
XIX asr oxiri XX asrlar boshlarida Turkistondagi siyosiy, ijtimoiy va madaniy jarayonlar taʼsirida avval maʼrifatparvarlik koʻrinishida vujudga kelgan milliy uygʻonish harakati, asta-sekin ijtimoiy-siyosiy tus ola boshladi. Birinchi rus inqilobi natijasida mustabid Chor imperiyasi konstitutsion monarxiya tomonga oʻtib, parlament – Davlat dumasi taʼsis etildi. Davlat dumasiga Turkistondan deputatlarning saylanib, musulmonlar fraksiyasining shakllanishi ortidan xalq manfaatlarini qonuniy yoʻl bilan himoya qilish imkoniyati paydo boʻldi. Bu esa Turkiston jadid taraqqiyparvarlarining siyosiy kurash maydoniga kirib kelishi uchun sharoit yaratdi.
Turkiston taraqqiyparvarlarining rahnamosi boʻlgan Mahmudxoʻja Behbudiy 1906-yil “Xurshid” gazetasida chop etilgan “Xayr-ul umuri avsatuho” nomli maqolasida nafaqat Turkistondagi, balki butun imperiyadagi mavjud siyosiy hayotni teran va tanqidiy tahlil qilib beradi. Jumladan, “...Hozir Rusiya davlati(ning) tariqi hukmronligi(ni) noqis ekanligiga har bir xabarlik kishi iqror etar. Davlat qonunlarini(ng) isloh va tajdidigʻa har kim moyildur. Ammo Rusiyadagi barcha xaloyiq boshlucha necha aslu asosgʻa boʻlungandurlar. Bu siyosiy firqalarni(ng) har birigʻa har bir mazhab va din ahlidan qoʻshulgandur. Chunonchi, nasoro, yahud, muslim va majusiy toifalarini(ng) ichida bu siyosiy maslaklargʻa moyil kishilar bordur[1]” deb keyin Turkiston masalasiga oʻtadi. “...Biz, turkistoniylar, zamondan kamxabarligimiz uchun bir necha ming kishidan boshqa hammamizni hech bir firqaga mansub yemas, maslaksiz nodon firqasi deb atalsa ham sazodur. Ani uchun biz bu 3 – 4 firqa — partiyalarni asos va maslak sipohiylarisidin muxtasar bayon qilarmiz”. Shundan soʻng Turkiston xalqini imperiyadagi mavjud partiyalar ularning maqsad muddaolari bilan tanishtirishga kirishadi. “Chunonchi, birinchi — “Buyroʻkratiyai mustabid” firqasiki, bular eski tarz hukumat davomini xohlaydur. Rusiyani(ng) eski hukmronligi(ni) tariqi shunday edi. Impiroturimizni(ng) har bir amri va hukmu royi – “zakun” atalib, hech lou naamsiz barcha voliy, sud, vuzaro va bular qoʻl ostida turganlar vositasi-la oʻrnigʻa keladur...”. Monarxistlar partiyasi haqida soʻzlar ekan, uni tanqid qilishni oʻrinlab, “...Bu qoidani idorai mustaqila (samoderjovniy) ataladurki, hozir Ovrupo qitʼasidagi Rusiya va Turkiyadan boshqa qirq qadar katta va kichik davlatlarda yoʻqdur. Idorai mustaqila qoʻl ostidagi fuqarolarni har qancha hukumat odamlari va toʻralargʻa yaqin va munosabati oʻlsa ham ahvoli siyosiya, diniya va dunyaviya va oliyasi durust boʻlmay, kundan-kun tanazzuldadur. Xususan, din va dunyo, ilm va maʼrifat, tamaddun va adolat, musovot toʻgʻrisinda hammadan keyin qolur. Chunonchi, biz, musulmonlarni(ng), diniy va qavmiy huquqimizni(ng) kamchiliklari podshoh hazratlariga yetmay, yetganda ham majlis chlenlari tarafidan radd boʻlub yo iltifotsiz qolur. Buni(ng) sababi ila biz va bizga oʻxshash toifalar tanazzul qilub; ohistalik ila firqasi, toifasi, vatani xor va xarob boʻlub batadrij yoʻq boʻlmoq xavfi vordur...” deydi.
Oʻlkadagi holatga qaytib, “...Turkiston obod boʻldi, ilgari boy kam edi, milyoʻnir yoʻq edi, yaxshi imorat va libos va palos yoʻq edi. Boz, bas, na uchun insofsiz muharriri maʼrazlar xarobmiz deya johilona yozadur deb, anga shunday javob bermoq kerakki, 6 milyoʻn turkistoniylargʻa 3 milyoʻnir borligi maʼlum. Yoʻq, boyman deganlar bank va fabrikantlarni xizmatchisi va madyunidur. Shahar va qarʼyalardagi katta imorat va kazarmaxonalar hamma yahudiy va Ovrupoyilarnikidur... Bir daraja diniy va ilmiy jihatga atf nazar qilinsa, vaqflar ketdi, madrasalar xarob boʻldi. Boriga ham tartib, fexrist, muxtasib, mumtaxin, munazzam yoʻq. Yeski tartib va jadval va darrus kundan-kun mudarrislar tarafidan tarjeʼ qilinur. Ikki milyoʻn turkistoniylar madrasasigʻa Xudodan boshqa nozir yoʻq. Bir raisi diniy va mumayizi ilmiy yoʻq. Oʻzimizda esa insof va xavfi haq yoʻq, aslo yoʻq. Va Olloh, na uchun savodsiz qozi, ilmsiz mudarris, insofdan xabarsiz muftiy, qiroatsiz imomlar olamni bosdi...” deb yozadi.
Shundan keyin “Ikkinchi firqa partiyani kadet mashruta firqasi ataladur. Bu partiyani(ng) murodi shulki, “Millat majlisi” xoh Duma ochilib, har bir milyoʻn xalqdan 3 – 4 vakil poytaxtga borib, majlis qurub, barcha zakun va qonunlarni har bir viloyatni ahvoli va har din va millatni ozod va sarbastligiga aql va insofiga qarab taassubi huquqi bashariya va rioyai diniyaga muvofiq tuzatib, podshoh hazratlarigʻa topshirilsa. Va impiroturimiz ham oʻshal xalq vakillari tayyorlagan zakunlarni oʻrnigʻa kelmoqigʻa humoyun farmoyishlarini qilsalar... Rusiyadagʻi barcha xalq Rusiyani har bir nuqtasigʻa barobar boʻlub, hurriyati diniya, hurriyati shaxsiya, hurriyati ijtimoiya, hurriyati ittifoqiya vaʼz oʻlunub boʻlaturgan qonuni jadida doiralari oning moʻtodicha joriy va mustaʼmil tutulsa, xaloyiq vakillarini(ng) qaroridan xorij hech zakunlar boʻlmay va vakillari xohlamaydurgan eski zakunlar isloh yetilsa... Hozir Rusiyada bu — kadetlar firqasigʻa mansub xalq har din va millat ahlidan nihoyatda koʻpdir. Sobiq Millat majlisi aʼzolarini(ng) aksari bu firqadan edilar. Bu firqa haqiqatda oʻrta firqadur. Moʻtadil al-mizoj xalqlar bu partiyani xohlagandurlar. Bu firqa ifrot va tagʻrit oʻrtasigʻa, sogʻ ila soʻl vasatigʻa, har bir fikr va matlabni avsati va markazigʻa birlashgan bir hizbi mutavassitdur. Rusiya mamlakatigʻa mundin behroq hizb yoʻqdur” degan xulosa beradi. Maqola soʻngida “Ifrot va tagʻrit, yaʼni Ishtirokiyun, Inqilobiyun va Qora guruh degan hizblar sababi ila Rusiyagʻa har kun va har soat fasod va inqilob, buzuqlik joriy boʻlub turubdur... Uchinchi “sotsial-demokraticheski” — ishtirokiyun oʻmiyun — maʼishiyati mushtaraka firqasidurki, bul ham doxilan ikki firqaga boʻlunur. Biri sotsiyol demokrat — ishtirokiyun oʻmiyoʻn, digari sotsiyol revolutsiyoner — inqilobiyundur. Bularni boshlucha murodi hozirgi barcha zakun, mulkiyat qoidalarini butun buzub, mol va yerlarni hamma xaloyiq oʻrtasigʻa mushtarak qilib, aning manfaatini butun xaloyiq oʻrtasida musoviy etmoqchidur. Boylik va kambagʻallikni yoʻq qilib, dunyo moli(ni) rohatidan hammani barobar foydalanturub, masʼud va rohat umr oʻtkazilmoqigʻa va har kim oʻz istiqbolidan amin boʻlmoqiga zakun va qoida joriy qilmoqchidurlar. Bularni proʻgramini joriy boʻlmogʻiga hozirgi asrimiz musoid emas” deydi.
Behbudiyning “Balki necha asrlarga tavaqqufi bordur. Dunyogʻa nelar boʻlmadi. Kim bilur, balki zamoni kelib, bularni(ng) proʻgʻrami qonuniy joriy boʻlsa, hamma minkull al-vujuh barobar boʻlub, sir-kitob raʼigʻa yozilgan Jobulsa va Jobulqo tartib maʼishati yer yuzigʻa balki joriy boʻlur. Har holda, bu partiyani murodi mumkin loyiqiʼ yoyinki xayoliydek koʻrunub, bu toifagʻa qoʻshulmoq biz Musulmonlar uchun nihoyatda zararlikdur. Proʻgʻramlarini(ng) moliya moddalarina bir oz tagʻyir bermagʻuncha, shariatgʻa muvofiq oʻlmagʻoni kabi joniy va oila bobidagi fikrlari ham aslo-aslo toʻgʻri kelmaydur...” degan soʻzlari hamon ahamiyatga molik.
Shundan soʻng musulmonlarning partiyaga birlashishi masalasiga oʻtib, “Toʻrtinchi “Rusiya musulmonlari ittifoqi” hizbidurki, bularni partiya suratigʻa kirgʻanigʻa bir yil boʻldi... Ammo siyosiy va umumiy talab va maslaklar toʻgʻrisinda kadetlargʻa qoʻshilaturgangʻa oʻxshaydurlar. Rusiya musulmonlari hizbi ham oʻzga toifalardek komitet barpo aylamoqchidurlar. Idorai markaziya — Sentralniy komitetlari Pitrburgʻda boʻladur. Bu partiya 31 kishini aʼzoi markaziya saylab, alargʻa Bodi Kubodagi Alimardonbek Toʻpchiboshev janoblarini sadrnishin va Qozondagn Yusuf afandi Oqchurin janoblarini mustashor saylabdurlar. Bu muhtaram aʼzolar, albatta, bir necha shoʻbagʻa boʻlunadurki, shoʻbai ilmiy, shoʻbai siyosiylardan iborat boʻlsa kerak. Bu 31 nafar aʼzolarina Rusiyadagi ahli musulmonlardan bir necha aʼzo intihob qilib olmoqgʻa qaror bermishlar. Ammo bu bobdagi jaroid va tasvidotgʻa qaragʻanda, bizni Turkistondan bir nafar aʼzo intihob qilmoqgʻa qaror bermishlar. Lekin 6 milyoʻnlik Turkiston musulmonlaridan bir aʼzo ozdur. Besh oblustdan 30 nafar ham Buxoro va Xeva va Turkistoni Chiniydagi musulmonlardan birtadan aʼzo olmoq lozimdur” deb taklif beradi.
“Bu toʻrt partiyani(ng) matlabi milliy va maslaki siyosiylarini madomiki, bir necha sahifa ila bayon va sharh qilinmasa, kamxabar kishi tushunmaydur... Turkistonning muhtaram muallif, muharrirlari gʻaraz, nafsoniy hasad, bahs va munozarai shaxsiyalarini tark yetib, shu maslak va shu jamiyatgʻa tobeʼ va xodim boʻlmoqlari xidmati din va davlat, obroʻyi Vatan va Millatdur...” deb maqolani yakunlaydi.
Darhaqiqat, muallif Turkiston xalqini imperiyadagi mavjud siyosiy partiyalar bilan tanishtirishdan tashqari siyosiy madaniyatning ahamiyati, Vatan, Millat obroʻsi uchun barcha ziyolilarni oʻzaro nifoqlarga barham bergan holda birlikka daʼvat etadi. Umuman maqolani Mahmudxoʻja Behbudiyning ayni paytda Turkiston jadid taraqqiyparvarlarining siyosiy doktrinasi deb qabul qilishimiz mumkin.
Mahmudxoʻja Behbudiy mazkur maqola bilan cheklanmasdan, oʻlka uchun madaniy muxtoriyat huquqini olish harakatini ham boshlab yuboradi. 1907-yil noyabr oyida Davlat dumasi musulmon fraksiyasiga murojaat etib, Turkiston oʻlkasini Rossiyaning Yevropa qismidan koʻra koʻproq muxtoriyat huquqiga haqli ekanini taʼkidlaydi. Fraksiyaga oʻzining Turkiston oʻlkasi uchun diniy va ichki ishlardagi (“Idorai ruhoniya va doxiliya”) erkinlikni ifoda etuvchi “Turkiston madaniy muxtoriyati” loyihasini taqdim etadi. Loyihada Behbudiy Davlat dumasiga Turkistonning musulmon aholisi nufuziga mos vakil saylanishi, diniy idora ishlarida erkinlik, Turkistondagi har qanday darajadagi boshqaruvda mahalliy aholi vakillarining ishtirokini taʼminlash, turkistonliklar uchun majburiy va bepul umumtaʼlimni joriy etish, ularning roziligisiz Turkistonga Rusiyaning boshqa hududlaridan aholi koʻchirishni toʻxtatish, rus istilosi davrida tortib olingan vaqf mulklarini qaytarish kabi muhim talablarni ilgari suradi.
25 moddadan iborat mazkur “Turkiston madaniy muxtoriyati” loyihasi mazmunida ochiq-oydin Turkiston uchun “siyosiy muxtoriyat” talab qilingan edi. Loyihaning 1-moddasidan 17-moddasigacha Chor Rossiyasi hukmi ostidagi ishlarga tegishli boʻlib, “Turkiston qozilari xususinda” boʻlimida qozilik va sud ishlarini tashkil etishning huquqiy asoslari haqida qozilar prokuratura idorasiga emas, Turkiston idorayi ruhoniya va doxiliya idorasiga boʻysunishi hamda doimiy ravishda uning nazorati ostida faoliyat olib borishi kerakligi ilgari suriladi. Keyingi moddalarida yana ham kengroq miqyosda erkinlik va siyosiy muxtoriyatni talab qiladi. Xususan 18-moddada Turkiston maktab va madrasalari hukumat nazoratidan ozod boʻlsun; 19-moddada Umumoʻrta va oliy maktablarga musulmonlardan komissiya tayinlansun. Rus harfi musulmon millatiga jabr boʻlmasun; 20-moddada har xil korxona, hibsxona va askarxonalargaki musulmon bordur, musulmon ruhoniysi tayinlansun; 21-moddasida Turkistonga dunyoni har tarafidagi musulmonning yer olmoqgʻa haqqi boʻlsun va inchunin, dunyoga Turkistonlilarda sherik oʻlsunlar; 22-moddasida Sahro, biyobon, koʻhiston va shahar xalqini qadimdan beri oʻrtaga qoʻyub mushtarakan nafʼlanib kelayotgan yoyloq, chashma, biysha, kon, koʻl, margʻzor, nahar va shularga oʻxshash sababi hayot va taraqqilari boʻlgʻuchi nimarsalaridan naflanmakka maniʼ boʻlgʻuchi zakonlar lagʻv (bekor) boʻlsun; 23-moddasida Nahr va katta va kichik arigʻ suvlarin taqsimi aholini ittifoqi va mashvarati ila boʻlsun; 24-moddada Turkiston xalqi talab qilmagʻuncha Turkistonga muhojir yuborilmasun; 25-moddasida Turkiston shaharlari doxilindagi yerlar bu nizom vazʼ boʻlguncha xoh muvaqqat va abadiy boʻlsun, gʻayri musulmonga berilmasun” deyilgan. Garchi loyiha imperiya maʼmurlari tomonidan eʼtiborsiz qoldirilgan boʻlsa-da, Turkiston taraqqiyparvarlarining siyosiy dasturiga aylandi. Jadidlar oʻzlarining siyosiy qarashlarini muttasil rivojlantirib bordi. Xususan, 1909-yil Saʼdulla Tursunxoʻjayev, 1911-yili Munavvarqori doʻstlari Abdusamigʻqori Hidoyatboyev va Hakim Sarimsoqovlar “Turon” jamiyati yoʻllanmasi bilan Yevropadagi siyosiy partiyalar va ularning gʻoyalarini oʻrganish maqsadida Finlandiyaga borganlar.
Fevral inqilobidan soʻng Turkistonga muxtoriyat olish masalasi yana jadid taraqqiyparvarlarining kun tartibiga koʻtarildi. 1917-yil “Hurriyat” gazetasida Mahmudxoʻja Behbudiying “Muhtaram Samarqandliklarga holisona arz” maqolasi chop etildi. Unda muallif Samarqandda yaxshi niyatlar bilan tuzilgan “klub Islomiya” tashkilotini va uning madaniy kurashga kirishganini olqishlaydi. Biroq, ayrim kimsalarning oʻz manfaatlari yoʻlida urushib ketgani natijasida nizolar koʻpayib, birlik qoʻldan ketganidan afsuslanadi[2]. Ayni sonda M.Shohmuhammadzoda ham “Turkiston partiyalari va nodonlik” maqolasida oʻlkadagi siyosiy ahvolni tahlil qiladi. Jumladan, “...Turkistonda ham partiya koʻp ekan, lekin maqsadlarini bilmadik. Andijonda mirkomilchevin va mirahmadchevin, Toshkentda ulamochevin, Samarqandda nafoqchevin va nafsoniyatchevin partiyalari bor. Ularning manbasi nodonlik, manbasi ilmsizlik. Buning oqibati yomon boʻlar... Yoshlarimiz izzat nafs, mansablarni qoʻyib holis manfaatlarsiz, xalqqa xizmat etarlar. Bu yoʻlda qarshiliklarga chidarlar. Bu kun xizmatlari maʼlum boʻlmay qolsa, oʻlganidan soʻng maʼlum boʻlar”[3], deb maqolani tugatadi.
1917-yil yozida Turkistonda keskin ziddiyatlar ostida oʻtgan saylovlar davrida “Turk adami markaziyat” partiyasi Turkiston federalistlarining maromnomasi qabul qilindi. 1917-yil sentyabrda Toshkentda Gʻulomhasan Orifxonov bosmaxonasida nashr etilgan maromnoma uchun ham Behbudiyning “Turkiston madaniy muxtoriyati” loyihasi gʻoyalari asos boʻlib xizmat qildi. Maromnomaning 2-moddasida Rossiya tasarrufida yashagan barcha musulmonlarni qavm va mazhabiga koʻra ajratmasdan diniy masalalarni hal etish uchun saylangan “bir shayx ul-islom taxti rayosati”da, yaʼni islom shayxi boshchiligidagi kengash qoshida hayʼati diniya (diniy xayʼat) tuzish va bu hayʼatda musulmon oʻlkasidagi barcha millatlarning vakillari boʻlishini taʼminlash toʻgʻri, deb topiladi. Eng muhimi unda “Har bir fuqaro qaysi din va mazhabga mansub ekanidan qatʼiy nazar, qonun oldida barobardir; Hech bir kimsa dini, mazhabi va eʼtiqodi uchun taʼqib etilmaydi; vijdon erkinligi kafolatlanadi; Din va mazhablarning birortasiga hukumat tomonidan afzallik va imtiyoz berilmaydi; Har bir fuqaro erkin fikrlash va oʻz fikrini ifodalash hamda matbuot orqali eʼlon qilish huquqiga ega; Fuqarolar xoh oʻz uylarida, xoh boshqa joylarda istagan masalalari yuzasidan fikrlashish, bahslashish va bir xulosaga kelishlari uchun yigʻilish oʻtkazishlari mumkin; Fuqarolar biror jamiyat yoki ittifoq tuzishda toʻla erkinlikka ega; buning uchun davlat idoralaridan ruxsat olish shart emas; Shaxs erkinligi va oila daxlsizligi davlat tomonidan himoya etilib. tegishli mahkamaning qarorisiz biror kishining uyiga kirib tintuv oʻtkazish taʼqiqlanadi; Hibsga olingan har bir kishi 24 soat ichida tegishli mahkamaga topshirilishi lozim; Pasport tizimi tugatilib, har bir kishi xoh mamlakat ichkarisida, xoh, xorijda boʻlsin, xohlagan yeriga hech kimdan soʻramay borish huquqiga ega; Yuqorida bayon qilingan barcha huquqlar qonunlashtirilib, “mudofaa va muhofazai mahkamai oliya”lar – oliy mudofaa va tartibot idoralariga ijro va nazorat uchun yuboriladi” kabi jumlalar oʻrin oldi. Bu esa Turkiston jadid taraqqiyparvarlarining demokratik umumbashariy qadriyatlarga naqadar sadoqati yuksak boʻlganini ifodalaydi.
Maromnoma Turkiston musulmonlarining III oʻlka qurultoyi tomonidan 1917-yil 27-noyabrda Qoʻqon shahrida eʼlon qilingan Turkiston Muxtoriyat hukumatining davlat tizimiga asos boʻldi. Biroq, Turkiston Muxtoriyat hukumati rahbarlari oʻz davlat tuzumlarining asosiy yoʻnalishini qonuniy yoʻl bilan mustahkamlashga ulgurmadilar.
Keyinchalik Ahmad Zaki Validiyning “Jadid taraqqiyparvarlari partiyasi”ning 19 banddan iborat dasturida ham yuqoridagi qarashlar yana rivojlantirildi. Unda jumladan maqsadimiz “...Turkistonni mustaqil qilib, milliy hukumat tuzishdan iborat. Millat til, din madaniyat, adabiyot, urf-odatlar birligiga asoslanadi; Markaziy hukumat aʼzolari millat majlisining roziligi bilan Jumhuriyat raisi (Prezident) tomonidan, viloyatlardagi boshliqlar esa markaziy hukumat tarafidan tayinlanajak. Millat majlisi, Jumhuriyat raisi, viloyat majlislarini saylash tartibi mustaqil Turkistonning birinchi qurultoyi tomonidan belgilanajak; Turkiston milliy hukumati Turkiston milliy askariga tayanajak, harbiy xizmat majburiy; Maorif sohasida bepul boshlangʻich taʼlim olish imkoniyatlari yaratilajak; Turkistonda eng avvalo hunar maktablari yoʻlga qoʻyilajak. Ovrupoga oʻquvchilar yuborishga ahamiyat berilajak; Qadimiy madaniyat oʻchogʻi boʻlgan Turkistonda asrlar mobaynida yuzaga kelgan madaniyat yodgorliklari himoya ostiga olinajak. Ular milliy madaniyatning oʻsishiga xizmat etajak”[4] kabi fikrlarni oʻqishimiz mumkin.
Shundan kelib chiqib, Mahmudxoʻja Behbudiy tomonidan tayyorlangan “Turkiston madaniy muxtoriyati” loyihasi 1917-1918-yillarda Turkiston muxtoriyati, Orenburg va Ufadagi Alash-oʻrda muxtoriyati, Qrim-tatar muxtor hukumati va Butun Rusiya turk-tatar muxtoriyati kabi toʻrtta muxtoriyat hukumatlari uchun ham huquqiy manba boʻlib xizmat qildi. Boisi, 1917-yil yozida Turkiston federalchilar firqasi Maromnomasi tayyorlanishi davrida Mahmudxoʻja Behbudiy bilan Mustafo Choʻqay, Zaki Validiy Toʻgʻon, Piri Mursalzoda, Muhammad Amin Afandizoda kabi yuqoridagi muvaqqat hukumatlarning asosiy shaxsiyatlari hamfikr va hamkorlikda faoliyat olib borganlar. Shulardan kelib chiqib Mahmudxoʻja Behbudiyni nafaqat Turkiston jadid taraqqiyparvarlarining maʼnaviy otasi, balki Turkistonda yangi zamon siyosiy va huquqiy tafakkurining ham dohiysi deb taʼriflashimiz mumkin.
Bahrom IRZAYEV,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori
[1] “Xayrul umuri avsatuho” (“Ishlarning yaxshisi oʻrtachasidur”) // “Xurshid”. 1906-yil 11-oktyabr.
[2] Mahmudxoʻja Behbudiy. “Muhtaram Samarqandliklarga holisona arz” // “Hurriyat”. 1917-yil 19-may. 10-son.
[3] M.Shohmuhammadzoda. “Turkiston partiyalari va nodonlik” // “Hurriyat”. 1917-yil 19-may. 10-son.
[4] Axmad Zaki Validiy. Boʻlinganni boʻri yer. — T.: Adolat, 1997. — B. 112-113.
Falsafa
Jarayon
San’at
Vatandosh
Adabiyot
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q