Bu yili Turkiston xalqining milliy qahramoni, jamoat, madaniyat va maorif arbobi, ulamo, birinchi o‘zbek dramaturgi, milliy teatr muassisi, ulug‘ matbuotchi, tarjimon Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi keng nishonlanmoqda.
Nomi nafaqat Turkiston ziyolilariga, Osiyo va Yevropaning ko‘pgina mamlakatlarida ham ma’lum va mashhur bo‘lgan Behbudiyning hayoti hamda faoliyati deyarli bir asrdan buyon tarixchi, adabiyotshunos, siyosatshunos, san’atshunos, huquqshunos olimlar, keng jamoatchilik e’tiborida. Quyida siz aziz mushtariylarga Behbudiyning milliy va diniy qadriyatlar, zamonaviy ta’limning mamlakat taraqqiyotidagi ahamiyati xususidagi ayrim qarashlarini havola etamiz. Umid qilamizki, ushbu bayonimiz Behbudiy shaxsiyatini yanada chuqurroq bilishga, tarixiy tafakkuringizni boyitishga xizmat qiladi.
Ma’lumki, milliy qadriyatlar kishilarning tabiiy, tarixiy va ijtimoiy birligini ta’minlaydigan etnik makonda shakllanadi. O‘zbek xalqining asrlar davomida shakllanib, sayqallanib kelgan milliy qadriyatining takomillashib borishida islom dinining ahamiyati va o‘rni juda salmoqli ekaniga hech kim shubha qilmaydi. Zero, millatimizning ma’naviy merosi, an’analari, urf-odatlarini mana shu muqaddas dindan ayri holda aslo tasavvur qila olmaymiz. Diniy qadriyatlar, islomiy tushunchalar hayotimizga shu qadar singib ketganki, ularsiz biz o‘zligimizni yo‘qotamiz.
Vatanimiz tarixining o‘ta ziddiyatli, tahlikali, turli ijtimoiy-siyosiy jarayonlar yuz bergan davri – XIX asrning oxiri – XX asr boshlarida Turkistonda vujudga kelgan jadidchilik harakatining aksar namoyondalari aynan islom shariati ahkomlarini milliy-an’anaviy qadriyatlarni saqlovchi vosita deb bilganlari ham bejiz emas. Hatto ayrim jadidlar o‘z faoliyatlarini shariatdan chetga chiqqan holda tasavvur etgan emaslar.
O‘z davrida maishiy turmushni, milliy urf-odatlarni isloh qilish borasida jadidlar talaygina ishlarni amalga oshirdilar. Masalan, marosimlardagi dabdababozlik va isrofgarchiliklarni keskin tanqid qildilar.
Turkiston jadidchiligining asoschisi bo‘lgan Mahmudxo‘ja Behbudiy “Oyna” jurnalining 1913-yil 6-7-soni, “A’molimiz yoinki murodimiz” maqolasida musulmonlarga qarata “Kulu va ishrabu va lo tusrifu” [“Qur’oni karim”, “A’rof” surasi 31-oyat. Ma’nosi: Yenglar, ichinglar lekin isrof qilmanglar!] oyatiga rioya qilgan holda isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikka chaqiradi. “To‘y va ta’ziyaga sarf qilinaturgon oqchalarimizni biz, turoniylar ilm va din yo‘lig‘a sarf etsak, anqarib [qisqa fursatda] ovrupoyilardek taraqqiy etarmiz va o‘zimiz-da, dinimiz-da obro‘y va rivoj topar”, deb xalqni da’vat qiladi Behbudiy “Bizni kemiruvchi illatlar” sarlavhali maqolasida [“Oyna” jurnali, 1915-yil, 13-son].
Umuman olganda, o‘sha davrda jadidlar, taraqqiyparvar ulamolar asriy milliy qadriyatlar hamda mahalliy aholining mentalitetiga xos bo‘lgan axloq-odob me’yorlarining himoyachisi bo‘lib chiqdilar. Bu xususda ma’rifatparvarlardan Cho‘lponning quyidagi so‘zlari fikrimizni dalillaydi: “Ey qarindoshlar... katta iltimosimiz shuldurki, Ovro‘paning mo‘dosidan, shishasidan, buzuq axloqidan namuna olmasdan va bunlarg‘a bul jihatdan taqlid qilmasdan, balki ilm, fan, hunar, sanoatga o‘xshashlik madaniyatlardan namuna olib, bul jihatdan taqlid qilmog‘imiz lozimdur. Ovro‘poning mo‘dosi va buzuq axloqi sizlarni xonavayron, bevatan, asir-qul qiladur. Bundan saqlaningiz!!!” [Vatanimiz Turkistonda temir yo‘llar // “Sadoyi Farg‘ona” gazetasi. 1914-yil 6-iyun].