Oxirgi vaqtlarda kinofilm formati niqobida yaratilayotgan koʻplab media-mahsulotlar orasidan sanʼat talablariga mutlaq javob beruvchi asarlarni ajratib olish mushkul boʻlib qolmoqda. Topganimizda ham ikkilanish kuchli. Sababi, tayyor axborotlar oqimiga oʻrganib qolgan ongimizni savollarga koʻmib tashlaydigan asarlar bizga tushunarsizdek tuyulaveradi. Ichimizdan, “yoki dahshatga solsin, ehtiros uygʻotsin yoki yangi gaplardan gapirsin. Oʻzing tushunib ol, degani kerakmas”, kabi oʻylar oʻtishi ehtimoli ham yoʻq emas. Bu maʼnoda kinodramaturg Erkin Aʼzamning kinoqissasi asosida suratga olingan “Bahorni quvib” filmining “hazmi” juda yengildek tuyuladi. Ammo...
“Bahorni quvib” filmi bir qarashda yoshlik oʻtida kuygan koʻngilning armonli sevgi tarixi, peshonasi shoʻr Rohatoyning ilk va soʻnggi muhabbati haqidadek. Lekin, 60 ga yaqinlashgan ayolning Archalida oʻtgan ikki yillik yoshlik chogʻlari eslanishi ortidan, uni bu manzilga yetaklagan sir birgina bu emasligini tushungandek boʻlasiz. Aniqrogʻi, bu hikoya orqali kinoijodkorlar aytmoqchi boʻlgan choʻng tazarrularni his etish yengil emas. Nazarimizda, yosh umri hasad olovida kuydirilgan, hatto sevgani ham bir umrlik “tamgʻa”dan asray olmagan bir oʻzbek qizi qismati oʻlaroq, bir qavmning unib oʻsolmay, koʻkarolmay, bogʻichini yecholmay qolgan, qolayotgan farzandlari taqdiri toʻgʻrisidadek, bu film.
Kinoqissa muqaddimasida dramaturg Rohatoy Shukurovani shunday taʼriflaydi: “Oltmishlarga yaqinlashganiga qaramay, koʻrku latofatini yoʻqotmagan, “oʻziga qaraydigan” zamonaviy ayollar toifasidan. Birmuncha hurpaytirib shaklga solingan sochlari mallaga moyil bir tusda. Boʻynidagi harir zangori sharf uchmoqqa shaylangan qaldirgʻochsimon maqomda – bir yonga qiyshaytirib qoʻyilibdi; qansharida oynalari jiloli qora koʻzoynak. “Bu taʼrif oʻquvchi koʻz oʻngida oʻziga bir oz bino qoʻygan, butun tashqi qiyofasidan badavlatman, deb turgan bir oz shartaki, bir oz magʻrur “poʻrim opaxon”ni gavdalantiradi. Keyingi misralar, tasavvurimizni yanada yorqinlashtiradi: “Mana, Rohat opamiz doʻng boshida choʻnqayibgina oʻtiribdi. Qoʻlida uzun sigaret, chekayotir. Jonsarak koʻzlari nimanidir qidirib pastga boqadi”. Filmda ilk marta qahramonimiz chehrasini Archaliga tushish yoʻlidagi doʻng ustida koʻramiz – mashinani bir zumga toʻxtatgan ruldagi 40-45 yoshlar chamasidagi ayol yoʻlga qaraydi: “Shuncha yil boʻpti-ya, buyoqlarga kemaganingga...” Koʻzlar bir oz yoshlangan, chehrada sirli anduh hukmron. Aktrisa Raʼno Shodiyeva ijrosida kinoqissadan farqli oʻzgacha qiyofa boʻy koʻrsatadi – goʻzal, maʼyus chehra egasi nimadandir hayiqqan kabi, ichki qoʻrquvga boʻysungan kabi yoʻlga otlangan. Suhbatdoshlari bilan ham iymanibroq gaplashadi – madaniyatli tarbiya namunasimi, balki. Boshlanishda havas uygʻotgan shaharlik opaning sirlari ochila boshlagach, uni yoqtirish yoqtirmaslik yoki unga achinish-achinmaslik tomoshabin ixtiyoriga tashlanadi.
Rohatoy Shukurova 35-yil avval maktabda birga ishlagan hamkasbi Qudrat akaning qabrini ziyorat qilish bahonasida Archaliga kelganini bilganimizdan keyin, “Kaptiva”ga minib, oʻziga adash qizaloq bilan qishloq koʻchalarida ketayotgan “momo” ortidan kezgan mish-mishlar uning bu makonda oʻtgan yoshlik damlari tarixini taxma–tax ocha boradi.
“Archaliga sevgi-muhabbatni shu olib kelgan, deydilar-ku! Ilgari sevgi-pevgi degan gaplar boʻlmagan ekan. Oʻzi chiroyli boʻlgani uchun opkelgandir-da...
– Eshitishimcha, ana shu opkelgan narsasi oʻzining boshiga yetgan!
– Opkelganu tashlab ketgan-da! Ana keyin boshlandi sevgi-sevgi oʻyini!”
Oradan ancha yillar oʻtganiga qaramay, Rohatoy Shukurova va Qudrat Ramazonov oʻrtasidagi muhabbat Archalida unutilmagan. Endi shu ayol birgina qoʻngʻiroq bilan birovni ishga joylagan, boshqasini kasalxonaga, xullas qoʻlidan kelgancha ishi tushganning ogʻirini yengillatmoqda.
Rejissyor oʻz uslubiga sodiq holda atrof-muhitni oʻrab turgan detallarga ortiqcha urgʻu bermaydi, hodisani shunchaki kuzatadi, kinossenariyning oʻzigina yecha oladigan shifrlarini yozuvchi ifodalagan ritmdan oʻzi istagan ritmga koʻchiradi, oʻz navbatida bu ritmni tomoshabin oʻzicha his etadi, tinglaydi. Ayub Shahobiddinovning avvalgi kinokartinalarni eslasak, rejissyor xuddi mohir musavvir misol nafis ranglarda kompozitsiya yaratishi xotirga keladi. Uning kartinalarida keskin – qizil va qora, yashil va sariq, oq va koʻk ranglar kabi issiq va sovuq tuslar kontrasti deyarli uchramaydi. Holbuki, u suratga olishga jazm etgan kinoqissalar, ssenariylarga kiritilgan sirli kodlarning yechimini turlicha talqin etish mumkin boʻlsa-da, A.Shahobiddinovning yondashuvida antagonistni ham, protagonistni ham bir yoqlama profilda koʻrmaymiz.
“Bahorni quvib” filmining adabiy asosida ham dramaturg oʻz qahramonlari tarhini chizar ekan, obrazlar xarakterini toʻlaqonli ifodalamaydi. Voqealar rivojini kuzatish asnosida oʻquvchining oʻzi kerakli obrazni xayolida gavdalantirishiga imkon beriladi. Lekin, rejissyor oʻquvchidan farqlanadi, albatta. Rejissyor yozuvchining ilmoqli tagmaʼnolarini koʻproq anglay biladi, shu bois ham u tomoshabinga ssenariy mazmunini yanada koʻproq namoyon etishga daʼvogarlik qiladi.
Filmda A.Shahobiddinov Rohatoy Shukurovani aktrisa Raʼno Shodiyeva qiyofasida koʻrarkan, ekrandagi bosh qahramon qissadagiga nisbatan yumshoq tabiati bilan farqlanadi. Bu oʻrinda rejissyor toʻgʻri tanlov qilganiga shubha yoʻq. Film psixologik drama janriga monand ritmda davom etib, yolgʻizlik bilan doʻst tutingan Rohatoy Shukurovaning chehrasi kabi chiroyli qalbi bilan ham tanisha boramiz. Marhum Q.Ramazonovning quyib qoʻygandek oʻzi boʻlgan oʻgʻli Nodir (aktyor I. Berdiyev – Qudrat Ramazonovni ham aktyorning oʻzi oʻynagan), uning rafiqasi Oygul (aktrisa B.Asrlonova), qizi Rohatoy (aktrisa F.Oybekzoda), nafaqadagi oʻqituvchi Yusuf Boboyorov (Ergash Rahimov), “alkash” Vahob Xojiqulov (aktyor R.Kartayev) va boshqalar bilan suhbat jarayonida Rohatoy Shukurova mayin tabassumi, unsiz koʻz yoshlari, xolis yordami, achchiq gaplari bilan oʻz portretiga chizgilar beradi. Baʼzan bu chizgilar atayin xira – xomaki shtrixlar bilan ifodalansa, baʼzan kinoqissada aks etmagan harakat, soʻz, ijro bilan portretga quyuqroq tus beriladi.
Rejissyor Rohatoy Shukurovaning yoshligini ijro etish uchun aktrisa R.Ahmadjonovani tanlab, adashmagan. R.Shodiyeva va R.Ahmadjonova ijrosida bir insonning yoshlik va ulugʻlik davri oʻtmish va bugungi kun bilan mutanosib uygʻunlik kasb etgan. Kezi kelganda aytish kerakki, Ayub Shahobiddinov oʻz filmlari uchun aktyorlarni toʻgʻri tanlashi bilan birga, ularni kino muhitiga moslashtira biladigan, oʻsha voqelikda yashata oladigan sanoqli rejissyorlardan. “Bahorni quvib” filmida ham rejissyor oʻz aktyorlarining hikoya etilayotgan muhitga – oʻtmish voqeligiga ham, davrimizdagi qishloq muhitiga ham singib keta olishlariga erishgan. Ikki adash Rohatoylar va yosh Rohatoy Shukurova, Oygul kelin, Nodir (Qudrat Ramazonov), Yusuf bobo, Larisa Shevchenko, direktor, maktab oʻquvchilari – hammalari Archalidagi oʻtmish va mavjud hayot tarzi ishonarli bayon etilishida yakdil boʻla olganlar. Hatto, V.Xojiqulovga hamshisha boʻlganlar ham, aktyorlar emas, xuddi shu qishloqning odamlaridek tasavvur hosil qiladi. Bu oʻrinda rejissyor, operator, bastakor, rassomlar (postanovka, liboslar, grim boʻyicha), montaj ustasining mehnatlari alohida eʼtirofga loyiq.
Lekin, negadir har qachongidan ham bu gal koʻproq rejissyorning “moʻyqalami” kino manzaralarini yanada yorqin ranglarda, kuchli kontrastda ifodalashini istagan edik. Ammo Ayub Shahobiddinov bu safar ham yozuvchi taqdim etgan birlamchi manbadan koʻp uzoqlashmaydi, kamroq qisqartirishlar, oz-moz toʻldirishlar bilan, oʻzining doimiy uslubiga sodiq holda filmni suratga olgan. Bu sodiqlik – yana oʻsha biqiq mehmonxonadagi televizor orqali asar gʻoyasini yoritishga ozmi koʻpmi yordam beruvchi multqahramonlarda koʻrinadi. Xuddi bu makonda yashayotganlar shu animatsion film qahramonlari kabi goʻdaklik yoshidan oʻtmagan, oʻz huquqi, erkinligi, mustaqilligini hamon kattalarning koʻrsatmasiga koʻra belgilaydi, degandek. Bizda esa, nahotki, rejissyor avvalgi filmlarida qoʻllamagan, tamomila boshqa bir majoz bilan shu fikrni ifodalashga imkon topmagan boʻlsa, degan haqli savol tugʻiladi.