Afsonaning tug‘ilishi
Dunyo daholarning atrofida aylanadi, daholar esa tarixning. Biz bilgan (balki bilmagan) Motsartning buyuklik siri nimada edi? U bor yo‘g‘i 35 yillik umrida 600 dan ortiq asarlari, samoviy iste’dodi, shiddatli hayot yo‘li va sirli o‘limi bilan Shekspir kabi o‘zi haqida afsonalar qoldirishga ulgurgan. Vena klassik maktabining yirik namoyandasi bo‘lgan Motsartning ijodida klassitsizim o‘z cho‘qqisini zabt etgandi.
Volfgang Amadey Motsart musiqa dunyosiga juda erta qadam qo‘ygan edi. O‘sha davrda Zalsburgning saroy musiqachisi bo‘lgan Leopold kambag‘al bo‘lishiga qaramay, eng bebaho boylik – iste’dodini o‘g‘liga meros qoldirgan bo‘lsa ne ajab. Yagona ustozi va homiysi bo‘lgan otasi sabab Motsart uch yoshidan klavesin (pianinoning ajdodi) chala boshlagan. Keyinchalik uning jajji barmoqlarida erkalana boshlagan skripkaning sochlari Alp tog‘laridan tushayotgan jilg‘alarga hamohang xonishlar etdi. Bir kuni Motsart hoshiyalariga siyoh sachragan, chumoliday notalar g‘imirlab yotgan qog‘ozni Leopoldga ko‘rsatib, “O‘zim yozdim, ko‘ringchi”, deganda atigi besh yoshda edi.
Uning opasi Anna ham musiqa chalardi. Otasi ikki “vunderkind”larini qanot qilib, Yevropadagi saroy sahnalari bo‘ylab sayohat qildi. Bir necha yillab davom etgan gastrollar oilaning moliyaviy ahvolini oz bo‘lsa-da o‘nglashga ko‘mak berardi. Ayniqsa, olti yoshli Motsartning ko‘zi bog‘langan holdagi ijrolari tomoshabinlarni rom etib, hamyonni semirtirardi.
Yetuklik yillari
Noyob eshitish qobiliyatiga ega, improvizatsiyada mohir kompozitorning bolalik va o‘smirlik yillari shu zaylda o‘tarkan, u baridan zerikadi. Arzimagan oylikka jo‘rnavoz bo‘lib ishlashni o‘ziga ravo ko‘rmaydi va 25 yoshida otasining nazoratidan chiqib mustaqil parvoz etishi kerakligini anglab yetadi. Nihoyat 1781-yil nafaqat Avstriya imperiyasi, balki o‘sha davrda san’atning poytaxti bo‘lgan Venaga ko‘chib o‘tadi. Bu yerda ko‘plab konsert zallari, musiqiy akademiya va iqtidorli jamiyat hukmron edi. Shuning uchun ham Vena kompozitorning haqiqiy uyiga aylanadi.
Motsart akademiyalar, obuna konsertlari va metsenatlar uylarida chiqishlar qilib pul topgan. U fortepianoda dars bergan – hozirgi kunda shaxsan Motsartdan dars olgan o‘quvchilar bo‘lganini tasavvur qilish qiyin, albatta. Shunga qaramay, tinim bilmay mehnat qilgan kompozitor o‘zi kabi iqtidori bo‘lmasa-da, mo‘maygina daromad ko‘rayotgan musiqachilardan ancha kam pul topardi.
Daho shu darajada kambag‘al ediki, o‘zining faqirona, g‘arib uyini isitish uchun bir bog‘lam o‘tin xarid qila olmasdi. Shu bois nomini abadiylashtirgan ilohiy musiqalarni yaratayotib, qo‘liga jun paypoq kiyib o‘tirar, shu orqali isimoqchi bo‘lardi.
18-asr oxiri, saroy muhiti bu – eng iqtidorli kompozitorlar lavozimlar uchun jon-jahdi bilan kurashgan, tilla to‘g‘nog‘ich va olmos tugmalar, tizzagacha bo‘lgan fraklar va ipak paltolar davri edi. Ularning ortida esa xiyonat, nayranglar va fitnalar yashirin... Saleri haqida eshitgan chiqarsiz. Motsartning Venadagi asosiy raqibi o‘sha – Antonio Saleri edi (muvaffaqiyatli italyan kompozitori, uch tilda operalar yozgani bilan mashhurlikka erishgan). U Vena operasini egallagan va Motsart endigina katta karerasini qurishni boshlaganda ko‘pincha yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lardi.