“Bir aʼmo bolaning hasrati” – Behbudiyning ramziy hikoyasi


Saqlash
17:40 / 23.01.2025 310 0

Mahmudxoʻja Behbudiy XX asr boʻsagʻasidagi jaholatga botgan ona Turkiston farzandlarining oʻy-xayollari, orzu-umidlari oʻlaroq dunyoga kelgan va oʻz davrining ijtimoiy-siyosiy harakatlarida faol ishtirok etgan, jonbozlik koʻrsatgan fidoyi, yangi zamon oʻzbek madaniyatining yalovbardori edi. U yangi bir kuch, oqim sifatida maydonga kelgan Turkiston jadidlarining rahnamosi, yangi maktab gʻoyasining peshqadami, amaliyotchisi, birinchi oʻzbek dramaturgi, teatrchi, noshir, jurnalist edi. U zamonasining eng ilgʻor kishisi, jadidshunos Begali Qosimov taʼbiri bilan aytganda, “karvonboshi” edi. Behbudiyni “Turkiston jadidchilik harakatining boniysi” sifatida ham eʼtirof etishadi. 

 

1875-yilning 19-yanvarida Samarqand yaqinidagi Baxshitepa qishlogʻida tugʻilgan Mahmudxoʻja 1894-yilda otasi Behbudxoʻja vafot etgach, togʻasi – qozi Muhammad Siddiq qaramogʻida kamolotga yetgan. Mahmudxoʻja Behbudiy dastlab Samarqand madrasalarida, keyinchalik Buxoroda tahsil olgan. Uning dunyoqarashining shakllanishi va “xodimi millat” boʻlib maydonga chiqishida Rusiya jadidchilik harakatining asoschisi Ismoilbek Gaspralining xizmati katta edi. Zamona zaylini aql tarozusiga qoʻygan va dastlab, dunyo evrilishlarini his etishni istagan Mahmudxoʻja Behbudiy 1899-1900-yillarda buxorolik doʻsti Hoji Baqo bilan haj safariga yoʻl oladi. Bu haqda 1914-yilda “Oyna” jurnalining 31-sonida eʼlon qilingan “Qasdi safar” maqolasida “1318 sanai hijriyasi tavofi Baytullogʻa Kafkaz yoʻli ila Istambul va Misr al-Qohira vositasi-la borib edim. Muddati safarim sakkiz oydan ziyoda choʻzilub edi”, deya yozib qoldirgan. Ushbu safar Behbudiy hayotida tub burilish yasagan. Dunyo koʻrish, taraqqiy etgan yurtlar ahvoli, turmush tarzidan xabardor boʻlish oʻz yurtini hur va ozod koʻrish istagini yuksaltiradi. Taraqqiyotning asosi ilm-maʼrifat ekanligi, buning uchun maktab, maorif va madaniyat suv va havodek zarur ekanligi isbotlanadi.

 

Yurtga qaytgan Behbudiy 1903-yilda Samarqand yaqinidagi Halvoyi qishlogʻida, keyinchalik Rajabaminda yangi maktab tashkil etadi va darsliklar yoza boshlaydi. “Risolai asbobi savod” (1904), “Risolai jugʻrofiyai umroniy” (1905), “Risolai jugʻrofiyai Rusiy” (1905), “Kitobat-ul atfol” (1908), “Amaliyoti islom” (1908), “Tarixi islom” (1909) kabi kitoblar shu maqsadda yozilgan edi.

 

Mahmudxoʻja Behbudiy 1903-1904-yillarda xizmat safari bilan Moskva, Peterburgga, 1906-yilda Qozon, Ufa, Nijniy Novgorodga boradi. Ushbu safarlar uning maʼnaviy olamida, badiiy tafakkurida buyuk bir evrilishlarni sodir etadi. Nihoyat u millat maʼrifati uchun faqatgina maktab kifoya qilmasligi, xalqni zamon va dunyo voqealari bilan tanishtirish, Vatanning ahvolidan, kundalik hayotidan ogoh etish kerakligi zaruratidan millat yuziga oyna tutishni maqsad qiladi. Natijada 1911-yilda “Padarkush” dramasini yaratadi. “Padarkush” – oʻzbek dramaturgiyasining ilk namunasi. Mutaxassislar uni “yangi oʻzbek adabiyotini boshlab bergan bir asar” sifatida eʼtirof etadilar.

 

“Milliy fojia” deb atalgan, 3 parda, 4 manzaradan iborat ushbu drama hajm jihatdan juda ixcham, mazmunan sodda va joʻn boʻlishiga qaramasdan millatdoshlar miyasiga chaqmoq kabi urildi. “Padarkush” oʻz maishatiga oʻralib, dunyoni unutgan Turkiston xalqi yuziga tutilgan bir koʻzgu edi. Undan har kim oʻz istaganini topdi. Birov oʻzini, birov boy otasini... Birov umummillat fojeasini koʻra oldi. Drama jaholat va nodonlik, oʻqimagan johil oʻgʻilning buzuq yoʻllarga kirib, oʻz otasini oʻldirishi haqida. Ramzlarga solib koʻrilsa, Padar – Turkiston, padarkush – oʻz millatini yoʻq qilayotgan johil avlodlar edi...

 

Umid va najot shunda ediki, ikki renessansni boshdan kechirgan millat avlodlarining hali qalblari qotmagan, ruhlari oʻlmagan edi. Xalq oʻz fojiasi boʻlgan “Padarkush”ni koʻrishga oshiqar va xulosa chiqarar edi. “Padarkush” 1914-yiling 15-yanvarida ilk bor sahnaga qoʻyilgan. Oʻsha davr matbuotida “Xalq nihoyat koʻp kelib, bilet yetmagani va joyni yoʻqligi uchun uch-toʻrt yuz kishi qaytib ketdi”, deb yozilgan. Spektakl qoʻyilgan paytda chiptalarning oldindan sotilib ketgani, shunga qaramasdan, odamlar joy yetishmayotgan teatr – ibratxonada 3 soʻm berib boʻlsa ham tik turib tomosha qilishga rozi ekanligi, chipta narxi 2 soʻm boʻlib, oʻsha paytda unga bir oʻrtacha qoʻy berishini inobatga olsak, xalqning maʼnaviyatga tashnaligi ham ayon boʻladi.

 

Bunday tashnalikni his etgan Mahmudxoʻja Behbudiy faoliyatini yangi bir bosqichga koʻtardi. Xalq ogʻzaki ijodi hamda mumtoz adabiyot namunalarini oʻrganish va ijodiy anʼanalarni tahlil qilish, maʼlum maʼnoda oʻzlashtirish natijasida asrlar davomida anʼana boʻlib kelgan nazmiy uslub, masnaviy shakldan nasrga oʻtishda ham Mahmudxoʻja Behbudiy karvonboshilikni oʻz qoʻliga olgan edi. Dastlab, u usmonli turkchadan “Bir vafolik zaifani xususida hikoya” tarjima qilib, 1903-yilning 15-oktyabridan to 1904-yilning 3-fevraligacha “Turkiston viloyatining gazetasi”da eʼlon qilgan boʻlsa, 1909-yilda asli xitoy adabiyotidan olingan “Oq yelpogʻichli chinli xotun” hikoyasini taqdim etib, jadid namoyandalari orasida birinchilardan boʻlib, yangilanayotgan adabiyotga nasr havosini olib kirdi. Oradan besh yil oʻtib, 1914-yilda Abdulhamid Choʻlpon “Qurboni jaholat”, “Doʻxtur Muhammadiyor”, “Bahor avvallari”, 1915-yilda Abdulla Qodiriy “Juvonboz”, “Uloqda”, Munavvarqori Abdurashidxonov esa “Bizda hamiyat” nomli hikoyalarni yaratdi. Shu tarzda oʻzbek hikoyachiligining tamal toshi qoʻyilib, shakl va mazmun, gʻoya uygʻunlashdi. Xalqaro tajribalar ham egallana boshlandi.

 

Bu yangi oʻzbek adabiyotining, xususan, jadid hikoyachiligining shakllanish davri edi. Hikoyalarda jaholat sabablari, undan xalos boʻlish yoʻllari tasvirlandi. Sabab va oqibatlar koʻrsatildi. Oʻsha davr adabiyotshunoslaridan biri Otajon Hoshimovning “Jadid adabiyoti toʻgʻrisida” nomli maqolasida yozishicha, bu jarayon “jadid adabiyotining yoshligʻi, kuchsizligi davridir. Bu davrda jadid adabiyoti shaklan eskilikdan chiqmagʻan, oʻz fikriga yarasha, oʻziga bop shakl, til tugʻdirmoqda edi. Fikr oldda, shakl orqada edi”. Behbudiyning “Bir vafolik zaifani xususida hikoya”, “Bir aʼmo bolaning hasrati”, “Oq yelpugʻichli chinli xotun” kabi tabdil – tarjimalari, Choʻlponning “Qurboni jaholat”, “Doʻxtur Muhammadiyor”, “Bahor avvallari”, Abdulla Qodiriyning “Juvonboz”, “Uloqda”, “Shodmarg”, Fitratning “Musulmon sevgisi”, Munavvarqorining “Bizda hamiyat” hikoyalari ana shu davr adabiyoti mahsulidir.

 

Mahmudxoʻja Behbudiyning “Bir aʼmo bolaning hasrati” tabdil – hikoyasi ramzlarga toʻla asar. Ushbu kichik hikoyada yorugʻlik istayotgan avlod iztiroblari yashiringan. Asarda inson ruhiyati tabiat tasvirlari bilan shu qadar uygʻunlashib, yaxlit bir kompozitsiya, jadidona timsollarni taqdim etganki, bu asar gʻoyasining yuzaga chiqishida muhim vosita boʻlib xizmat qilgan.

 

BIR AʼMO BOLANING HASRATI

Eshitarmanki, kun (oftob) koʻb goʻzal… Nahr boʻyinda, suvning ustida uzayib osilgan gullarning koʻrunishi koʻb latif emish… Nozik-nozik sayragan qushlarning …havoyi qoʻsh qanotlarining uchushinda koʻrulaturgon nimarsalardan emish!.. Eshitarmanki, kechalari koʻk yuzinda yoshurungon yoruqlar koʻrunar emish… Mavj va girdoblaridek hazin boʻlgan dengiz ichinda oq chotirlik kemalar oqub ketarlar emish!.. Eshitarmanki, gullarning ranglari islarindan, suluvlikda yana ziyoda emish. Daralar… Togʻlar… Maydonlar… Suvlar, beshalar, xususan, tong zamonlari u qadar latif… u qadar totli emishlarki, bu qadar buyuklik va ehtishomgʻa qarshi inson hayratindan sajdagʻa ketarmish. Lekin, man ana ul gulduragani eshitilaturgon dengizni… na u ranglik gullarni… na koʻk yuzini… na kunni… na beshalarni… na u yaxshi mevalarni… na qushlarni… na oydinlikni… koʻrolmasligimdan taassuf etmayman. Xayr, Ollohim! Xayr! Shu foniy olamning yaxshiligindan hech birini orzu etmayman, magar… Hayhot!.. Onajonimni koʻrsaydim!

 

Muharriri: fransuz qizi Sorrun.

Mutarjimi: Rijoizoda marhum Mahmud Akram (1847—1914) – mashhur turk adibi.

Usmonlichadan tabdil etgoni: Mahmudxoʻja.

“Oyna” j., 1914-y., 27-son.

 

Koʻrinib turibdiki, hikoya qahramoni boʻlgan Ona – ikki renessansni boshdan kechirgan Turkiston timsoli, bola esa davr farzandi. U dunyo lazzatlarini, inson bahra olishi mumkin boʻlgan barcha jihatlarni tarozining bir tomoniga, bir tomoniga esa Ona – Turkiston diydorini qoʻygan.

 

“Millat ozod boʻlib, oʻzining mustaqil davlatini oʻrnatmaguncha, ijtimoiy adolatni tiklab boʻlmaydi”, degan edi Behbudiy “Vaqt” gazetasida chop etilgan maqolasida. Behbudiyshunos Normurod Avazov taʼkidlaganidek, “U oʻz maqsadi yoʻlida har doim sobit va barqaror edi. Bu yoʻlda hatto u oʻlimdan ham qoʻrqmas, aytish mumkinki, oʻlimga ham tik qaray olar edi”. Behbudiy va uning safdoshlarining bosh maqsadi Turkistonni hur va ozod koʻrish edi. Jadidlar ana shunday jahoniy tenglikni istagan edilar.

 

Ularning orzusi ushaldi, ammo juda kech... Mana, oradan 100-yilcha vaqt oʻtdi. “Bizni kemirguvchi illatlar” maqolasida “Toʻy va taʼziyagʻa sarf qilinaturgon oqchalarimizni biz, turoniylar, ilm va din yoʻligʻa sarf etsak, anqarib ovrupoyilardek taraqqiy etarmiz va oʻzimiz-da, dinimiz-da obroʻy va rivoj topar!” deya taʼkidlagan Mahmudxoʻja Behbudiyning soʻzlari hamon ahamiyatini yoʻqotmagan.

 

Xoliyor SAFAROV,

Alisher Navoiy nomidagi

Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tadqiqotchisi

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

17:02 / 06.02.2025 0 309
Rahming keladi, lekin kulging kelmaydi

San’at

12:02 / 05.02.2025 0 1007
Hind yig‘isi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 24382
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//