Kuni kecha Tojikiston Madaniyat vaziri Matluba Sattoriyon matbuot anjumanida CNN nashrida Ibn Sino oʻzbek olimi deyilganiga munosabat bildirib, bu xato maʼlumotligi, tarixiy manbalarni oʻrganmaydigan jurnalistlarning asossiz daʼvosi ekanligini taʼkidladi. U tojik olimlari va tadqiqotchilari xalqning madaniy va adabiy merosini oʻzlashtirishga urinayotganlarga munosib javob berishiga ishonch bildirdi.
Sattoriyon xonimning bayonoti koʻpchilikda eʼtiroz uygʻotdi. Ular ming yil oldin yashagan insonlar qaysi millatga tegishli ekanini aniqlash imkonsizligi, ushbu davrda zamonaviy “millat” tushunchasi mavjud boʻlmagani, umuman tarixni kavlab, uning kimniki ekanligi haqida bahslashish hech qanday foyda keltirmasligini bildirdi.
Azamat Ziyo, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Tarix instituti direktori
“Hurmatli siyosatchilarimiz, iltimos, biz – olimlar ishiga aralashmanglar. Tarix fani bizning ishimiz, soʻnggi soʻzni olimlar aytishlari kerak. Oʻshanda ham chuqur, birlamchi manbalarga asoslangan, xolis va ilmiy izlanishlar orqali.
Biz xalqlarimizga haqqoniy tarixni yetkazishimiz kerak. Xoh oʻtmish, xoh bugunga bogʻliq boʻlsin, aynan haqiqat xalqlarimiz, ayniqsa, yoshlarimizni tarbiyalaydi. Toʻgʻri yoʻlga boshlaydi. Shuning uchun, qanchalik achchiq boʻlmasin, biz olimlar tarixiy haqiqatlardan yuz oʻgirmasligimiz va ularni ochiqlashimiz kerak.
Men manbashunos oʻlaroq qirq yildan beri Turon, oʻzbek xalqi va davlatchiligi tarixini oʻrganib kelaman. Masalan, oʻlkamiz oʻz taraqqiyotida eng choʻqqiga chiqqan temuriylar davrida Turon va Eron ahli “turk va tozik”dan iborat boʻlgani manbalarda juda koʻp uqtirilgan.
Umuman aytganda esa, Abdurahmon Jomiy tojik, Abu Nasr Forobiy qozoq, Mahmud Koshgʻariy qirgʻiz, Zahiriddin Muhammad Bobur, Alisher Navoiy oʻzbek deb yozilgan bironta yozma manba yoʻq!
Ibn Sinoning ham millati haqida ham bironta guvohlik yoʻq. Agar ularning yozgan asarlari tilidan kelib chiqilsa, ular arab boʻlishlari kerak.
Internetning qulogʻini burasak, chindan ham, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Zamaxshariy va yana yuzlab xorazmiy, buxoriy, fargʻoniy, nasafiy, keshiy, shoshiy, termiziy, marvaziylarni arab olimi, arab madaniyati vakili, islom olimi, musulmon olimi deb yozib yotibdi. Bunga nima deyishimiz kerak? Har holda, endigi 22 ta arab davlatiga daʼvo bilan chiqmasak kerak.
Bugun Markaziy Osiyoda oʻzaro til topishmagan bironta qatlam qolmadi. Prezidentlarimiz, vazirlarimiz, hokimlarimiz, yozuvchilarimiz, ishbilarmonlarimiz, eng asosiysi, bozori ham, mozori ham, tarixi, madaniyati, qadriyatlari, urf-odatlari, diniy qarashlari ham bir birodar xalqlarimiz til topishib, oʻzaro bordi-keldi qilmoqdalar. Xoʻsh, biz mintaqa olimlari, ayniqsa, tarixchilar nima qilmoqdamiz? Haligacha yigʻilib, gaplashish u yoqda tursin, bir-birovimizni bilmaymiz ham. Fursatdan foydalanib, Tojikiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmanistonda tarix, arxeologiya, sharqshunoslik yoʻnalishlarida faoliyat yuritayotgan ilmiy muassasalar direktorlarini Toshkentga chorlayman. Avvalo oʻzaro tanishib olaylik, ilmiy faoliyatlarimizdagi yutuq va kamchiliklarimizdan soʻylaylik. Oʻshanda maqsadimiz va oldimizdagi vazifalar bir ekani va birlashib ishlashimiz shartligi, milliy masaladan-da dolzarbroq mavzular borligi oydinlashadi.
Toʻgʻri, kelisholmaydigan mavzular ham chiqishi mumkin. Biroq barchamiz uchun birdek muhim boʻlganlari uyulib yotibdi-ku! Masalan, oʻzbek, tojik, qozoq, qirgʻiz, turkman ajdodlarimiz yurtimizga kelgan bosqinchilarga qarshi birga kurashmaganlarmi? Qatagʻonlardan barchamiz birdek azob tortmadikmi? Iqtisodiy, ijtimoiy tariximizda qanchadan-qancha mushtarak ilmiy masalalar bor. Shuning uchun, hissiyotga berilmay, birga boʻlaylik, ayrim yengil-yelpi ilmiy muammolarimizni oʻzimiz – olimlar hal qilaylik. Eng bosh masala – soʻnggi yillarda oyoqqa turib, dunyoda oʻz soʻzini aytishni boshlagan Markazi Osiyo oʻlkamizni maydalab yutishlariga yoʻl qoʻymasligimizdan barchamiz manfaatdorligimizni esdan chiqarmasligimiz, xalqlarimizni ham shu yoʻldan boshlashimiz kerak”.
Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxoʻja ham Tojikiston Madaniyat vaziri soʻzlariga munosabat bildirdi:
“Ibn Sino Markaziy Osiyo farzandi.
Tojikiston Respublikasi Madaniyat vaziri Matlubaxon Sattoriyon xonimning Abu Ali Ibn Sino kimning farzandi va qaysi millatga mansub ekanligi haqidagi bayonotiga oʻz munosabatimni bildirmoqchiman.
Avvalambor oʻzbek-tojik doʻstligi koʻp ming yilga borib taqalishini eʼtirof etib, sizga oʻz hurmatimni izhor qilaman. Ammo buyuk faylasuf Suqrot aytganidek “Aflotun manim doʻstimdir, lek haqiqat undan ustundir”.
Birinchidan, Markaziy Osiyo davlatlari endi haqiqatdan ham birlashayotgan bir tarixiy paytda, oʻzaro chegaralar ochilib, barcha sohalarda mukammal hamkorlik rivojlanayotganda barchamiz aytayotganimizni yetti oʻlchab bir kesib gapirishimiz kerak, albatta.
Ikkinchidan, shu mavzuda bahs ochilgan ekan, mintaqamiz tarixini puxta oʻrgansak, IX-X asrlarda mintaqamizda Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Tojikiston yoki Qirgʻiziston deb tavsiflanish boʻlmaganini eʼtirof etish kerak.
Uchinchidan, oʻsha zamonlardagi ilm-fanning va maʼrifatning yuksalishi, Renessans davrining choʻqqiga chiqishining bosh omillaridan biri mintaqamizdagi bir jugʻrofiy hudud qamrovidagi yaratilgan erkin muhitdir.
Toʻrtinchidan, bugungi kunda internetning istagan qidiruv tizimiga murojaat qilsangiz, Abu Ali Ibn Sino qaysi mamlakat farzandi deganda: Abu Ali Ibn Sino, mashhur tabib, faylasuf, matematik va olim, Buxoro yonida tugʻilgan. Uning tugʻilgan joyi hozirgi kunda Oʻzbekiston hududiga toʻgʻri keladi. Shu sababli, Ibn Sino Markaziy Osiyo farzandi hisoblanadi.
Beshinchidan, Abu Ali Ibn Sinoning millati toʻgʻrisidagi savol qanchalik oʻrinsiz boʻlsa-da, sizga shuni maʼlum qilmoqchimanki, bunday yondashuv ikki tomonlama munosabatlarga, albatta, salbiy taʼsir qilmay qolmaydi, va shubhasiz, uchinchi taraf bunday hollardan oʻzining gʻaraz maqsadlarida foydalanadi. Biz bugun katta mintaqada yashar ekanmiz, ilm-fan, adabiyot, maʼrifat sohasida choʻqqiga chiqqan ulugʻ olimlarni seniki, meniki demasdan bir zaminda yashagan bobolarimizning munosib farzandlari boʻlishimiz kerak”.
Jurnalist Muhrim ushbu gaplarga qisqa (qiziq) javob bergan.
“Menga faqat bir narsa qiziq koʻrindi – Tojikiston madaniyat vazirining familiyasi nega Sattoriyon? -yon suffiksi faqat Erondagi armanlarda uchramasmidi?
Ming yil avval yashagan odamlar oʻzbekmidi, tojikmidi yo qozoqmidi deb talashish, ochigʻini aytganda, sal-pal jinnilik. Ibn Sino, Xorazmiy, Forobiy, Yassaviy va hokazolar – bizniki, sizniki, hammamizniki”, deya yozgan jurnalist.
Bobur Bekmurodov, “Yuksalish” harakati raisi
“Soʻnggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari oʻzaro doʻstona aloqalarni mustahkamlab, umumiy muammolarni birgalikda hal etishga intilmoqda.
Xalqlarimizni chuqur tarixiy ildizlar, madaniy qadriyatlar va kelajakka mushtarak nazar birlashtiradi.
Abu Ali ibn Sino kabi ulugʻ shaxslarning merosi butun mintaqa va butun dunyoga tegishlidir. Shu nuqtayi nazardan, Tojikiston madaniyat vazirining CNN nashrida chop etilgan maqola yuzasidan bildirgan eʼtirozi afsuslanarli. Bunday bayonotlar Markaziy Osiyo yakdilligi va birdamligi ruhiga mos emas.
Bugun biz “bu seniki” yoki “bu meniki” deb emas, asosiy eʼtiborimiz mintaqamizning kelajagi uchun muhim boʻlgan real ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy muammolarga qaratilishi kerak.
Markaziy Osiyo davlatlari iqlim oʻzgarishi, iqtisodiy oʻsishning barqarorligi va xavfsizlik kabi jiddiy muammolar bilan yuzlashmoqda. Ularni hal etish uchun oʻzaro hamkorlikni kuchaytirishimiz, birgalikda rivojlanish ustida bosh qotirishimiz zarur.
Biz oʻzaro hurmat, ishonch va umumiy farovonlikka intilish yoʻliga sodiqmiz”.
Ijtimoiy tarmoqlarda boshqa foydalanuvchilar ham Tojikiston vazirining bunday ruhdagi bayonoti ikki xalq doʻstligiga xos emasligi, yoʻq joydan muammo paydo qilish ekanligini yozmoqda.
San’at
Til
Adabiyot
Ma’naviyat
Adabiyot
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q