Mutatsiyaga uchragan X, Y, Z va “Alfa” avlod – ong olamidagi inqiloblar


Saqlash
16:02 / 27.01.2025 253 0

Avlodlar almashinuvi – to‘xtovsiz kechadigan tabiiy jarayon. Har bir avlodning o‘z qarashlari bo‘lganiday, fe’lida ham farqli jihatlar bor. Oxirgi yillarda avlodlar almashinuviga ilm-fan ham qiziqib qoldi hamda mazkur jarayonni chuqur o‘rganishga kirishdi. Natijada har o‘n yilda bir avlodga umumiy nom beriladigan bo‘ldi.

 

“Ma’naviyat” asosiy tushunchalar lug‘atida avlod tushunchasiga “tor ma’noda alohida bir shaxs, oila yoki sulolaning davomchisi bo‘lgan farzandlar va ularning zurriyodlari, keng ma’noda esa millat, xalq, sivilizatsiya rivojining muayyan bosqichida yagona g‘oya, maqsad va vazifalar bilan maydonga chiqadigan, taraqqiyot jarayonida uzviylik va davomiylikni ta’minlab, o‘z davri qiyofasini belgilab beradigan, ijtimoiy hodisa darajasigacha ko‘tariladigan kishilar guruhi” deya ta’rif berilgan.

 

O‘n-o‘n besh yil ilgari farzandlarimizni kompyuter texnologiyalari asri bolalari der edik. Sal o‘tmay raqamli texnologiyalar va nanotexnologiyalar asri bolalari kabi atamalar nutqimizdan o‘rin oldi. Hali bu tushunchalarga ko‘nikib ulgurmasimizdan tilimizda sun’iy intellekt davri bolalari degan yangi atama paydo bo‘ldi. Go‘dakligidan internet va raqamli texnologiyalar og‘ushida voyaga yetayotgan bugungi bolalar bilan katta avlodlar o‘rtasida jiddiy farq bor. Joiz bo‘lsa, hozirgi avlod vakillari onasi qornidayoq gadjet va smartfonlardan foydalanishni o‘rganib tug‘ilayotganday kayfiyat beradi kishiga. Ha, aql-idrok va ilm-fan rivoji insonning biologik asliyatiga ta’sir etib, yuz tuzilishidan dunyoqarashigacha sezilarli o‘zgartirdi. Shunday ekan, inson qalbi va ongi uchun kechayotgan shiddatli kurashda yoshlarimiz yot kuchlarning quroliga aylanib qolmasligi uchun munosabatlarni to‘g‘ri yo‘lga solish va har bir avlodning xususiyatlarini alohida o‘rganish dolzarb masalaga aylanib borayotir.

 

“Avlod nazariyasi”ni ilk bor amerikalik tadqiqotchilar Nil Hou va Uilyam Straus tadqiq etib, 1991-yilda turli yoshdagi kishilarning umumiy falsafasiga asoslangan konsepsiyani ishlab chiqib, “Avlodlar” nomli kitob chop etdi. Kitobda 1584-yildan boshlab AQSh hududida yashab o‘tgan har bir avlodning tarixi batafsil tahlil qilindi. 1997-yilda ular “To‘rtinchi burilish” degan kitob yozib, avlodlar har 20–25 yilda xususiyatini yangilaydi degan g‘oyani ilgari surdi.

 

Olimlar g‘arbda yashab o‘tgan avlodlarni quyidagi bosqichlarga bo‘lib o‘rgangan: “Arturian” (1433–1460-yillar), “Gumanist” (1461–1482), “Reformatsiya” (1483–1511), “Repressiya” (1512–1540), “Yelizabetta” (1541–1565), “Parlament avlod” (1566–1587), “Puritan” (1588–1617), “Ritsarlar” (1618–1647), “Shonli” (1648–1673), “Ma’rifatli” (1674–1700), “Uyg‘onuvchi” (1701–1723), “Ozodlik” (1724–1741), “Respublikachi” (1742–1766), “Murosa” (1767–1791), “Transsendent” (1792–1821), “Oltinlangan” (1822–1842), “Progressiv” (1843–1859), “Missioner” (1860–1882), “Yo‘qolgan” (1883–1900), “Buyuk” (1901–1924), “Sokin” (1923–1943), “Baby boomer” (1943–1963) “X” (1963–1984), “Y” (1984–1996), “Zed” (1996–2010).

 

Shu kunlarda tez-tez qulog‘imizga chalinayotgan “Zed avlod” atamasi ilk bor “To‘rtinchi burilish” kitobida tilga olingan. Ayrim manbalarda bu avlod vakillari “Zumer”lar deb ham ataladi. Mutaxassislarning fikricha, “zumer” tushunchasi 1943–1963-yillarda dunyoga kelgan “bumer”larning rivojlangan modeli.

 

Biz bugun ko‘rib turgan “Zumer” avlod geni “Zed”ga nisbatan modellashgan bo‘lib, ushbu atama jismoniy faol chaqaloq “bebi-bumer”larga nisbatan ham aytiladi. Ayni paytda uning takomili “Zumer”lardir. Ular “Y”dan keyingi va yangi “Alfa” avloddan oldingi tabaqa hisoblanadi. O‘rganishlar “Zed” vakillari X va Y avlodlarning farzandi ekanini ko‘rsatadi. Ikki avlod birlashuvidan hosil bo‘lgan gen o‘zida yangi-yangi xususiyatlarni namoyon etishi bilan farqlanadi. Ulardagi faollik, aql-idrok, mulohaza qobiliyati va jamoa bilan ishlash xususiyati X-Y avlodning aksi bo‘lgan Zeta genlarining transformatsiyalashuvi va yetakchi gen xususiyatlari kuchayishi natijasida geppir avlod qatlami shakllanishiga olib keldi.

 

Jahon iqtisodiyoti hamda texnologiyalar asri uchun bu avlod vakillari juda muhim ahamiyat kasb etadi. Avlod xususiyatiga ko‘ra Bumer-X-Millennial-Zumer orasidagi tafovutlar kun sayin ortib bormoqda. Hatto 2000-yillarda tug‘ilgan bolalar bilan 2015-yildan keyin dunyoga kelganlar o‘rtasida farq bor. X-Y va Z avlod o‘rtasida katta tushunmovchiliklar yuzaga kelmoqda. Avlodlar o‘rtasida Yer sayyorasining hozirgi holatidan norozi Bebi-Bomer avlod X-Y tomonidan “zeta”larga nisbatan dunyoning ijtimoiy-siyosiy holatiga beparvoligidan e’tiroz bildirsa, Z vakillari Bebi-bomer va X-Y avlodlarni bugungi yerning shu holga kelishiga sababchi sifatida ko‘radi.

 

Insoniyat oldida turgan eng katta muammolardan biri tabiiy resurslarning cheklanganligi hamda inson ehtiyojlarining cheksizligi davrida BB, X-Y va Z avlod vakillari dunyoqarash o‘rtasida kundan kunga ortib borayotgan tafovutning oldini olish o‘ta muhim hisoblanadi. Oldingi avlod bilan solishtirganda, kundalik hayotida tez agressiya namoyon etishi, holati, jins, din va mavjud holatlarga o‘zgacha qarashlari, o‘zining alohida xususiyatga ega ekaniga ishonish avlodlar o‘rtasidagi farqlarni ta’minlaydi. Ayrim rivojlangan mamlakatlarda “Zumerlar yaxshi xulq-atvor egasi sanalsa-da, atrofdagi voqealarga beparvoligi hamda xatarga nisbatan yondashuvi bilan ajralib turadi.

 

Zumerlarning hayot tarzi o‘zlaridan avvalgi avlod vakillariga qaraganda ancha sekinroq. Vaqtga nisbatan qarashlari ham bebi-bumer hamda X-Y avlod vakillari bilan tubdan farq qiladi. Qat’iy tartib qoidalar o‘rnini xotirjamlik, erkin va vaqtni o‘z bilganicha sarflovchi avlod shakllanishi “bebi-bumerdan to “zetalargacha bo‘lgan tabaqalar o‘rtasida tushunmovchiliklarni kuchaytirmoqda.

 

Gap avlodlar haqida borar ekan, ular bilan bog‘liq katta guruhlar haqida to‘liqroq ma’lumotni taqdim etish zarur. Keling, shu o‘rinda asosiy katta guruhlarni ko‘rib chiqamiz (yillar turli manbalarda har xil ko‘rsatilgan, farqi 13 yil va ular muddaoning umumiy mohiyatiga ta’sir qilmaydi).

 

Bebi-bumer” – bu avlod 19431963-yillarda tug‘ilganlar. Ular o‘ziga talabchan, jismoniy mehnatga moslashgan, ishga qiziqadi, jamoaviy mehnat bilan shug‘ullanishni xohlaydi va jamoaviy o‘yinlarni yoqtiradi. Ayni vaqtda bu qatlamning asosiy qismi pensiyada, lekin ular orasida ishlayotganlar ham bor. Ularning yana bir o‘ziga xos tomoni qiyinchiliklarga bardoshliligi. Muammolarni gapirishdan qo‘rqmaydi va dunyoning o‘zgarishiga ishonadi. Ish va karyeraga ko‘p vaqt ajratgani bois ushbu avlod vakillari orasida oilasidan ajrashganlar ko‘proq.

 

X (noma’lum) avlod 19631984-yillarda tug‘ilganlar bo‘lib, ko‘proq o‘ziga ishonadi, o‘zgacha o‘ylaydi, dunyodagi o‘zgarishlardan doim xabardor, kerakli vaqtda tanlash va o‘zgarish qobiliyatiga ega. Ko‘pincha ruhan yolg‘iz va individual maqsadlarga erishish uchun qattiq mehnat qilishga tayyor, professional o‘sishga harakat qiluvchi kishilar jamoasi. Ular “bebi-bumerdan farqli o‘laroq, butun kuchini oilasining farovonligiga qaratadi. Farzandlariga o‘zida yo‘q bo‘lgan hamma narsani yaxshi kiyim-kechak, zamonaviy gadjetlar, oliy ma’lumot, mashina, kvartira va o‘zini qulay, mustaqil his qilishiga yordam beradigan barcha narsani berishga tayyor. Davlat yoki ijtimoiy yordamlarga ishonmaydi, faqat o‘ziga tayanadi. Hayot va ishda aniq vaqt va chegaralarni yaxshi ko‘radi.

 

Y (Millennials) avlod vakillari 19841996-yillarda tug‘ilgan odamlar. Ular jamoatchilik idrok etishi eng qiyin bo‘lgan avlodlardan biri. Bu nom lotincha “mingyillikso‘zidan kelib chiqqan. Ushbu toifadagi odamlar juda qiyin davrda o‘sgan: qayta qurish, urushlar va epidemiyalar. Biroq bu davrda axborot texnologiyalari sohasida global taraqqiyot kuzatilganini ham ta’kidlash joiz. Smartfonlar tufayli ular “bosh barmoq avlodi deb ham ataladi. Chunki ular bir barmoq bilan telefonda xabarlarni birinchi bo‘lib yozgan. Bu bolalarda maqsad sari intilish va muvaffaqiyat tushunchalari boshqacharoq. Ko‘p hollarda ularga professional faoliyatni eng quyi pog‘onadan boshlash yoqmaydi. Bir necha yildan keyin ularni “ko‘tarishlariga umid qiladi. Asosiy e’tibori tezlik bilan o‘sishga qaratilgani ularning asosiy kamchiligi hisoblanadi.

 

Bu kamchilik bir vaqtning o‘zida bir nechta sohada professional bo‘lishga intilish orqali bilinmay ketadi, ya’ni ularga faqat bir yo‘nalishda mutaxassis bo‘lishga “ruxsat yo‘q. Y avlod zamonaviy biznesning umidi, ishda vaqtidan ko‘proq ishlashga tayyor; ularda texnik savodxonlik ham yuqori. Ko‘pchilik ekspertlar Y avlod vakillari tez orada global ishchi kuchiga aylanishini ta’kidlaydi. Shuningdek, ular o‘qish va ish faoliyatini boshlagunga qadar ota-ona ta’minotida bo‘lishi bilan ajralib turadi.

 

“Zed” avlod yoki “zumer”lar postmodernizm va globallashuv davrida (19962010) tug‘ilgan odamlardir. Ularni qo‘llarida smartfon yoki planshet bilan tug‘ilgan deyish mumkin. Bola hali o‘qish yoki gapirishni bilmaydi, lekin planshet yo kompyuterni qanday yoqishni biladi. Boshqacha qilib aytganda, “zumer”larni tarbiyalashda nafaqat ota-onalar, balki turli ijtimoiy tarmoqlar va ko‘plab blogerlar ham ishtirok etmoqda. Ularning hovlidagi do‘stlar bilan bog‘liq bolalik xotiralari yo‘q. Shuning uchun ular jamoada ishlash tajribasiga ega emas.

 

Faylasuf Shavkat To‘rayevning ta’biri bilan aytganda, bugun bolalar ko‘chaga chiqib, jo‘rasini yoki dugonasini biror o‘yin uchun chaqirib, uning ota-onasi javob berguncha kutib o‘tirishiga hojat yo‘q. U o‘zining smartfoni, ayfoni bilan xohlagan joyida o‘tirib muloqotni davom ettiraveradi...

 

Odatda inson o‘zini taniy boshlash jarayonidagi ilk qadamlaridayoq atrofdagilar bilan muloqot boshlaydi. Ulardan so‘raydi, birga o‘ynaydi va ana shu do‘stlik, yaqinlik va o‘yinlar natijasida uning dunyoqarashi shakllanadi. Ko‘rinib turibdiki, kishilarning ijtimoiy hayotda munosabatga kirishishida oila, maktab va jamiyat boshlang‘ich qadam hisoblanadi. Aynan shu qadamlarni qo‘yishdagi oqsoqlik kishilarni real hayotdan virtual hayot sari shiddat bilan olib ketishi mumkin. “Zed” avlodda ham ushbu holatlar kuzatilgani bois ularni jamoa bo‘lib ishlashga o‘rgatish kerak.

 

Alfaatamasini avstraliyalik tadqiqotchi tavsiya etgan, bu avlod vakillari 20102024-yillarda tug‘ilganlar. “Alfa”lar XXI asrda tug‘ilgan avlod bo‘lib, 2 milliarddan ortiq. Ularning barcha o‘tmishdoshlaridan farqi shundaki, har qanday muhim mavzular: siyosat, iqtisodiyot, ruhiyat, bolalar va ota-onalar o‘rtasidagi munosabatlar, dunyodagi global o‘zgarishlar va boshqalar bo‘yicha o‘z nuqtai nazari va aniq pozitsiyasiga ega emas. Ularga oson ta’sir o‘tkazish mumkin. “Alfa”lar juda yoshligidanoq so‘zlarini boshqalar tinglashini qadrlaydi, yangi bilimlar olishni yaxshi ko‘radi, lekin katta hajmdagi ma’lumotlarni eslab qolish va qayta ishlash bilan bog‘liq holatlar bundan mustasno.

 

Ular asosiy ma’lumotlarni internetdan olgani tufayli bilimlari haddan tashqari mavhum, aniq manbaga ega emas. Shu narsa kelajakda ularga pand berishi mumkin. “Alfalar maktab va oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olish, o‘rganishda nima foydali ekanini u qadar tushunmaganliklari sababli darslarda qushlarni sanab o‘tirishlari hamda yozuvda xatosi bor-yo‘qligidan tashvishga tushmaydigan avlod hisoblanadi. Ilgari “bebi-bumerva boshqa avlodlar soatlab husnixat va imlo ustida ishlagan bo‘lsa, “alfalar umuman ta’limda yozish kerakmi degan savolni ilgari surishmoqda. Ular o‘zlari uchun zarur bo‘lgan tayanch bilimlarni internetdan olishi bois internetni o‘qituvchi deya e’tirof etmoqda. Ammo ular ajoyib, ko‘p qirrali va innovatsion, kreativ fikrlash qobiliyati kuchli ekani bilan ajralib turadi. Shuningdek, ular juda injiq va aqliy jihatdan beqaror shaxslar, narsissizm va xudbinlikka moyil. Agar ularning iltimosi rad etilsa, janjal chiqarishi mumkin. Bu toifadagi odamlar erkin ijodkordir. Ularga qulay sharoit, barqaror ish va moliyaviy imtiyoz kerak emas. Ularni yangi va notanish narsalar jalb etadi. Ularga qayerda uxlash yoki nima qilishning farqi yo‘q.

 

Alfa”larni pul, qimmatbaho mashina, kvartiralar qiziqtirmaydi. Ko‘chma ma’noda ular o‘ziga xos ko‘chmanchilar. “Hamma narsaga bog‘lanish yaxshilik keltirmaydi, kvartira yo mashinani ijaraga olish mumkin ekan, nega ularni sotib olish kerak?” deb o‘ylaydi. Moddiy yoki moliyaviy ko‘rsatkichlar muhim emas. Eng muhim mezon ma’naviy-ruhiy vosita va jarayonlardir. Ularga hayotda yangi hislarni boshdan kechirishga imkon beruvchi tadbirlardan boshqasi qiziqmas. Ular o‘z-o‘zini tarbiyalashga ko‘proq qiziqadi. O‘tmishdoshlaridan g‘ayrioddiy fikrlashi va erta voyaga yetishi bilan ajralib turadi. Bolaligidayoq onam yoki otam kim uchun ishlaydi, qancha maosh oladi, bu pul ularga yetadimi-yo‘qmi singari savollarga qiziqadi.

 

Alfa” avlod internetning doimiy foydalanuvchisi sanaladi. Ikki yoshli bolalarning 80 foizga yaqini allaqachon smartfon va planshetlarda o‘yin o‘ynamoqda. Hozir dunyodagi har to‘rtinchi bola uch-to‘rt yoshida, har uchinchi bola besh-yetti yoshida va har ikkinchi bola sakkiz-o‘n bir yoshida shaxsiy gadjetiga ega.

 

Alfa” – kamar bilan kaltaklanmagan birinchi avlod desak adashmaymiz. Inson ongida sezilmaydigan bu inqilob qachon bo‘lganini tushunib yetish amrimahol. Yigirma yillar avval nojo‘ya qilig‘i yoki xulqi uchun farzandiga tarsaki tushirgan ota-onaga hech kim e’tibor qaratmasdi. Bugun bu ish keskin qoralanadi. Smartfon yoki telefonga yozib olinadi. Ijtimoiy tarmoqqa joylanadi. So‘ng bola himoyasi uchun vasiylik xizmatlari harakatga tushadi. Shu bois ota-onalar zamonamiz bolalariga nisbatan zulm qilish, hatto ortiqcha tergashdan ham o‘zini tiymoqda.

 

Alfa”lar haddan tashqari achchiqlanmaydi, biroq yoshligidanoq qadr-qimmatini talab qiladi. Keksa kishilar bilan ham xuddi o‘rtog‘i kabi gaplashadi. Mustaqil hayot haqiqatini qabul qilishi o‘ta mushkul. Avvalgi bolalar yetti-to‘qqiz yoshida ovqat tayyorlashni eplagan, maktabdan o‘zi uyga kela olgan. Hozirgilar onalari va otalaridan farqli o‘laroq, nihoyatda nochor va ojiz, ta’bir joiz bo‘lsa, mustaqil emas.

 

Tahlillarga ko‘ra “Alfa” avlodning quyidagi xususiyatilarini qayd etish mumkin:

 

ular deyarli hamma narsada amaliyotchi;

moda bo‘lgan (trenddagi) narsalarni yaxshi ko‘radi. O‘yinchoq, kiyim-kechak va zamonaviy jihozlarga qiziqadi;

bir zumda har qanday narsaga qiziqishi so‘nadi, ularni hayratda qoldirish yoki xursand qilish qiyin;

yaxshi suratga tushadi;

hali kattalar ham tushunmaydigan zamonaviy tahrirlash vositalarini oson o‘zlashtiradi;

ota-onalarga yordam beradigan bir qator psixologik usullarni biladi hamda o‘zining ahvolini oson tahlil qilib, tushkunlikning sabablarini tushunishi yoki, aksincha, o‘z ruhini ko‘tarishi mumkin;

har qanday jazoga tayyor, nima bo‘lishidan qat’i nazar o‘z joyida turadi. O‘n yil avvalgi bolalarga begona tuyulgan ko‘plab masalalar yuzasidan bilimli va malakali. Masalan, ota-ona o‘rtasidagi munosabatlar, oiladagi moliyaviy muammolarning sabablari va pul nima uchun kerakligini tahlil qila oladi. Ma’lumotlarni juda tez qayta ishlaydi va batafsil tahlil qiladi.

 

Alfaavlodda eng ko‘p kuzatiladigan kamchiliklar:

klip xotira;

raqamli autizm;

dofamin tanqisligi;

hayotiy immunitetning sustligi.

 

Avlodlarning har biri haqida o‘qib, bir-biriga solishtirib ayrim xulosalarni chiqarish mumkin. Shu bilan birga ular o‘rtasidagi farq shartli ekanini ham unutmaslik lozim. Baby-Boomers”, “X-Xer, “Y-Millennials”, “Zed” va “Alfa avlodlar o‘rtasida farqlarning yuqoriligi texnologik taraqqiyotning rivojlanishi bilan bog‘liq. Bugungi iqtisodiy, siyosiy, harbiy, ijtimoiy-ma’naviy, tabiiy-ekologik omil va tahdidlar tufayli avlodlar qisqa vaqt ichida mutatsiyaga uchradi. Natijada ularning rivojlanishi tezlashib, ruhiyatida ham o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda. Inson ilmi va taraqqiyot ta’siri tufayli tug‘ilishi bilanoq smartfon va gadjetga ega “Zed” va “Alfaavlod shakllandi.

 

Nigora HUSANOVA,

Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti ilmiy xodimi

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2024-yil 4-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

18:01 / 24.01.2025 0 726
So‘nggi jadidning qizi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 24217
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//