Qoraxitoy, eski turkcha va oʻzbek tili qiyosi. Tadqiqot


Saqlash
11:42 / 07.04.2026 266 0

Xitan (qoraxitoy) tili milodiy 907-1125 yillarda Shimoliy Xitoyni boshqargan “Liao” sulolasining davlat tili boʻlib, oʻziga xos yozuv tizimiga ega, ayni vaqtga qadar hali toʻliq oʻrganilmagan. Qoraxitoy saltanati Turon – Markaziy Osiyoning ulkan bir boʻlagi – Sharqiy Turkiston, Yettisuv va Amudaryo-Sirdaryo oraligʻini egallab, Qoraxoniylar sulolasini oʻziga boʻysundirgan yirik siyosiy kuch oʻlaroq oʻtmishda oʻzidan oʻchmas izlar qoldiradi. Etnik kelib chiqishida, hech boʻlmaganda, siyosiy uyushuvida moʻgʻul – tungus – turk elatlari qatnashgan Xitan – Qoraxitoylar turk el-uluslari davlatchiligini oʻzida qamrab olgan yirik siyosiy kuch oʻlaroq bilinadi. Soʻnggi oʻn yilliklarda Daniel Kane, András Róna-Tas va Andrew Shimunek kabi taniqli tilchilarning izlanishlari orqali bu elat tilining soʻz boyligi va tovush tizimi bosqichma-bosqich aniqlashtirilmoqda. Biroq xitan tilining turkiy tillar bilan ne chogʻlik oldi-berdi qilgani, har ikkala til orasida qarindoshlik bor-yoʻqligi bugungacha yaxshi oʻrganilmagan, ayniqsa, oʻzbek tilchilari deyarli izlanishlar olib borishmagan.

 

Xitan va Shirwi (Shiwey — ) elatlari Serbi (Siyanbi — 鲜卑) elining tarmoq urugʻlari boʻlib, koʻpchilik oltoyshunoslar ilgari surganidek, Shirwi urugʻlar birligiga “tungus” tilida soʻzlashuvchi Mo-ho elati, “proto-moʻgʻul” tilida soʻzlashuvchi Meng-wa elati va boshqa oʻnlab koʻchmanchi elatlar kirgan (Ratchnevsky 1966: 231). Turk xoqonligi (552-744) qaramogʻida boʻlgan ushbu elatlar xoqonlikdan oldin va keyin ham oʻnlab turk el-uluslari bilan baʼzan qoʻshni, baʼzan aralash yashab, oʻzaro oldi-berdi qilgan. Bu esa turkiy soʻzlarning xitan tiliga oʻtishi uchun imkon tugʻdirgan. Shu oʻrinda aytib oʻtish kerak, ayrim izlanuvchilar xitanchadagi turkcha soʻzlarni oʻzaro qoʻshnichilik orqali oʻzlashgan deb qarasalar, boshqalar har ikkala tilda oʻxshash soʻzlar uchrashini “Oltoy til oilasi”dagi qarindoshlik bilan bogʻlaydi. Maqolamizda ushbu qarashlarga oydinlik kiritish uchun xitan tilida uchraydigan turkiy ildizli soʻzlarni eski turkcha va oʻzbek tili bilan solishtirib koʻramiz. Izlanishimizda quyidagi tovush oʻzgarishlariga toʻxtalmoqchimiz:

turkiy soʻz boshidagi “b-” ning xitanchada “p-” ga oʻtishi, soʻz oʻrtasidagi “-g-/-γ-” ning tushib qolishi va unli almashinuvlari. Bu tovush oʻzgarishlari xitan tilining turk tillari bilan aloqasini belgilovchi bosh koʻrsatkichlar sanaladi.

 

1. em- – “ichmoq”.

Xitanchada “em-” feʼli “ichmoq” anglamida qoʻllanilgan [Kane 2009: 162]. Eski turkchada boʻlgani kabi koʻplab turk tillarida, shu jumladan, oʻzbekchada “em-” koʻrinishi “soʻrmoq, emmoq” maʼnosida uchraydi. Moʻgʻulchada “emkü-, ümkü-” koʻrinishi “tutmoq, ogʻizda ushlamoq” anglamidadir. Xitancha “em-” soʻzi eski turkcha “em-” bilan fonetik oʻxshashlikka ega, biroq anglam – maʼno boʻyicha biroz farqlanadi: “ichmoq” va “soʻrmoq” anglamlari yaqin boʻlsa-da, bir xil emas. D. Kane ilgari surganidek, ushbu yozuv belgisi old va orqa unlili soʻzlarda ham uchraydi, bu esa soʻzning tovush tizimidagi oʻrnini toʻliq aniqlashni qiyinlashtiradi.

 

 

2. esen – “eson”.

Xitanchada “esen” soʻzi “uzoq umr, sogʻlik” anglamini bildiradi [Kane 2009: 198]. Eski turkchada esa u “esän” koʻrinishida boʻlib, “sogʻ-salomat, eson” anglamida qoʻllanilgan. Moʻgʻulchada ham “esen” koʻrinishini saqlab qolgan bu soʻz koʻplab turk tillarida, ayniqsa, oʻzbek tilida “eson” (esån) koʻrinishida uchrab, “eson-omon” qoʻshaloq soʻzida bugungi kunda ham keng qoʻllaniladi. Xitancha “esen” eski turkcha “esän” bilan fonetik tomonda toʻliq uygʻun keladi. Bu soʻzning uch tilda ham deyarli oʻzgarishsiz saqlanib qolgani uning qanchalik eski ekanini koʻrsatadi.

 

3. tümür – “temir”.

Xitanchada “tümür” soʻzi atoqli ot oʻlaroq uchraydi: “Tümür Tunga” [Róna-Tas 2018]. Róna-Tasga koʻra, xitan tilida “temir” anglamidagi xitancha soʻz “*qaśu” boʻlgan. Moʻgʻul tillaridan biri daur tilida bu soʻz “kasoo” koʻrinishida saqlanib qolgan. Shuning uchun “tümür” soʻzi xitan tiliga keyinroq, chamasi, uygʻurcha qatlam orqali kirgan boʻlsa kerak, deb qaraladi. Eski turkchadagi “temir”, oʻrta va yangi moʻgʻulchada “temür, tömör”, koʻplab bugungi turk tillarida boʻlgani kabi oʻzbek tilida ham “temir” koʻrinishida saqlanib qolgan. Xitanchada “tümür” eski uygʻurcha “tümür” bilan tenglashtiriladi. Bu yerda “e” va “ü” unlilari oʻzaro uygʻun kelishi kuzatiladi. Biroq bu kuzatuvni umumiy tovush oʻzgarishi oʻlaroq ochiqlash uchun qoʻshimcha oʻrganish talab etiladi.

 

4. paka – “baqa”.

Xitanchada “baqa” soʻzi “paka” koʻrinishida uchraydi (Vovin 2013). Eski turkchada bu soʻz “baqa” boʻlib, Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻatit turk”ida ham “baqa – qurbaqa” deb ochiqlangan [Кошғарий 1963, III: 246 ]. Moʻgʻulchada ham “baqa” koʻrinishi qoʻllanilib, bu soʻzning qaysi tildan qaysi tilga oʻtgani bugunchalik ochiq qolmoqda. Oʻzbek tilida esa “baqa” shaklida fonetik tomondan yaqin koʻrinishda saqlangan. Xitancha “paka” eski turkcha “baqa” soʻzi bilan tenglashtirilar ekan, soʻz boshidagi “b-” tovushining xitanchada “p-” ga oʻtishi bir necha soʻzlarda bu tutum kuzatilishi oʻrnagida ilgari surilgan. Shuningdek, “paka” soʻzi ayni shu maʼnoda chuvashchada ham uchrashini aytib oʻtish kerak.

 

5. bal – “bol, asal”.

Xitanchada “bal” soʻzi “asal, bol” anglamida uchrab, eski turkchadagi “bal” soʻzi bilan bogʻlanadi. Moʻgʻulchada ham “bal” shaklida uchraydi, shuningdek, koʻplab turk va moʻgʻul tillarida bu koʻrinish saqlanib qolgan. Oʻzbek tilida esa “bol” (bål) soʻzi siyrak qoʻllanilib, uning oʻrnini arab tilidan oʻzlashgan “asal” soʻzi egallagan. Xitancha “bal” koʻrinishi eski turkcha “bal” bilan fonetik tomondan toʻliq uygʻun keladi. Bu soʻzning turk va moʻgʻul tillarida bir xil koʻrinishida uchrashi tarqalish geografiyasidagi yalpi – umumiylik yoki oʻzlashuv natijasi boʻlsa kerak, deb qaraladi, biroq bu masala bugunchalik ochiq boʻlib qolmoqda.

 

 

6. ordu – “oʻrda”.

 

Xitanchada ordu soʻzi “saroy, qoʻrgʻon” anglamida keladi [Kane, 2009]. Róna-Tasning urgʻulashicha, soʻzning eski turkchadagi ilk koʻrinishi 732-yilda oʻrnatilgan Kul-tegin yodgorligida “ordu” shaklida uchraydi. Moʻgʻulchada ham eski turkcha singari bu soʻz “ordu”, oʻzbek tilida esa “oʻrda” koʻrinishida eskirgan soʻz oʻlaroq saqlangan. Xitancha “ordu” eski turkcha “ordu” bilan fonetik tomondan toʻliq uygʻun keladi.

 

7. – “kishi”

Xitanchada “kü” soʻzi “kishi, odam” demak [Kane, 2009: 162], biroq bu oʻqish koʻpchilik izlanuvchilar tomonidan toʻlaqonli qoʻllab-quvvatlanmagan. Eski turkchada “kün” soʻzi “el-kün” soʻz birikmasida “xalq, kishilar” koʻrinishida keladi. “El-kün” tushunchasi Oʻrxun bitiktoshlaridan boshlab turk tillarida ijtimoiy-siyosiy tushuncha oʻlaroq keng qoʻllanilgan. Moʻgʻulchada esa “kümün” – “odam, kishi” anglamida uchrab, xitancha “kü” bilan negizi bir. Xitancha “kü” koʻrinishi eski turkcha “kün” bilan tenglashtiriladi, biroq bu bogʻlanish toʻgʻridan-toʻgʻri emas, orada boshqa “oraliq tillar qatnashuvi” kuzatiladi. “Kün” eski turkchada koʻpincha “el” soʻzi bilan birikib kelib, yolgʻiz oʻzi qoʻllanilmagani tilchilarni ikkilantiradi.

 

8. sarhan – “ajdaho”

Xitanchada “sarhan” soʻzi atoqli ot oʻlaroq uchrab, Liao tarixida “Salan” (撒懶) koʻrinishida yozilgan (Róna-Tas, 2018). U eski turkchada “sāzagan” boʻlib, sazan baligʻining oti shundan kelib chiqqan deb qaraladi. Róna-Tasning yozishicha, bu soʻz oʻgʻur turkchasida “*šarakan” koʻrinishiga oʻtgan. Va bu tuzilish qipchoq-quman elatlari orasida ham atoqli ot (omonim) oʻlaroq keng tarqalgan.

 

9. qaγan – “xoqon”.

Xitanchada “qaγan” (qagʻan) “xoqon, bosh boshqaruvchi”dir. Bu soʻz eski turkchada “qaγan” oʻlaroq Oʻrxun biriktoshlarida uchraydi. Moʻgʻulchada “qaγan”, “qaan” koʻrinishida saqlangan. Oʻzbek tilida esa “xoqon” (xåqån) deb aytiladi. “Qaγan” soʻzi xitanchaga eski turkchadan oʻtgan deb qaraladi, biroq soʻzning tarqalish koʻlami keng boʻlgani uchun aniq negizini belgilash qiyin. Shuni ham urgʻulash kerakki, bu soʻz xitan tilida siyosiy atama (unvon) oʻlaroq ishlatilib, joʻn bir soʻz holida uchramaydi.

 

10. χɔn – “oʻn”.

Shirwi tilida “oʻn” soni “*χɔn” koʻrinishida tiklangan [Shimunek, 2014]. Bu soʻz “oʻn” sanogʻi anglamida oʻrta moʻgʻulcha “harban”, oʻrta xitancha “*par” koʻrinishlariga toʻgʻri kelmaydi. A. Shimunek urgʻu berganidek, Shirwicha “*χɔn” moʻgʻulcha “harban” bilan bogʻliq boʻlmay, balki eski turkcha “on” va arxaik turkcha “hun” soʻzlari bilan yaqinlikka ega. Bu bogʻlanishning yana bir isboti –vengerlarning oʻz oti – “Hungar ~ Honogur” atamalari eski turkcha “hun ogur” (oʻn urugʻ) etnik atamasida koʻzga tashlanadi. Shunga ayricha urgʻu berish kerakki, “*χɔn” soʻzi Shirwi tili uchun tiklangan koʻrinish boʻlib, xitanchada toʻgʻridan-toʻgʻri kuzatilmagan. Oʻzbek tilida bu son “oʻn” shaklida saqlanib, eski turkcha koʻrinishini deyarli oʻzgartirmay keladi.

 

11. dur – “toʻrt”.

Xitanchada “toʻrt” soni “dur” koʻrinishida qayd etilgan [Kane, 2009]. Shirwi tilida ham aynan shu sanoq “*dur” koʻrinishida tiklangan (Shimunek 2014). Eski turkchada “tört”, oʻrta moʻgʻulchada “dörben”, deyarli barcha turk tillarida, ayniqsa, oʻzbek tilida “toʻrt” (tört) koʻrinishida saqlangan. Xitancha “dur” koʻrinishi Shirwi “*dur” bilan toʻliq uygʻun keladi. Eski turkcha “tört” bilan solishtirganda esa soʻz boshidagi “t-ning d-” ga oʻtishi va soʻz soʻngidagi “-t” ning tushib qolgani kuzatiladi, chamasi.

 

 

12. deya – “dushman, yogʻiy”.

ʼXitanchada “deya” soʻzi “dushman” oʻlaroq tilga olingan [Róna-Tas, 2018]. Eski turkchada bu tushuncha “yağï” koʻrinishida uchraydi. Róna-Tasga koʻra, moʻgʻulcha “dayin” “urush, dushmanlik” va “dayisun” “dushman” koʻrinishlari oʻgʻur turk tilidagi “*dagï”ga yaqin keladi. Xitancha “deya” koʻrinishi oʻgʻur turkchasidagi “dagï” bilan bogʻliq boʻlishi mumkin deb qaraladi. Demak, xitancha “deya” va eski turkcha “yağï” oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliqlik borligi aniq emas. Bu ikki soʻz oʻrtasida oʻgʻur-bulgʻor qatlami qatnashuvi kuzatiladi, biroq bugunchalik bu masala ham ochiq qolmoqda.

 

XITANCHA

ESKI TURKCHA

MOʻGʻULCHA

OʻZBEKCHA

χɔn

on/ hun

harban

oʻn

paka

Baqa

baqa

baqa

tümür

Temir

temür

temir

esen

Esen

esen

eson

bal

Bal

bal

bol, asal

ordu

Ordu

ordu

oʻrda

Kün

kümün

kishi

sarhan

Sāzagan

 

ajdaho

qaγan

Qaγan

qaγan

xoqon

dur

Tört

dörben

toʻrt

ebü

 

ebüge

opoqi

em

Em

emkü, ümkü

soʻrmoq

uji

Uz

 

usta

ka

Aqa

aqa

aka

deya

Yagi

dagi

yogʻiy, dushman

 

Ushbu izlanishda xitan (qoraxitoy) tili bilan bogʻliq eski yozma yodgorliklarda, ayniqsa, Xitoyda yozilib, koʻp yillardan beri anglami ochiqlab berilmay kelingan va endi-endi oʻqilib, anglami berila boshlangan 12 ta soʻz eski turkcha va oʻzbek tili bilan solishtirib chiqildi. Izlanishlar xitan va turk tillari oʻrtasidagi oʻzlashmalarning koʻp qatlamli ekanini koʻrsatadi: ayrim soʻzlar fonetik (tovush va b.) va maʼnosi boʻyicha yaqin koʻrinishda uchrasa, boshqalari uzoq oʻzgarishlar orqali yetib kelgan.

Xitan tilidagi turkcha qatlam bir tekis emasligi koʻzga tashlanadi. Chamasi, unda kamida ikki xil davrga tegishli qatlamni ajratish mumkin: biri oʻgʻur turkchasi bilan bogʻliq boʻlgan eski qatlam, ikkinchisi esa keyinroq, chamasi uygʻur turkchasi orqali kirgan birliklardan iborat qatlam. Shuni koʻzda tuttish kerakki, koʻrib chiqilgan soʻzlarning bir boʻlagi hali tortishuvli boʻlib, ularning kelib chiqishi toʻliq aniqlanmagan. Shu sababli ushbu izlanishimizni tugallangan toʻxtam deb emas, balki kelgusidagi izlanishlar uchun ilk odimlardan biri oʻlaroq koʻrmoqdamiz.

 

Alparslon BOBOYOR.

Chuvash Davlat universiteti talabası

 

Qoʻllanilgan adabiyotlar:

Koshgʻariy, Mahmud. Turkiy soʻzlar devoni (Devonu lugʻotit turk) / Tarjimon va nashrga tayyorlovchi S. M. Mutallibov. 3- tom. – Toshkent: Fan, 1963

Kane, D. (2009). The Kitan Language and Script. Leiden: Brill.

Róna-Tas, A. (2016). “Khitan Studies I. The Graphs of the Khitan Small Script: 1. General Remarks, Dotted Graphs, Numerals” // Acta Orientalia Academiae Scientiarum Hungaricae, 69, pp. 117–138.

Róna-Tas, A. (2017). “Khitan Studies I. The Graphs of the Khitan Small Script: 2. The Vowels” // Acta Orientalia Academiae Scientiarum Hungaricae, 70. Pp. 135–188.

Róna-Tas, A. (1979). “Turkic Elements in Khitan” // Acta Orientalia Academiae Scientiarum Hungaricae. Vol. 33, No. 1. Budapest, 1979. Pр. 1–21.

Shimunek, A. (2014). “Early Serbi-Mongolic—Tungusic Lexical Contact: Jurchen Numerals from the NÌ Shirwi (Shih-wei) in North China”. Acta Orientalia Academiae Scientiarum Hungaricae, 67. Pp. 97–118.

Vovin, A. (2013). “Old Turkic Loanwords in the Khitan Language” // Yalım Kaya Bitigi. Osman Fikri Sertkaya Armağanı. Ankara. Pp. 621–625.

Vovin, A., McCraw, D. (2011). “Old Turkic Kinship Terms in Early Middle Chinese” // Belleten, 2011, 1. Pp. 105–116.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

12:04 / 17.04.2026 0 347
Najmiddin Turon ijodida davr ruhi tahlili





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//