Ta’lim-tarbiya
Temuriylar saltanati davrining ikki mutafakkir siymosi Mir Alisher Navoiy bilan Nuriddin Abdurahmon Jomiy bir-biriga ustoz-shogird, sirdosh do‘st, fikrdosh bo‘lganlar. Ular “Baroi Haq panohi xalq boshy”, ya’ni “Olloh uchun ulus panohi bo‘lg‘il”, degan olijanob shiorga amal qilishgan. Ikki buyuk zot hayotda ham, ijod maydonida ham bir-birini rag‘batlantirib, yangi asarlar yaratishga ilhom berib yashaganlar. Biz ularning ulug‘ do‘stlik kitobini o‘qib, “Navoiy jomi – Jomiy navosi” (Jomi Navoy – Navoi Jomy) nomli tarjima risolasi tayyorladik. Quyida shu kitobdan bir parchani e’tiboringizga havola etamiz.
Yaxshi baytning javobi
Navoiy ustozi Jomiyga bag‘ishlab “Tuhfat ul-afkor”, ya’ni “Fikrlar tuhfasi” nomli ajoyib qasida yozgan bo‘lib, asar hazratga juda manzur bo‘lgan ekan. Hammaning tilida o‘sha qasida baytlari qayta-qayta aytilar, muxlislar yod olib o‘qib yurishardi.
Poytaxt Hirot shahri. Podshoh Husayn Boyqaroning o‘g‘li shahzoda Kichik Mirzo ham qasidadan qattiq ta’sirlangan edi. Kunlardan bir kuni u o‘sha mashhur asardan bir baytni alohida ko‘chirib, Samarqand shahrida yashayotgan Xoja Ahror valiy huzuriga yubordi:
Yak nazar farmo, ki mustasno shavam z-abnoi jins,
Sag chu shud manzuri Najmiddin sagonro sarvar ast.
Tarjimasi:
Yo pirim, bir nazar qiling, teng-tush oldiga tushay,
Najmi Kubroga manzur it bo‘lmish itlar boshchisi.
Bu baytni yaxshi anglab olish uchun hissiy chekinish qilishga to‘g‘ri keladi.
(Shu yerda pir bilan murid o‘rtasidagi munosabatlar haqida ozgina so‘zlamasak bo‘lmaydi. Naqshbandiylar e’tiqodiga ko‘ra, Ollohning yaqin do‘sti bo‘lmish pirning sirli nazarida ilohiy nur bor. Bu nur qalblarga davo bo‘lguvchi doridir. Bu nur bilan tog‘larni o‘rnidan qo‘zg‘atish mumkin. Muxlis piridan bir tilak so‘raydi, ul zot ma’naviy quvvat bilan tilakka yetkazadi. Olloh o‘z do‘stining tilagini bo‘sh qaytarmaydi. Pirning himmati va nazari bilan maqsadga yetish mumkin bo‘ladi.
Bir valiy komil pir nazarining ta’siri haqida shunday misol keltiradi. Shayxlarning nazari toshbaqaning nazariga o‘xshashdir. Toshbaqa tuxum qo‘yib bo‘lgach bir oz ortiga tisariladi. Tuxumiga bir muddat tikilib turadi, keyin uni qum yoki tuproqqa ko‘mib qo‘yadi. O‘sha qarash tuxumni yetiltirishga yetadi. Vaqt-soati kelgach bolasi tuxumni yorib chiqadi. Pirning nazari esa qalbni pishiradi, muxlis o‘zlik qobig‘ini yorib chiqadi.
Bir qudsiy hadisda shunday deyiladi: “Men qulimni sevdimmi, uni eshitar qulog‘i, ko‘rar ko‘zi, tutar qo‘li, yurar oyog‘i bo‘laman. U men bilan ko‘radi, men bilan eshitadi, men bilan ushlaydi, men bilan yuradi. U mendan nima so‘rasa beraman, menga sig‘insa himoya qilaman”.
Ha, Haq do‘stlari shunday yuksak davlatga erishib, ma’naviy vakolat olar ekanlar.
Endi hazrat Najmiddin Kubro voqeasiga kelamiz. Ul zotning bir o‘g‘li bo‘lib, otasiga bo‘yin sunmas ekan. Bundan ota-ona juda iztirobga tushibdi. Bechora ona nima qilarini bilmay, oxiri eriga shunday deb yolvoribdi: Xojam, el-ulusga foydangiz tegmagan kun yo‘q. Beta’sir o‘g‘limizga ham bir narsa qiling, ortiq uyatga qo‘ymasin. Ota o‘ylay-o‘ylay shunday depti: Undoq bo‘lsa o‘g‘limiz bu oqshom bog‘dagi anavi og‘och ostida qilt etmay o‘tirsin. Ona o‘g‘liga vaziyatni tushuntirib, o‘sha og‘och ostida miq etmay o‘tirishni tayinlabdi. Kech kiribdi. O‘g‘il aytilgan og‘och ostida bir oz o‘tiribdi, ammo ko‘p o‘tmay zerikib turib ketib qolibdi. Shu payt bir daydi it haligi og‘och ostiga kelib cho‘nqayibdi. Najmiddin Kubro o‘sha lahzada og‘och tomonga nazarlarini solibdi. Dam o‘tmay itning ayanchli vovullagani eshitilibdi. Jonivor bog‘ni buzib yuborgudek hurgancha qocha boshlabdi. Ne ko‘z bilan ko‘rishsinki, boshqa itlar haligi itning ortidan ergashibdi. Oxiri o‘sha itni o‘rab olib tegrasida tek qotib turishibdi. Oradan uch kun o‘tib o‘sha it o‘libdi. Najmiddin Kubro aytibdilarki, “Bul itni ko‘minglar. Olloh taolo ishqining o‘ti uning ichini yoqib yubordi. Shuning uchun o‘ldi”.)
Kichik Mirzoning Navoiy baytini o‘rtaga qo‘yib Xoja Ahror valiydan tilak tilash voqeasi xalq ichiga yoyilib turli shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Kishilar shahzodaning qilgan ishini maqtashib, haqqiga duo qilishardi. Ular Navoiy yozgan baytning chuqur ma’nosiga tan berishib, “ajoyib ish bo‘pti-da” deyishardi. Bayt yana yangi ma’no kasb etib, kundan kunga el og‘zida ovoza bo‘lardi. Kichik Mirzoga yoqqan bayt Navoiy shuhratini yanada oshirib yubordi.
O‘sha davr olim va shoiri bo‘lmish Mir Sarbarahna Navoiyning oldiga kelib, tortishmoqchi bo‘lib e’tiroz bildirdi: “Siz baytda o‘zingizni past, kichik olib itga o‘xshatibsiz. Bu gap teng-to‘shlaringizga ham tegib ketadi. Mabodo gap egasini topgudek bo‘lsa, ular or-nomus qilib yaxshi qabul qilishmaydi, deb qo‘rqaman. Kishi kichikko‘ngillik qilib, o‘zini itga tashbih qilsa, bundan jamoatga ham haqorat yetgay, xullasi kalom yaxshi emas”.
Mir Alisher unga javob berib shunday dedilar: O‘zimni itga o‘xshatishim kamtarlik emas, balki nafsim itini jilovlashga urinishdir. Teng-to‘shlarim deganda sizni emas, ko‘cha-ko‘ydagi boshqa daydi itlarni aytganman.
Mir Sarbarahna bu gaplardan ta’sirlanib, yig‘lagancha shoirni duo qila ketdi.
Bo‘lib o‘tgan gaplar el orasiga juda tez yoyildi. Voqeadan xabar topgan hazrat Jomiy zavqlanib dedilarki, “O‘sha baytning o‘zi juda yaxshi bayt edi, javobi undan ham yaxshiroq chiqibdi. Nun ustiga nur”.
Tolib NOSIR
Ta’lim-tarbiya
Adabiyot
Tarix
Ma’naviyat
Din
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q