Yabg‘u va tudunlardan iborat hukumat – Buxoroda Islomdan oldingi boshqaruv qanday bo‘lgan?


Saqlash
11:38 / 21.01.2025 184 0

Islomdan oldingi davrda Buxoro G‘arbiy Turk xoqonligi tarkibida edi. VII asrning birinchi yarmida G‘arbiy Turk xoqonligi hududida ko‘plab shahar-davlatlar mavjud bo‘lgan. Ikkinchi xalifa Hazrat Umar davrida Jayhundan Sind daryosigacha bo‘lgan hududda o‘n olti kichik hukumat bo‘lib, ularning ikkitasi (biri So‘g‘d, ikkinchisi Tohariston) yabg‘ulik, qolganlari esa tudunlik deb atalgan. Tudunlik shahar-davlatlarida xoqonlarning “tudun” unvoni bilan atalgan yuqori martabali amaldorlari faoliyat olib borgan. Tudunlar xoqonlikka tegishli soliqlarni yig‘ish ishlarini nazorat qilgan.

 

Ushbu shahar-davlatlarning G‘arbiy Turk xoqonligiga bog‘liqligi hukmdorlarning kuchli yoki zaif shaxsiyatiga qarab o‘zgarib turgan. Toharistondagi shaharlar Tohariston Yabg‘usiga, Buxoro ham kirgan Movarounnahrdagi tudunlar esa markazi Samarqand bo‘lgan So‘g‘d Yabg‘usiga bo‘ysungan. Shuningdek, Ular Samarqandda yashagan So‘g‘d Yabg‘usini oilaning rahbari deb bilishgan. Ammo har biri mustaqil bo‘lib, yabg‘ularga bo‘ysunishi quruq gapdan iborat edi. Shu darajada mustaqil ediki, har biri o‘z qaroriga ko‘ra boshqa bir tudunlik bilan urush yoki sulh tuza olgan.

 

Yabg‘ulik va tudunlik meros yo‘li bilan davom etgan. Tudunliklarning siyosiy va boshqaruv tizimi eski turk odatlari (Turk to‘rasi)ga muvofiq edi. Ammo tudunlarning qabul qiladigan qarorlari yirik yer egalari va boy savdogarlar roziligiga bog‘liq bo‘lgan. Tudunlar ularning roziligini olmasdan muhim qarorlarni qabul qila olmagan. Hukumat ishlarida katta ta’sirga ega bo‘lgan a’yonlar kerak bo‘lsa hukmdorni taxtdan olib tashlab, o‘rniga boshqasini o‘tqaza olgan.

 

Tudunlarning har biri alohida unvonlar bilan, masalan, ixshid yoki axshid kabi nomlangan. Ibn Xurdodbihning yozishicha Buxoro tuduni “Buxor-xudot” deb atalgan. Tarixchi Fryening fikricha, Buxoro hukmdorlarining unvonlari so‘g‘d tilida bo‘lgan, ammo musulmon mualliflar o‘zlariga tushunarliroq va mos keladigan “xudot” so‘zini ishlatgan (Buning dalili sifatida Ermitaj muzeyida saqlanayotgan kumush idish ustiga so‘g‘d alifbosida Buxoro lahjasida yozilgan hukmdor nomini keltiradi. Ammo bu ism boshqa manbalarda uchramaydi, shu vajdan Fryening mazkur fikriga ehtiyotkorlik bilan yondashgan ma’qul).

 

Tarixchi Eberhardning Xitoy yilnomalarida keltirilgan ma’lumotlarga tayanib yozishicha Buxoro hukmdorining tojini oltin va boshqa qimmatbaho toshlar bezagan. Hukmdor 7-8 quloch balandlikdagi, oltindan ishlangan tuya shaklidagi taxtda o‘tirgan. Qabul marosimida malika ham ishtirok etgan. Hukmdor unvonni tantanali tarzda qabul qilganida uning rafiqasi ham rasmiy ravishda “xotun” unvoniga ega bo‘lgan. Bundan kelib chiqadiki Buxor-xudotlar sulolasi turkiy xalqlar odatlariga muvofiq ish yuritgan. Bu an’ana turklar orasida Xunlar davridan beri ma’lum. Ko‘plab turk davlatlarida bo‘lgani kabi, xotunlar boshqaruvda so‘zga ega edi. Hatto Buxoroda boshqaruvni o‘z qo‘liga olgan xotunlar ham bo‘lgan.

 

Xitoy yilnomalarida yozilishicha 609-yilda Buxoro tudunligini Chol-teng laqabli shahzoda boshqargan. U So‘g‘d hukmdori She-fu-pining qiziga uylanadi. Bu qizning onasi G‘arbiy Turk xoni Tateuning qizi edi. Xitoyliklar Chol-teng deb atagan bu shahzoda musulmon tarixchilarning kitoblarida Buxoro hukmdori sifatida tilga olingan Bidun Buxor-xudotdir.

 

Buxor-xudot Bidun vafot etganida uning yagona vorisi Tug‘shoda hali sut emadigan yoshda edi. Shu sababdan taxtga bolaning onasi, ya’ni Xotun o‘tirgan. Manbalarda uning nomi Xotun, Buxoro malikasi, hamda Qabach xotun shakllarida uchraydi. Fryening ta’rifi bilan aytganda, Qabach xotun O‘rta asrlarda Turondagi eng muhim o‘rin va ta’sirga ega ayol bo‘lgan. Xotun Buxoroda 670-yillardan boshlab o‘n besh yil davomida hukmronlik qildi. Arablarning Buxoroni egallab olishga urinishlari aynan uning davrida boshlandi. Har safar Xotun ular bilan kelishuvga erishib, ularga mollar yuborib turdi. Xalifalik qo‘shinlarining ilk harbiy yurishlarini boshlab bergan Ubaydulloh ibn Ziyod, Sa’d ibn Usmon va Salm bin Ziyodlar bilan sulh kelishuvlariga erishgan va ma’lum miqdorda jizya to‘lash shartlari ila xalifalik qo‘shinlarining Buxoroni egallab olishiga monelik qilgan.

 

Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida keltirilishicha, xotunning boshqaruv faoliyati shunday kechgan: “Har kuni ertalab Xotun otiga minib, Buxoro qal’asidan chiqib, Registon darvozasiga borar va o‘sha yerda taxtga o‘tirardi. Atrofida yaqin odamlari, shaharning nufuzli kishilari va xizmatkorlardan iborat saroy ahlining barchasi to‘planardi. Qishloqlardan xizmat qilish uchun tanlangan taxminan ikki yuz nafar dehqon yigitlari Xotunning huzuriga yuborilgan. Bu ularning Buxor-xudotga bo‘lgan sadoqatlarining ham ramzi bo‘lgan.

 

Xotun huzurida oltin kamar taqib, qilich bilan qurollangan amirlar ikki qator bo‘lib, masofada turishgan. Davlat ishlariga oid masalalar ularning oldida muhokama qilinardi. Xotun kerakli ko‘rsatmalar berib, qonun va taqiqlar o‘rnatardi. Zarurat tug‘ilganda xodimlarni lavozimidan chetlashtirar yoki jazolardi. Bu muhokamalar erta tongdan quyosh chiqib yuksalguncha davom etardi. So‘ng Xotun qal’aga qaytayotganida, huzurida bo‘lganlar uni hurmat bilan kuzatib qo‘yishardi. Qal’adan dasturxonlar chiqarilib, barcha xizmatkorlar va yaqinlari ovqatlantirilib, ichimliklar tarqatilardi.

 

Kechki payt, yana qal’adan chiqib, Xotun o‘z taxtiga o‘tirardi. Ertalab bo‘lgani kabi shaharning muhim masalalari muhokama qilinib, yechimlar qabul qilinardi. Quyosh botgach, Xotun otiga minib saroyga qaytardi, dihqonlar va amirlar esa o‘z qishloqlariga ketishardi. Ertasiga yana shu tartibda davom etar, xizmat uchun boshqa kishilar kelib, navbat almashardi. Bir kishi yiliga faqat to‘rt marta xizmat navbatini bajarardi”. Narshaxiyning ma’lumotlaridan ko‘rinib turibdiki Buxor-xudotlarning boshqaruv usuli kengash ko‘rinishida bo‘lgan. Bir kunda ikki marta hukmdor o‘z a’yonari va shaharning ko‘zga ko‘ringan insonlari bilan birgalaikda Buxoro va unga tobe hududlardagi masalalarni muhokama qilishgan va shu masalalarga birgalikda yechim topgan.

 

Narshaxiyning Buxor-xudot Xotunning kundalik rasmiy faoliyati haqidagi ma’lumotlari Buxorodagi boshqaruv tizimining qanday ishlaganiga oid qimmatli axborotdir. Oxirgi qaror Buxor-xudotga tegishli bo‘lsa-da, shaharning nufuzli kishilaridan iborat kengash mavjud bo‘lib, unda shaharning va xalqning muammolari muhokama qilinar edi. Ushbu kengashga Buxor-xudot rahbarlik qilgan. Narshaxiy ma’lumotlariga ko‘ra, kengash a’zolari tartibli ravishda faoliyat yuritgan va davlat arboblariga xos mas’uliyat bilan muhokamalarda qatnashgan.

 

Javohir AZIMQULOV,

Tarix instituti kichik ilmiy xodimi

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati

1.                Muhammad ibn Jarir at-Tabariy. Tarix at-Tabariy.  Ar-Riyod: Bayt al-afkar ad-davliya, 2005.

2.                 Al-Balazuriy. Futuh al-buldon. Bayrut: Muassasa al-maorif, 1987.

3.                Ibn Asam al-Kufiy. Futuh. IV jild.  – Bayrut: Dar al-advo, 1991.

4.                Abu Bakr Muhammad Narshaxiy. Buxoro tarixi.  – Toshkent: Anorbooks, 2022.

5.                Bahaeddin Ögel. Islamiyyetden Önce Türk Kültür Tarihi. Ankara: 1984.

6.                Chavannes. Cin kaynaklarine gore Bati Turkleri. Istanbul: 2007.

7.                Lynch, R.J. Arab Conquests and Early Islamic Historiography TheFutuh al-Buldan of al-Baladhuri. – London: Bloomsbury publishing, 2020.

8.                Hasan Kurt. Orta Asya’nin islâmlaşma süreci. Anakara. 1998.

9.                Frye, Richard Nelson, Bukhara The Medieval Achievement, Norman, 1965.

10.           Günaltay, Şemsettin, Müslümanlığın Çıktığı ve Yayıldığı Zamanlarda Orta Asyanın Umumi Vaziyeti, Ankara.

11.           Eberhard, Wolfram, “Çin Kaynaklarına Göre Orta ve Garbi Asya Halklarının Medeniyeti”, trc. Mecdut Mansuroğlu, Türkiyat Mecmuası, 7-8, (1942), s.125–189.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 24094
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//