Mahmudxoʻja Behbudiy Turkiston xalqining ong va tafakkurini ochish, millatning oʻzligini tanitish yoʻlida matbuotning beqiyos ahamiyati toʻgʻrisida toʻxtalib: “Jaridalargʻa dunyodagi barcha yangi va eski xabar va ishlar davlatlar orasidagi robitayi ixtilof va nizo va har bir davlatni quvvati moliya va harbiya va siyosiyasi va hukumatni har kungi yangi zakon va prikaz va tartibnomalari har bir xalqni va din ahlini taraqqiy yo tanazzuli va sababi va hukumati oʻz fuqarosi toʻgʻrisigʻa qilib turgan yaxshi va yomon tadbir va hokimdorligi va muddaosi har bir mamlakatni tijorat, sanoat, ziroat toʻgʻrisindagi xabar va mulohazalar ulamo, hukamo va udabo tarafidan xalqqa tegishli nasihatlar hukmron va har xil maʼmur va mansabdorlarni adli yo yojivar va zulmi va fuqarolarni bul toʻgʻridagi arz va dodi xulosayi dunyogʻa neki kerakdur va tirikchiliqgʻa lozim boʻladur jarida va majallalargʻa yozilib turar, xalqgʻa dafʼi zarar va jalbi manfaat uchun yoʻl koʻrsatib turar… Shoʻylaki jarida oyinayi jahonnomadir”, deb yozganida butkul haq edi.
Shu boisdan ham SSSR deb atalmish zulm imperiyasining tajovuzlari natijasida XX asrning 30-yillarigacha Turkistonni tark etishga majbur boʻlgan minglab yurtdoshlarimiz Germaniya, Hindiston, Afgʻoniston, Misr, Turkiya va boshqa koʻplab mamlakatlarda gazeta-jurnallarga asos solib, yurtni ozod etishga doir chaqiriqlar bilan chiqqan edilar.
Xususan, 1927–1931-yillari Istanbuldagi “Yangi Turkiston”, 1929-1939-yillari Parij va Berlin shaharlarida chop etilgan “Yosh Turkiston” va Hindistondagi turkistonlik muhojirlar tomonidan nashr etilgan “Sadoyi muhojirin” (Muhojirlar sadosi) jurnallarida milliy hurriyat va Turkistonni mustamlakachi sovet hukumatidan ozod qilishga doir maqolalar eʼlon qilingan. 1942–1975-yillar mobaynida Germaniyaning poytaxti Berlinda nashr etilgan “Milliy Turkiston” jurnali ham ana shunday vatan ozodligi va hurriyatini talab qilgan nashri-afkorlardan biri edi.
“Milliy Turkiston” jurnaliga Istanbulda tashkil etilgan va xorijdagi Turkiston hurriyati uchun kurashuvchi siyosat arboblari va ziyolilarni oʻzida birlashtirgan “Turkiston Milliy Birligi” (TMB) tashkiloti tomonidan asos solingan. Jurnalning ilk soni 1942-yilning 15-iyunida chop etilgan. Jurnal 1942-1945-yillar Berlinda, 1949-1951-yillari Jenevrada, 1952-1954-yillar va [orada bir muddat tanaffus bilan] 1962-1975-yillarda Dusseldorfda nashr etilgan.
Jurnalda Vali Qayumxon (99 maqola), Boymirza Hayit (66 ta maqola), Iso Yusuf Alptegin (4 ta maqola), A.Zavqiy (32 ta maqola), A.Toshkentlik (28 ta maqola), Ergash Shermat Buloqboshi (17 maqola), Moʻminjon Vodiy Teshaboy (13 ta maqola), Husayn Ikromxon (5 ta maqola), I. Toʻlqin (7 ta maqola), H.Hikmat (6 ta maqola), M.Tojimurod (4 ta maqola), I.Tojiboy (3 ta maqola), J.Murod (2 ta maqola) kabi koʻplab mualliflarning maqolalari chop etilgan.
Guvohi boʻlganingizdek, “Milliy Turkiston” jurnalidagi maqolalarning aksariyati Vali Qayumxon (1904-1993) tomonidan yozilgan boʻlib, dastlab ushbu shaxs haqida biroz toʻxtalib oʻtsak. Vali Qayumxon 1903-yili Toshkentning “Pichoqchi” mahallasida tugʻilgan, shaharlik jadidlar tomonidan ochilgan “Navoiy” nomli maktabda tahsil olgan. 1922-yilning noyabr oyida Abdurauf Fitratning tavsiyasi bilan turkistonlik talabalar qatorida Germaniyaga oʻqishga yuboriladi. U keyinchalik xotiralariga tayanib, quyidagilarni yozgan edi: “Fitrat hazratlarining meni Berlinga tahsil uchun yuborishlaridan hech xabarim yoʻq edi. Yoz vaqtida (1921-yil) men Qozigʻurt togʻi etagida edim. Qozoq urugʻimizning ovulida mehmon boʻlganim vaqt oʻsha togʻning etagida yashovchi qozoqlar: “Toʻfon zamonida hazrati Nuh kemasi shul togʻning uchida toʻxtadi va hali shu yerda turadir. Lekin togʻning uchiga kimsa chiqa olmaydir. Dunyo hayoti shu Qozigʻurt tagidan boshlanadir”, – deb soʻzlab turgan edi, bir kishi Toshkentdan bir maktub keltirdi. Uni Sattor Jabbor Buxorodan yozgan edi. Sattor Jabbor: “…Fitrat seni Buxoroga chaqirmoqda…Buxoroga kel. Fitrat seni tahsil uchun Berlinga yubormoqchi”, – deb xabar qilgan edi.
Men Sattorning xatini olgach, Toshkentga qaytib kelib, mashhur sanʼatchi Uygʻurbekning uyida Choʻlpon, Oʻktam (professor Qayum Ramazon), Elbek, Sanjar (mashhur adabiyotchi), Mannon Ramz (Maorif noziri)larga Sattorning maktubini koʻrsatdim. Ular “Siz Fitrat oldiga boringiz… Tahsil uchun Berlinga ketingiz”, – deb maslahat berdilar. Men ertasi Aʼzam Ayub (buyuk yozuvchi) bi- lan Buxoroga joʻnadim-ketdim. Buxoroda Fitrat hazratlari bizni samimiyat-la qabul qildi. Fitrat oldida Sattor Jabbor, Ahmad Shukriy, Saidalxoʻjalarni koʻrdim. Ular ham Berlinga ketadiganlar safida ekan. Fitrat ularni ham chaqirgan ekan. Men har kuni tushdan keyin Fitrat hazratlari bilan otda amirning yozlik bogʻini aylanardim.Yoʻlda Fitrat hazratlarini tanigan kishilar oʻrinlaridan turib bukilib salom berar edilar. Fitrat hazratlarining obroʻlari juda katta edi”.
Shunday qilib Vali Qayum Berlinga yetib keldi. U dastlab universitetlarga tayyorlov kursida oʻqib, nemis tilini puxta oʻzlashtirdi. Soʻng 1925-yili Berlin universitetining Ziroat fakultetiga oʻqishga kirib, keyinchalik (1928-yil) Siyosat fakultetida tahsilni davom ettiradi. Sovet hukumati tomonidan yurtga qaytgan talabalarning siquvga olinishi va qayta Germaniyaga qoʻyib yuborilmaslik boshlangach, u ham Berlinda qolib Turkiston hurriyati yoʻlida kurashishga qaror qiladi.
Vali Qayumxon turkistonlik talabalar bilan. (Uchinchi qator chapdan birinchi)
Keyinchalik u sovet hukumati tomonidan mahv etilgan Sattor Jabbor haqida quyidagilarni afsus bilan yozgan edi: “Sattor Jabbor yaqin oʻrtogʻim edi. Uni ham Fitrat Berlinga yubordi. Ul Berlin universitetining kimyo-fizika fakultetini bitirgach, yurtimga xizmat qilaman”, deb 1931-yili yurtga qaytdi. Toshkent universitetida kimyo va fizikadan dars berdi. Oʻz tilimizda ilmiy atamalar yaratdi. Obroʻsi katta edi. Studentlar uni domlamiz deb koʻkka koʻtarardilar. Uni “millatchi”, “imperialistlarning josusi” deb 1937-yilda otib oʻldirdilar”.
Qayumov dastlab Berlin universitetining Siyosat fakultetini tamomlab, “XIV asrdan hozirgacha Turkiston” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqlaydi. Kayzer Vilgelm instituti tomonidan berilgan tavsiyaga asosan “Turkistonda paxtachilik” mavzusida ham tadqiqot ishlarini olib borib, izlanishlarining natijalarini II jildlik kitob shaklida nashr ham ettiradi. U talabalik yillaridayoq SSSR oliy hokimiyatining Turkistonda olib borayotgan milliy zulmga yoʻgʻrilgan siyosatini qattiq tanqid qilib maqolalar yozar edi. Fikrimizcha, uning Turkiston ozodligi uchun kurashchi boʻlib yetishishida Mustafo Choʻqayning oʻrni va roli katta boʻlgan. Chunki “Milliy Turkiston” jurnalining 1942-yil 15-iyun sonida chop etilgan maqolada yozilishicha, Mustafo Choʻqay oʻlimidan oldin “Turkistonni ozod etish yoʻlidagi milliy bayroqni” aynan Vali Qayumxonga ishonib topshirgan. Keyinchalik Vali Qayumxon xorijdagi turkistonlik muhojirlarning haqiqiy lideriga aylandi. Boymirza Hayitning yozishicha, uni chetdagi barcha turkistonliklar eʼzozlab “Ota” deb chaqirishgan.
“Milliy Turkiston” jurnalining bosh muharriri sifatida ham Vali Qayumxon samarali mehnat faoliyatini olib bordi. Jurnalning ilk sonidagi “Bizning yoʻl” nomli maqola ham aynan Vali Qayumxon tomonidan yozilgan. Ushbu maqolada: “Yoʻlimiz toʻgʻri, ochiq va belgilidir. Bizning butun tilagimiz Turkiston ozodligi uchun bir yoʻlda, bir tilakda va Turkistonning milliy bayrogʻi ostida toʻplangan holda, mustamlakachilarni mamlakatimizdan quvishdir. Bizning tilagimiz boʻlinmas, parchalanmas Turkiston davlatini qurmoqdir. Birlashaylik, mujodala etaylik, yurtni qutqaraylik. Yashasin milliy Turkiston mustaqilligi!”, – deb yozdi u.
“Milliy Turkiston” jurnalida Turkiston tarixi bilan bogʻliq voqealar, tarixiy siymolarga doir maqolalar, Sovet Rossiyasining Turkistonda olib borgan va borayotgan siyosatiga bagʻishlangan tadqiqotlar, bulardan tashqari Turkistonning jadid namoyondalari – Abdurauf Fitrat, Choʻlpon, Magʻjon Jumaboy va Elbek kabi shoirlarning ham sheʼrlari chop etib borilgan.
“Milliy Turkiston” jurnali
Turkiston tarixi bilan bogʻliq maqolalar ichida Boymirza Hayit tomonidan jurnalining 1950-yil 15-yanvar sonida chop etilgan “Turkiston” nomli maqola alohida ajralib turadi. Muallif unda sovet terminologiyasi (lugʻatchiligi)da Turkiston kalimasi 1924-yilda yoʻq qilib yuborilganidan soʻng, turkistonlik koʻpgina yoshlar bu soʻzni unutib qoʻyishga qadar yetib kelgani, rus tilidagi adabiyotlarda unda-bunda ifoda etilayotgan Turkiston atamasi faqat tarixiy bir termin sifatida qoʻllanilayotgani, Gʻarbiy Yevropaning baʼzi bir ilmiy adabiyotlari esa Turkiston soʻzini faqat sobiq Turkiston general gubernatorligining oʻrni deb soʻzlayotgani va nihoyat rus olimi Bartold ham garchi ilm odami boʻlsa-da, Turkiston soʻziga rus koʻzoynagi bilan qarayotganini taʼkidlab, ushbu soʻzning nihoyatda chuqur tarixiy ildizlarga ega ekanini yozadi. Bundan tashqari muallif, sovet olimlari tomonidan Turkiston atamasi oʻrniga “Oʻrta Osiyo” birikmasini qoʻllashiga qarshi chiqib, bu soʻz geografik jihatdan notoʻgʻri ekanini asoslab beradi. Boymirza Hayit Turkiston atamasining milliy va maʼnaviy ahamiyatini urgʻulab, maqolasini quyidagi soʻzlar bilan tugatadi: “Turkiston xalqi bu kunlarda oʻz ismi va tuprogʻi va yaratgan madaniy boyligi bilan kishilik jamiyatida boshqalar bilan barobar teng huquqda milliy hayot kechirishga toʻla haqlidir. Tarixda turklarning beshigi boʻlgan Turkiston bu kunlarda ham har bir turkning shon va sharafi boʻlib qolajakdir. Turkiston nomi va uning joʻgʻrofiy oʻrni har bir turkistonlik uchun muqaddasdir. Bugun dunyo xaritasida va ilmiy adabiyotlarida faqatgina boʻlinmas Turkiston nomigina qolishligi lozimdir”.
Boymirza Hayitning “Turkiston” nomli maqolasi
Boymirza Hayitning “Milliy Turkiston” jurnalida eʼlon qilingan “Milliy huquq va Turkistonda sovet davlati apparati” nomli maqolasi ham dolzarbligi bilan ajralib turadi. Muallif unda Chor Rusiyasi Turkiston xalqini istaganicha ekspluatatsiya qilish uchun barcha yoʻllarni qidirgani; xalqimiz ustidan oʻzining harbiy diktaturasini oʻrnatib, kolonial imperialistik siyosatini ochiqdan ochiq yuritgani; oʻruslarning ustunligini boshqa xalqlar ustida oʻrnashtirish uchun barcha diqqat-eʼtiborini shu ishga qaratganini; va garchi keyinchalik Chor hukumati agʻdarilgan boʻlsa-da, uning oʻrniga “bolshevizm” degan ikkinchi bir balo Turkistonga olib kelinganini, biroq bu bilan hech narsa oʻzgarmasdan oʻtmishdagi kolonial siyosat ilgarigidan ham keskinroq tus olganini yozadi.
Shuningdek, u maqolada sovet sotsializmining, xususan, bolsheviklar “dohiysi” Lenin tomonidan ilgari surilgan, shov-shuvga boy boʻlgan taʼlimotlarning tagi puch ekani, aytilayotgan gʻoya va takliflar Turkiston xalqining milliy qadriyat va urf-odatlariga mutlaqo zid ekanini ochib tashlaydi. Jumladan, muallif quyidagilarni yozadi: “Lenin: “Biz milliy oʻz-oʻzini belgilash huquqini yaʼni millatlarning mustaqil boʻlishligini istaymiz, biroq mayda boʻlib yoki kichik davlat qurishni emas, balkim biz ulkan davlat va haqiqiy demokratik va internatsionalchilik prinsipidagi millatlar huquqini istaymiz”, deydir. Leninning bu soʻzlari marksizmning millat masalasidagi basharasini [ochiq] koʻrsatib turmoqda: Agar millat oʻz huquqiga, qonuniga, erkinligiga oʻzi ega boʻlmasa, uning nima foydasi borki, “millatni oʻzini-oʻzi belgilash huquqi va uning mustaqil boʻlishligi” haqida soʻz yuritadir? Buning biz uchun hech bir foydasi yoʻqdir. Millat oʻzining huquqini, erkinligini internatsionallikdan yoki demokratizmdan izlab topa olmaydi. Millatning milliy huquqi yoki mustaqil boʻlib yashashi bularga bogʻliq emasdir. Leninning fikricha millatning mustaqil boʻlib chiqishi katta bir davlat qurishlikdan iboratdir. Xuddi mana shunday prinsip asosida SSSR qurilgan – tashkil etilgandir.
Maʼlumki Sovet sotsializmi bu kishilar dunyosining butun huquqlarini, haqlarini yoʻqqa chiqargʻondir.
Sovet sotsializmida – din yoʻq.
Sovet sotsializmida – oila va uning yaxshi turmushi yoʻq.
Sovet sotsializmida – xususiy mulk yaʼni yakka holda boylik saqlashlik yoʻq.
Sovet sotsializmida – insonlarning umumiy huquqlari yoʻq.
Sovet sotsializmida – millat, milliylik, milliy urf-odat va anʼanalar yoʻq.
Sovet sotsializmida – qondoshlik va jinsdoshlik yoʻq.
Sovet sotsializmida – erkin hayot, shaxsiy hurriyat yoʻq.
Sovet sotsializmida – ochiq oldi-sotishlik, yakka savdo yoʻq.
Demak sotsializm “milliy huquqdan yuqori” tursa, albatta millatlar huquqi ham yoʻq, chunki sotsializm millatning barcha xususiyatlarini tashqi va ichki koʻrinishlarini yoʻqqa chiqaradi. Shunday boʻlgach bolshevizm hech qachon milliy huquqni va mustaqil boʻlib chiqib ketishlikni, umuman aytganda millat degan narsani tanimaydi”.
“Yosh Turkiston” jurnalida biografik mazmunga ega boʻlgan maqolalar ham chop etib borilgan. Xususan, jurnalda Mahmudxoʻja Behbudiy, Mustafo Choʻqay, Ubaydullaxoʻja Asadullaxoʻjayev, Munavvarqori, Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlpon, Soʻfizoda va boshqa shular kabi turkistonlik jadid ziyolilarning hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan qator maqolalar eʼlon qilingan. “Milliy Turkiston” jurnalining 1950-yil 66-sonida “Erturk” taxallusi ostida eʼlon qilingan “Mahmudxoʻja Behbudiy” maqolasi ham katta ahamiyatga ega boʻlgan ilmiy materiallardan biridir. “Erturk” maqolasida Behbudiyning faoliyatiga doir yangi va qiziqarli maʼlumotlarni keltirib oʻtadi. Uning yozishicha, Behbudiy Samarqand shahrining buyuk bir diniy oilasida tugʻilib, birinchi tahsilni Samarqandda, yuqori tahsilni esa Buxoro madrasasida koʻrgan. Ul oʻzining madrasa oʻquvi davrida Turkiston “qorongʻu kechalarining yorugʻ yulduzi boʻlgan” Ahmad Maʼzum (1816-1896)ning qoʻlyozmalarini koʻproq mutolaa qilar edi. Bundan tashqari u Buxoro ulamolaridan Ikrom Domlaning taraqqiyparvar tushunchalariga tarafdor boʻlgan. Shuning uchun ham Behbudiyda 1910-yildayoq Turkistonda oʻsayotgan jadidchilik harakatiga qiziqish boshlangan. Shu boisdan u shu yilning oʻzida “Buxoro maorif jamiyati”ga borib qoʻshilgan.
Shu bilan birga maqolada rus tilini yaxshi bilgan Behbudiy Abdurauf Fitratning fors tilida yozilgan “Sayyohi hindi” asarini 1912-yili ruschaga tarjima qilgani, 1913-yilda “Samarqand”, 1913-1915-yillarda “Oyina” gazeta va jurnallarini nashr ettirgani, Ubaydullaxoʻja tomonidan asos solingan “Sadoyi Turkiston” gazetasi sahifalarida ham fikr-mulohazalarini bildirib borgani qayd etib oʻtilgan.
Maqolada Behbudiy eng oldingi saflarda turib Turkiston xalqi haq-huquqlarini talab qilgan fidoiy va xalqparvar inson, zulmga qarshi togʻdek turib bergan alpqomat shaxsiyat, Turkiston Muxtoriyatini eng koʻp targʻib qilgan jurnalist, milliy istiqlolchilik harakatining siyosiy va maʼnaviy yoʻlboshchisi sifatida tasvirlangan.
Ayniqsa, “Erturk” Behbudiyning oʻldirilishi tarixiga toʻxtalar ekan, juda qiziq faktlarni keltirib oʻtadi. Jumladan u shunday yozadi: “Behbudiy Qarshi shahrida oʻz oldiga qoʻygan vazifalarini bajarishga urinar ekan, qizil Rusiyaning Buxoro elchixona xizmatchisi Utkin vositasi ila amir tomonidan tutildi. Behbudiy amirning Qarshi shahridagi voliysi Nuriddin Ogʻaliq tomonidan 1919-yilning 25-martida vahshiyona oʻldirildi. Bul esa bir niqob edi xolos. Haqiqatda esa Behbudiyni amir vositasi ila oʻldirish rus bolsheviklarining sovet komissariyati tomonidan uyushtirilganligi aniqlandi. Buni sobiq Turkiston Shoʻro Jumhuriyatining harbiy vaziri Osipov 1919-yil Buxoroga kelgan vaqtida “Yosh Buxoroliklar jamiyati” ga bergan bayonnomasida bildirgan edi”.
Behbudiyning obroʻ-eʼtibori shu darajada baland ediki, keyinchalik bolsheviklar uning nomidan bir necha yillar mobaynida oʻzlarining chirkin maqsadlarini amalga oshirish yoʻlida foydalandilar. “Erturk”ning maqolasida bu toʻgʻrida ham maʼlumotlar keltirilgan. Jumladan u quyidagilarni yozadi: “Bolsheviklar Behbudiy nomidan gʻayri uzviy ravishda foydalanib keldilar. Ular 1934-1935-yillargacha Behbudiy Turkistonda “Kommunizm mafkurasining boshlangʻich xodimi”, deb koʻrsatib keldilar. Hatto uning adabiy faoliyatini maktablarda oʻz koʻz qarashlari boʻyicha oʻrgatishga ham yoʻl qoʻyib berdilar. Xalqni Sovetga tamoman xayrixoh qilib bogʻlab olishlik uchun Qarshi shahrini Behbudiy deb oʻzgartirishgacha yetib bordilar. Shunday qilib Behbudiy nomi 1935-yilgacha bolsheviklarning ogʻizlarida har kuni zikr qilinib kelindi. Qachonki bolsheviklar mafkura maydonida yengib chiqqan kuch boʻlib oʻrtaga chiqqanidan keyingina Behbudiy nomini soʻzlashlikdan voz kechdilar. Agar u haqida gapirsalar ham uni “sovet dushmani”, “burjua millatchilar mafkurachisi va namoyondasi”, “Angliya imperializmining agenti” deb soʻzlaydigan boʻldilar. Biroq, Mahmudxoʻja Behbudiyning yosh avlodga qoldirgan nasihatlari millatimizning qalbida shon va sharaf-la har doim saqlanib qolajakdir”.
Xulosa oʻrnida aytganda, “Milliy Turkiston” jurnalining jami boʻlib 134 ta soni nashr etilgan boʻlsa, ularning har birida Turkistonning ogʻriqli va shonli tarixi toʻgʻrisida sheʼr va maqolalar uzluksiz tarzda chop etib borildi. Ushbu jurnal XX asr birinchi va ikkinchi yarmidagi Turkistonga tashqaridan turib berilgan tavsiflarning koʻlamini aniqlashda, milliy tariximiz va jadid namoyondalarining hayoti va faoliyatiga doir maʼlumotlarni toʻldirishda va eng muhimi garchi yurtdan majburan chiqib ketgan boʻlsalar-da, ruhan sinmagan, maʼnan egilmagan muhojir ajdodlarimizning ruhiy-psixologik portretlarini yaratishda beqiyos ahamiyatga egadir.
Eng hayratlanarlisi shundaki, jurnaldagi sheʼr va maqolalar bilan tanishib borar ekansiz, bevosita siz ham yurt va millat uchun jon fido etgan muhojir va shahid bobolarimizga qoʻshilib quyidagi soʻzlarni beixtiyor takrorlay boshlaysiz: “Turkistonliklar! Bilinglarki, milliy ozodlik kurashidagi oʻlim, milliy asoratdagi hayotdan afzaldir!”.
Gulnozaxon ALIJONOVA,
Oriental universiteti v.b.dotsenti
Foydalanilgan manba va adabiyotlar roʻyxati
1) Vali Qayumxon. Qiyratilgan qismatlar // “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi. 1992-yil 24-aprel.
2) Vali Qayumxon. Bizning yoʻl // “Milliy Turkiston” jurnali. 1942-yil 1-son.
3) Boymirza Hayit. Turkiston // “Milliy Turkiston” jurnali. 1950-yil 15-yanvar.
4) Boymirza Hayit. Milliy huquq va Turkistonda sovet davlati apparati // “Milliy Turkiston” jurnali. 1943-yil 1-aprel soni.
5) Erturk. Mahmudxoʻja Behbudiy // “Milliy Turkiston” jurnali. 1950-yil 66-son.
6) Çağatay Koçar. Milli Türkistan Mecmuası Bibliyografyası (1942–1975). – Ankara: “Bengü yayinlari”. 2024. – S. 338.
7) Nurgül Uzunel. Avrupa Muhaceretindeki Türkistan Basini: Milli Türkistan Dergisi (1942–1975). Yüksek Lisans Tezi. – Istanbul: 2002. – S. 315.
San’at
Tarix
Vatandosh
Mafkura
Jarayon
Ma’naviyat
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q