Adabiyot
Sivilizatsiya shomi
Insoniyatning bugungi hayoti o‘z shiddati, ta’sir ko‘lami, munosabatlar murakkabligi bilan nafaqat kechmish asrlar, balki bir necha o‘n yil ilgarigi hayotdan ham jiddiy farq qilayotir. Har sohada kuzatilayotgan globallashuv jarayoni inson atalmish mavjudotning jism-u jonini misoli vayronkor quyundek o‘rab-chirmab olmoqdaki, bu shiddat va kuch qarshisida uncha-muncha odamning dosh berishi – o‘zini, o‘zligini, shaxsi hamda aql-hushini saqlashi tobora qiyinlashib boryapti. O‘spirinlik yoxud yoshlikning nogahoniy shabadaga sezgir jism-u joni ne, hatto hayotning achchiq-chuchugini totib ulgurgan, o‘zini har narsaga bardoshli hisoblaydigan katta yoshdagi kishilar yurish-turishi, dunyoqarashi, axloqi va umumruhiyatida kuzatilayotgan evrilishlar ham inson zoti tabiatida ortga qaytmas tub o‘zgarishlar boshlanganidan darak berayotgandek. Insonlararo munosabatlarda shafqatsizlik, riyokorlik, sotqinlik, beburdlik, xiyonat singari illatlar misli ko‘rilmagan ko‘lamda yuzaga chiqayotgandek. Nafsiy intilishlar qutqusi-la avj olayotgan “o‘lat paytidagi shohona ziyofat”larning badbo‘y oqavasi komiga odamiy ruh tobora chuqurroq g‘arq bo‘layotgandek. Shunga ko‘ra, G‘arb insonshunoslik fanlari tilida “inson degradatsiyasi”, “shaxsning yemirilishi”, “odamning qiyofasizlashuvi”, “sivilizatsiya shomi” singari tushkun iboralar tobora ko‘payayotganini tushunish mumkin.
Bu halokatli evrilishda dunyo ommaviy axborot vositalari faoliyati hal qiluvchi omillardan biri bo‘layotgani sir emas. Darvoqe, ayni sohada paradoks bir holat tobora aniqroq kuzatilyapti. O‘ziga “axborot dunyosi”, “axborotlashgan jamiyat” deb nom qo‘yib olgan bugungi jumla jahonda u yoxud bu voqea-hodisa haqida (u tarixda yuz berganmi yoki kuni kecha sodir bo‘ldimi – farqi yo‘q!) ommaviy axborot vositalari “topib” tarqatayotgan ma’lumot, “tezkor xabar” qancha ko‘paysa, o‘sha voqea-hodisaga doir asl haqiqat shunchalar mavhumlashib bormoqda. Yangi xabar va “topilmalar” ko‘paygani sari o‘quvchi, tomoshabin, tinglovchi bo‘lmish inson dunyoqarashi, ong-u shuurini boshboshdoqlik – xaos shunchalar keng ishg‘ol qilayotir. Nafaqat siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-mafkuraviy sohalardagi joriy yangiliklar, uzoq muddatli kuzatuv va hisob-kitobni talab qiluvchi sohalarga oid xabarlarning ham bir-biriga mutlaqo zid mazmunda ekani kishini lol qoldiradi. Bir guruh olimlar insoniyatni, deylik, Yer sayyorasida havo harorati tobora ko‘tarilib borayotgani va bu jarayon mudhish oqibatlarga olib kelishi haqidagi bashoratlari bilan qo‘rqitsa, boshqa bir guruh “mutaxassislar” unga teskari gapni ma’qullab karomatgo‘ylik qiladi. Yoki 2001-yilning 11-sentabrida AQShda sodir bo‘lgan ayanchli hodisalarni, masalan, italyan kinorejissyorlari “9/11 jumbog‘i” nomli hujjatli filmda bir xil talqin etsa, amerikalik kinochilar uning teskarisini “isbotlab” beryapti.
“Uchinchi dunyo”ning ko‘plab mintaqalaridagi it egasini tanimaydigan boshboshdoqliklarni qo‘ying. 1963-yilni, har jihatdan tartibli, qonunlar amalda bo‘lgan, demokratiya va oshkoralik go‘yo to‘liq ta’minlangan Amerikaning Dallasida yuz bergan qotillik – Prezident Jon Kennedining o‘ldirilishini eslaylik. O‘tgan yarim asrdan ko‘p vaqt ichida bu hodisa to‘g‘risida minglab maqola, yuzlab hujjatli va o‘nlab badiiy film, son-sanoqsiz adabiy va publitsistik asarlar paydo bo‘ldi. Ularni yaratgan har bir muallif bu mudhish voqeaning asl sababi, qotillik buyurtmachilari va ijrochilari to‘g‘risidagi eng to‘g‘ri gapni men aytdim, deyishi aniq. Biroq... Biroq bu “eng to‘g‘ri gap”lar ko‘paygani sayin, voqeaning asl ildizlari ustiga tortilgan tuproq shunchalik qalinlashib bormoqda. Hozirgacha ilgari surilgan yuzlab versiyalar ichida haqiqatga eng yaqini, hatto asl haqiqatni o‘zida mujassam etgan talqin ham bo‘lgandir. Biroq endi bizni – shuncha “aniq axborot”, “ishonchli ma’lumot”, “asl manba”dan voqif o‘quvchi, tomoshabin, tinglovchini unga ishontirishning, afsuski, iloji yo‘q.
Eng achinarlisi – inson diqqati asl masala mohiyatidan uzilib, u mazkur muammo haqida “erkin, individual, shaxsiy fikr-qarashi”ni izhor etayotgan tomonlar o‘yiniga mahliyo bo‘lib qolmoqda. Holbuki, muhokamaga mavzu bo‘lgan o‘sha masala, muammolar vaqtida yechimini topmasa (ular orasida odam zotiga isnod keltiruvchi bir jinsli nikohlardan tortib, arab mamlakatlarida xudoning bergan kuni nobud bo‘layotgan begunoh odamlar qismatigacha bor!), erta o‘tib indin butun insoniyat taqdiriga jiddiy tahdid solishi mumkin.
Shunisi taassufliki, aksariyat “dunyo manim deganlar” – yirik va ta’sirdor davlatlar boshqaruvchilari (to‘g‘rirog‘i – ularni shu mansabga loyiq ko‘rgan kuchlar!) suvning yanada loyqalanishidan manfaatdordek taassurot qoldiradi...
Oyoqqa turayotgan Shaxs
Endi ana shu axboriy talotumlar ichida kun kechirishga, oyoqqa turishga majbur yosh insonning holatini ko‘z oldimizga keltiraylik. Uning dunyoqarashi, didi, axloqi, ruhiyati va kayfiyati, bir so‘z bilan aytganda, shaxsi shakllanishiga ta’sir o‘tkazadigan omillarning rang-barangligi, ziddiyatliligiga diqqat qilaylik.
Bizningcha, ahvol odam bolasi taqdiriga bitilgan bir o‘zgarmas qonun bilan yanada chigallashadi. Dunyoga kelgan go‘dakning bobo-buvisi, ota-onasi har qancha olam sirining tubiga yetgan ahli donish bo‘lmasin, o‘z zurriyodiga tabiiy tarzda nari borsa rang-u ro‘yi, tashqi qiyofa va ayrim jismoniy-ruhiy imkoniyat va qusurlarini meros qilib o‘tkazadi, xolos. Ularning yillar davomida yig‘ib-tergan bilimi, hayotning achchiq suvi burnidan kirib ko‘zidan yosh bo‘lib chiqishi evaziga to‘plagan bebaho tajribalarini boyagi bolajonga tez va soz ko‘chirib o‘tkazishning imkoni yo‘q. Zamonaviy til bilan aytganda, yosh odamcha vujudi kompyuter protsessori emaski, boshqa manbada ishlangan va to‘plangan falon gegabayt ma’lumotni birgina sim vositasida ko‘z yumib ochguncha unga o‘tkazib bo‘lsa... Yana ham boshqacha qilib aytsak, rus yozuvchisi A.Belyayevning “Professor Douelning boshi” romanidagi singari voqealar hozircha faqat fantastik asarlar imkoniyatidagi ish bo‘lib qolmoqda.
Demak, dunyoga kelgan go‘dak xuddi ajdodlari singari nima issig‘-u nima sovuqligi, nima Shirin-u nima achchiqligi, nima yaxshi-yu nima yomonligi, nima mumkin-u nima uyat ekani... – hamma-hammasini o‘zi o‘rganib-o‘zlashtirib bormog‘i kerak. Ta’lim-tarbiyaning ne-ne aqllar o‘ylab topgan jamiki usul-vositalari, pedagogika texnologiyalari, millionlab tarbiya o‘choqlari va murabbiylar – barcha-barcha omillar ana shu ishga – odamdan inson yaratish, shaxs tarbiyalashga safarbar qilinadi. Bag‘oyat aniq ishlovchi yangi texnik anjomlar-u kompyuter boshqaruv tizimiga ega bo‘lgan sex novidan tap-tayyor, ikki tomchi suvdek o‘xshash holda chiqadigan sanoqsiz buyumlardan farq qilaroq, hayot maktabi atalmish “sex”da tayyorlanadigan “mahsulotlar”ning birortasi bir-biriga o‘xshamasligi barobarida, ularning hech qaysisiga “so‘nggi ishlovdan chiqqan, foydalanishga to‘liq yaroqli” mazmundagi muhrni bosib bo‘lmaydi.
Bugun inson zotida kuzatilayotgan noxush o‘zgarishlar, aqlga yot jinoiy harakatlar to‘g‘risida maqolamiz avvalida aytgan edik. Biroq, shuni ham eslatish o‘rinliki, mazkur holatlar muayyan muhitning – odam javharini yemiradigan tarbiyaning (yoxud tarbiyasizlikning) oqibatidir. Aslida esa Yer yuzining qayerida ko‘z ochmasin, odam bolasi tabiatan shunday holda, o‘shanday qabih amallar sodir etish uchun tug‘ilmaydi. Marhum Ozod Sharafiddinov domla bir maqolasida eslatgan manzara esa to odamzod bor ekan, shaklan o‘zgarib qaytarilaveradi: tosh davridagi diplomsiz pedagog qo‘lidagi cho‘qmori, qalbidagi pushaymoni bilan qoyaga haftalab darj etgan alamli e’tirofni bugungi soqolsiz oqsoqol ayfon telefoni ekraniga qadoq neligin bilmagan, bargizubning tanasiday nozik barmoqlari bilan yozmoqda: “Yoshlar aynib ketdi...”
“Xato mening nazarimdandur...”
Agar yuqorida bir qismi eslatilgan muammolarga yurtimiz yoshlari taqdiriga ko‘rsatadigan ta’siri nuqtayi nazaridan qaraydigan bo‘lsak, ularni chinakam xalqtuzar, yurtsevar, insonparvar qilib voyaga yetkazishda ijtimoiy-gumanitar fanlarning o‘rni va ahamiyati yaqqol namoyon bo‘ladi.
Ba’zan ayrim odamlardan “Huquqshunos degani yuridik fanlarni, bo‘lg‘usi do‘xtir anatomiya, ximiyani yaxshi bilsa bo‘ldi-da, amaliyotda ularga shular kerak bo‘ladi, ijtimoiy fanlarni o‘qitib vaqt o‘tkazish, talabalarni chalg‘itishdan nima foyda?” qabilidagi gaplarni ham eshitib qolamiz. Yuzaki qaraganda, ular haqdek tuyuladi. Biroq bu qarash nechog‘li to‘g‘ri, shunday qarash bilan uzoqqa borib bo‘ladimi?
Inson o‘z qadr-qimmatini anglashi, imoni butun, irodasi baquvvat bo‘lishi, oldiga qo‘ygan maqsadi ezgu va aniq shakllanishi uchun u, avvalo, to‘g‘ri, mantiqli fikrlash ko‘nikmasini egallashi lozim. Uning oqni qoradan, aslni soxtadan ajrata olish qobiliyati ham tarix, adabiyot, falsafa va boshqa ijtimoiy-gumanitar fanlar yordamida o‘zlashtiriladigan bilim va tajriba kuchi bilan tezroq va samaraliroq ochiladi, charxlanadi.
Ishora qilganimizdek, odamzod yaratilishida uning tabiatiga o‘rnashgan fazilat va qusurlar zamonlar o‘tishi bilan o‘z tusini har qancha tovlantirib borgan bo‘lmasin, mazmunan hamda mohiyatan katta o‘zgarishga, evrilishga uchragan emas. Ya’ni ibtidoda inson bolasiga yoqqan narsa hozir ham yoqadi, o‘shanda uning yuragiga botgan narsa uni hozir ham azoblaydi. Yanada jo‘nroq ifoda etsak, hozir ham o‘g‘rilik qarovsiz qolgan tuxumni o‘marishdan, xiyonat esa “qo‘shnining xotini qiz ko‘rinishi”dan boshlanadi.
Miloddan avvalgi zamonlarda hukmfarmoning muayyan mamlakatni bosib olib, boyligi va xalqiga egalik qilish istagida qonli urush boshlagani bilan XXI asr ikkinchi o‘n yilligida jahonning biron bir mintaqasiga “demokratiya eksporti” o‘rtasida katta farq yo‘q. Birgina farq: minglab yil ilgari yashagan “johil podshoh” asl niyatini yashirib o‘tirmay, hukmni ham o‘z nomidan chiqargan bo‘lsa, hozir taraqqiy etib ulgurgan davlatlar o‘sha mazmundagi hukmning “kollegial tarzda” qabul qilinishi, “demokratiyaga tashna xalqlar talabi” shaklini olishiga diqqat qaratyapti, xolos...
Masalaning bu jihatlarini insoniyat tarixini ostin-ustun qilib yuborgan katta muhorabalar mavzuyiga bag‘ishlangan mashg‘ulotlarda talabalarga ta’sirchan tushuntirib borish o‘ta muhimdir. Ayniqsa, jahon urushlarining asl sabablari, shu urushlar oqibatida dunyo xaritasida yuz bergan tub o‘zgarishlar, mazkur muhorabalar kimning tegirmoniga ko‘proq suv quyganini bizning farzandlarimiz – o‘zbek yoshlari albatta chuqur bilib olmog‘i lozim. Shundagina ularning tarixni to‘g‘ri idrok etish, uni milliy manfaatlar negizida tushunish, turli talqinlar o‘rtasidagi farqni anglash va bu farqning sabablarini ilg‘ash qobiliyati yuksaladi. Bu qobiliyat, bilim va tajriba esa ertangi kun egalarining yurt taqdiriga daxldor masalalarga tiyrak qarashi, yaqin-yaqinga qadar bizni yetovga muhtoj xalq deb bilgan ustomonlar oldida yana sodda va go‘l holda qolmasligi, bir so‘z bilan aytganda, o‘z kelajagini butunlay o‘z qo‘liga olishiga kafolat bo‘ladi.
Shu o‘rinda yaqinda dunyodagi yirik davlatlardan birining rahbari bilan bo‘lgan telesuhbatni yodga solmoqchiman. Kerak bo‘lsa, undan saboq olish zarar qilmaydi, deb o‘ylayman. Keyingi yillarda o‘sha rahbarga yoqish uchun har narsaga tayyorligini oshkora namoyish etayotgan telejurnalistning savollaridan biri bunday yangradi: “Nima deb o‘ylaysiz: urush bo‘ladimi?” Rahbarning javobi esa bunday bo‘ldi: “Menimcha, dunyoda jahon urushini boshlashga jazm etadigan tentak topilmasa kerak...”
Suhbatdoshlar ishonch bilan, xotirjamgina aytayotgan bu gaplarni eshitib o‘tirib ko‘nglimdan shunday o‘ylar kechdi: Arab dunyosi, Afg‘oniston va yana boshqa o‘nlab hududlarda bo‘layotgan xudkushliklar nima? Urush emasmi? O‘sha joylarda har kun hech bir aybsiz qurbon bo‘layotgan odamlarning joni sabilmi? Bu odamlar jahon urushida qurbon bo‘ldi nima-yu, bugungi talotumlarda o‘ldi nima – ularning qarindosh-urug‘lari, farzandlari uchun qanday farqi bor? Qolaversa, bu suhbatdoshlar urush deganda faqat yurtida kechadigan xunrezliknigina tushunadimi? Faqat yurtida kechsagina urushni, uning butun dahshatini his qiladimi?..
O‘tgan yili poytaxtimizdagi oliy o‘quv yurtlarining birida tahsil olayotgan, tengdoshlari orasida o‘zining bilimi, ong-u tafakkuri ilg‘orligi bilan ajralib turadigan bir talabamiz Germaniyada o‘tkazilgan nufuzli konferensiyada ilmiy ma’ruza bilan qatnashib, favqulodda taassurot va xulosalar bilan qaytdi. Uning e’tirofi quyidagi mazmunda bo‘ldi: “Biz ham o‘qiyapmiz, a’lochimiz, deb yurgan ekanmiz. To‘g‘ri, ba’zi mamlakatlardan kelgan talabalardan kam joyimiz bo‘lmagandir, lekin olmon talabalari bilimining chuqurligi, dunyoqarashining kengligi, ko‘p tilni bilishi, eng muhimi – milliy va global darajada fikrlashi bilan barchani qoyil qoldirdi. Ularning dunyo siyosatidan qanchalar boxabarligi, tarix hamda bugungi kun o‘rtasidagi bog‘liqlikni idrok etishi, deyarli hammasining bobolari qilgan mudhish jinoyat – Ikkinchi jahon urushidagi qilmishlar uchun chin dildan xijolat tortib gapirishi, o‘z xalqi tarixiga tik va obyektiv qaray olishi – bu millatning kelajagidan so‘zsiz darak berib turibdi...”
Darhaqiqat, yurtimizdagi bugungi o‘quvchi, talaba ham erta o‘tib indin mamlakat boshqaruvi, uning ichki va tashqi siyosati, iqtisodiy va ijtimoiy hayotiga daxldor vazifalarni egallaydi. Ular har bir hayotiy dolzarb muammoga millat va mamlakatning nafaqat hozirgi manfaatlari himoyasi, balki uzoq kelajakdagi taqdiri nuqtayi nazaridan ham qaray oladigan, shularga tayanib ish ko‘radigan mutaxassislar bo‘lmog‘i lozim.
Faqat bir qismini eslatganimiz ana shu muhim jihatlardan kelib chiqsak, milliy va umuminsoniy tarixni, uning o‘zgarmas mantig‘i-yu o‘zgaruvchan talqinini chuqur bilmaydigan diplomat, iqtisodchi, senator va vazirni – umuman, mutaxassisman, rahbarman deydigan odamni tushunish, uni... oqlash mumkinmi? Axir uning bu ahvoli o‘z oilasi, bir siqim xesh-u aqrabosi hayotigagina emas, butun millat va mamlakat taqdiriga daxl etishi mumkin-ku!
Yoxud maktab va oliy o‘quv yurtida adabiyotga shunchaki vaqt o‘tkazish, bo‘lar-bo‘lmas afsonalar, kitobiy gaplarni o‘rgatuvchi dars deb qarab kelgan, uni bor-yo‘g‘i kirish imtihonining bir “bloki” deb bilgan bo‘lg‘usi mutaxassis – shifokor, huquqshunos, bog‘cha mudirasini tasavvur qiling. Insoniy mehr-shafqat, oriyat, odamiy xulq-atvor ifoda topgan adabiyotga yuragini ochmagan, birovlarning – o‘zi hech qachon ko‘rmagan odamlarning yetim bolasi boshini silab, yuvib-tarab, borini berib yedirib-ichirgani yetmaganday, “Ko‘zim usti minnating boshimga durra!” (G‘afur G‘ulom) deya oladigan xalqi qalbini his qilmagan, demakki, bu xalqqa begona nazar bilan qaraydigan bunday “mutaxassis” qo‘liga tushgan odamni ne ko‘yga solishi ma’lum-ku!
Yoki ming turli bahona-yu sababni ro‘kach qilib, o‘zga yurtlardan jannat qidirgan, o‘zidek inson bolasini – Ollohning bandasini sud-so‘roqsiz otib-yoqib, so‘yib-ko‘mib, shu tuban amal ustida suratlarga tushib yurgan, ayni yo‘l bilan go‘yo muqaddas dinni himoya qilib, uning olam uzra yoyilishiga “hissa” qo‘shayotgan kimsalarga o‘z vaqtida adabiyot muallimi hazrat Navoiyning loaqal quyidagi bayti mazmun-mohiyatini anglatib ulgurganida edi:
Bu korgahda xato kelmadi chu bir sari mo‘y,
Xato mening nazarimdandur, xato ko‘rsam...
Yoxud o‘sha muallim, bir tomondan, mutafakkir bobomizning, avvalo, komil musulmon, bu din maqsad-muddaosi, buyuk vazifasini teran uqqan olim bo‘lgani, hatto ismiga qo‘shilgan e’tirof va e’zoz sifati – Nizomiddin ham aynan “dinni nizomga keltiruvchi” degan ma’noni anglatishini; ikkinchi tomondan esa, har turli kallakesar guruhlarga qo‘shilib, qora bayroqni ko‘r-ko‘rona boshi uzra hilpiratgancha qo‘lini qonga botirib yurgan kimsalarning oqlab bo‘lmas kirdikorlarini shogirdlariga eslatib, ular qalbiga quruq nasihat emas, hazrat bobomizning mana bu o‘gitlarini singdirsa, siz-u biz kutgan samaraga erishilar balki:
Kim musulmonlig‘ aylasa da’vo,
Chin ermas, gar fido qilur jonlar.
Ul musulmondururki, solimdur
Tili-yu ilgidin musulmonlar...
Axir o‘sha adabiyot muallimi qo‘lida bir-biridan o‘qishli va ta’sirli manbalar – so‘z san’atining mumtoz namunalari bo‘laturib, uning o‘quvchisi oltita “diniy kitob”ni o‘qib qolgan chalamulla da’vat etgan hujraga bosh egib kirib ketayotgani odamga alam qilmaydimi?!
Da’vomiz quruq bo‘lmasligi uchun ba’zi asarlarni eslatishimiz mumkin. Bu asarlarga esa, yuqorida gina qilganimiz ayrim adabiyot muallimlarininggina emas, yurtimizning istalgan hududidagi ta’lim muassasasi pedagoglari, professor-o‘qituvchilarining qo‘li bemalol yetadi. Masalan, XIX asr rus adabiyotining ulkan hodisasi – Fyodor Dostoevskiyning “Бесы” (“Jinlar”, ustoz tarjimon I.G‘afurov talqinida – “Iblislar”. “Jahon adabiyoti” jurnali, 2014 yil 1–12-sonlar) romani odamzod tarixidagi eng qonli inqilob “ijodkori” – Vladimir Lenin chaqaloqligida – 1870–72-yillardayoq yozilib, insoniyatga ogoh qo‘ng‘irog‘i bo‘lib yangragan edi. Shunisi hayratlanarliki, Rossiyani ichdan yemirish, odamzodning ming yillik hayot ustunlarini ag‘dar-to‘ntar qilib tashlash maqsadida, g‘irt xudosiz S.Verxovenskiyning “otashin tili” bilan aytganda, “bor-yo‘g‘i yuz million odamning boshini uzish kerak bo‘ladi, xolos!” deya ish boshlagan, inqilobchi niqobidagi “jinlar”ning yoshlarni yo‘ldan urish uchun qo‘llagan usullaridan bugungi diniy ekstremistik guruhlar ham deyarli o‘zgarishsiz foydalanmoqda...
“Kelin”ni ko‘rib... kurash maydonigami?
Endi, bir-birimizga tik qarab, ba’zi savollarga javob beraylik: yurtimizning qay bir maktabi, akademik litseyi, kasb-hunar kolleji yoki oliy o‘quv yurtida “Jinlar” yoxud shu singari jiddiy asarlar muhokamasi o‘tkazildi? Necha nafar pedagogimiz shogirdlariga ana shunday asarlarni ham o‘qish va uqish lozimligini, hechqursa, eslatdi? Umuman, bu asarlarni o‘qigan, muhim jihatlarini ilg‘ay olgan, ularning maqsad-mohiyatini bugungi kun hayoti bilan bog‘lab farzandlarimizga tushuntirib bera oladigan murabbiylar ko‘pmi?
Axir shu va shu singari asarlar (F.Dostoevskiyning “Jinoyat va jazo” romani, J.Oruelning “1984”, “Molxona” asarlari, S.Moyemning “Parijdagi notanish odam” romani, E.Sevelaning “To‘xtating samolyotni, tushib qolaman” qissasi va yana boshqa o‘nlab adabiy polotnolar, N.Berdyayev, E.Fromm, Ortega-i-Gasset, I.Bunich kabi ko‘plab faylasuf, adib, muarrixlarning jillaqursa o‘zbek tiliga o‘girilgan kitoblari, “Tafakkur”, “Jahon adabiyoti”, “Ma’naviy hayot” jurnallarida paydar-pay e’lon qilinayotgan traktatlari) misolida, ularning ta’sirli va tushunarli tildagi talqinlari yordamida yoshlarimiz qalbi hamda ongiga ma’rifat nurini olib kirish, ularni jaholat xurujidan ogoh etish mumkin emasmi?
Demoqchimizki, chinakam erkin hamda mustaqil insonni, o‘z hayotiy a’moli va mustahkam e’tiqodiga ega shaxsni tarbiyalash – quruqdan-quruq nasihatbozliklar; yuqoridan keladigan komissiya ko‘zi va hisobotlar uchun qilinadigan xashaki tadbirlar; bog‘cha bolalariga o‘rgatiladigan “kelin salom”lar; bir daqiqalik intervyuni ham TV xodimlari “kashfiyoti”– kamera yonboshida ushlab turilgan noutbuk ekrani yoxud qog‘ozga qarab o‘qib berishlar; dunyo kino san’atining noyob durdonalari qo‘limizda bo‘lgani holda, o‘zini bilgan hind tomoshabini ham ko‘rishga or qiladigan “Kelin” otlig‘, achchiq ichakdek uzun videofilmni qancha mablag‘ va vaqtning isrofi evaziga tarjima qilib, o‘ttiz ikki millionli xalqqa “ilinish”lar... bilan bo‘ladigan ish emas.
Agar biz shaxs tarbiyasi, millat kamoli, mamlakat qudrati masalalarini jiddiy ish deb qabul qilsak, bu ishga yondashishimiz ham shu darajada jiddiy hamda professional bo‘lmog‘i darkor. Binobarin, bundan bir asr ilgari istiqlol yo‘lida qo‘lidan kelganki yumushga unnagan, butun bilimi, kuchi va hayotini shu yo‘lda fido qilgan ma’rifatparvar Abdurauf Fitrat ta’kidlaganidek, “Bu dunyo kurash maydonidir. Bu maydonning quroli sog‘lom jism-u tan, aql va axloqdir... Agar saodat, izzat, osoyishtalik, rohat, sharaf, nomus va e’tibor kerak bo‘lsa, tezroq avlod tarbiyasi usullarini bilib olib, bolalarimizni shu usul va qoidalar asosida tarbiya etishimiz lozim”.
Rahmon QO‘CHQOR
“Tafakkur” jurnali, 2016-yil 2-son.
“Dunyo – kurash maydonidir” maqolasi
Adabiyot
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q