O‘zbek adabiyotida o‘z so‘zi, uslubiga ega bo‘lgan va so‘zga, adabiy e’tiqodiga xiyonat qilmagan sanoqli adiblardan biri, shubhasiz, Tog‘ay Muroddir.
Tog‘ay Murod – millat yozuvchisi. Uning ijodi millat taqdiriga tutilgan bir ko‘zgudir. Adib asarlarining tili va uslubi, unda ko‘tarilgan g‘oyalar, topilmalar asl o‘quvchining 72 tomirini titratadi. Boisi, yozuvchining bitiklari, qahramonlari, ularning yurish-turishi, gap-so‘zlari, o‘y-xayollari ham sof o‘zbekona. Unda Siz yoki otangiz yoki bobongiz haqida so‘z borayotgandek tuyuladi. Said Ahmad ta’kidlaganidek, “Tog‘ay Murod qissalarida tasvirlagan odamlarga boshqa xalq libosini kiydirsangiz ham o‘zbekligi bilinib turadi. Ularning xulq-atvori ham boshqa xalqqa aslo o‘xshamaydi”.
Tog‘ay Murod nafaqat roviy tilidan, balki o‘zi kabi do‘lvor, rostgo‘y qahramonlari tilidan ham o‘zbek tilining betakror jozibasini ko‘rsata olgan. Hatto u uzukka ko‘z qo‘ygandek o‘xshatib qo‘llagan ayrim so‘zlarni “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”dan ham topolmaysiz. Mana, e’tibor bering:
Kerosin – yer moyi;
Shamol to‘suvchi – yelpana;
Zajigalka – yondirgich;
Shampun – soch sovun;
Papka – juzdon;
Doska – bitik taxta;
Selka – urug‘ sepgich;
Lab bo‘yoq – lolab.
Bu kabi yuzlab so‘zlar Tog‘ay Murodgacha bo‘lgan adabiyotimizda turlicha shakllarda qo‘llanib kelingan. Undan keyin esa bu qadar go‘zal ifoda etilgani ancha bahsli...
Yozuvchidan atigi to‘rttagina hikoya saqlanib qolgan: “Bobosi bilan nabirasi”, “Kuzning bir kunida”, “Ku-ku-ku”, “Er-xotin”. Ularning ham tili shu qadar shirali va jozibaliki, bu samimiyat va so‘zdagi chechanlik Tog‘ay Murodgagina xos. Ammo adibning badiiy tafakkur olami hikoyaga sig‘madi. U qissalar va romanlar orqali to‘la o‘zligini namoyon etdi.
Adib asarlari o‘z davridayoq yuksak e’tiroflarga sazovor bo‘lgan. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubov Tog‘ay Murodning “o‘z tili, o‘z uslubini yaratgan katta iste’dodli yozuvchi” ekanini ta’kidlasa, Pirimqul Qodirov “Ot qishnagan oqshom” qissasi “Alpomish” dostoni an’analarini eslatadigan xalqchil ruh bilan sug‘orilgan”ini e’tirof etadi. Turkiya Otaturk universiteti professori Husayn Boydemir “Tog‘ay Murod xalqning iztiroblarini chuqur his qilgan, uning dardi bilan yashagan” deya ta’kidlaydi. Bu ta’kid nazarkada olimning buyuk bir tabib kabi “yozuvchi asarlarining o‘q tomirini ushlab aytgan xulosasi”, deyish mumkin.
Darhaqiqat, yozuvchi 1998-yilda, naqd ellik yoshning ustida yozib tugallagan so‘nggi romani “Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi”ni o‘qiganimizda o‘z mezonlariga sodiq qolib, yolg‘on e’tiqodlar, soxta shiorlarga aldanib, hayotini yelga sovurgan sobiq firqa rahbarlarining qismati bilan tanishar ekanmiz Tog‘ay Murodgagina xos, xalqning dardi, o‘y-xayollari aks etgan latif iboralar, topilmalar, qochirimlarga duch kelganimizda muallifning beqiyos mahoratiga lol qolamiz. So‘zni o‘ynatish, erkalash va jilolantirish mahorati kitobxonni maftun qiladi va asar olamiga tortib ketadi.
Keling, “Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi” romanini bezab turgan va Tog‘ay Murodgagina xos marvaridlarni e’tiboringizga havola etaman.
1. Qo‘shchi kalondimog‘-kalondimoq qadam bosdi, Kibor-kibor quloch otdi. Kermoqosh-kermoqosh boqdi.
2. Qorovul hadaha-hadaha keldi.
3. Yerga shahodat barmoq o‘ynatdi.
4. Dehqonlar burchakka bet burib keldi.
5. Onalar tasbehday-tasbehday tuzilib o‘tirdi.
6. Botir firqa holilatib-holilatib oyoq ildi.
7. Qadamingiz kira tilaydimi?
8. Mozorda sog‘ joy qolmadi.
9. Jar solib yoyadi, karnay qilib chaladi.
10. Sochlari orasida misoli qumursqa yurdi.
11. O‘zimga en bo‘lolmayman, sizga qanday en bo‘laman?
12. Botir firqa Yo‘ldosh Oxunboboyev dasturiga tushdi.
13. Botir firqa bir eskicha o‘yladi, bir yangicha o‘yladi. Eskicha bilan yangichani qo‘shib o‘yladi.
14. Begim kunlar – 8 mart keldi.
15. Erkaklar shonli yutuqlar uchun qadah cho‘qishtirdi, ayollar… choy cho‘qishtirdi.
16. Ichkaridagi ha-hular hovliladi.
17. Qizlar… erkaklab ketdi.
18. Saraton oshiq yuragiday yondi, ma’shuq yuragiday yondi.
19. Yer chatnab yotibdi, chatnab.
20. Ishqboz – fohisha, labbaygo‘y – soxta.
21. Zim-ziyo qorang‘izor bo‘ldi.
22. Pish-pish entikdi, pish-pish nafas oldi.
23. Madiyev chaparastalab-chaparastalab so‘kdi.
24. Partaktivlar ketiga tis-tis bo‘ldi.
25. “Golos Ameriki” shu haqda huribdi.
26. Jinnixonadagi bemorlar tasnifi:
diniy-ruhiy bemorlar;
tarixchi-ruhiy kasallar;
boyvachcha bemorlar;
harbiy qonun-qoida qurbonlari;
ixtirochi-kashfiyotchi bemorlar;
27. Jinnixona – tiriklar qabristoni.
28. El-yurtda qayta kurash, demokratiya, shariyat so‘zlari oralab qoldi.
29. Zamon qaltis keldi. Do‘ppi tor keldi.
30. Yurtingizdan kapitalizm hidi anqib qoldi.
31. Yelkamizda bayroq ko‘tarib edik. Boshimiz uzra shior hilpiratib edik.
32. Botir firqa dami chiqqan koptok misol o‘tirdi.
33. Ha o‘sha ashulangizga kuydirgi chiqsin, ashulanginangizga kuydurgilar chiqsin.
34. Botir firqa baqaloq shishirdi. Tomoq qirdi, qiroat bilan yo‘taldi. Saltanat bilan yo‘taldi. Amaldarona-amaldarona choy ho‘pladi. Mansabdorona-mansabdorona choy ho‘pladi. O‘ziga-o‘zi haykal qo‘ydi. Erkak – Xudoning yerdagi payg‘ambari!
35. Kampiri amaldordan pensiya so‘rab kelgan mushtipar misoli mo‘ltirab-mo‘ltirab qarab o‘tirdi.
36. Yoqalarini kampirona-kampirona ushlab-ushlab… ajablandi.
37. Shu qayta quruvchi demokratlarga o‘ngirim tegib ketsin, o‘ngirimni qirqib-qirqib tashlayman!
38. Kampir bo‘qoq shishirib, g‘animiga yag‘rin berdi.
39. Havodan kuz hidi keldi, xazon hidi keldi.
40. Qizillardan xonaqoh devoriga…. churillatish keladi.
41. Menga desa, oq bo‘l, ko‘k bo‘l. Lekin yarat, qur. Mayli, menga desa, qora bo‘l, sariq bo‘l, pistoqi bo‘l. Lekin yarat, qur.
42. O‘zbek xotin-qizlari xaltaga o‘ralgan bulbul edi. O‘zbek xotin-qizlari yeng ichidagi bedana edi. O‘zbek xotin-qizlari yuziga parda tortilgan oyna edi.
43. Atirgullar atriyot anqitdi.
44. Kaftini qulog‘iga yelpana qilib eshitdi.
45. Botir firqaning ko‘ksi qizidi.
46. Botir firqa yelkadan nafas oldi.
47. Intellektuallar hayot haqida qog‘ozday quruq o‘ylaydi.
48. Yevropa – xalqlar qabristoni.
49. Orolpanohlar birin-ketin minbarladi.
50. Madiyev… lo‘lilik yo‘liga o‘tdi.
51. O‘q yetmagan joyga ig‘vo yetadi. O‘q yetmagan joylarni fitna teshadi.
52. Shon-shuhrat dardi surunkali dard.
53. Qadamlari ushbu dunyoday tor-tor bo‘ldi. Qadamlari ushbu dunyoday qari-qari bo‘ldi.
54. Yigirma yil bir yigit yoshi vaqt. Bir qiz bo‘yi vaqt.
55. Palatada o‘ntacha karovat bo‘ldi. Barcha karovatning o‘z bemori bo‘ldi.
56. Sanitar gapni elamadi, gapni xorlamadi.
57. Boshliq Botir firqaga bet bo‘ldi.
58. Uning yuzlari suyuq-suyuq, ko‘zlari g‘ar-g‘ar.
59. Quloch otib-quloch otib qadam bosdi.
60. Shartaki bo‘l, sanamarasta bo‘l, evi bilan bo‘l.
61. Qari odamning enagasi – go‘rkov.
62. Botir firqa marhumlar shahri oralab bordi. Marhumlar shahri shu qadar seraholi, shu qadar tig‘iz bo‘ldi.
63. Qalbida munislik davr surdi. Tan-jonida muntazamlik davr surdi.
64. Botir firqa hammomdan chiqmishday yengil bo‘ldi. Botir firqa yelkasidan bir qop unni tashlamishday yengil bo‘ldi.
65. Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi.
66. Soya tor-tor qadam bosdi.
67. U tushlik uyquda yotdi, g‘arq uyquda yotdi.
68. Botir firqaning ichi oydin-oydin bo‘ldi…
Tog‘ay Murodni o‘qing, Sizning-da ichingiz oydin bo‘lsin!
Xoliyor SAFAROV
Adabiyot
Tarix
Ma’naviyat
Din
Adabiyot
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q