Iqlim oʻzgarishi va byudjet tanqisligi – Los-Anjelesdagi yongʻin nega hamon oʻchmadi?


Saqlash
15:38 / 16.01.2025 186 0

7-yanvardan boshlab janubiy Kaliforniyaning katta qismi, jumladan, deyarli 13 million aholi yashaydigan Los-Anjeles aglomeratsiyasini yongʻin qurshab oldi. Hozirgacha qurbonlar soni kamida 24 taga yetgan. 13000 ga yaqin uy vayron boʻlgan, 200 000 aholini evakuatsiya qilish buyurilgan. Bir qancha taniqli rayonlar, jumladan, koʻplab mashhurlarning xonadoni yonib ketgan. Yongʻin Hollywood tepaliklariga yetib borib, Los-Anjelesning asosiy diqqatga sazovor yerlari – Hollywood belgisi, Sanset bulvari va alleyaga ham xavf solgan.

 

 

Kaliforniyada yongʻinlar kuzatilishi noyob hodisa emas. Ammo bu qadar halokatlisi ancha yillardan beri kuzatilmagan. Bir necha omillar uygʻunlashib, dahshatli yongʻinni hosil qildi.

 

Qurgʻoqchilik

 

Umuman olganda, Kaliforniyada hozir yomgʻirli mavsum. Lekin 2024-yil bahoridan buyon yogʻingarchilik boʻlmagan. Doimiy mavsumiylikning buzilishi – iqlim oʻzgarishining oqibati, deb yoziladi 9-yanvar kuni chop etilgan Nature ilmiy jurnalida chop etilgan amerikalik iqlimshunoslar maqolasida. Kaliforniyada bir necha yil davomida quruq ob-havo hukm surgan. 2022 va 2023-yillarda esa aksincha, juda koʻp yogʻingarchilik boʻlgandi. Bu esa oʻt, buta va daraxtlarning yaxshi oʻsishiga turtki boʻldi. Undan keyin 2024 – qurgʻoqchilik yili keldi. Barcha oʻsimliklar qurib, yongʻin uchun “mukammal yoqilgʻi”ga aylandi.

 

Shamol

 

2025-yil yanvarida alohida tabiat hodisasi – Santa-Ana shamoli kuzatildi. Bu shunday nomlanadigan katabatik yoki qulovchi shamol boʻlib issiq, quruq va choʻllardagi changlar bilan birga, baland togʻlardan shaharlar joylashgan vodiylar tomon esadi.

 

 

Oʻrmon yongʻinlariga sabab boʻluvchi Santa-Ana shamolining dekabr yanvar oylarida esishi kamyob hodisa emas. Lekin bu safar u juda kuchli boʻlib, tezligi baʼzi joylarda sekundiga 45 metrni tashkil etgan. Bu esa Amerika milliy boʻronlarni kuzatish markaziga koʻra, 5 ta boʻron toifasining ikkinchisiga kiradi.

 

Shamol haligacha toʻxtamagan. Oldinda soatiga 80 kilometrdan tezroq esadigan ob-havo sharoiti prognoz qilinmoqda.

 

Yongʻin oʻchiruvchilarning “omadsizligi”

 

Ayanchli yongʻin haqidagi xabarlarda “murakkab ob-havo sharoiti Los-Anjelesdagi minglab oʻt oʻchiruvchilarga yongʻinni toʻxtatishga imkon bermayapti” degan jumlalarga koʻzingiz tushadi. Ob-havo masalasi tushunarli, lekin oʻsha minglab oʻt oʻchirish guruhlari oʻz faoliyatini toʻgʻri va yetarlicha amalga oshira oldimi?

 

 

Los-Anjeles oʻt oʻchiruvchilarining favqulodda vaziyatga tayyor boʻlmagani siyosiy spekulyatsiya mavzusiga aylanib ketdi. Hatto, AQSHning navbatdagi prezidenti Donald Tramp ushbu mudhish hodisada ishchi jamoalarda ijtimoiy xilma-xillikni taʼminlashga harakat qilgan kadrlar siyosatini ayblamoqda. Xuddiki, malakali xodimlar oʻrniga kvota asosida turli irqiy (va boshqa) guruh vakillari ishga olingan va jamoalarda fidoyi ishlaydiganlar boʻlmagan.

 

Bundan tashqari, Tramp tarafdori boʻlmaganlar ham Los-Anjeles meri Karen Bassni Shahar oʻt oʻchirish departamenti byudjetini 23 million dollarga qisqartirgani uchun qattiq tanqid ostiga oldi.

 

 

Chindan ham, bu ish adolatdan boʻlmagan. 2024-yil iyunida byudjet tasdiqlanganida, hokimlik oʻt oʻchiruvchilar kasaba uyushmasi bilan ish haqini oshirish boʻyicha muzokaralarini hali yakunlamagan edi. Buning oqibatida, noyabrda departament zaxira fondlaridan qoʻshimcha pul olgan. Yaʼni, aslida uning 2025-yilgi byudjeti avvalgi yilgiga nisbatan 53 million dollarga koʻproq. Biroq hatto, oʻsha summa ham yetarli boʻlmasdi.

 

Uzoq davom etgan qurgʻoqchilikdan keyin departament boshligʻi Kristin Krouli soʻngi bir necha oy hukm surgan qurgʻoqchilikdan keyin yongʻin kutilishidan avval hokimlikka boʻlimning ayanchli holatini tavsiflovchi eslatma xabar yuboradi. Uning shtat jadvali, shuningdek, jihozlari (oʻt oʻchirish stansiyalari ham) 1960-yildan buyon deyarli oʻzgarmagan. Bu davrda Los-Anjeles aholisi milliontaga ortdi, chaqiruvlar soni esa besh barobarga koʻpaydi. Oʻt oʻchiruvchilarga faqatgina pul emas, vaziyatni toʻgʻrilash uchun vaqt ham kerak boʻlgan.

 

 

Shahar meri Karen Bass isteʼfoga chiqishi haqidagi savollardan qochib, xalqni bu kabi inqirozli davrda birlashishga chaqirgan. U shuningdek, yongʻinlar toʻliq oʻchirilgach, qaysi choralar ishladiyu qaysilari ish bermagani haqida tahlil oʻtkazilishini taʼkidlagan.

 

Pushti Los-Anjeles

 

 

15 gektardan ortiq hudud, jumladan, Entoni Xopkins, Mel Gibson, Peris Xilton va boshqa mashhurlar xonadoni joylashgan Pasifik Paliseyds tumanini ham qamrab olgan yongʻinni oʻchirishda olov bilan aloqaga kirishgach, yonishni murakkablashtiruvchi uglekislitoli gaz aralashmasidan foydalanmoqda. Aralashmadagi pushti rang esa – oʻt oʻchiruvchilar qaysi hududlarga ishlov berilganini ajrata olishi uchun qoʻshilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 24009
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//