U shaharga choponining yengida qishlogʻining choʻlogʻi-yu, beva xayollari bilan kelgan – Jontemirga maktub


Saqlash
17:31 / 24.07.2024 1179 0

“Darvesh qoʻshigʻi”ni oʻqib…

 

Ichimdagi ogʻriq ekansiz, Jontemir. Men qochib yurgan ruhim ekansiz, Jontemir.

Men qonimda bir telbalik, ishq bilan kelganimni bilaman. Men sayyidlardanman, mening xayolot va tafakkur dunyoyim qadim ajdodlarimning ilohiy ishq tarixi bilan toʻlgan. Koʻzi suzuk arabiy ajdodlarim bu zaminga ot ustida kirib kelganlar, turkiy ajdodlarim jangovar ot ustida kutib olganlar. Ular hanuz hovuz boʻyidagi otam ekkan qadim sadaqayragʻoch ustida joynamoz toʻshab, namoz oʻqiydilar. Ammo…

menga aytdilarki, darveshlik, devonalik sizga toʻgʻri kelmaydi. Qiz bolasiz, bunday hayot tarzi sizga tushmaydi. Devona boʻlib oʻtganlar bor, Rauf Parfining yoʻli shunday yoʻl edi. Sizga toʻgʻri kelmaydi… Ammo…

sheʼr telbalik, devonaliksiz boʻlmaydi… Bu hasratning yukidan yelkalarim egilib ketdi, sheʼrlar, dostonlar yozdim va devonalikning naq ostonasigacha borib qoldim. Keyin birdan ortga qaytdim. Hayotimni yutqazib qoʻysam, boshqa hech narsam qolmaydi… Lekin hayot baribir olaman deganini oldi. Men shoir boʻlmadim, devona boʻlmadim, devonaxayol boʻlib qoldim. Sheʼrlarimdan qochdim.

 

Doim shunday boʻlgan:

Ogʻriq va shamol

Tasavvurga oʻxshash bir nima.

Doim shunday kechgan:

Yengillik, malol

Ozroq kajlik, ham ozroq gina.

Menga xudo yetishmayotir

Shitirlagan saslarni tuydim

Uygʻonolmas menda gʻalayon.

Bu chaqinlar koʻp itoatli

Yo shovqinga qoqilib ketgan

Sheʼr soʻngidek menga noayon.

 

 

Lekin siz meni tutib oldingiz. 

 

Qodir zamin, masih samo,

Jobir quyun, foram sabo,

Yopintirib juldur qabo,

Tabrizga eltinglar mani.

Qazo topsin shabi anduh,

Kel, ey Duldul, kemai Nuh,

Tark etmayin koʻzani ruh

Tabrizga eltinglar mani.

 

 

Men uvol dashtida quyundek jizgʻanak boʻlib yurganimda, siz erk tulporlarini Arsh tomonlarga yoʻllagan ekansiz. Men oʻzimdan “xudoni tanlaysanmi yoki u ato etgan ishqnimi” deya koʻp soʻrardim. Bu xuddi “xudoni tanlaysanmi yoki u yaratgan erkni” degandek va juda ogʻir. 

 

Ayo tangrim… qulingman, biroq

Koʻproq sevdim togʻni Kaʼbadan.

Senga yaqin joyda yashamoq

Nasib etsin unga abadiy.

Ishonaman, choʻqqilar saxiy,

Aygʻirimni ular el qilar.

Qaylardadir yashar-ku axir

Erkin chopib yurgan yilqilar (2016).

 

Ifodada biroz dagʻallik bor, ammo ogʻriq juda ayanchli. Bu ayanch ogʻriqlarga qaysi soʻqmoqlardan oʻtib kelganingizni men tasavvur qilaman.

 

Bu sor yigitga “Kuyib, yonib, quvonib, qoʻmsab // Sheʼr yozishni oʻrgatdi shamol”. Ichiga shabnamlar toʻldi: Shabnamga toʻldiray ichimni. Savodi-yu savdosida maʼsumlig-u mardonalik va bir ishtiyoq qorishib ketdi:

 

Sochlarini oʻpib chiqqan savodim,

Nima qilayotgan ekan Zubaydi?!

 

 

U shaharga choponining yengida qishlogʻining choʻlogʻi-yu, beva xayollari bilan kelgan. Uning joʻmard koʻksini Shodilarning yoʻlbarsi timdalaydi. Avliyolar yetaklab yurgan yoʻlbarslar ola-kula qarab turadi sheʼrlaridan. U ulgʻayishni istaydi, maʼsum, mushfiq tuygʻularini ulgʻaytirishni istaydi:

 

…binafsha hidlagan paridek mushfiq

jazbamni kuldonga bosib oʻchirdim…

 

Siz jazbangizni qancha gurlatmang, qoʻliga olovli choʻqmor berib qoʻymang, uning ich-ichida bir yigit bir qimtinish ichida sevadi dunyoni va u koʻproq shoirga oʻxshaydi: Sezdirmasdan teraman gulday // Kulgularing siniqlarini… Yoki Meni senga eslatgan oʻshal // Yomgʻirlarga qulluq, dilrabo.

 

 

Milliy sheʼriyatimizning muhtasham koʻchalarida har doim ham shoirlar uchrayvermaydi. Sizning mana bu misralaringiz naq miyamga xanjardek sanchilib qoldi: 

 

Men daydiman, sigʻinganim yoʻl…

Nigohimni ufqqa toʻshayman…

Yuragimga ismingdek, Alloh,

Sizib kirdi osmonning rangi…

Tutzor mudrar afti burishib…

Rabbim yaktagiga bichilgan yengman…

Ilhom bersang boʻldi bir siqim

Tangrim, sheʼrlar oʻqib beraman!

 

Nima ham derdim. Baʼzan magʻrur qoyalarning ham Boychechakka doʻngisi kelar. Soʻzlashgisi kelar baʼzida. O, Jontemir, ming yillik qayragʻoch ostida oʻtirgan inim, omon boʻling!..

 

Shahnoza NAZAROVA,

adabiyotshunos

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

17:11 / 13.11.2024 0 402
Ibn Sinoning asl surati saqlanib qolganmi?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 21835
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//