Yaqinda turkiyalik kinoijodkorlar tomonidan yaratilgan “Plaza Köylüleri” hujjatli filmini tomosha qildim. Kartina bir xillik sindromi sabab 25-35 yoshdagi kishilarning ishlarini tashlab, qishloqqa, sokin hayot tarzi tomon ketishlari haqida hikoya qiladi. Qiziqarli jihati, film qahramonlarining deyarli hammasi nufuzli kompaniyalarning xodimlari, maʼlum darajadagi karyera sohiblari edi. Ular faqat materialistik yutuqlar payida yugurib-yelisharkan, kunlarning birida ruhlari majruhlanganini anglab qolishgan. Bir qahramon tilidan aytilgan ushbu soʻzlar, ayniqsa, diqqatimni tortdi: “Bu sindrom quti ichidagi qutiga oʻxshaydi: ofis-quti, lift-quti, xona-quti...” Boshqa bir qahramon esa “Endi xobbilarimiz ham bir ish varianti sifatida shakllanyapti. Bir kishi oʻzini yaxshi his qilishi uchun emas, kelajakda hozirgi ishimdan ayrilib qolsam yoki ishim yoqmay qolganda hech boʻlmaganda dars beraman deb yoga oʻrganyapti, qahva tayyorlash kursiga qatnayapti”, – deydi. 1990-yillarda boshlangan, asosan 20-22 yoshlilar orasida avj olayotgan ish, oila, barcha-barchasini tashlab ketish jarayoni bugun Yaponiya iqtisodiyotini sezilarli darajada orqaga tortmoqda. Bu hodisani ramziy tarzda “bugʻlanish” deb atashadi. Yaʼni insonlar hayotning tobora moddiylashib, raqobat maydoniga aylanib borishi ortidan ruhiy bosimlarga uchrab, xorijga bosh olib ketishgan.
Ushbu jarayonda ijtimoiy tarmoqlarning hissasi katta, deyish mumkin – u insonlarning didi, maqsadlari, umuman olganda, turmush tarziga yetarlicha taʼsir oʻtkazyapti. Odamlar “trend”dagi bir xil qimmat mashinalarni haydash, bir xil soat taqish, bir xil kiyinishga harakat qila boshladi. Ammo bunday surunkali poygada yashash ularni ruhan ezib, axiyri holdan toydirmoqda. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, dunyo boʻyicha psixologik anomiya (ruhiy zoʻriqish) kasalining ortishiga asosiy sabablaridan biri aynan shu hol boʻlmoqda. Yaʼni bu jarayon odamlarni har ruhan, ham jismonan majruh qila boshladi.
Bugun yuz berayotgan ushbu hol tarixga “prokrust toʻshagi” nomi bilan kirgan voqeani eslatadi. Qadimgi yunon afsonalarida yozilishicha, Prokrust ismli bir qaroqchi qoʻlga olgan odamlarini oʻzining toʻshagiga yotqiza boshlaydi: baland boʻylilarni oyogʻini kesib, pakanalarni oyogʻidan tortib, choʻzib toʻshakka moslaydi. Toʻgʻri kelsa-kelmasa odamlarni yoki narsalarni zoʻrma-zoʻraki bir qolipga, andozaga solish jarayoniga “Prokrust toʻshagi” deya nomlash ayni shu voqelikka bogʻliq. Jeyms Klirning “Atom odatlar” asarida jamiyatda sunʼiylikning urchib ketishi, birxillashuv, insonlarning botinga emas, zohirga koʻproq eʼtibor berishi, dunyo va unga bogʻliq boʻlgan barcha odatlarning tobora jozibali boʻlib borayotgani bilan izohlanadi. Bu jarayon fan tilida “supernormal stimul” deb ataladi. Kitobda bu hodisaga batafsil toʻxtab oʻtilgan: “Jamiyatimiz borliqning ataylab kuchaytirilgan variantlari bilan toʻla. Hozirgi dunyo ajdodlarimiz yashagan davrga nisbatan ancha jozibaliroq. Ijtimoiy tarmoqlar uyda yoki ishda toʻplashni tasavvur ham qilib boʻlmaydigan darajada koʻp maqtov va “layk”larni taklif etadi. Reklamalar mukammal yorugʻlik, professional pardoz va kompyuterda qoʻshimcha ishlov berish yoʻli bilan yaratiladi. Fotoshopda ishlov berilgan suratdagi modellar haqiqiy odamga oʻxshamaydi. Bu zamonaviy dunyoning supernormal stimullaridir. Ular biz uchun tabiatan jozibali boʻlgan sifatlarni boʻrttirib taqdim etadi. Bu esa oʻz navbatida instinktlarimizni junbishga keltiradi. Natijada kerak-nokerak mahsulotlarni sotib olish, ijtimoiy tarmoqlarga berilib ketish, pornografik saytlarga kirish va nosogʻlom ovqatlanish singari zararli odatlar yuzaga keladi. Agar shunday davom etaversa, mahsulot va xizmatlar kelajakda bundan-da jozibaliroq boʻlishiga hech qanday shubha yoʻq. Mukofot koʻproq diqqat markazimizda, stimullar esa tobora yoʻldan ozdiradigan boʻlib boradi. Nosogʻlom ovqatlarda kaloriyalar tabiiylariga qaraganda koʻproq jamlangan. Aroqda pivoga nisbatan koʻproq alkogol boʻladi. Video oʻyinlar esa hayotdagi oʻyinlarga nisbatan intensivroqdir. Tabiiy stimullarga nisbatan bunday lazzatli hissiyotlarga qarshilik qilish anchagina mushkul vazifa. Ajdodlarimizning miya tuzilishini saqlab qolgan holda ular tasavvur ham qila olmaydigan aldov va chalgʻitishlarga duch kelmoqdamiz. Aynan shu faktlardan kelib chiqib, kundan kunga biz yashayotgan hayot afsonadagi toʻshakka aylanib borayotgandek tuyuladi. Yaʼni atrofda qoliplar, maʼlum bir andozalar, shaklbozlik oʻyinlari ketayotgandek. Xuddi ijtimoiy tarmoq uchun ovqat yeb, sayohat qilib, baxtli boʻlinayotgandek”.
Masalaga generalist nigohi bilan qarasak, kapitalistik tuzum ham insoniyatni shu ahvolga kelishiga sabab boʻlmoqda. “Yagona haqiqat – ehtiyoj” gʻoyasini ilgari suruvchi ushbu tuzum insonlarni “isteʼmolchilar jamoasi”ga aylantirdi. Endi insonning qorni toʻq, kiyimi bor, uyi saroy boʻlsa-da, baribir ehtiyoji bor. Yaʼni inson ongsiz ravishda oʻz hayotini poygaga qiyoslab, umum eʼtirof etgan ehtiyojlar orqasidan ketaveradi. Bu hodisa jamiyatshunoslar tomonidan “kalamush poygasi” deb ataladi. “Kalamush poygasi” – bu cheksiz davom etadigan, kishini holdan toydiradigan maʼnosiz harakat. Yaʼni insonga bu matoh haqiqatda kerakmi yoki yoʻq, unga erishish yoʻlida tinimsiz zombi kabi harakat qilaveradi. Istisno tarzida aytish kerakki, oʻz didi va shaxsiy istaklarida kelib chiqqan holda biror narsani yoqtirib unga ega boʻlish uchun harakat qilish umuman boshqa masala. Yanada batafsilroq aytadigan boʻlsak, hozirgi davrda “olomon madaniyati” vujudga keldi. Bu shunday madaniyatki, uning tub negizi oʻzligini tanimagan, oʻz qadriyatlariga ega boʻlmagan insonlarning oʻta maishiy xohish-istaklaridan iborat, xolos. Yuqorida taʼkidlaganidek, internet, ijtimoiy tarmoqlar mana shu madaniyatning insonlar qon-qoniga singib ketishida kuchli vosita vazifasini oʻtamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda hayotda juda joʻn haqiqatga ega, maishiy istaklar doirasida oʻralashib qolgan bir hovuch bloger, vayner, “sanʼatkor”lar, umuman omma eʼtiborini jalb qilgan hamma juda muqaddas tuygʻulardan boʻlmish baxt, muhabbat, hurmatni soʻnggi rusumdagi “iPhone”, allaqanday yangi rusumdagi mashinalar, sayohat chiptalariga bogʻliq ekanini targʻib qilmoqda.
Pulning inson farovonligi uchun birlamchi vositalardan biri ekanini inkor qilib boʻlmaydi. Lekin u vositagina boʻlib, farovonlik, baxtning oʻzi emas. Inson “Iphone”, “Gelik”, xorijga sayohat chiptalarisiz ham baxtli boʻlishi mumkin. Albatta, ushbu qarashlar bilan “Diogen falsafa”sini ilgari surish niyatidan ham yiroqman: “Insonda hech qanday ehtiyoj boʻlmasligi kerak” emas, boʻlishi kerak. Aslida, ehtiyojlar insonni hayotiga maʼno beradigan, uni doim harakatda, tinimsiz intilishda yashashini taʼminlaydigan dvigatellardir. Harvard mutaxassislarining tadqiqotiga koʻra, inson oʻz potensialidan toʻliq foydalanganda, baxtli boʻlish, oʻz-oʻzidan qoniqish hislari vujudga kelish koeffitsiyentlari yuqori boʻladi. Shunday ekan inson hech qachon harakatdan, hayotni maksimal darajada yaxshilashdan toʻxtamasligi kerak. Ammo bu jarayonda sizni “kalamush”ga aylantirishlariga yoʻl qoʻymaslik, Prokrust toʻshagiga moslashish uchun tana aʼzoyingizni kesib otmasligingiz kerak. Orzu-maqsadlaringizni kimlardir belgilab berishi emas, oʻzingiz anglay olishingiz, ichki tuygʻularingizni eshitishingiz kerak. Shundagina, olomondek fikrlashdan qochgan, oʻzingizgagina xos boʻlgan dunyoni yaratgan boʻlasiz.
Mehrinoza FARMONOVA tayyorladi.
Tarix
Tarix
Tarix
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q