Bizning jihodimiz fikr, gazet va basirat hamda ittifoq ila bo‘lur – Behbudiyning sharafli hayoti


Saqlash
18:53 / 17.01.2025 53 0

Turkistonda tug‘ilib, keyinchalik shu yurt jadidlarining yo‘lboshchisiga aylangan, birinchi o‘zbek dramaturgi, milliy teatr asoschisi, noshir, publitsist Mahmudxo‘ja Behbudiyning millat, yurt oldida qilgan ishlari taqsinga sazovor. Ularning nomi turkistonlik jadidlar orasida birinchi bo‘lib ichki Rossiya, hatto xorijiy mamlakatlardagi istiqlolchilar tomonidan siyosiy arbob sifatida e’tirof etilgan. [1. 100.]

 

Mahmudxo‘ja Behbudiy ijodi, bosib o‘tgan yo‘li ilm ahli uchun izlanish, o‘rganish va turli muzokaralarga sabab bo‘ladi. Chunki u haqidagi bor ma’lumot yo‘qoltilgan, o‘zi ham ilmiy-avtobiografik maqola yozib qoldirmagan. Uning faoliyatiga nazar tashlagan kishilar asosan Hoji Muin, Sadriddin Ayniy va boshqalarning “Mehnatkashlar tovushi”, “Zarafshon”, “Ishtirokiyun”, “Qizil bayroq”, “Известия ТуркЦИК”, “Buxoro axbori” gazetalarida, “Inqilob”, “Uchqun”, “Maorif va o‘qitg‘uvchi”, “Наука и просвещение”, “Shu’lai inqilob” jurnallarida bosilgan xabar va maqolalariga asoslanadi. [2. 11]

 

Behbudiyning hatto tug‘ilish sanasi haqidagi fikrlar ham turli xil. Sadriddin Ayniy va Hoji Muin maqolalarida Behbudiy tavallud sanasi hijriy 1291-sana 10-zulhijja deb keltiriladi. Hijriy yilni milodiyga o‘tkazishda turli qarashlar mavjud. Jadidshunoslarning bir qismi bu 1874-yilga to‘g‘ri keladi desa, ikkinchi yarmi 1875-yil deb hisoblaydi. [3. 13.] Masalan, S.Ahmedov “1873-yil mart oyi”ni, A.Aliyev, B.Qosimov, Sh.Turdiyev esa 1875-yilni to‘g‘ri deb hisoblaydi. Sirojiddin Ahmad asarida Behbudiy tug‘ilish sanasi va manzili “1874-yil 30-yanvar, Samarqand shahri Yomini mahallasi” [2. 16.] deb ko‘rsatsa, B.Do‘stqorayev “1875-yilda 19-yanvar Samarqandning Baxshitepa qishlog‘i” deb ma’lumot beradi. [1. 320]. Fikrimizcha, aniq bir hujjat topilgunga qadar hijriy yilnigina ko‘rsatish yoki uni milodiyga o‘tkazishda aniq usuldan foydalanish zarur hamda aytilayotgan fikrni aniq va rad etib bo‘lmas faktlar bilan isbotlagan ma’qul.

 

Mahmudxo‘ja Behbudiyning otasi Sultonxo‘ja (Samarqanddagi madrasalardan birida tahsil olib islom qonunshunoslik ilmini o‘rgangan va o‘ziga “Behbudxo‘ja”, ya’ni “xo‘jalarning jannati vorisi”deb laqab olgan) nasab jihatdan Xo‘ja Ahmad Yassaviyga qarindosh, [2. 11.] onasi – mufti Odil Mansur o‘g‘lining singlisi bo‘lgan. Onasi haqida ma’lumot yo‘q. [3. 22.]

 

Hoji Muinning yozishicha, Mahmudxo‘ja Behbudiy 6-7 yoshligida tog‘asi Muhammad Siddiq huzurida o‘qib, xat-savod chiqaradi. Otasi unga Qur’onni yod oldiradi va u 3–4 yil ichida xatm qiladi. 15 yoshga kirganda tog‘asi Mulla Odil huzurida o‘qishni davom ettirib, arab tili, sarf, nahvdan “Kofiya”, “Sharhi Mullo”, mantiqdan “Shamsiya”, fiqhdan “Muxtasar ul-viqoya”ning birinchi daftarini va “Hoshiya”ni o‘rganadi. Keyinchalik, Samarqand muzofati Chashmaiob bo‘lusida qozi bo‘lgan tog‘asi Muhammad Siddiqning qoshida mirzalik qiladi. Ikki yil qozixona ishlari, fiqh ilmi, meros taqsimi va boshqalar bilan shug‘ullanadi. Keyin Kobud bo‘lusining qozisi mulla Zabirning qozixonasiga mirzаlikka kirib, 1-2 oy o‘tmay muftiylikka o‘tadi va 1916-yilgacha shu yerda fatvo ishlari bilan mashg‘ul bo‘ladi. [4. 19.]

 

Hijriy 1311-yil Sharofat ismli qiz bilan oila quradi. Birinchi farzandi vafot etgach Mas’udxo‘ja, Maqsudxo‘ja, Matlubxo‘ja ismli uch o‘g‘il va Surayyo (Parvina) ismli bir qizli bo‘ladi. Shuningdek, ayolining Kobut volostidagi 10 desyatina yeriga egalik qiladi. [2. 16.]

 

1900-yil farzand dog‘ini yengillatish uchun haj safariga chiqadi. Xo‘ja Baqo hamrohligida Istanbul, Misr, Hijozga boradi. Qaytayotganida Turkiya, Arabiston va Misrdan talaygina kitob va to‘plamlar olib keladi. Xorijdagi sayohati davomida dunyo shiddat bilan rivojlanayotganiga guvoh bo‘ladi, Turkistonning ahvoli bilan solishtiradi. Zamon ilmini egallash, milliy o‘zlikni anglash, hurriyat uchun kurashish, zero “Haq olinur, berilmas”ligiga iqror bo‘ladi.

 

Shundan so‘ng yangi usul maktablarini ochish, ular uchun darsliklar yozish, kutubxona, milliy sho‘ba tuzish, jamiyatdagi illatni ko‘rsatib beruvchi drama ijod etish va jamiyatga oyna vazifasini bajaruvchi jurnal ochish, bundan tashqari, milliy muxtoriyat tuzish harakatini boshlab yuboradi.

 

Mahmudxo‘ja Behbudiy matbuotni haqiqiy minbarga aylantirdi. 1903-yildan unda faol ishtirok etdi. Hoji Muinning ta’kidicha, 18 ta nashrda Mahmudxo‘ja Behbudiyning 200 dan ortiq asarlari chop etilgan. [5] “Turkiston viloyatining gazeti”, “Taraqqiy”, “Shuhrat”, “Tujjor”, “Samarqand”, “Vaqt”, “Ulfat”, “Siroti mustaqim”, “Sho‘ro”, “Irshod”, “Toza hayot”, “Mehnatkashlar tovushi”, “Najot”, “Tarjumon”, “Islom dunyosi” kabi nashrlar shular jumlasidan. Maqolalarda davr muammolari: ta’lim, islom mohiyatini tushunish, tarix, siyosat, til, milliy o‘zlik kabi mavzular ko‘tarilgan. Muallifning yurakdan yozgani har bir satrdagi xasrat, iztirob va kuyunishdan ko‘rinib turadi. Ularning yozilganiga 100 yildan oshgan bo‘lsa ham, bugungacha o‘z dolzarbligi, ahamiyatini yo‘qotmagan.

 

“Ikki emas to‘rt til kerak” sarlavhali maqolada: “Biz turkistoniylarga turkiy, forsiy, arabiy va russiy” kerakligini, ularni o‘rganish davr talabi ekanini ta’kidlaydi. 

 

Adib millatning fikriy o‘sishi, o‘zligini anglashi, turli bid’atlardan qutulishi, o‘z yeriga egalik qilishi va erkin zamon ilmini o‘rganishiga qaratilgan fikrlarini o‘z maqolalarida ilgari surdi. Masalan: “Do‘stlikmi, dushmanlikmi?” maqolasida bolaning o‘qishiga imkon bermasdan, uni yugurdaklikka qo‘ygan, gimnaziyada o‘qigan bolani kofir degan xalqni tanqid qiladi. “Bizni kemiruvchi illatlar”da esa “To‘y va ta’ziyaga sarf qilinaturgan oqchalarimizni biz, turoniylar ilm va din yo‘liga sarf etsak, anqarib ovro‘paliklar taraqqiy etarmish va o‘zimizda, dinimizda obro‘y va rijov topar” degan fikrni ilgari suradi.

 

Mahmudxo‘ja Behbudiy “Hozir bizning jihodimiz fikr, gazet va basirat hamda ittifoq ila bo‘lur” deydi va o‘zi ham gazeta nashr qilishga qaror qilаdi. 1908-yilda Samarqandda milliy gazeta uchun boshlangan harakat, 1913-yil 9-aprelda o‘z natijasini berаdi. “Samarqand” gazetasining birinchi soni 1913-yil 16-aprelda dunyo yuzini ko‘rdi. [1. 186.] Nashrda ma’rifatparvar ziyolilar faol qatnashdi, Behbudiyning maqolalari nashr etildi, viloyatdagi ijtimoiy ahamiyatga ega ishlar yoritildi, illatlar tanqid qilindi, shuning uchun ham tez oradan mushtariylarning e’tibor va e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Taniqli adib va jadid namoyondasi Abdulla Avloniy “Samarqand” gazetasi haqida “...el-u xalqning ko‘zini ochishga bois bo‘ldi” deb ta’kidlagan.

 

Undan so‘ng ilk milliy jurnal – “Oyina” (1913-yil 20-avgust) tashkil qilindi. Mazmun va maslak yo‘nalishidan “Samarqand”ning davomi bo‘ldi. Jurnalda nashr qilingan maqolalar asosan maktab va maorif islohi, illatlar, ortiqcha urf-odatlarga qarshi tanqid, munosabatlar, milliy tarix, adabiy-badiiy asarlar va til masalalari mavzularida bo‘lgan. Qamrovi keng: ichki Rossiya va xorijda ham mutolaa qilingan. 68-soni 1915-yil 15-iyunda chiqqach, muallifning kasalligi vaj qilinib, chiqishdan to‘xtagan. Jurnal o‘z nomiga mos holda Turkistonning ahvolini oynadek hamyurtlariga ko‘rsata olgan.

 

“Padarkush” dramasida xalqning bir illatini va agar unga qarshi chora ko‘rilmasa, nihoya qanday bo‘lishini ko‘rsatib berаdi. 1911-yil yozilgan drama, 1912-yil “Turon” gazetasida bosilgan va Samarqand, Buxoro va Toshkentda teatr sahnalarida ijro etilgan.

 

Shuningdek, adibning “Bir vafolik zaifa xususida” asarini bilmaydiganlar ham topiladi. Unda turmush o‘rtog‘iga sadoqatli bo‘lgan ayol atrofdagilar tomonidan kamsitilish va xo‘rlanishga uchraydi. Unga nomusini pullashini yoki vafot etishi mumkinligini bot-bot takrorlashadi-yu, lekin hech yordam qo‘lini cho‘zishmaydi. Bu asar aholining jamiyatda bo‘layotgan voqealarga befarqligi, qay darajada tubanlashganini ochiq-oydin ko‘rsatadi.

 

Hoji Muin ustozining shaxsiyati haqida yozar ekan, “Mahmudxo‘ja Behbudiy halim, ziyrak, g‘oyat zakovatli va quvvai hofizasi zo‘r bo‘lganidek, so‘zga-da nihoyat darajada usta edi” deya ta’riflaydi. Shuningdek, uning “...xalqga to‘la va faol foyda yetkizmoq uchun qo‘limdan kelgancha cholishaman” so‘zlaridan maqsadini ko‘rsatib beradi. [4. 30–31]

 

Mustamlaka hukumat bunday hur fikrli, milliy o‘zligini anglagan, shuningdek boshqalarni ham “zaharlayotgan” kishini e’tibordan chetda qoldirishi mumkin emas edi. Ularning harakati, har bosgan qadamini xufiyalar chor hukumatga yetkazib turgan. Qulay fursat tug‘ilishi bilan Mahmudxo‘ja Behbudiyni yo‘q qilish maqsad qilingan edi.

 

Bolsheviklar hokimiyatni egallagach, aholining ziyoli qatlamini tozalashni boshlaydi. Mahmudxo‘ja Behbudiy ham Favqulodda kommissiya ayg‘oqchilarining nazaridan chetda qolmaydi. Ular Turkistonga chetdan yordam so‘rash uchun chiqib ketmoqchi bo‘lganida, 1919-yil Shahrisabz bekligida qo‘lga olinib, taxminan ikki oy o‘tgach, Qarshiga keltirib zindonga tashlanadi. Bir necha kundan so‘ng Qarshi begi Tog‘aybekning buyrug‘i bilan yordamchisi Nuriddinxo‘ja Og‘aliq Ahmadxo‘ja o‘g‘li tomonidan zindon yaqinidagi “podsholik chorbog‘i”da o‘ldiriladi. [6]

 

Behbudiy vafotidan so‘ng Topildi Rahmonberdi o‘g‘li “Marhum Behbudiy haqindagi xotiralarim”, Sadriddin Ayniy “Behbudiy Afandini esga tushirib, qatl va qatlgohga xitoban”, “Behbudiy ruhiga ithof”, Abdurauf Fitrat “Behbudiyning sag‘anasin izladim” she’rini, Cho‘lpon “Mahmudxo‘ja Behbudiy xotirasiga” nomli marsiyalarni yozgan. [7]

 

Behbudiy hayotini yoritishda Ahmad Aliyev, Solih Qosimov, Naim Karimov, Begali Qosimov, Sherali Turdiyev, Sirojiddin Ahmedov, Shuhrat Rizayev, Zaynobiddin Abdirashidov kabi koʻplab jadidshunos olimlarning hissasi katta, ularning izlanishlari, yozgan asarlari tufayli Behbudiyga yanada yaqinmiz.

 

Mahmudxo‘ja Behbudiy yurti, millati, vatandoshlarining ilmli, hur fikr, mustaqil bo‘lishini xohlardi, shu yo‘lda umrini, jonini-da fido qildi. U haqiqiy millat qahramonidir!

 

Zebo IBRAGIMOVA,

O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy

kommunikatsiyalar universiteti talabasi

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati

1.                 Boybo‘ta Do‘stqorayev. O‘zbekiston jurnalistikasi tarixi. G‘afur G‘ulom. Toshkent. 2009. 380-b.

2.                 Sirojiddin Ahmad. Mahmudxo‘ja Behbudiy. Info capital books. Toshkent. 2024. 456-b.

3.                 Naim Karimov. Mahmudxo‘ja Behbudiy. Akademnashr. Toshkent. 2022. 320-b.

4.                 To‘plovchi va nashrga tayyorlovchi N.Namozova. Hoji Muin. Tanlangan asarlari. Ma’naviyat. Toshkent. 2005. 176-b.

5.                 Zarafshon gazetasi. 1923. 25-mart. 32-son.

6.                 Nilufar Mirsaidova “Mahmudxo‘ja Behbudiy – buyuk ma'rifatparvar, yozuvchi”. “Tamaddun nuri” jurnali. 2024. 113–118-b.

7.                 https://jadid.uz/jadids/mahmudxoja-behbudiy/

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 24010
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//