
Solih Muhammedov 1902-yili Toshkent shahrida tavallud topgan. Avval jadid va rus-tuzem maktablarida o‘qidi, so‘ng Toshkentdagi Ko‘kaldosh madrasasida tahsil oldi. 1918-1919-yillarda yangi maktablar uchun muallimlar kursida o‘qib, faoliyatini Forobiy maktabida muallimlikdan boshlaydi. Solih Muhammedov Yangi kalon ko‘chasidagi “Namuna” maktabiga mudir bo‘lib, Toshkentning taraqqiyparvar yoshlarining ilg‘or vakiliga aylanadi.
1922-yil kuzida “Ko‘mak” orqali TurkMIK raisi A.Rahimboyev ro‘yxatiga kiritilib, Germaniyaga o‘qishga yuboriladi. Solih Muhammedov 1922–1924-yillari Berlinda gimnaziyada o‘qib, nemis tilini o‘rgandi. 1924–1927-yillar davomida Germaniyaning Shtutgart shahridagi Oliy ziroat akademiyasida bog‘dorchilik-agronom yo‘nalishida o‘qiydi. 1927-yili 4-kursni tugatgan Solih Muhammad do‘stlari To‘lagan Mo‘min, Sattor Jabborlar bilan ta’tilga keladi. Biroq uning yonidan Zaki Validiyning xati chiqqan degan gumon bilan hibsga olinadi va ayblov isbotlanmaganiga qaramay o‘qishga qaytishiga ruxsat berilmaydi.
Solih Muhammedov Fayzulla Xo‘jayev, Akmal Ikromov bilan uchrashib, Kattaqo‘rg‘on tumani urug‘chilik stansiyasiga ishga yo‘llanadi. U Kattaqo‘rg‘ondagi tajriba stansiyasida 5 oy ishlab, 1928-yilning o‘rtalarida Samarqanddagi respublika urug‘chilik boshqarmasiga boshliq bo‘ladi. Shu tariqa mamlakatda urug‘chilik sohasi rivojiga katta hissa qo‘shadi. Tarmoqdagi kamchiliklar haqida respublika matbuotida ko‘plab chiqishlar qiladi (Solih Muhammad. Teskarilar stansiyasi // Qizil O‘zbekiston. 1929-yil 5-yanvar). 1931-yili poytaxt ko‘chgach Toshkentga kelib, 1934-yilgacha Davlat urug‘chilik boshqarmasiga rahbarlik qiladi. Shundan so‘ng ayrim kimsalarning bo‘htonlari asosida rahbarlikdan olinib, O‘zbek paxta tayyorlash boshqarmasida bosh agronom lavozimida ish olib boradi.
1937-yil 6-oktyabr kuni Solih Muhammedovni Germaniya josusi, “Ozod Turkiston” aksilinqilobiy tashkiloti a’zosi kabi ayblovlar bilan qamoqqa olishga qaror chiqarilgan. 1937-yil 11-oktyabr kuni berilgan manzil asosida uning Toshkent shahri, Stalin tumani, Haqiqat mahallasi 57-xonadonida tintuv o‘tkazilib, bor bisoti xatlanib, o‘zi bilan birga olib ketiladi. Ortida turmush o‘rtog‘i Zebo Tursunova, 5 yoshli qizi Nafisa hamda 9 oylik o‘g‘li Turg‘unlar chirqillab qoladi.
Solih Muhammedovga nisbatan birinchi kundanoq dahshatli qiynoq va jismoniy tahqirlar qo‘llanadi.
U 1937-yil 30-oktyabr, 26-noyabr kungi so‘roqlarda umidsiz holda qo‘liga tutilgan barcha qog‘ozlarga, aftidan o‘qib ham ko‘rmasdan imzo qo‘yadi. Solihning 1927-yili ustozi Badriddin Sayfulmulk bilan, 1929-yili Abduvahhob Murodiy bilan, 1931-yili do‘sti Sattor Jabbor bilan do‘stona uchrashuvlari josuslik faoliyati sifatida baholanadi.
Ishga 1937-yil 22-sentyabr kungi Sulton Matqulning, 1937-yil 27-sentyabrdagi To‘lagan Mo‘minning so‘roqlaridan parchalar tikiladi.
Solih Muhammedov 1937-yil 22-dekabrda tergovga boshqa hech qanday ma’lumot berishni istamasligini ma’lum qiladi. Uning ayblov bayonnomasi ashaddiy troskiychi, Germaniya razvedkasiga ishlagan josus kabi bo‘htonlar bilan to‘lgan. Sudi 1938-yil 9-oktyabr kuni soat 12:15 dan 12:35 gacha davom etdi va unga o‘lim hukmi o‘qildi.
Turmush o‘rtog‘i Zebi Muhammedova u bilan yashagan 9 yil davomida uni halol, fidoiy inson sifatida bilganini va faqat Vatan ravnaqi yo‘lida tinimsiz mehnat qilganini eslab shikoyatlar yozdi. Quruq tuhmat bilan qamoqqa olingan turmush o‘rtog‘ining ishini qayta tekshirishlarini so‘radi. Uning aksar arizalari e’tiborsiz qoldirildi. 1941-yil 24-aprelda Zebi Muhammedovaning shikoyati O‘rta Osiyo Harbiy okrugi tomonidan ko‘rilib, yana rad javobi qaytarildi. Javob ishga tikildi-yu, fuqaroga xabar yo‘llanmadi.
1957-yil 2-avgustda Solih Muhammedov SSSR Oliy Sudi Harbiy kollegiyasi tomonidan oqlandi. Bu haqda Toshkent shahri, Beshog‘och tupik, Beshko‘prik, 12-uyda yashayotgan Zebo Muhammedovaga xabar berildi. 1957-yil 14-oktyabrda qizi Nafisa Muhammedovaga yana bir xat yo‘llashib, otasi uchun davlat hech qanday pul bermasligini ma’lum qilishadi...
Quyida shu kunlarda topilgan ikki maktubni e’tiboringizga havola qilsam. Birinchisi Solih Muhammadning 1925-yil 4-sentyabrda Berlindan Toshkentga O‘zbekiston hukumati rahbari Akmal Ikromovga yo‘llagan maktubi, ikkinchisi Janubiy Germaniyadagi o‘zbek talabalarining Solih Muhammad boshchiligida “Farg‘ona” gazetasi tahririyatiga yuborgan xatidir. Mazkur maktublar ham bundan yuz yil avval Germaniyada tahsil olgan Turkiston yoshlarining maqsad-u matlablari, orzu-armonlari haqida axborot beruvchi muhim tarixiy manbalardir:
***
Yoshlar muhibi o‘rtoq Akmal Ikromof!
Olmoniyadagi talabalar ichida Solih Muhammad ismli bir orqadoshingiz borlig‘in balki eshitgandirsiz. 18 inchi yilda birinchi ochilg‘on to‘rt oyliq dorulmualliminda Siz ila birga o‘qudiqdan so‘ngra Eski shahar maktablarinda, kurslarinda mudir va muallimlik vazifalarin uch-to‘rt sana muddati ado etub keldim. Undan so‘ngra bir necha kishi birga to‘planib Olmoniyaga ketmak, u yerda bizga kerakli bo‘lg‘on ilm, hunar va san’atni o‘rganub qaytmoq havasi tushdi. Ul kundan boshlab “Ko‘mak” uyushmasi ochub ishni boshlag‘on edik. U zamonlar bu harakatga lozim bo‘lg‘on yordamlarda ko‘p marataba sizga borur edim. Har zamon mumkin bo‘lg‘on yordamni qilur edingiz. Ana o‘shal vaqtdan beri Sizni yoshlar og‘asi, yoshlar muhibi ismi-la yod eta boshlag‘onmen. Hozirgi kunda tushdigim bir mas’alaning maydonga chiqishi uchun sizning tarafdan beriladirgan amr, yordam qarshusinda intizor bo‘lib turamen.
Masala shundan iborat:
Toshkentdan jo‘nag‘on vaqtimda rafiqamga bir oz muddat o‘qub kelaman. Balki, seni ham oldurub o‘qutadurman deb va’da qilg‘on edim. Shundayki nazaran O‘zbekistonning ezilgan yerli xalqindan bir xotun kishining o‘qub qaytmog‘i har bir jihatdan lozim bo‘lg‘on bir ishdir. Bu yo‘lda qiling‘on yordamingiz katta bir xizmat bo‘luvinda shubha yo‘q.
Muhtaram Akmal afandi!
Shul maktubimni sizga yozdig‘im vaqt shul masala to‘g‘risinda tushuna fikrim torolg‘on, holim parishon bir zamon edi. Maqsaddan boshqa narsalardan yozg‘on bo‘luvim ehtimoli bor. Shuning uchun afuvingizni so‘rayman. O‘rtoq Oxundof bu masaladan xabardor.
Shunga muvaffaq bo‘lsam meni baxtiyor qilg‘on bo‘lurdingiz.
Boqiy hurmat bilan ukangiz Solih Muhammad.
***
Janubiy Olmoniyadagi o‘zbek talabalarining tovushi
O‘zbekiston xalqi va hukumatiga ma’lumki, bundan to‘rt yil ilgari yurtdan chetga talaba yuborib o‘qitish tushunchasi va tilagi juda kuchli edi. Bugunda ham shunday bo‘luvina ishonamiz. O‘tilgan bu tushunchani ishga oshirish uchun yo‘llar tayyorlab turli yerlarga talabalar yuborilgan edi. Ozarboyjon, Maskov, Leningrad kabi yerlarga yuborilganidek butun ochunda madaniyatdan yuksakda sanalgan Germaniyaga-da talaba yuborgan edi. Olmoniyaga yuborilgan talabalardan kimyo, texnika, tib va ziroat kabi ilmning qon tomirlari sanalgan ishlarga kishilar yetkazmoq, tayyorlamoq ishi buyuk armonimiz edi. Bu armonimiz tabiiy, yuzada ochiq turgan bir narsa edi.
Har el o‘z ichidan yetishtirgan ilm kishilari do‘xturi, injeneri, ag‘runomi va boshqa ish kishilari chiqargan taqdirdagina muayyan madaniyatga tobon moyil bo‘lib yuksalur va oldinlaydur. Chunki bir el ichidan ko‘kargan buning singari ilm kishilari o‘z ellarinda ong va tushunchalari bilan yaxshi ham yaqindan tonish bo‘lg‘onlari kabi tirikchiliklarining ichki yuzini va teg-tugi bilan biladurlar. Mana shunday sharoit orqasindagina bir elning orasinda ilm, madaniyat tarqatish qulay va oson bo‘lishi har kimga ochiq belgilidir. Tarix ko‘rsatadirki, o‘z ichidan yetishgan va yetishtirilgan ilm kishilari orqasinda bugungi ko‘rib turganimiz madaniy va yuksak turmushdagi ellar bugungi o‘runlarig‘a (mavqelarig‘a) chiqmishdirlar. Yot ellardan bo‘lg‘on olim, do‘qtur yoki bir injener naqadar joni bilan cholishsa-da bir elning yuksalishiga sabab bo‘lg‘onin tarixda o‘qulmag‘oni kabi tajribada ham ko‘rinmaydir.
Chet ellarga talaba yuborish bilan o‘zini ko‘rsatgan, madaniyatda orqada qolg‘on elimiz ham “hech bo‘lganidan ko‘ra kech bo‘lgani tuzuk” deganlari qabilindan bo‘lib yuksalish va uyg‘onish yo‘lini tushundi. 1922-yil so‘ngrog‘inda boshlang‘ich qilib Buxoro va Turkiston hukumatlari tomonidan Olmoniyaga yuborilgan talabalarning soni 76 ta edi (Qafqoziya va boshqa kichik ellardan yuzlab talabalar bordik). Bu talabalarning yonina har yili yangi talabalar yuborib Ovrupodagi talabalarning sonini ko‘paytirib turishning tilagi ham bizda kuchli edi.
Olmoniyaga kelib tushgan talabalar o‘qishqa chin yuraklari bilan berilib oz zamon ichinda kirganlari turli o‘rta va yuksak maktablarinda buyuk muvaffaqiyatlar qozondilar. Bir olmon talabasi kabi cholishadilar, imtihonlarni o‘z chog‘inda berib keladilar. Talabalarning o‘qushda ko‘rsatgan qozonishlarini Berlindagi O‘zbekiston Maorif komissiyasining markazidan olg‘on qog‘oz va toniq bitiklari (shahodatnoma) yaxshilab ishontirsa kerak.
“Yo‘qsilni tuyaning ustida it qopar” deganidek, biz turkistonliklar Ovrupog‘a kelib chiqdig‘imiz chog‘, munda yotqon oq o‘ruslar bizlarni ko‘ra olmay talabalarg‘a qorshu so‘z hujumlari va to‘suqlar qurib qayrasalar-da, lekin bizga qarshu ziyon yetkiza olmadilar. Maktablarimizda ko‘rsatgan qozonchlarimiz unlarning og‘izlarini yopdi. Talabalarning o‘qushlari anchagina oldinga borib qolg‘ondan so‘ng orag‘a kirib kelgan ba’zi g‘arazli kishilarning shum niyat bilan tebranishlari va ba’zi anglashilmovchiliqlar orqasinda bundan bir yil ilgari sonimiz 60 tadan 38 taga keltirib qo‘yilg‘on edi. Bu ish orqasinda hukumatimizg‘a qancha moddiy zarar bo‘lg‘onliq yuzada turg‘oni shekilli o‘qushdan tortib oling‘on talabalar uchun ham cheksiz zarar bo‘ldi. Bu qolg‘on 38 talabaning soni hukumatimizning so‘nggi buyrug‘i bilan 30 ga tushirildi. Demakki, hozirg‘i kunda ilgarigi Buxoro va Turkiston hukumatlari tomonidan yuborilgan talabalarning yolg‘iz yarmigina qoldirildi.
Talabalar kamaytirilib, yarmisi qoldirilsa-da ta’minot masalamiz tuzuk bir yaxshiroq yo‘lg‘a kirmay turadur. Bundan ikki oy ilgari ta’minotimiz kesilib qolib, talabalar qiyin bir vaziyatda qolmush va og‘ir kunlar kechirmishlar edi. Talabalarni bu vaziyatdan qutqarmoq uchun hukumatimiz Berlindagi SSSR elchiligiga (saforotxonaga) shu yilning oktyabrigacha yetarlik ta’minotimizni yuborub qo‘ymush va maorif komissiyamizning bo‘ynida elchilig‘indan bo‘lg‘on qarzini ustiga olg‘on edi. Buning bilan mas’ala yechildi deb o‘ylag‘on edik. Ammo bu hafta boshinda Berlindagi maorif qumissiyamizdan olg‘on yozuvg‘a qarag‘onda bizning birinchi iyundan boshlab oktyabrgacha bo‘lg‘on ta’minotimizni elchiliq maorif komissiyasining qarzlari uchun bosib qolmishdir.
Bu qarzni o‘rtoq Fayzulla Xo‘ja elchilikka telegrom berib hukumat o‘z ustiga olg‘onin bildirgan va talabalarning oyliqlarini o‘z vaqtida to‘хtamasdan berib turishini so‘rag‘on bo‘lsa-da, bunga qaramasdan, to‘g‘risi ahamiyat bermasdan talabalarning to‘rt oyliq oqchasin ushlab o‘ltirishlarining ma’nosini tushuna olmadiq. Bu qarz bo‘lsa talabalarning ustiga tushadirgan qarz emasdir.
Mamlakatga qaytarib yuborilgan talabalarning maktablari bilan bo‘lg‘on muomala buzulib ketgani uchun unlarning maktablariga, yo‘l kiralarig‘a elchilik tomonidan sarf etilgan minglarcha sum oqchalar va 5 dekabr bayram (O‘zbekiston bir yilliq bayrami), har boshqa shuning kabi bu yerdagi talabalarning hisobig‘a tushadirg‘on sarflardan to‘planib qolg‘on summadir.
Biz Olmaniyodog‘i talabalar uch-to‘rt yildan beri yot elda musofirchilikda o‘qushimizg‘a chandon berilib yotg‘on kishilarmiz. Endigina maktablarimizning bosh imtihonlarni berib umidimizga erishdik deganda, ayniqsa, butun o‘qushimizning jon tomiri sanalgan shu yoz semestrimiz boshinda va elimizning, ham hukumatimizning ustimizga yuklagan vazifasi, muqaddas vazifani yeriga yetqazish uchun cholishib, tirishib turg‘on zamonimizda birdan bizga bunday ta’minotsiz qolish xabari yuraklarimizga momaqaldiroq kabi dahshatlar soldi. Chaqmoq kabi bir ta’sir yoydi. Buning-la el va hukumatimizga murojaat etib so‘raymizki, bizni bu qiyinliqlardan chiqozish yo‘llarin ko‘rub, o‘qushlarimizni tinch davom ettirishimizga yo‘l tayyorlansun va chet elda oqchasiz o‘qub bo‘lmag‘oni kabi bir kun ham yashab bo‘lmaslig‘in unutmasliqlarini umid etamiz.
14.05.1926.
Janubiy Olmoniyadag‘i O‘zbekiston talabalari. Mayelburg‘.
A’zolar:
1. Muhandis Ahmadjon Ibrohim – Berlindan, Janubiy Olmoniyada tajribada;
2. Agranom Solih Muhammad – Shtutgard oliy ziroat maktabinda;
3. Maryam Sultonmurodova – Darmshtadt dorul muallimotidan;
4. Xayriniso Majidxon qizi – Darmshtadt seminariyasidan;
5. Kimyogar Sattor Abdujabbor – Haydelberg dorulfununi;
6. Duxtur Abdulvahhob O‘qtoy – Haydelberg dorulfununi;
7. Kimyogar Sobir Ibrohim o‘g‘li – Darmshtadt.
Bahrom IRZAYEV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Adabiyot
Adabiyot
Adabiyot
Adabiyot
Adabiyot
Ta’lim-tarbiya
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q