“Xoʻjasaroylar va Buxoro xonlari igʻitishoshi”. Davlatni yemirgan ichki kurash


Saqlash
17:58 / 31.01.2025 460 0

 

1928-yilda “Alanga” jurnalida mashhur tarixchi olim Poʻlat Soliyevning “Xoʻjasaroylar va Buxoro xonlari igʻitishoshi” (arabcha “igʻtishāsh”إغتشاش “gʻalayon”, “tartibsizlik”, “isyon”, “buzuqlik” kabi maʼnolarni anglatadi. Baʼzi oʻrinlarda “fitna”, “isyon” kabi maʼnolarda ishlatiladi) maqolasi chop etiladi.

 

Maqolada XVII asr oxiri va XVIII asr boshlarida Buxoro xonligida kuzatilgan siyosiy va ijtimoiy beqarorlik chuqur tahlil qilinadi. Olim bu davrda xonlar hokimiyatini oʻz qoʻliga olgan eroniy qullar – “xoʻjasaroylar”ning xalqqa zulmi o‘tkazgani va bu aholining noroziligiga sabab bo‘lganini yoritadi.

 

Maqolada Ashtarxoniylar sulolasi vakili Subhonqulixon davrida xonlikda qabila boshliqlarining taʼsiri ortgani va xon bunga javoban oʻz atrofini eroniy qullar (xo‘jasaroylar) bilan toʻldirgani ta’kidlanadi.

 

Poʻlat Soliyev ushbu maqolasi orqali Buxoro xonligining oʻsha davrdagi ijtimoiy-siyosiy ahvolini tahlil qilib, oʻquvchilarga oʻz zamonasi tarixini tushunishga yordam berishga harakat qiladi. Maqola nafaqat tarixiy maʼlumot beradi, balki zulm va oʻzboshimchalik oqibatida kelib chiqadigan siyosiy notinchliklarni ham koʻrsatadi. Xulosa qilib aytganda, “Xoʻjasaroylar va Buxoro xonlari igʻitishoshi” maqolasi oʻsha Buxoro xonligining inqiroziga olib kelgan asosiy omillarni ochib beruvchi muhim tarixiy manba hisoblanadi.

 

“Oʻzbek xonlaridan Subxonqulixon vaqtida (hijriy 1091, milodiy 1680 -yil) Buxoro mamlakatida qabilalar isyoni juda kuchaydi. Mamlakatning har bir ishida ularning nufuzi ortdi. Eng katta mansablar ular qoʻlida to‘plandi. Ularning tazyiqidan xafa va norozi boʻlgan xon sekin asta qabila boshliqlarini saroydan yiroqlashtirib, oʻz yoniga eroniy qullarni jalb qila boshladi. Butun ishda bularni, yaʼni, qullarni oʻziga kengashchi qildi. Saroyning eng kuchli va nufuzli lavozimlariga oʻsha qullar tayinlandi.

 

Bu qullarni “xoʻjasaroy” deb atadilar. Yaʼni, bu “saroy xoʻjayini” demakdir. Bu xoʻjasaroylar xonning oshkora va maxfiy ishlarida ishtirok qiladig‘on eng muhim odamlar jumlasidan boʻldi.

 

Qullardan, albatta, xon xavf sezmadi. Ularning oʻziga qarshi biron harakatda boʻlmasligiga ishondi. Chunki qullarning xondan boshqa biron homiysi boʻlmagani barobar ularning xalq oldida ham obro‘si yoʻq edi. Xalq qullarga past nazar birlan qarardi. Aholi orasida bularga eʼtimot boʻlmagʻangʻa, xon, tabiiyki, qullarni oʻziga qarshi biron harakatda boʻlishiga ishonmasdi.

 

Shuning uchun xon davlat tizginini oʻsha xoʻjasaroylar ixtiyoriga berib, xalq bilan hisoblashmadi. Xon ularga ishonch bildirgandan keyin xoʻjasaroylar xalqqa koʻp zulm qilgʻonlar, dod-faryodga qaramaganlar. Tilaganlaricha soliq solganlar, tilaganlaricha ish tutganlar.

 

Oʻsha zamonda Xoʻjandda yashagan Turdi shoirning sherlari bu xoʻjasaroylar zulmining inikosi bo‘ladur. Turdi shoir bularning zulmidan, xonning bular bilan hamsuhbat boʻlishidan noliydi.

 

Shoh ham bazm olub xoʻjasaroylar bila yor,

 

Hukum bir aks surib boʻldi xotinlar sador .

 

Ixtiyorin birining qoʻligʻa qullar olgʻay,

 

Har biri aysh ila qonuni tanaʼum chalgʻay.

 

Mulkning neki badi maslahatini qilgʻay

 

Odamiyzodlarni qadrini qaydan bilgay.

 

Fuqaro boshigʻa yetdi bu qalin shum qullar,

 

Qani bir er chiqib aylasa maʼdum qullar,

 

Otlarin lavh qalamiydin etib kam qullar.

 

Turdi shoir shu satrlari bilan qullarning zug‘mi kuchayganini, xalqqa boʻlgʻon zulm va taʼaddilari koʻpayganini yozadi.

 

Hijriy 1120 –yilda Buxoroda katta bir iqtisodiy mushkul boʻladi. Sababi Subhonqulixonning oʻgʻli boʻlgʻon Ubaydullaxoning xoʻjasaroylari kerak va kerak emas xarajatlar uchun Buxoro boylaridan koʻp qarz olgan. Xazinada pul qolmagan, ular mamlakaning boyligini zoye va isrof qilib bitirganlar. Chunki mamlakatdagi tinchsizliklar, kundan-kun faqirliqqa tomon borish, berilgan kreditni qaytarib olishqa umidni kamaytirgan.

 

Ammo saroyning xarajati kundan kun ortib turgan. Boylar qarz berishni toʻxtatgandan soʻng, saroy mushkul holda qolgan, xarajat uchun hech qayerdan pul olishning iloji bo‘lmagan. Xoʻjasaroylardan boʻlgan Mehtar Shafi degan kishi bilan Xoʻja Baltuy saroy tangasini oʻzgartirish toʻgʻrisida bir qarorgʻa keladilar. Bozorda yurib turgan bir tangadan toʻrt tanga zarb qiladilar, tanganing iyar probin oʻzgartiradilar. Boylar, ahli sarvat bu ishdan gʻalayonga keladilar.

 

Chunki tanganing oʻzgarishi bular uchun ziyondir. Xonga qarz beruvchi oʻshalardir. Xondan olajaklari juda koʻp, xon sof tanga olgan, ammo qaytarar vaqtida kumushi kam boʻlgan tanga bilan qaytarishi kerak boʻladi. Burun bir yuz tanga qarz bergan boy endi yigirma besh tanga olishi kerak. Bu esa boylarning choʻntagiga zarbadir. Doʻkonlardagi tovar masalasida ham shu ish.

 

Shu sababdan boylar protest etadilar. Olish –berishni toʻxtatadilar. Doʻkonlarini berkitadilar. Buxoro bozori toʻxtaydi. Xalq gʻoyat mushkul holda qoladi. Bozorlar yopilib, savdo munosabatlari toʻxtaganidan keyin, xalq tinchsizlanadi. Juma kuni xalq yigʻilib xonga boradi, xonni soʻkadilar, hech bir foyda chiqmagandan keyin, Maʼsumboy otaliq huzuriga boradilar. Bu kishi qancha nasihat qilsa ham, xalq tinglamaydi. Bundan bir narsa boʻlmagan keyin, yana xonning oldiga boradilar. Xon Arkning darvozasini berkitadi.

 

Xalq tosh, kesak otadi, gʻalayon zoʻrayadi, toʻpalonchilardan bir qancha kishi oʻltiriladi. Xon qurol kuchi bilan toʻpalonni bosadi. Xalqning talabi boʻlgan tangani oʻzgartirmaslik, eski holida qoldirish masalasi, albatta, qabul qilinmaydi. Toʻpalon bosiladi. Bunda gʻalayonni boshlovchi, xalqni harakatga keltiruvchi, shubhasiz, boylardir. Ammo kaltakni yeyuvchi avom xalq, bular oʻsha sarvat ahlining manfaati uchun qurbon boʻldilar. Chunki tanganing oʻzgarishi quyi tabaqa uchun na foyda va na zarar edi. Bunda butun zarba oʻsha kredit berganlargadir.

 

Bunda faqat shu tanga masalasigina emasdi, balki xalqning burundan beri oʻsha xoʻjasaroylarga, bularning zulmiga achchigʻi bor edi. Tanga masalasi achchiqning chiqishiga bir bahona boʻlgan.

 

Ubaydullaxonning oʻltirilishida shu xoʻjasaroylar muhim rol oʻynaydi. Bular eng katta mansablarni oʻzlariga oladi, masalan, mehtar Sahfi degan kishi 17 mansabni bir oʻzi ishgʻol qilgan. Oʻzlarining shu mavqelarini istifoda qilib, oʻzbeklarning yer suvlarini olganlar. Sipohlarning ham yerlarini, vazifa uchun berilgan mulklarini olib oʻzlariga mulk qilganlar. Hukumat daftarida qayd etilgan vazifalarni oʻchirib, oʻz ismlariga yozdirganlar. Dehqonlarning ekinlik yelarini xarob qilgan. Xojadavlat ismlik xoʻjasaroyning “Xomiy” nomli qishlogʻi boʻlib, shu qishloqning xalqi buning fuqarosi, daromadi boʻlib, buning choʻntagiga tushgan.

 

U paytlar Buxoroda Hindiston boylari koʻp boʻlgan. Bular xalqqa ribo tariqasida pul beraturg‘an boʻlgan. Shu pullarni undirishda xoʻjasaroylarning yordamiga murojaat qilganlar, ular qarzni vaqtida toʻlay olmaganlarga qattiq jazo bergan.

 

Oʻshanday sabablar natijasida Ubaydullaxongʻa suiqasd yasaldi. Buning boshida boylar, qabila boshliqlari turadilar. Bular Abdulfayzxonning kandidaturasin taqdim etdilar. Nihoyat Ubaydullaxonning xoʻjasaroylarini oʻltirib, Abdulfayzxonni xonlikka koʻtardilar”.

 

Atoqli o‘zbek tarixchisi Po‘lat Soliyevning ushbu maqolasi Ashtarxoniylar davridagi Buxoro xonligi haqida muhim manba bo‘lib, u orqali Ubaydullaxon II hukmronligi zamonidagi ijtimoiy muhitni bilish mumkin. Haqiqatdan ham Ubaydullaxon II vaqtida xalqdan bir necha yillik soliqlar birdan yig‘ilgani, odamlar g‘oyat qiyin ahvolda qolgani boshqa manbalar orqali ham tasdiqlangan.

 

Buxorodagi qabilalar yetakchilari va eroniy qullar qarama-qarshiligi oxir-oqibat saroyda fitnalar ortishiga va davlat ichidan yemirilishiga olib keldi. Natijada oradan bir necha yil o‘tib, Buxoro xonligi Nodirshoh tomonidan zabt etildi hamda Ashtarxoniylar sulolasi hukmronligiga barham berildi.

 

Ubaydulla Quvvataliyev

Termiz davlat universiteti tuzilmasidagi

Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyi direktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 25786
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//