Har bir odamning hayotida ma’lum manzilga yetganda burilish nuqtasi bo‘lishi muqarrar. Umr yo‘lidagi eng qiziq hodisa ham shu. Chunki shu nuqtada inson o‘zgaradi, hayot o‘zgaradi. Uning qanday sodir bo‘lishi esa odamning niyati bilan bog‘liq. Insonning qalbi va tafakkurini o‘zgartirish oson emas. Burilish nuqtasi kimningdir hayotida olti yoshida, yana kimdadir oltmish yoshida sodir bo‘lishi mumkin. Muhimi yoshda emas, muhimi insoniy islohotlarda. Xalq va millat hayotida tarixiy burilishlar bo‘lgani kabi har bir inson hayotida ham bu kechmish kechadi. Bu shunchaki kechmish emas, balki katta saboqdir. Bu haqdagi hikoyalarni taniqli va mashhur kishilardan ko‘p eshitamiz. O‘ylaymizki, o‘zbek ziyolilarining bu boradagi xotiralari ham jurnalxonlarimizga qiziq. Mazkur yangi ruknda taniqli yozuvchi Nazar Eshonqulning fikrlarini havola etamiz.
Tahririyat
“Inson – loyiha!”
Bolaligimning aksar qismi xotiramdan o‘chib ketgan. Lekin negadir birinchi marta kitob o‘qiganim esimdan chiqmaydi. Ehtimol, bu biz yashayotgan dunyoga nisbatan kitoblar ko‘nglimizga mos tushgani sabablidir. Yoki kitob xotirani mustahkamlagani uchundir...
Opam mendan uch yosh katta edi. U ikkinchi sinfga borganda men ham opamga qo‘shilib o‘qishni o‘rganib olganman. O‘sha davr “O‘qish kitobi”dagi barcha ertak va hikoyalarni o‘qib chiqqandim. Menga ayniqsa ayiq kelib qolganda do‘stini tashlab qochgan odam haqidagi ertak yoqardi. Biz tog‘ qishlog‘ida yashardik. Onda-sonda och ayiqlar qishloq oralab qolardi. Qishloqdagilar miltiq otib, shov-shuv ko‘tarib ularni haydashardi. Men esa tomning ustida ularga achinib qarab o‘tirardim. Menga ular bu yerga xuddi o‘sha o‘qiganim ertakdagi kabi do‘st izlab kelganday tuyulardi.
Maktabga borganimda muallimlarimizdan biri “O‘qish” kitobidagi barcha she’ru hikoyalarni o‘qib chiqqanim uchun meni uchinchi sinfda o‘qiydigan bir qarindoshimizning o‘rniga o‘tqazib, “Bu endi uchinchida, sen esa birinchida o‘qiysan” deb izza qilgan. Shu izza evaziga o‘sha qarindoshimiz meni to esimizni taniguncha ko‘z ochirgani qo‘ymagan: ko‘rgan yerida turtkilab, burnimni qonatib yurgan. O‘shanda birinchi marta kitob o‘qiganim uchun jazoni ham his qilganman.
Kitob o‘qishga qiziqishimni bu jazolar baribir so‘ndirolmagan. Ikkinchi sinfni bitirganimda otam Shahrisabzga – bozorga tushganda menga bitta ertak kitobini olib kelgan. O‘sha kitob nomi hali ham esimda. “Ali bahodir” deb atalardi. Keyinchalik, universitetda o‘qib yurganimda bu kitob kurd ertaklari ekanini bildim. Ammo u paytlar bu ertaklar menga boshqa bir xalqniki bo‘lib tuyulmagan: ularni o‘z ertaklarimizday qayta-qayta o‘qib chiqqanman. U yerda g‘aroyib ertaklar bor edi. Men o‘sha xayoliy qahramonlarga va voqealarga ishonganman, hayot menga bor bo‘yi bilan ertaklardan iborat bo‘lib tuyulgan.
Bu kitob menga xayol surishni va tasavvur qilishni o‘rgatgan. Keyin ko‘plab ertak kitoblar o‘qidim. Hammasi ham esimda qolmagan. Faqat “Yoriltosh” ertagi esimda. Qishloq ayollari uyimizga yig‘ilsa mendan o‘sha ertakni o‘qib berishimni so‘rashgani uchundir? Radio, televizor yo‘q edi. Mening o‘qib bergan ertaklarim bugungi seriallar vazifasini o‘tagan bo‘lsa kerak deb o‘ylayman. Shuning uchun ham oqibat va insoniylik kuchli bo‘lgandir? Chunki ertaklar mehr-u shafqat, mardlik, halollik, ezgulik haqida bo‘lardi va hammasida yovuzlik baribir yengilardi. Shu sababli ham bugungi kunimizdan farqli ravishda odamlar insoniylik baribir g‘alaba qilishiga ishonardi, ezgulik va yovuzlik, halol va harom, mardlik va qo‘rqoqlik, xoinlik va jasorat, shafqat va mehr o‘rtasida aniq chegara bor edi. Ertaklar bizni shunga ishontirardi.
Bu, menimcha, kitob o‘qishning eng muhim fazilati bo‘lsa kerak.
Ertaklar menga tog‘-u tosh, hayvonlar, o‘simliklari, hatto hashoratlar ham akamiz yo ukamiz, jigarimiz, birodarimiz ekanini, ko‘z oldimizdagi dunyo chegaralarini tasavvur bilan bo‘lsa-da buzib o‘tishni o‘rgatgan.
Ertaklar biz bilgan dunyodan tashqari yonimizda, ichimizda ko‘zimizga ko‘rinmas, aslida haqiqiydir, olam borligiga ishora qilardi.
Mana shu his, shu ishonch paydo bo‘lishining o‘zi gumanizmni, uning ko‘lamini, mas’uliyatini anglashning boshlanishidir balki?
Kitoblar meni tasavvurda bo‘lsa ham boshqa dunyoda yashashga o‘rgatdi.
Ertaklar, demak, kitoblar bizning moddiy ehtiyojlarimiz qo‘ygan, bizni o‘rab turgan qoliplarni buzishga, ichki bir erkinlikka dav’at qilaveradi.
Oltinchi sinfda Termiz shahrida kasalxonaga tushib qoldim. Qancha yotganimni bilmayman. Lekin o‘shanda kasalxona kutubxonasidan “Ming bir kecha”ning uch tomini topib, o‘qib chiqqanman.
Bu kitob mening o‘y-xayollarimni butunlay o‘zgartirib yuborgan.
Ertaklar ko‘z oldingizdagi dunyoning uqubati va adolatsizligidan ojizlanib qolganingizda shu dunyoga zid bo‘lgan, o‘zingiz istagan narsalar, ezgulik hamisha g‘olib o‘z olamingizni yaratish imkonini beradi.
Ertaklar bilan qarshingizdagi shafqatsiz dunyoga qarshi o‘laroq o‘zingizning peshma-pesh dunyongizni yarata olasiz. Shunda kitob siz uchun yolg‘onchi dunyoda o‘z rostingizni yarata oladigan, o‘z dunyongizni saqlab qoladigan yagona boshpana vazifasini o‘taydi.
Kitoblar “Sen o‘zi kimsan? Nega kelding, maqsading nima, qayga yo‘l olasan?” degan loyihani qarshingizga ko‘ndalang qo‘yadi.
Kitob o‘qirkansiz, kitob himoyasiga, kitob tasarrufiga o‘tasiz. Chunki bu yerda hamisha mardlik va halollik, mehr va oqibat, insoniylik va vijdon g‘alaba qiladi. Umuman, bu fazilatlar o‘qishga arziydigan barcha kitoblarga taalluqli. Shu kitobdan so‘ng men uchun xalq og‘zaki ijodi hayotimnig ajralmas bo‘lagiga aylandi.
Aynan hali bola bo‘lib “Ming bir kecha”ni o‘qiganman deganim uchun adabiyotni konfet so‘rish deb biladigan yosh muallimimiz hammaning oldida izza qilgan. Menga “Po‘lat qanday toblandi?” degan romanni o‘qishni tavsiya etgan. Baribir Pavel Korchagin menga Ali bahodirchalik zavq bermagan.
Men haligacha u nima sababdan izza qilganini tushunmayman.
To‘qqiz-o‘ninchi sinflarda qirqqa yaqin dostonni o‘qib chiqdim. Rostini aytaman, men u paytlari dostonning syujeti izidan quvib yurardim. Ammo baribir ichimda Alpomish nega g‘ayritabiiy kuchga ega, qanday qilib Go‘ro‘g‘li go‘rda tug‘ilishi mumkin, bu yerda o‘zi nima sir bor, bu yerdagi dunyo nega ko‘z oldimizdagi dunyoga hech bir o‘xshamaydi degan savollar paydo bo‘lardi.
Talabaligimizning birinchi yili bizga yunon mifologiyasi darsini o‘tishdi. Bu tizimga solingan kosmogonik mifologiya edi. Men bu mifologiyaga shunchalik oshno bo‘lib qoldimki, olovbardor Prometey va sho‘rpeshona Medeya haqida she’rlar yozdim. Ular she’r emasdi, aslida ular hayrat va savolga to‘la javobsiz hissiyotlar edi.
Keyin o‘zimizning xalq og‘zaki ijodi o‘tildi. Men bu darslarda 9-10-sinfda dostonlarni o‘qib olgan taassurotimdan boshqa hech narsa olganim yo‘q. Bu darslar mening o‘smir yoshdagi savollarimga to‘liq javob berolgani yo‘q, shunchaki sanoqlar o‘zgardi, javobdagi mohiyat o‘zgarmadi.
Savol esa kattaraverdi. Nega bizning mifologiya yunonlarniki kabi bir tizimga solinmagan? Bizda mifologiya bo‘lmaganmi? Biz o‘zi qaydan keldik, qayga ketamiz? Biz qaysi daraxtdan o‘sib chiqdik? Biz o‘sib chiqqan daraxtning ildizi qayerga tutashadi? Biz dunyo yaralganda borliqqa ism berishda ishtirok etgan millatlar qatoriga kiramizmi yo yo‘q? Yo biz taraqqiyotning keyingi qaysidir davrida tayyoriga ayyor bo‘lib paydo bo‘lgan bir to‘damizmi?!
Masala shundaki, mifologik qarashlariga qarab xalqning azal va abaddagi o‘rni bilinadi. Kosmogonik qarashlar shu ma’noda mezonga o‘xshaydi. Qani bizning bir tizimga solingan kosmogonik qarashlarimiz aks etgan asotirlar?
Bu nafsoniyat va sha’n bilan bog‘liq savollar edi. Bu javobsizlik bizga qoloq millat sifatida qarayotganlarning o‘chog‘iga o‘t qalab berardi.
Javobni kitoblardan izladim.
Keyinchalik Yung, Fromm, Meletinskiy tadqiqotlarini, jahon adabiyotidagi asarlarni o‘qigach, o‘sha payti qo‘ygan savollarim o‘zi javob bo‘lganini angladim.
Mana, o‘sha mutolaa qilgan, o‘zim savol qo‘yib, kitob orqali javob topgan qaydlarim. Bularning ko‘pi savol tariqasida edi. Ammo kitoblar menga izlagan javoblarni topib berdi.
Yunon kosmogoniyasiga ko‘ra olam avval xaosdan, gazdan iborat edi.
Zardo‘sht mifologiyasida olam avval xaosdan, bo‘shliq va betartiblikdan iborat edi. Rabg‘uziyga ko‘ra olam avval gavhar edi, gavhar erib suyuqlik bo‘ldi, suyuqlik tutunga aylandi. Olam tutundan yaraldi (“Xabarda keltiribdilarki, Olloh subhonahu va taolo hamma narsadan ilgari bir gavharni yaratdi. Bu gavharga haybat nazari bilan qaragan edi, u erib ketdi. Erib suv bo‘lgan gavhardan yerni yaratdi. Suv ustiga tushgach, u ko‘piklandi. U ko‘pikdan tutun ko‘tarildi, u tutundan ko‘kni yaratdi”. “Qisasi Rabg‘uziy”).
Olamning avvali xaos miflar tiliga – badiiy mushohadaga, obrazlarga qanday ko‘chadi, qanday tasvirlanadi?
“Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi” dostoni mutolaasidan savollarga javob topishga urinib ko‘rganman.
Odilshoh va Qovushtixon o‘rtasidagi ziddiyat va o‘zbo‘larmonlik, Shohdorxonning bostirib kelishi, o‘zboshimchalik, talash, bo‘ysunmaslik – bular hammasi tartib va qonun-qoidalar yo‘qligini, dunyoning, hayotning xaos ekanligini ko‘rsatmayaptimi?
Odilshoh, Qovushtixon, Shohdorxonning o‘zaro kurashlari boshboshdoqlikka, mazmunsizlikka, betartiblikka, xaosga ishora qilmayaptimi?
To‘liboy va Bibioyshadan Ravshan tug‘ildi. Ravshan va Hiloldan Go‘ro‘g‘li tug‘ildi (ba’zi bir versiyalarda Hilol nurdan, yorug‘likdan homilador bo‘lgani keladi). Go‘ro‘g‘li go‘rda tug‘ildi. Keyin yer ustiga chiqdi.
Yetim toychoqqa qo‘y, echki, tuya, sher, yo‘lbars, olqor, quyon, kiyik, qulon, fil, karki, qunduz, baliq, qush, qoplon, tulki, tozi sutini ichirdi, qush-u baliqlarning jigarini yedirdi.
Burgut, tuyg‘un, shunqor, lochin, dinor, quzg‘un va maymun jigarini yedirdi.
Keyin Afsar tog‘iga ot izlab bordi.
Afsar tog‘i – parilar, ilohlar yashaydigan tog‘. Arshi a’loning dostondagi tasviri.
Go‘ro‘g‘lining bo‘lajak jufti pari Misqol ham shu yerda. Chunki u ham ilohlarga taalluqli – pari.
U Go‘ro‘g‘liga “Cho‘l oralab, ko‘l oralab aziyat chekib kelibsiz” deydi. U cho‘lga urg‘u beradi. Cho‘l! Ko‘l! Ular o‘zi nima? Nega barcha dostonda qahramon cho‘l va ko‘lga duch keladi?
Go‘ro‘g‘li otiga ilohalar ichida yashayotgan Misqol pari ism beradi. G‘irko‘k, G‘irot deb.
Xizr – ilohiy bobo shu yerda otni meniki deydi, Go‘ro‘g‘li meniki deydi.
Ularning bu munozarasi ilohiylikka da’vogarlikni eslatadi.
Go‘ro‘g‘li quvvat meniki deyapti. Xizr meniki deyapti.
Keyin Go‘ro‘g‘li Xizrdan otni sotib oladi.
Sotib olish savdoni bildiradimi? Yo bu osmon bilan kelishuv, inson va ilohiy kuchlar o‘rtasidagi bitimmi? Mantiqqa suyanadigan bo‘lsak, ilohiy Xizrga tanganing nima keragi bor? Demak, bu – bitim. Alp (yunon mifologiyasidagi yarim iloh, yarim odam qahramonlar) va ilohiyot o‘rtasidagi bitim.
“Bobo”lar majlisi Go‘ro‘g‘lining taqdirini belgilaydi. Bobolar orasida Soqi bulbul ham bor. Soqi bulbul Go‘ro‘g‘liga dalda berib turadi. “Kattaroq tilak tila” deydi. U gaplariga va Go‘ro‘g‘liga xayrixohligiga ko‘ra yunon miflaridagi homiy ma’budlarni eslatadi.
Shu majlisda Go‘ro‘g‘lining taqdir chizig‘i chiziladi. Unga ot, yangi qurilajak dunyo – Chambilga shohlik, parilarga uylanish, qirq o‘zbek urug‘idan qirq yigitni tanlab atrofida olib yurishi, umuman qirq urug‘ni birlashtirishi, o‘zi esa zuryodsiz o‘tishi taqdir qilib belgilanadi. Juma kuni yerni larzaga solib, Soqi bulbul borishi, Go‘ro‘g‘lini taxtga o‘tirg‘izishi aytiladi. Rabg‘uziyga ko‘ra, juma kuni odam yaralgan.
Afsar tog‘i Olimpni eslatmayaptimi? Umuman, bu yerda olamning yaralishi haqidagi mif ustida gap ketmayaptimi?
Bitta dostondan izlab topgan javoblarim shunday bo‘lgan. Shu hissiyot meni “Alpomish”ni ham shu javoblarni izlab o‘qishga undadi. “Alpomish” ham har qanday savolga javob berishga qodir bo‘lgan doston edi.
Kitoblar o‘zlari qo‘ygan savollarga o‘zlari javob beradi. Bizning eng qadimgi miflarimiz ham tarix silsilasida yo‘qolib ketmagan, u kiyimini va qiyofasini o‘zgartirgan, u hamon botinimizda – faqat kitoblarda xotira, ichimizda begona bo‘lib yashayapti.
Kitob insonni ildiziga, botiniga boqishga, vijdon va iymon bilan yuzma-yuz bo‘lishga, ular bilan birga yashashga undaydi.
Kitob – insonning dunyoni mukammal ko‘rish istagi va xohishi o‘laroq dunyoga keladi va dunyoni mukammal ko‘rishni istaganlarni o‘z bag‘riga oladi.
Har bir kitob shu orzuning bitta qadami, bitta pog‘onasi.
“Ijod – ko‘z oldimizdagi dunyoga qarshi o‘z dunyosini yarata olish mahoratidir”, deydi Kamyu.
“Inson – loyiha!”, deydi Kerkegor. Ibtido va intihoni tutashtiruvchi loyiha.
Bolalikdan boshlangan loyihaning qanday loyiha ekaniga kitoblardan javob topasiz.
Bolalik shudgorga tashlangan urug‘ga o‘xshaydi. Agar yaxshilab parvarish qilsangiz, albatta hosil olasiz. Agar muhit qurg‘oqchilikdan iborat bo‘lsa yoki vaqtida o‘g‘itini olmasa, umuman, parvarish sust bo‘lsa, hosil ham shunga yarasha, urug‘i puch, ta’mi taxir, tosh bosmaydigan, palag‘da bo‘ladi. Palag‘da iste’dodlar palag‘da mahsulotlar yaratadi. Bugungi kunimizning eng katta fojealaridan biri – palag‘da iste’dodlar ko‘payib ketganida.
Bugungi dunyo, shu paytgacha madaniy ongning mezoni bo‘lgan yovvoyi yo madaniylarga emas, kitob o‘qigan va o‘qimaganlarga bo‘linayapti.
O‘qimay qo‘ysak fikrlashdan, o‘zimizdagi “loyiha”ni amalga oshirishdan to‘xtab qolamiz. Tafakkur turg‘unligi boshlanadi. Tafakkur turg‘unligi taraqqiyotning, harakatning, o‘sish va hayotning turg‘unligiga olib keladi.
Kitobsiz dunyo menga shunday tuyuladi.
Nazar ESHONQUL
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2024-yil 4-son.
“Inson bu – loyiha” maqolasi
Adabiyot
Tarix
Tarix
San’at
Tarix
San’at
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q