Osmon ilmini ilk bor tadqiq etgan xalq shumer-akadlar bo‘lib, ular osmonni 360° gradus deb hisoblagan va uni 12 oyga 30° gradusdan bo‘lgan. Har bir 30° gradusda joylashgan yulduzlar afsonalardagi qahramonlar nomi bilan atalgan. Bu usul, birinchidan, eslab qolish va boshqalarga o‘rgatish uchun qulay bo‘lgan. Ikkinchidan, oʻsha gradusdagi qahramon jasorati odamlarga umid va jasorat bag‘ishlagan. Osmon ilmidagi bunday kashfiyotlar savdo-sotiq, madaniy-ma’rifiy aloqalar, ellinizm tufayli boshqa davlatlarga ham kirib borgan. Afsonalar asosida talqin etilgan osmon ilmi boshqa davlatlarda yo yangi afsonaga almashtirilgan, yoki qahramonlari ismi o‘zgargan holda mohiyati saqlanib qolingan. Biz esa hozir 12 burjning yunon-mifologiyasidagi talqinini ko‘rib chiqamiz.
1. Qoʻy (hamal) – (yunoncha “oltin qoʻy”/“oltin mo‘yna”) “Yason va Argonavtlar” afsonasini yodga soluvchi asosiy detal. Keling, “qo‘y”ning hikoyasini boshidan ko‘rib chiqamiz:
Beotiyadagi qadimgi miniylar shahri Orxomenda shamol xudosi Eolning oʻgʻli Afamant podsholik qilardi. Uning bulutlar maʼbudasi Nefeladan tugʻilgan ikki nafar farzandi – oʻgʻli Friks va qizi Hella bor edi. Afamant Nefelaga xiyonat qilib, Kadmning qizi Inoga uylandi. Ino Afamantning dastlabki nikohidan tug‘ilgan bolalarini yomon koʻrardi va ularni oʻldirish payiga tushadi. U orxomenlik ayollar bilan ekishga tayyorlangan urugʻlarni quritishga kelishib oldi. Orxomenliklar dalalarga qaynatilgan urugʻlarni qadashdi, oqibatda har doimo serhosil bo‘lgan dalalarda hech narsa unmadi. Orxomenliklarga ochlik tahdid solardi. Shunda Afamant ekin yerlarining hosil bermagani sababini bilib kelish uchun muqaddas Delfaga, tirandoz Apollonning karomatsohibiga elchi yubordi. Makkora Ino elchilarni oʻziga og‘dirib olgandi, ular Delfadan yolg‘on javob keltirishdi. Emishki, dalalar yana hosilga kirishi uchun Afamant to‘ng‘ich farzandini ilohlarga qurbon keltirishi kerak. (Bu syujet sizga tanish tuyulmayaptimi?)
Qurbonlik berish uchun hamma narsa muhayyo etildi. Yosh Friks kohin pichogʻiga boshini tutishi kerak edi, dafʼatan osmondan oltin junli qoʻy paydo boʻldi, u tangri Hermesning armugʻoni edi. Qoʻyni bolalarini asrab qolish uchun Friksning onasi maʼbuda Nefela yuborgandi.
Guvohi bo‘lganingizdek, birinchi burjning qo‘y afsonasi bilan bog‘lanishi ekin ekish vaqti va hosil mo‘l-ko‘l bo‘lishi uchun ma’budlarga qurbonlik keltirish kerakligini insonlarga eslatib turgan.
2. Buzoq (salv) – Taurus (yunoncha “ho‘kiz”) bu nom bizga yunon mifologiyasidagi “Yevropaning o‘g‘irlanishi” afsonasini eslatadi. Voqea mana bunday bo‘lgandi:
Lidov podshosi Agenorning uch o‘g‘li, sohibjamol va umriboqiy ma’budlar yanglig‘ bir qizi bor edi. O‘sha yosh sohibjamol qizning ismi Yevropa bo‘lgan. Kunlardan bir kuni u dugonalari bilan anvoyi gullar chappar urib ochilgan dengiz sohilidagi yam-yashil o‘tloqqa borishdi. U yerda turfa gullar ochilib yotardi, dugonalari orasida o‘z latofati bilan ajralib turadigan Agenorning qizi esa savatchasiga nuqul qip-qizil atirgullarni terib solardi. Qizlar gullar terib, savatlarni to‘ldirgach, quvnoq davra qurib, rosa yayrashdi. Ularning navqiron ovozi yashnab turgan o‘tloq va lojuvard dengiz shovullashini bosib ketarkan, uzoq-uzoqlarga taralardi. Sohibjamol Yevropaning betashvish hayotdan zavqlanishi va lazzatlanishi uzoqqa cho‘zilmadi. Uni Xronsning o‘g‘li purqudrat bulutquvar Zevs ko‘rib qoldi va o‘g‘irlashga karor qildi. U o‘zining kelbati bilan navnihol Yevropani qo‘rqitib qo‘ymaslik maqsadida g‘aroyib ho‘kiz qiyofasiga kirdi. Ho‘kizning tuklari oltin singari yaltirar, faqat uning manglayida oy yog‘dusiga monand kumush dog‘ tovlanib turardi, ho‘kizning muguzlari alvon tusli ufqda endigina paydo bo‘lgan hilolday egik bo‘lib, sayhondagi maysalarga tegar-tegmas, bilinar-bilinmas odimlagan holda qizlar yoniga keldi. Sidon qizlari undan qo‘rqishmadi, ular g‘aroyib jonivorni o‘rab olib, uning badanini silab-siypab mayingina uqalashdi. Ho‘kiz Yevropaga yaqinlashib, uning qo‘llarini yalab, unga surkala boshladi. Ho‘kizning og‘zidan ma’budlar yemagining hidi kelardi, butun atrofni muattar hid chulg‘ab oldi. Yevropa ho‘kizning tuklarini nozik qo‘llari bilan silar, boshini quchar va o‘par edi. Ho‘kiz sohibjamol qizning oyoq tomoniga yotib olib, ustimga o‘tir deganday erkalanardi.
Yevropa kulib, ho‘kizning keng yag‘riniga o‘tirib oldi. U bilan birga boshqa qizlar ham o‘tirmoqchi edi. Ho‘kiz daf’atan o‘rnidan irg‘ib turdi-yu, dengizga qarab yugurib ketdi. U istaganini o‘g‘irlab, jo‘nab qoldi. Sidon qizlari vahimaga tushib, qattiq chinqirib yuborishdi. Yevropa ularga tomon qo‘llarini cho‘zib, yordamga chorladi. Ammo Sidon qizlari unga yordam berishga ojiz edilar. Oltin muguzli ho‘kiz shamolday tez yugurib ketdi. U o‘zini dengizga tashladi va uning lojuvard suvlariga qo‘shilib, delfin singari jadallab suzib ketdi. Dengiz to‘lqinlari esa ikki tomonga surilib, unga yo‘l ochardilar (e’tibor bering!), ularning qatralari olmos kabi uning taniga namlik yuqtirmay, tuklaridan sirpanib tushardi. Poseydon o‘zining uch boshli hassasi bilan akasi – buyuk Zevsning yo‘lini ochish maqsadida to‘lqinlarni zabt etib bormoqda edi. Ho‘kizning yelkasida o‘tirgan Yevropa esa qo‘rqqanidan qaltirab borardi. Hiyol o‘tmay Krit sohillari ko‘zga tashlandi. Zevs yelkasidagi bebaho xazinasi bilan qirg‘oqqa chiqib oldi. Yevropa Zevsga xotin bo‘lib qoldi.
Afsonalardagi ayrim detallar bizga bu mavsumdagi ba’zi jarayonlarni: masalan, qo‘sh qoʻshilgan hoʻkiz bilan yerni shudgor qilganda tuproqning xuddi dengiz ikkiga ajralgandek ajralishi va yana gullar ham shu vaqtga kelib ochilishini eslatadi.
3. Egizaklar (javzo) – Gemini. Bu burj Zevsning Kastor va Palluksi ismli egizak o‘g‘illari sharafiga shunday nomlangan. Bunga sabab esa ular koʻrsatgan jasoratlardir. Keling, endi hikoyani egizaklardan tinglasak.
Parta podshosi Tindareyning xotini Etoliya podshosi Festiyning qizi, sohibjamol Leda edi. U o‘zining beqiyos suluvligi bilan butun Yunonistonda dong taratgandi. Leda Zevsga xotin bo‘lganda undan ikki nafar farzand ko‘rdi: ma’buda singari go‘zal qizi Yelena va buyuk qahramon o‘g‘li Polidevk. Ledaning Tindareydan ham ikki nafar farzandi bor edi: qizi Klitemnestra va o‘g‘li Kastor.
Polidevk o‘z otasi Zevsdan umriboqiylikni olgan, ukasi Kastor esa foniyzot edi. Har ikkala aka-uka ham Yunonistonning buyuk qahramonlari sirasiga mansub. Mahoda boshqarishda hech kim Kastorga teng kelolmasdi, u har qanday asov otlarni ham o‘ziga bo‘ysundira olardi. Polidevk esa mushtlashish san’atida tengsiz jangchi edi. Ular hamisha birga bo‘lib, aka-ukani samimiy muhabbat rishtalari bog‘lagan. Xullas, egizaklar yunon qahramonlarining barcha jasoratlarida ishtirok etishgan.
Ikki xil xulq-atvorga ega egizaklarning abadiy hamrohligi inson tabiatining ikki qiyofasi ramzi ham deyish mumkin. Egizaklar burji ham vaqt nuqtai nazaridan bahor va yozning oʻrtasi hisoblanadi. Shuning uchun unda ham bahor ifori, ham yozning harorati mujassam.
4. Qisqichbaqa (saraton) – cancer/rak. Ushbu burj yunon mifologiyasidagi Heraklning 12 jasoratidan biri boʻlib, uning tarixi quyidagicha:
Yunon mifologiyasida yer osti dunyosi darvozalarini qoʻriqlagan o‘liklar dunyosi ma’budi Aidning sodiq uy hayvoni – Serber – bor edi, u yer osti olamiga kirishni qoʻriqlagan ulkan uch boshli it. U Echidna va Tifon nomli yirtqich hayvonlarning birlashuvidan tugʻilgan. Ko‘rinishi sher tirnoqli, ilon dumli, uch boshli ulkan it sifatida tasvirlangan. U yer osti dunyosidan hech bir jon chiqmasligi va yer osti dunyosiga hech bir tirik jon kirmasligi uchun masʼul edi.
Herakl endigina Tirinfga qaytib kelganda Evrisfey uni tag‘in jasorat ko‘rsatishga otlantirdi. Bu Heraklning Evrisfey xizmatidagi o‘n birinchi jasorati edi. U dahshatli zulmatgoh, mudhish voqea-hodisalar makoni bo‘lmish Aid saltanatiga tushib, Evrisfeyga yer osti saltanatining qo‘riqchisi do‘zaxiy ko‘ppak Serberni keltirishi kerak edi. Herakl Aidning huzuriga borib, Serberni berishini va bu Zevsning irodasi ekanini aytadi. Aid bir shart bilan ko‘ppagini berishga rozi bo‘ladi, ya’ni Herakl Serberni qurolsiz holda bo‘ysundirishi kerak edi. Shart bajariladi va Herakl ko‘ppakni olib ketadi. Yer osti dunyosidan tiriklar olamiga chiqqan ko‘ppakning quyosh nuridan ko‘zlari qamashib, issiqdan terga botadi.
Herakl Serberni saroyga yetaklab borganda Evrisfey dahshatga tushadi va Herakldan uni kelgan joyiga qaytarishini so‘raydi. Herakl buyruqni bajaradi.
Bu afsonada abadiy olov yonib turuvchi jahannamdan tiriklar dunyosiga chiqqan do‘zaxiy jonzot ham sovuq terga botishi bejiz keltirilmagandir, albatta. Odatda, bu mavsum issiqlik eng yuqori darajaga ko‘tariladigan vaqtga to‘g‘ri keladi.
5. Arslon (Asad) – Leo. Bu ham Herakl bilan bogʻliq afsona bo‘lib, 12 jasoratning dastlabkisidir. Unda keltirilishicha:
Evrisfey Heraklga Nemey arslonini o‘ldirishni topshirdi. Tifon va Exidnadan tugʻilgan ushbu arslon benihoya bahaybat edi. U Nemey shahriga yaqin joyda yashardi, uning dastidan shahar atrofi xarobazorga aylangandi. Herakl arslonni izlab togʻlarga chiqib ketdi. U yetib kelganida tevarak-atrofda tirik jondan asar ham yo‘q edi. Na cho‘ponlar, na dehqonlar ko‘rinardi. Qattol arslondan qo‘rqqan barcha jonzot bu yerlardan tumtaraqay bo‘lib ketgandi. Herakl arslonni uzoq vaqt izladi, nihoyat, quyosh ufq sari og‘ganda bir daradan topdi. U ikki tomonidan chiqiladigan kattakon gʻorda joylashgan edi. Herakl gʻorga kiriladigan teshiklardan birining og‘zini ulkan qoyatosh bilan bekitib, arslonning kelishini toshlar orqasiga yashirinib kutdi. Tun bostirib kelayotgan chogʻda uzun yollari pahmaygan, lapanglab kelayotgan haybatli arslon ko‘zga tashlandi.
Herakl yoyining kamalak ipini tarang tortib, arslonga birin-ketin uchta o‘q uzdi, lekin o‘qlar uning po‘latday qattiq terisiga urilib qaytdi. Arslon vahimali o‘kirdi, uning momoqaldiroq yanglig‘ o‘kirishi togʻ-u toshni larzaga keltirdi. Arslon atrofga alanglarkan, g‘azabdan yongan ko‘zlari bilan o‘z ovchisini qidirardi. Ana, u Heraklni ko‘rib qoldi va sakrab, navqiron bahodirga tomon otildi. Heraklning gurzisi yashinday chaqnab ketdi va momoqaldiroq zalvoriday zarb bilan arslonning boshiga urildi. Dahshatli zarbadan gangigan arslon yerga quladi. Shunda Herakl arslonga tashlanib, uni qudratli qo‘llari bilan bo‘g‘ib tashladi. Herakl o‘ldirilgan arslonni o‘zining baquvvat yelkasiga tashlab, Nemeyga qaytdi, darhol Zevsga qurbonlik berdi va o‘zining birinchi jasorati sharafiga Nemey o‘yin (musobaqa)larini ta’sis etdi. Herakl o‘zi o‘ldirgan arslonni Mikenaga keltirganida Evrisfey bahaybat arslonga nazar tashlarkan, qo‘rqqanidan rangi quv o‘chdi. Mikena podshosi Heraklning qanday g‘ayribashariy kuchga ega ekanini angladi. Unga hatto Mikena darvozasiga yaqinlashishni ham man etdi. Herakl o‘z jasoratini isbotlovchi dalillar keltirgach, Evrisfey ularga qo‘rqa-pisa qarab qo‘yardi, xolos.
6. Parizod (sunbula) – Virgo (yunoncha “bokira qiz” ma’nosini anglatadi), burj nomi yunon mifologiyasidagi Demetra va uning qizi Persefona haqidagi afsona sharafiga shunday atalgan bo‘lib, unda keltirilishicha:
Yashil tabiat ma’budasi Demetraning yosh va sohibjamol Persefona ismli qizi bor edi. Kunlardan bir kun u dugonalari – O‘qyonus (Okeanida) qizlari bilan birga gullarga burkangan Nisey vodiysida sayr qilib yurardi. O‘sha vaqtda Persefona otasi Zevs belgilab qo‘ygan taqdiridan bexabar edi. Ko‘p o‘tmay quyoshning yorqin nurlarini ko‘rishdan mahrum bo‘lajagini, muattar gullar bilan zavqlanolmasligini, ularni to‘yib-to‘yib hidlayolmasligini xayoliga ham keltirmasdi. Zevs uni badqovoq ukasi, o‘liklar ko‘lankasi saltanatining hukmdori Aidga atagan edi. Yorug‘lik va issiq janub quyoshidan mosuvo bo‘lgan Persefona Yer osti saltanati zulmati ichra yashashga mahkum edi.
Aid Persefonani Nisey vodiysida ko‘rib qoldi va o‘sha zahotiyoq uni o‘g‘irlashga qaror qildi. U ma’buda Geyadan (Yerdan) iltimos qilib, uni o‘zgacha gul o‘stirishga ko‘ndirdi. Ma’buda Geya rozilik berdi. Nisey vodiysida beqiyos bir gul unib chiqdi, uning kishini mast qiluvchi xushbo‘y hidi uzoq-uzoqlarga taraldi. Persefona gulni ko‘rarkan, unga tomon yugurib bordi-da, poyasidan ushlab, yulqib oldi. Tuyqusdan yer yorildi-yu, uning ichidan oltin mahodada o‘tirgan o‘liklar ko‘lankalari saltanatining hukmdori badqovoq Aid paydo bo‘ldi. U yosh Persefonani ko‘tardi-yu, qora otlar qo‘shilgan mahodasiga mindirib, bir zumdayoq o‘zining Yer qa’riga kirib ketdi. Persefona kichqirishga ulgurdi, xolos. Qizning dahshatli qichqirig‘i olis-olislarga tarqaldi, u dengiz po‘rtanalari, sarbaland va nurafshon Olimpgacha yetdi. Badqovoq Aidning Persefonani o‘g‘irlaganini Quyosh ma’budi Heliosdan bo‘lak hech kim ko‘rmadi.
Ma’buda Demetra Persefonaning qichqirig‘ini eshitiboq darhol Nisey vodiysiga shoshildi, qizini qidirmagan joyi, so‘ramagan zoti qolmadi. Nihoyat Helios unga bo‘lgan voqeani aytib berdi. Ma’buda Demetra battar g‘amga botdi. U yashinchaqnatar Zevsdan onasining roziligisiz qizini Aidga xotinlikka bergani uchun juda g‘azablandi. U ma’budlar davrasini tark etdi, nurafshon Olimpni ham tark etib, oddiy foniy mardum qiyofasiga kirib, qop-qora kiyimga burkanib, achchiq ko‘z yosh to‘kib, uzoq vaqtlar odamlar orasida tentirab yurdi.
Yer yuzida har qanday o‘sish to‘xtadi. Daraxtlarning yaproqlari so‘ldi. O‘rmonlar yalang‘ochlanib, maysalar qovjirab, gullarning toji egilib qurib qoldi. Bog‘lar meva bermay qo‘ydi, yam-yashil uzumzorlar quridi, mevalar pishmadi, o‘simliklar besamar bo‘lib qoldi. Ilgari serhosil bo‘lgan ekinzorlar tamoman bo‘shab, ularda yashillikdan nishona ham qolmadi. Har yonda ochlik hukm surardi. Hamma yoqda oh-voh, dod-faryod eshitilardi. Inson zoti halokat yoqasida qolgandi. Suyukli qizining ahvoliga achinib, g‘amga cho‘mgan Demetraning ko‘ziga hech narsa ko‘rinmas, qulog‘iga gap kirmas edi. Shunda buyuk Zevs o‘zining dahshatli ukasi Aid huzuriga fikrdek tezkor Hermesni yubordi. Hermes dahshatga to‘la Aid saltanatiga tushib, uning huzurida zohir bo‘ldi va unga Zevsning hukmini bayon etdi.
Aid Persefonaga onasining oldiga qaytishga rozilik berdi, ammo unga dastavval nikoh ramzi bo‘lgan anor mevasi urug‘ini yutishni amr etdi.
Qizining qaytganidan quvongan Demetra uning istiqboliga otildi va uni bag‘riga oldi. Suyukli qizi Persefona yana u bilan edi. Demetra qizi bilan birga Olimpga qaytdi va yerga yana fayz-u baraka va hosildorlik baxsh etdi, tag‘in hamma narsa gullab-yashnab ketdi. O‘rmonlar nafis bahor yaproqlariga burkandi. O‘tloqlar ichra zumraddek yashnagan o‘t-o‘lan va gullar chappar urib ochildi. Ko‘p o‘tmay dalalarda arpa-bug‘doylar boshoq chiqara boshladi. Bog‘lar gullab, har yon xushbo‘y hidlarga to‘lib ketdi. Quyosh yog‘dusida uzumlar barg yoza boshladi. Tabiat uyg‘ongandi. Barcha tirik zot yayrar va buyuk ma’buda Demetra hamda uning qizi Persefonani sharaflardi.
O‘shanda buyuk Zevs Persefonaga yilning uchdan ikki qismini onasi bilan o‘tkazishga, qolgan qismini esa eri Aid bilan o‘tkazishga ijozat berdi.
Shundan buyon Demetra qizi bilan birga o‘takazadigan vaqtlar – bahor, yoz va kuz – ekin-tekin mavsumining; qizi yer ostida bo‘ladigan vaqtlar esa tabiatda so‘lish, to‘kilish mavsumining ramziy ifodasi deb qaralgan.
7. Tarozi (mezon) – Libra, bu burj nomi Zevsning qizi Deka sharafiga qo‘yilgan bo‘lib, u Olimpning oliy sud hakami hisoblangan va qarorlar adolatli bo‘lishini nazorat qilgan. Adolatsizlik va yolg‘onni beshafqat jazolagan.
Mezon oyi tabiatan ham kuzning oʻrtasi bo‘lib, unda issiqlik hamda sovuqlik; kun va tun tenglashadi.
8. Chayon (aqrab) – Scorpion. Burj nomi Orionni o‘ldirgan chayon afsonasi sharafiga shunday nomlangan. Bu afsona bizgacha to‘liq yetib kelmagan bo‘lsa-da, Odissey va Yason jasoratlari haqidagi afsonalarda qisman tilga olingan. Shundan xulosa chiqaradigan bo‘lsak, Orion chapdas ovchi boʻlgani, yovvoyi yirtqich hayvonlarni o‘ldirgani bizga ma’lum.
Chayon bilan dushmanchiligi haqida esa turlicha talqinlar bor. Ular orasidagi eng ishonarli talqin esa Orion ovchilik mahorati bo‘yicha ov ilohasi Artemidani bellashuvga chaqiradi. Artemida bellashuvga chayon qiyofasida keladi va Orionni o‘ldiradi.
9. O‘qotar (qavs) – kentavr Hiron. U yunon mifologiyasida donishmandlik ramzi boʻlib, Axilles, Yason kabi qahramonlarga ustozlik qilgan, shuningdek, Heraklning do‘sti ham bo‘lgan. Lekin afsuski Herakl zaharlangan o‘q bilan o‘z do‘stini tasodifan oʻldirib qo‘ygan.
Qavs burjining ramziy maʼnosi bahorning o‘limidan qayg‘uga botib, oq tushli motam libosi kiygan yer bo‘lsa ajabmas.
10. Togʻ echkisi (jadiy) – Pan, ushbu burjning Pan sharafiga nomlanishi bejiz emas. Uning afsonasi quyidagicha:
Pan tug‘ilganda uning onasi nimfa Driopa o‘g‘liga qarab dahshatga tushgan, zurriyodidan yuz o‘girib qochib qolgan. Panning oyoqlari, muguzi va soqoli echkini eslatardi. Biroq otasi Hermes o‘g‘li tug‘ilganidan quvongan holda uni qo‘liga olib, nurafshon Olimpdagi xudolar huzuriga keltirgan edi. Barcha ma’budlar Panning tug‘ilganidan bag‘oyat suyungan edilar.
Ma’bud Pan Olimpdagi xudolar bilan yashab qolmadi. U soya-salqin o‘rmon va tog‘larni afzal bilib, ular bag‘riga intilardi. U yerlarda Pan xushovoz nayini chalib, poda boqib yuradi. Nimfalar Pan nayining jozibali tovushini eshitar-eshitmas uning oldiga yugurib kelishar, atrofida davra qurib olishar edi. Panning o‘zi ham nimfalar raqsida ishtirok etishni xush ko‘rardi. U vaqtichog‘lik qilganida tog‘ yonbag‘irlaridagi o‘rmonlar sho‘x qiyqiriqlarga to‘lib ketardi. Echki oyoqli baqiroq Panga quvnoq nimfa va satirlar ham jo‘r bo‘lardilar. Jazirama tush payti yaqinlashdi deguncha Pan o‘rmonning eng quyuq joyiga yoki salqin g‘orga kirib dam olardi. O‘shanda Panni bezovta qilish nihoyatda xatarli edi. U qiziqqon bo‘lib, jahli chiqqanda kishilarni g‘aflat uyqusiga cho‘mdirishi, unga xalal bergan yo‘lovchini to‘satdan qo‘rkitib yuborishi mumkin edi. Pan kayfiyati chog‘ bo‘lganda rahmdil va olijanob edi. U cho‘ponlarga behisob noz-ne’mat baxsh etardi. Pan yunonlar podasini balo-qazolardan asrar, g‘azabnok menadalar raqsida hozir-u nozir, may xudosi Dionisning suyukli va sodiq yo‘ldoshi bo‘lgan.
Bu mavsumda yunonlar barcha yig‘im-terim ishlarini tugatgach, moʻl hosil bergani uchun Dionis sharafiga bayram uyushtirganlar. Bayramda olov yoqib, musiqa chalib, gulxan atrofida Panga taqlidan raqsga tushganlar. Balki, bu raqs chorvachilik homiysi bo‘lmish Pandan podalariga omonlik va baraka so‘rashning bir koʻrinishi ham bo‘lgandir.
11. Qovgʻa (dalv) – Hanimed, bu obraz Mesopotamiya va Rim mifologiyasida ko‘zasidagi suvni daryoga quyib, toshqin keltirib chiqaruvchi salbiy qahramon sifatida ifodalangan bo‘lsa, yunon mifologiyasida esa Troya shohi Trayanning o‘g‘li Hanimed boʻlib, Zevs uni burgut qiyofasida o‘g‘irlab ketadi va Olimpga keltirib, unga boqiy umr hadya etgan holda ma’budlarga suv keltirish vazifasini yuklaydi.
Dalv burjiga nisbatan yunon mifologiyasi talqinidan ko‘ra Mesopotamiya va Rim mifologiyasi talqini asosliroq, menimcha. Chunki chindan ham bu oyda soy-u daryolar to‘lib oqadi.
12. Baliq (hut) – Pisces. Baliq burji yil hisobining tugashi bo‘lib, burj nomining kelib chiqishi haqida ko‘plab afsonalar mavjud. Ulardan eng keng tarqalgani esa Afrotida va o‘g‘li Erosning baliqqa aylanish afsonasidir. Unda keltirilishicha, vaqt xudosi Xronsni taxtdan qulatish uchun boshlangan urushda Zevs tarafdorlari bo‘lgan Afrotida va o‘g‘li Eros qirol tarafdorlari bo‘lgan Tifon hujumidan himoyalanish uchun baliq qiyofasiga kirib, o‘zlarini suvga otadilar.
Urush yakunlangunga qadar baliq qiyofasida jon saqlaydilar. Urushda Zevs va uning tarafdorlari g‘olib bo‘ladi va vaqt ma’budi Xrons taxtdan ag‘dariladi.
Ziyodaxon TURDIBOYEVA
San’at
Til
Adabiyot
Jarayon
Ma’naviyat
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q