Ijod – vaqtdan tashqari hayot. Vaqt bilan hisoblashmaydi u. Yer sayyorasida eng qisqa vaqtning koʻchishi yorugʻlik tezligi hisoblansa, ijod oʻsha vaqtni ushlab qolgan oniy lahzalardir. Vaqt taʼsir qilmaydigan sayyoralar koʻp – vaqtsiz sayyoralar. Chin isteʼdod ijod qilayotgan dam oʻsha vaqtsiz olamda sayr etadi. Zamon va makonga yuqoridan nazar tashlayotgan boʻladi. Shunday ijodkorlardan biri bu – Lekim Ibrohimov. Asarlarida vaqtni ushlab qola olgan, vaqtni sayqallab bera olgan, oʻz zamoni haqida kelajakka rang orqali gapira olgan rassom.
Men rasmga koʻp tushunmayman. Ammo, har bir kartinani bir sheʼr bilaman. Kartina sheʼrdek soʻzlaydi: ranglar gapiradi, tasvirlar, tashbehlar, mubolagʻalar, qalb izhorlari... Shoir yillar davomida yozgan sheʼr-gʻazallarini yigʻib devon tartib beradi. Qoʻlingizda Mashrab devoni bordir balki. Mashrabdan keyin devon tartib bergan yana bir ijodkor Lekim Ibrohimov. Bu mubolagʻa emas. “Ming pari va bir surat” koʻrgazmasidagi suratlarni koʻrarkanman, bir goʻzal “Devon” tartib berilganiga amin boʻldim. Koʻrgazma nomini eshitganimda xayolimga “Alif Laylo va laylo” kelgandi. Soʻzlovchi Shahrizoda boʻlsa, har bir kartina bitta ertakdir. Mingta kartinadan iborat bitta doston. Suratlarni koʻra boshlagach esa xayolimga Samarqand keldi. Bu Afrosiyob devoriy suratlaridek tiklangan tasvirlar yigʻindisi. Bu Sharq rassomining dunyo uzra oʻz soʻzini aytishi edi. Ranglar jilosida Sharq ufurib turibdi. Buning ildizi ehtimol qoyatoshlardagi tasvirlardir, Zarautsoy rasmlaridir, Turfon togʻlaridagi qadim ajdodlar chizmalaridir. Oʻlib yotgan Sharq rassomchiligi uygʻonganday, ehtimol.
Lekim Ibrohimov sharq rassomlik maktabiga yangi nafas olib keldi. Ibrohimovning oʻz maktabi bor, oʻzi asos solgan maktab bu. Kelajakda esa bu yoʻnalishda, bu maktabda sharq rassomlari oʻz soʻzini aytadi. Tangri yor boʻladi. Ehtimol Tangrini rasmini chiza oladigan rassomlar tugʻilar... Suratlarda zamonaviy shakllar ichra qadimiy turk madaniyati va anʼanalarini mujassamlashtirganiga guvoh boʻldim. Har bir asarda qadimgi turklar ruhi saqlanib qolgan. Rassom Qozogʻistonda, Tyan-shan togʻlari etagidagi qishloqda tugʻilgan. Ehtimol, rassomlikka oʻsha ulugʻvor togʻlar hayrati boshlagan. Oʻsmirligi, ishtiyoqi katta shaharga yetakladi. Samarqand miniatyurasi ilhomini tarbiyalagan boʻlsa, Toshkent ulgʻaytirdi. Toshkentda yashab ijod qildi va Florensiyada butun dunyoga oʻz soʻzini aytdi. Chin ijodkor uchun shahar, davlat yo Vatan chegarasi boʻlmaydi. Ammo, millat va ijod ruhi boʻladi. Lekim Ibrohimovda turkiylar qoni oqarkan, istaysizmi-yoʻqmi oʻsha qon, oʻsha ruh ijod chegarasini belgilaydi.
Ijodkor Florensiyada Sharq rassomchiligi, aynan turk rassomchiligini koʻrsata oldi. Florensiya biyennalesida oltin medalni qoʻlga kiritgan birinchi Oʻzbekistonlik rassom sifatida tarixga muhrlandi u. 528 kv.metrlik, balandligi 8, uzunligi 66 metr boʻlgan polotno kattaligi bilan Ginnesning rekordlar kitobiga ham kiritildi. Sportda yillar davomida mashq qilib, baland sakrab yo nafsi ochlar katta doshqozon osib Ginnes kitobiga kirishi mumkin. Biroq sanʼatda rekordlar kitobiga kirish?!
Lekim Ibrohimov kartinalarini oʻqisangiz, anʼanaviy Yevropa rassomchilik maktabini tan olmasligini, undan voz kechganini his qilasiz. Sharq, turklar oʻzligini saqlab qolishi uchun asarlari qaygʻurayotganday tuyuladi. Aslida, Sharq rassomlar uchun doʻkon! Syurrealizm, kubizm, realizm, modernizm boʻladimi, gʻarb rassomlari Sharq doʻkonidan unumli foydalangan, foydalanadi. Bizning anʼanalarga, naqshlarga, buyumlarga, zargarligimizga, kulolchiligimizga, kashtachiligu atlaslarimizgacha oʻrganadi, eʼtibor beradi. Sharq – katta doʻkon. Lekim Ibrohimov esa shu doʻkonning ham egasi, ham oluvchisi. Bu doʻkonda qadimdan parilar tasviri boʻlgan, ilhom parilari boʻlgan, ilohiy farishtalar boʻlgan, Ezgulik farishtalari boʻlgan. Bu farishtalar qanday farishtalar? Pegas mingan ilhom farishtalari, jannatdagi yetmish ikki hur, Avestoda ezgulik uchun jannatda sizni kutib oladigan hur, shamanizm farishtalari, tangrichilik farishtalari, musoviylik farishtalari, xristianlik farishtalari, yelkangizdagi qoʻriqchi farishtalar... Turk eli barcha dinlar aro bor.
Ijodkor ham oddiy odamday yashaydi: yeydi, ichadi, oʻladi. Odam olovga yoqiladi, yerga koʻmiladi, chiriydi. Chin ijodkor esa asarlari qanotida yashay boshlaydi. Lekim Ibrohimov ham oʻzi yaratgan farishtalari qanotida olislarga uchadi. Bu farishtalar shu qadar tabiiy, sharqona boʻy koʻrsatganki, ularni begona deyolmaysiz. Bu oʻzimizning farishtalar deysiz. Sanʼat doim bozorga solinadi Sharqda ham, Gʻarbda ham, ayniqsa, rassomchilik kartinalarida bu yaqqol namoyon boʻladi. Goh atay kim oshdi savdolari uyushtiriladi. Ammo, sanʼatning bozordan ustunligini koʻrsata oladigan “Bir kartinada ming pari” kabi asarlar ham bor yaxshiyam. Ular hali yana koʻp yaratiladi, yaratilmoqda.
Talant Bek
Adabiyot
Til
Adabiyot
Jarayon
Ma’naviyat
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q