Fotimaning qo‘li, hayot daraxti, burgut – Ozarboyjon gilamlaridagi bezaklar nimani ifodalagan?


Saqlash
12:44 / 22.01.2025 12 0

Sharq gilamlari qadimdan sifati va go‘zalligi bilan dunyoni lol qoldirib kelgan. Buxoro, eron, turkman, ozarboyjon, arman gilamlari ayniqsa mashhur. Ularning har biri o‘z to‘quv uslubiga ko‘ra bir-biridan farqlanadi. Ozarboyjon gilamlari bu borada alohida e’tiborga molik. Uning to‘qilish uslubi 2010-yilda UNESCOning Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan. Ushbu maqolada оzarboyjon gilami tarixi va o‘ziga xosliklari haqida fikr yuritamiz.

 

Kavkaz gilamlari

 

Kavkaz mintaqasi azaldan qadim sivilizatsiyalar zamini bo‘lib kelgan. Ozarboyjon ham ushbu mintaqada joylashgan mamlakat o‘laroq ushbu sivilizatsiya rivojida o‘z hissasini qo‘shgan. Ozarboyjon gilamlaridan so‘z ochishdan oldin Kavkaz gilamlari haqida ozroq ma’lumotga ega bo‘lish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Kavkaz gilamlari, asosan, mintaqaning islom dini tarqalgan hududlarida keng hajmda ishlab chiqarilgan. Olimlar bunga sabab qilib musulmon ayollarning uydan tashqariga kam chiqqanini va uyda asosan gilam to‘qish vazifasini bajarganini keltiradi. Bugungi kunda muzeylarda saqlanayotgan eng qadimgi Kavkaz gilamlari XIII–XIV asrlarga oiddir. Gilam to‘qish ham boshqa bezak san’atlari qatori bir san’at turi bo‘lib kelgan. Chunki gilam bezaklari orqali avloddan avlodga ma’lum bir g‘oyalar tashilgan. Hukmdor saroylari, ko‘chmanchilar o‘tovi hashamatining ma’lum bir qismini shu bezaklar tashkil etgan. Ammo XVII–XVIII asrga kelib gilamlar saroydagi bezak funksiyasini to‘xtatdi va asosan xalq hunarmandchiligiga aylandi. O‘sha davrga oid gilamlar bezak san’atining haqiqiy shoh asarlari qatoridan joy oldi.

 

XIX asrga kelib butun Kavkaz hududi Rossiya imperiyasiga qo‘shib olindi. Aloqa tarmoqlarining kengayishi va Yevropa portlari bilan ulanish Kavkaz gilamlari uchun dunyo bozorini ochib berdi. Bu esa mintaqada gilamchilikning keng rivojlanishiga sabab bo‘ldi. Encyclopedia Iranica ma’lumotlariga ko‘ra XIX asrda Kavkaz gilamlari asosan sharqiy hududlarda, ozarboyjonlar istiqomat qilgan hududda keng tarqalgan. Shuningdek, Gruziya, Armaniston, Dog‘iston gilamlari ham ma’lum edi.

 

Ushbu faktorlar birlashib XIX asrni Kavkaz gilamdo‘zligining oltin asriga aylantira olgan. Kavkaz gilamlari asosiy ishlab chiqarish hududlariga ko‘ra ular ishlab chiqarilgan qishloqlar yoki shaharlar nomini olgan guruhlar va turlarga bo‘linadi. Gilamdo‘zlik asosan qishloq joylarda paydo bo‘lgan va vaqt o‘tishi bilan yetuk san’at asari darajasigacha ko‘tarilgan. Mohir gilamdo‘zlar hukmdorlar olqishiga sazovor bo‘lgan hamda shoirlar ularni maqtab she’rlar yozgan.

 

Ozarboyjon hududi asrlar davomida turli davlatlar, madaniyatlar va dinlar hukmronligi ostida yashadi. Shuning uchun ham mamlakat hududida turli madaniyatlar aralashuvi yuz bergan. Bu gilamdo‘zlikga ham ta’sirini ko‘rsatgan. Natijada Ozarboyjonda bir qancha gilamdo‘zlik markazlari vujudga keldi. Har birining o‘ziga xos uslubi va maktabi bor. Ozarboyjon gilamlarini 4 ta yirik hududiy kategoriyaga bo‘lish mumkin: Quba-Shirvon, Ganja-Qazax, Qorabog‘ va Baku.

 

XVI asrda Safaviylar davlatining tashkil topishi bilan ozarboyjon gilamdo‘zlik san’ati gullab, sanoat darajasiga ko‘tarildi. Miniatyurachi rassomlar, xattotlar o‘sha davr ozarboyjon bezak san’ati shakllanishida muhim rol o‘ynadi. Keyinchalik ushbu maktab zamirida “tabriz maktabi” ham shakllandi. Asrning ikkinchi yarmidan boshlab janubiy Ozarboyjonda shakllangan afshan, lechek-turunj, gulbandlik kabi bezaklar keyinchalik shimol (Baku, Qorabog‘, Shirvon)ga ko‘chdi. Bu yerda Tabrizning o‘simliksimon naqshlariga geometrik shakllarni omuxtaladilar. XVII asrdan boshlab Qazax, Barda, Mugan va Jabroil shaharlarida ishlab chiqarilgan gilamlar va joynamozlar mashhurlikka erishdi. XVIII asrda esa Shemaxa, Shusha, Sheki shaharlari gilamlari ham paydo bo‘ldi. Aynan shu davrga xos va eksportga mo‘ljallangan kichik va uzunchoq gilamlar Baku yaqinidagi Amirjon qishlogida to‘qilgan.

 

Yuqorida aytilganidek, XIX asr Ozarboyjon gilamdo‘zligida yuksalish asri bo‘ldi. Birgina 1843-yilda Ozarboyjonda 18 mingta gilam va gilam mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Ozarboyjon gilamlari Usmonli, Gruziya va boshqa Yevropa mamlakatlari bo‘ylab sotilgan. XX asrga kelib gilamdo‘zlik Ozarboyjon iqtisodiyotining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Hozirda mamlakat bo‘ylab 20 dan ortiq yirik gilam fabrikalari ishlab turibdi.

 

Ozarboyjon gilamlari o‘zining bejirim bezaklari va ranglari bilan ajralib turadi. Bezaklar gilam to‘qilgan joy va gilam turiga qarab farqlanadi. Masalan, Quba, Shirvon, Qazax, Zinjon gilamlarida murakkab geomtrik naqshlar ishlatiladi. Bunda inson va hayvonning geometrik shakllari hamda markazida bir o‘q bo‘ylab joylashtirilgan figurali ko‘pburchak yoki yulduz shaklidagi medalyonlar joylashtiriladi. Tabriz, Qorabog‘ gilamlari esa gulli naqshlarning ko‘pligi, rang-barangligi bilan ajralib turadi. Ozarboyjon gilamining estetik tamoyili “tasvirlarning” tekis yechimi, naqsh ritmi, markaziy maydon va hoshiyaga anʼanaviy boʻlinish va elementlarning lakonik geometriyasida mujassamlashgan. Amerikalik taniqli kolleksioner va sanʼatshunos Joys Veaning fikricha, ozarboyjon gilamining bezaklarida turk, fors va Osiyo naqshlarining anʼanalari va taʼsiri, shuningdek, Eronning shimoli-gʻarbiy qabilalari gilamchilik merosining chambarchas bogʻliqligini koʻrish mumkin.

 

Geometrik naqshlar orasida svastika va sakkiz qirrali yulduz ustunlik qiladi. Svastika qadimgi ko‘pxudolik dinlarida uchraydigan element bo‘lib, u osmon markazini ifodalaydi. Bu ramz, ehtimol, yulduz turkumlari bilan o‘ralgan quyoshni yoki uchib yuruvchi qushlar bo‘ronining odatiy tasvirini anglatadi. Bundan tashqari, ozarboyjon gilamlarida islomiy ramzlar ham bezak sifatida uchraydi. Bulardan eng ko‘p tarqalgani Xamsa, ya’ni besh barmoq tasviri. Bu shialarda Fotimaning qo‘li ham deyiladi. Sunniy-tasavvufda bu belgi islomning besh ustunini anglatsa, shia e’tiqodi bo‘yicha eng ko‘p hurmatga sazovor besh kishi: Muhammad (s.a.v), Ali, Fotima, Hasan va Husayn (r.a)larni ifodalab keladi. Shuningdek, markaziy bezak sifatida mehrob tasvirini ham ko‘rish mumkin.

 

Ozarboyjon gilamlarida, ayniqsa Tabriz gilamida (Tabriz aholisi asosan ozarboyjonlardan iborat) o‘simlik naqshlarini juda ko‘p uchratish mumkin. Asosiy bezak sifatida “hayot daraxti” deya ataladigan shakl ishlatiladi. Hayot daraxtining geometrik shakli ham bezak sifatida tushiriladi. Shuningdek, gilamlarda bog‘, anor tasvirlari ham keng qo‘llaniladi. Anor sosoniylar davrida muqaddas meva sanalgan. Zardushtiylikda esa anorga quyosh ramzi sifatida qaralgan. Bundan tashqari, gilamchilikda hayvon, qush va inson tasvirlari ham bezak vazifasini bajargan. Qushlardan burgut va tovus ozarboyjon gilamlarida ko‘p uchraydi va u ko‘proq hukmdorlar saroyini bezagan. Unga kuch va hokimiyat ramzi sifatida qaralgan. Tovus esa quyosh xudosini anglatgan, shuningdek, tovusning ko‘zlari yomonlikdan asrashiga ishonishgan. Qo‘y va echki tasvirlari qabilalarning ko‘chmanchi o‘tmishi yoki hayot tarzi bilan bog‘liq bo‘lgan. XVII asrdan boshlab esa gilamlarda ajdarho tasviri ommalashgan va XIX asr oxirigacha saqlanib qolgan.

 

To‘quv texnikalari

 

Ozarboyjon gilamlari ishlab chiqarish texnikasi va teksturasiga ko‘ra keskin farq qiluvchi ikkita turga bo‘linadi: yungli va yungsiz. Tugunsiz gilamlar “maishiy gilamlar” deb ham nomlanadi. Bunday gilamlarga palas, kilim, jejim, zili, sumax kabilar kiradi va ular gilamdo‘zlikning dastlabki shakllari hisoblanadi. Ular to‘qilgan va o‘ralgan iplarni bir-biriga bog‘lash orqali yaratilgan.

 

Yungli gilamlar to‘qish texnikasi jihatidan ancha murakkab: ular “Turkbof” (simmetrik “Turkiy tugun”) usulida, keng ko‘lamli naqshlar, ranglar va syujetlarni o‘zida mujassamlashtirgan holda yaratilgan. To‘qish jarayonida har ikki ipli tugunga yungli tugun qo‘shiladi va bu gilamlarga har qanday shakl va o‘lchamdagi ko‘plab bezak tasvirini tushirish imkonini beradi. Juda qadim tarixga ega Turkbof texnikasi XV–XVI asrlarda ilk bor Ozarboyjonda qo‘llanilgan. Bu texnika yordamida ipak gilamlarni yuqori zichlikda ishlab chiqarishga erishiladi. Ozarboyjon yungli gilamining o‘ziga xos xususiyati uning juda yuqori zichligidir. Gilamning zichligi esa har kvadrat detsimetr maydondagi tugunlar soniga qarab belgilanadi. Shundan kelib chiqib gilam qancha zich bo‘lsa, uning narxi shuncha yuqori bo‘ladi. Ammo ayrim san’atshunoslar fikricha, bunday qarash xato hisoblanadi. Ishlab chiqarish maydoniga qarab, mahsulotning har bir kvadrat detsimetri uchun 1600 (40x40) dan 4900 (70x70) gacha yungli tugunlari mavjud.

 

Ozarboyjon va o‘zbek gilamlarining o‘xshashligi, farqi

 

Shu o‘rinda, ozarboyjon gilamlarining o‘zbek gilamlari bilan o‘xshash va farqli jihatlariga nazar solsak. Umuman O‘zbekistonning deyarli barcha hududida gilamchilik an’anasi tarixan yaxshi rivojlangan. Xususan, Buxoro, Surxondaryo, Xorazm, Qoraqalpoq, Farg’ona vodiysi, Nurota, Samarqand gilamlari mashhur bo‘lgan. Bu, ayniqsa, Sovet ittifoqidan oldingi davrda yaqqol sezilgan. Sovet davrida xususiy hunarmandchilik bekor qilinib, barcha hunarmandchilik turlari qatorida ushbu soha ham davlat nazoratiga olindi va an’anaviy hunarmandchilik o‘rnini fabrika, ishlab chiqarish egalladi. Mustaqillik yillarida hunarmandchilikka qaratilgan e’tibor sabab gilamchilik ham an’anaviy usullarga qayta boshladi. Bugungi kunda Buxoro, Samarqand, Marg‘ilonda an’anaviy gilamdo‘zlik bilan shug‘ullanayotgan hunarmandlar bor.

 

O‘zbekiston va Ozarboyjon davlatlari bir-biriga yaqin geografik mintaqada joylashgani bois, gilamlari o‘rtasida o‘xshashliklar ko‘p, ammo mahalliy madaniyat, an’ana va uslublar qo‘l mehnati san’atining o‘ziga xos jihatlarini belgilab beradi. Geometrik naqsh, tabiiy bo‘yoq, qo‘lda to‘qish texnikasi, simmetrik dizayn, amaliy va dekorativ funksiyalarida o‘xshashligi namoyon bo‘lsa, farqli jihatlari naqshlarning mavzusi, ranglar palitrasi, to‘qish texnologiyasi, hududiy o‘ziga xos uslublar, madaniy mansublik kabilarda ko‘rinadi. Umuman olganda, o‘zbek va ozarboyjon gilamlari mahalliy madaniyatlarning buyuk san’ati bo‘lib, ular o‘ziga xos texnikalar, naqshlar va ranglar orqali o‘z mintaqalarining ruhiyatini aks ettiradi. Shu bilan birga, ular o‘zaro o‘xshash jihatlari bilan Markaziy Osiyo va Kavkazning madaniy birligidan dalolat beradi.

 

Yuqoridagilardan xulosa qilish mumkinki, ozarboyjon gilamlari Kavkaz-Eron mintaqasida eng keng tarqalgan va jahon bozoridaa o‘z o‘rni, tarixi, texnikasi va o‘ziga xos bezaklariga ega gilamlardir. Ushbu gilamlarning har bir bezagi, uslubi, tarixi haqida tomli kitoblar, tadqiqot ishlari yozish mumkin. Mazkur maqola esa dengizdan bir tomchi.

 

Jahongir OSTONOV,

O‘zR FA Sharqshunoslik instituti tayanch doktoranti

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 24100
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//