Yaqinda “Rossiya” kanali orqali namoyish etilgan A.S.Pushkinning “Yevgeniy Onegin” poemasining yangi kinoversiyasi taqdimotini ko‘rib qoldim (“Mosfilm” mahsuloti 2024). Rejissyor Sarik Andreasyan, ssenariy muallifi Aleksey Graviskiy. Ko‘rdim-u, betobligimga qaramay, qo‘limga qalam olib, miyamga o‘qday sanchilayotgan fikrlarni oq qog‘ozga ko‘chirib qo‘yishga harakat qildim. Avvallari ham ushbu asar, nafaqat rus, hatto chet el kino ekranlariga ko‘chib, sirli rus qalbini go‘zal chehralarda jonlantirib dunyoni maftun etib kelgan, jumladan meni ham. Biroq bu gal!..
Yangicha, o‘ziga xos rejissyor talqini, yaxshigina operator ishi, manzaralar – xech biri Pushkin satrlaridagi go‘zal, ilohiy tuyg‘ularni ifodalay olmagan. Faqat qaysidir bir shoirning, qaysidir bir asari bilan yoqimsiz aktyorlar ijrosida tanishtiruv bo‘lgan.
Asar qahramonlarini gavdalantirgan aktyorlar qiyofasi avvallari biz sevib ko‘rgan aktyorlar suratidan butunlay farq qiladi. Qani u dilbar chehralar?! Хullas, lo‘nda qilib aytganda, bugungi rus jangari kishisining sovuq, xudbin, shafqatsiz, xunuk ruhiy borlig‘i yuzaga qalqib chiqib, kishini “nega?”, “qachon?”, “sabab?” degan og‘riqli savollarga tortadi. Va men shu savollarga javob topgandayman!
Po‘rtana!!! Yer shariga to‘fondek yopirilib, insoniyatni qiyomat qoyimga yaqinlashtirib qo‘ygan 1917-yil rus proletar revolyusiyasi!
Asrlar davomida turli xalqlar tomonidan yaralgan eng ezgu orzular, yaxshilik va adolat talab eng oliy niyatlarni shaytonlar o‘z tiliga ko‘chirib olib, ay-yu hannos solgan, oxir oqibat jumlai jahonni o‘z orqasidan ergashtirib, dunyoni jar yoqasiga olib kelib qo‘ygan ulug‘ Rus ishchi va dehqonlar inqilobi! Ko‘rinishidan g‘oyat go‘zal, mohiyatan yovuz bu g‘oya (butun dunyodagi boylar yo‘q bo‘lsin, kambag‘allar yashasin!) dastlab hammani maftun etib, saraton to‘qimalaridek butun dunyoga tarqala boshladi. Lekin kasallikning oxir oqibatini sezib qolgan G‘arb yoyilib kelayotgan saraton ildizlarini qirqib tashladi. Afsus, biz uning ta’siri doirasida qoldik va hali beri undan qutulolmasak kerak. Shunday qilib, 1917-yil Rus inqilobi birinchi bo‘lib o‘z хalqiga mislsiz jafolar keltirdi.
Avvalambor millatni millat qilib turgan xoh u rus bo‘lsin, yo isroillig-u yo boshqird bo‘lsin fan va madaniyat oydinlarini beomon yo‘q qildi. So‘ng barobarida uning hukmi ostiga aldov bilan qo‘shilib qolgan o‘lkalarda ham qirg‘inbarot bo‘ldi. Chunki yashash tarzi “Yolg‘on” bo‘lgan tuzumga fikrlovchi insonlar kerak emas ekan. Ularning o‘rniga bilimsiz, tarbiyasiz, ko‘pchiligi piyanista, kallakesar o‘g‘rilar (albatta ular orasida ertaklardagi “хalq baxti uchun kurashgan qahramonlar” kabi ajoyib shiorlar uchun jonini tikkan vijdonli, halol insonlar ham ko‘p bo‘lgan) yangi davlat peshtaxtalarini egallab ola boshladilar. Inqilob rahnamolari esa o‘qimishli, bilimli shaytonlar edi. Ular bu toifa хalqning eng nozik tomonlarini yaxshi bilardilar. Kommunizm g‘oyasining otaxonlaridan K.Marks “proletariatning bo‘yniga solingan kishanidan boshqa yo‘qotadigan hech vaqosi yo‘q” degan gapini rus inqilobchilari juda yaxshi tushunib olgandilar. Shu kabi daholardan biri V.Lenin kambag‘al ishchi dehqonlarga qarata “endi bu yog‘iga sizlar хo‘jayinsizlar, davlatni sut sog‘uvchi ham boshqara oladi”, deb va’da berib qo‘ygan edi. Inqilob otalaridan bu kabi va’dalarni eshitgach qora хalq bo‘yniga yana qayta kishan tushmasligi uchun jon-jahdi bilan qizil tuzum tomonidan berilgan barcha ko‘rsatmalarni o‘ylab o‘tirmasdan so‘zsiz ado etardilar.
Endi asosiy maqsadga o‘tsam. Shunday qilib, adabiyot va kino qahramonlari oneginlar o‘rniga so‘kong‘ich traktoristlar, tatyanalar o‘rniga erkakcha kiyinib olgan qo‘pol, baqiroq suvoqchi ayollar ekranlarni to‘ldirib bordilar. Lekin eng asosiy g‘oya – “rus xarakteri”, “rus tili”, “rus qalbi”, “rus dunyosi” kabi shovinistik g‘oyalar ma’nan qashshoqlashib borayotgan хalq shuuriga tinmay singdirib borilaverdi.
Nihoyat, aroqxo‘r otaning so‘kishini, baxtsiz onaning qarg‘ishini eshitib, qashshoq oilada tug‘ilib o‘sgan “Zolushka”ning baxti chopib malikaga aylangan go‘zalda dunyoga ta’rifi ketgan Tatyanalar ruxsorini ko‘ra olasizmi?
Men “На самом деле”, “Пусть говорят”, “ДНК” ko‘rsatuvlarini ko‘rib ajablanardim. Kechagina nochorlik pog‘onasidan aql-u zakovati emas, qosh-u ko‘z suzishi bilan boy er ovlab olgan bekach endi o‘z qavmidan chiqqan bechora xizmatkorlarini xo‘rlab, so‘kib, hatto do‘pposlab urishlarini ko‘rib hayron qolardim. Ko‘pgina ayollar ta’magirlik maqsadida farzandini “biznesmen boy”ga tirkab qo‘yishdan toymasdilar. Qanchadan qancha bolaning otasi kimligini aniqlash uchun necha yil qator ko‘rsatuvlar qilindi. Shundan keyin Rossiyadagi ko‘p ayollar farzandlari kimdan ekanligini bilmas ekan-da, degan xayolga borasan. Eng ajablanarlisi, pul uchun, manfaat uchun el-u yurtga sharmanda bo‘lishdan ham toymasdilar. Dunyoga “buyuk rus qalbi” tashrif qog‘ozini tarqatgan bu millat shu qadar past ketadimi?! Bu kabi ko‘rsatuvlarning ijodkorlari maqsadi nima? SSSR davrida rus adabiyoti, rus musiqasi, rus baleti, rus go‘zali haqidagi yarim chin, yarim yolg‘on afsonalar dunyoni maftun eta olgan edi. O‘z o‘ziga mahliyolik shu darajaga yetgan ediki, rus хalqi o‘zini hamma jabhada, hatto aroq ichishda, so‘kishda, behayolikda ham eng zo‘r deb bilar va “men dunyodagi bor yo‘qchilig-u qiyinchilikka bardoshli xalqman”, deb chekiga tushgan ayanchli ahvoli bilan ham mag‘rurlanar edi.
Dunyoni esankiratib qo‘ygan yaqinda yuz bergan fojiadan so‘ng bu kabi ko‘rsatuvlar nima maqsadda tayyorlanganini anglab qoldim. Xalqni bu kabi chirkin ko‘rsatuvlar bo‘xronida es-hushini egallab olib, ularni ma’nan, axloqan, aqlan tanazzulga uchratib, fikrsizlik botqog‘iga cho‘ktirish bo‘lgan ekan maqsad. Va ular o‘z maqsadlariga yetibdilar.
Ushbu voqea oqibatida o‘zini tinchliksevar, adolatparvar, qalbi qorday oppoq xalq deb dunyoga jar solib kelgan millatning juda ko‘pchiligi zulmga qarshi turish u yoqda tursin, hatto rahm-shavqat, achinish kabi oddiy insoniy tuyg‘ulardan ham mosuvo ekanliklari ayon bo‘lib qoldi. Hatto pul uchun o‘z farzandini urushga jo‘natib, evaziga o‘g‘li tobuti bilan mukofot tarzida berilgan oq yengil mashinasida xursand, ko‘krak kerib yurgan onaga qarab “tavba” deysan.
Xulosa: Chehra qalb oynasi ekanligi haqiqat ekan. Keyingi 20–30 yil ichida rus kinosida shaxsan meni avvallari maftun etib kelgan chehralarni uchratolmadim. So‘zlashuvdagi ravon, shoirona, ehtirosli ohanglarni eshitolmadim.
Ha, ming afsus, ruhiyotdagi marazlik tashqariga – chehralarga sizib chiqib, o‘z suratini beayov chizib qo‘yar ekan.
Dilorom KARIMOVA,
O‘zbekiston xalq artisti
Tarix
Din
Adabiyot
Adabiyot
San’at
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q