind qalbini – uning muhabbatini, ko‘zyoshini talqin qila oldi. Dostonlar bag‘riga jo bo‘lgan adolat, yurtparvarlik, muhabbat, insonparvarlik g‘oyalari Raj Kapur ijodida yangi shaklda, yangi tilda o‘z ifodasini topdi. Uning “Sangam”, “Janob 420” singari asarlari bunga yaqqol dalildir.
Hind onasining timsoli uning kinolarida yangi qiyofa kasb etdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. E’tibor qilinsa, birorta kartinada yomon ona obrazi yo‘q. Shu jihatlari bilan ham hind kinosi, xususan, Raj Kapur asarlari sharqona mehr timsolini dunyoga ko‘z-ko‘z eta oldi. “Daydi” filmida Raj Kapur ham prodyuser, ham bosh rol ijrochisidir. Butun dunyo “daydi”lari hayotining katta ko‘lamdagi bu tasviri jahon kinosevarlari qalbidan joy olgan. Bunga asosiy sabablardan biri ham filmdagi Daydi obrazining onasidir. Filmning dastlabki ssenariysida ona o‘zining xulqi buzilib ketgan o‘g‘lini oq qiladi. Ammo Raj Kapur tahriridan so‘ng ona o‘g‘lini qarg‘amaydi, aksincha, uni faqatgina ko‘zyosh bilan duo qiladi. Shu kichik holatning o‘zi hind onasi, umuman sharq ayoli qalbining go‘zal timsoliga aylangan. Bu ham bo‘lsa atoqli san’atkorning topqirligidan, xalq qalbini teran anglashidan dalolat beradi. O‘shanda Raj Kapur “Hind onasi o‘z o‘g‘lini vatanga xiyonat qilgandagina oq qiladi” deya bahsga yakun yasagan edi.
Hind kinosiga xos bo‘lgan yana bir qiziq jihat shuki, unda sevishgan yigit va qiz yoki ayol bilan erkak bir-biridan bo‘sa olmaydi. Bu odob hind kinosi uchun qat’iy odob qoidasidir.
63 yillik umri davomida sermahsul ijod bilan mashg‘ul bo‘lgan san’atkor doimo o‘zi iqror bo‘lgan ushbu so‘zlarga tayanib yashadi: “Bilasizmi, ertaga nima bo‘ladi deb o‘ylashdan hech qachon qo‘rqmaganman. Hatto kartinalarim ketma-ket omadsizlikka yuz tutgan pallalarda ham shu tarzda ish ko‘rdim. Hozir esa bugun haqida o‘ylayapman… Odam yuragida yalt etgan orzuning zalvorini his eta olsa bas, hammasi yaxshi bo‘ladi”.
Hind kinochiligida shunday an’ana bor: har qanday hind filmida kamida yettita qo‘shiq aytilishi zarur. Bu Bollivudning oltin qoidasi. Yigirmanchi asrda hind rejissyorlaridan biri kinoda yangilik qilish maqsadida yangi kartinasini bironta ham qo‘shiqsiz olishga erishadi. Biroq bu “yangilik” tomoshabinlarning qattiq qarshiligiga uchraydi. Tomoshabinlarning da’vosini ushbu bitta gap bilan ifodalash mumkin: “Bu rejissyor bizni kinodagi quvonchimizdan mosuvo qilmoqchi! Shundoq ham murakkab va achchiq hayotda yupanchimiz bo‘lgan qo‘shiqdan ayirmoqda”. Natijada xalqning talabi qondirilib, kartina ekranlardan olib tashlanadi.
Raj Kapurning ham, boshqa hind san’atkorlarining ham ijodida bitta katta o‘xshashlik bor. Bu ham bo‘lsa, muammolar, tashvishlar qurshovidagi qahramonlarning hayotga biroz istehzo bilan qarashi va kulgi, yumor bilan muammolarni yengib o‘tishi. Bu narsani 1968-yildan Toshkentda muntazam o‘tkazib kelingan Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari kinofestivaliga qatnashishga kelgan Raj Kapur atoqli o‘zbek san’atkori Shukur Burhonov ijrosida “Qiyomat qarz” spektaklini tomosha qilganda aytgan so‘zlaridan ham anglash mumkin. U Shukur Burhonovni tabriklagach, shunday deydi: “O‘zbeklar biz hindlardan ko‘ra hayotga jiddiy qarashar ekan. Yig‘lash lozim bo‘lgan joyda kulib o‘tib ketolmas ekan”. Katta san’atkorning bu teran kuzatishi, tahlili hind xalqining ham, o‘zbek xalqining ham xulq-atvoriga chekilgan nozik bir chizgidir.
Raj Kapurning kulgi va ko‘zyosh o‘rtasidagi o‘ziga xos ijodiy yo‘li komediya ham, tomoshabinni ezib tashlaydigan g‘ussali tomosha ham emas, aksincha, “Taskin baribir keladi” deya hisoblovchi san’atkorning san’atda oltin oraliqni topa olgan tutumi, ijodiy taqdiridir. Darhaqiqat, u “Bolaligimdan san’at bag‘rida ulg‘aydim va bu mening eng katta baxtim edi. Hech qachon boshqa bir kasb egasi bo‘lish haqida o‘ylamaganman. Otamning teatr jamoasida kichik rollarni ijro etgan kezlarimdayoq katta obrazlar haqida o‘ylardim va, eng muhimi, kelajakka ishonch bilan qarar edim. San’at – birinchi muhabbatim, kino esa qismatimga aylandi” degan edi.
Ushbu iqror uning muntazam ijodiy izlanishlari sabab paydo bo‘lgan. Taniqli o‘zbek rejissyorlaridan biri o‘zaro suhbat chog‘ida menga shunday degan edi: “Har qanday yaxshi rejissyor umri davomida bitta, nari borsa ikkita yaxshi kartina yaratoladi”. Raj Kapur faoliyati bilan qiyoslansa, bu gap juda jo‘n bo‘lib qoladi.
Yigirma to‘rt yoshidayoq “Raj Kapur films” kompaniyasiga asos solgan ushbu kino darg‘asining yiliga mingdan oshiq kartina ishlab chiqariladigan Hindistondek katta kino maydonida o‘z o‘rnini topishi uchun bosib o‘tgan yo‘li ham barcha kino ijodkorlari uchun ajoyib namunadir.
Kino ixlosmandlari Raj Kapurni “Hind kinosining otasi”, “Moviy ko‘zli sharq yulduzi”, “Hindlarning Charli Chaplini” deya e’zozlashi ham albatta bejiz emas.
Raj Kapur ijodkorlik va hind kinochiligi xususida shunday degandi: “Biz bor-yo‘g‘i taqlidchilarmiz. Noshud taqlidchilar. Biz Yaratganga no‘noqlik bilan taqlid qilamiz. Agar xudo qalbingga shu’la tashlamasa, uni sevgi ma’budlari puflab olovga aylantirmasa, hamma harakating behudadir. Bizning Bollivud hech qaysi yurt kinosiga o‘xshamaydi. Hollivud qanchalar yaxshi filmlar yaratmasin, u Bollivud emas. Chunki Bollivudning milliy zamini juda mustahkam”.
* * *
1988-yilning 2-iyunida astma xastaligidan vafot etishidan oldin Raj Kapur shunday degan: “Bitta aktyorning atrofida yuzlab kishilarning zahmatli mehnati bor. Ammo men tegramda millionlab muxlislarimning nigohi, qo‘llab-quvvatlashini his etib turdim. Men hind xalqining ko‘zyoshini ko‘zlarimdan ko‘p to‘kdim. Boshqa xalqlar ham mening yig‘imga – hind yig‘isiga jo‘r bo‘ldi. Endi bu xalq yig‘lamasin!..”.
Shodmonqul SALOM
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2024-yil 4-son.
Tarix
Tarix
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q