“Xitoyda navbatdagi dahshatli Metapnevmovirus (hMPV) paydo boʻldi. U Covid-19 ga oʻxshash simptomlar bilan namoyon boʻlib, tez tarqaladi. Xitoy shifoxonalari unga chalingan bemorlarga toʻlib ketgan. Hozirgi kunda qator rivojlangan davlatlarda ham zararlanish holatlari aniqlandi. Oʻlim darajasi esa yuqori” – yangi Metapnevmovirus haqida ijtimoiy tarmoqlarda shu mazmundagi maʼlumotlar juda koʻp tarqalmoqda. Ular haqiqatga qanchalik yaqin? Metapnevmovirusning tarqalish yoʻli, belgilari va xavf darajasi qanday?
Metapnevmovirus qanday kasallik?
Inson metapnevmovirusi havo tomchi yoʻli bilan yuqadigan virus boʻlib, u ayniqsa, kichik yoshdagi bolalar, qariyalar va immun tizimi past boʻlganlar uchun xavfli sanaladi. Kasallik simptomlari gripp, ayniqsa, Koronavirusnikiga juda oʻxshash. Ulardan eng koʻp uchraydigani – burun oqishi, yoʻtal, yuqori tana harorati, titroq, nafas olishdagi murakkabliklar hamda umumiy holsizlikdir.
Xitoy bu virus haqida nima deydi?
Rasmiy maʼlumot manbasi – Xitoy kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika boshqarmasi saytidagi maʼlumotlarga koʻra, virus Xitoyda 2024-yil yakunida aniqlangan: Shifoxonada 23-29-dekabr davrida tahlil uchun nafas olish yoʻlidan olingan namunalar asosan gripp, inson Metapnevmovirusi va rinovirus boʻyicha ijobiy natija koʻrsatgan. Xabarda aytilishicha, Xitoy avvalgidek, respirator yuqumli kasalliklarining keng tarqalish mavsumini boshdan kechirmoqda. Ayniqsa, mamlakatning shimoliy hududlarida oʻsish tendensiyasi aniqroq seziladi.
Boshqacha qilib aytganda, gap anʼanaviy, mavsumiy ORVI bilan zararlanish holati haqida bormoqda.
Xitoy Sogʻliqni saqlash organlari metapnevmovirusning noodatiy xavfi, ogʻir oqibatlari haqidagi xabarlarni tasdiqlamagan. Rossiya, Qozogʻiston va Oʻzbekistonlik mutaxassislar ham shunday fikrda:
“Bu borada xavotirli hech narsa yoʻq. Bu virus insonlar orasida allaqachonlardan beri aylanib yuradi. Biz uni yenga olamiz. Bizga dahshatli xavf soladigan biror narsa koʻrmayapman” – deydi rossiyalik taniqli biolog, professor, Biologiya fanlari doktori Ancha Baranova.
Qozogʻiston Sogʻliqni saqlash vazirligi qayd etishicha, inson metapnevmovirusi oʻnlab yillardan buyon turli mamlakatlarda “kezib” yurgan klassik viruslardan sanaladi. Oʻzbekiston SSV ham bu virus tibbiyot va insoniyat uchun yangilik emasligini aytib, ortiqcha xavotirga oʻrin yoʻqligini taʼkidladi.
Shu bilan birga, turli mamlakatlarda Metapnevmovirusi tarqalish xavfini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar ham oʻtkazilmoqda.
Xitoy shifoxonalari bemorlarga toʻlgani haqidagi maʼlumotlar ham tasdigʻini topmagan.
Baʼzi manbalarga koʻra, Metapnevmovirus epidemiyasi Xitoyning Uxan shahrida Koronavirusning ilk paydo boʻlishi haqidagi ogohlantirishdan 5 yil oʻtib maʼlum boʻlgan. Unga tayanadigan boʻlsak, virusning bir necha 10 yillardan buyon mavjudligi toʻgʻrisidagi fikrlar tasdigʻini topmaydi. Qolaversa, Jahon Sogʻliqni saqlash tashkiloti ham virusning bu turi haqida 6-dekabr sanasiga qadar biror tushuntirish bermagan. 6-dekabr kuni esa BMTning rasmiy sahifasida Metapnevmovirus bilan bogʻliq vaziyat haqida soʻz borar ekan, JSSTning Yevropa byurosi rahbari Xans Klyuge fikriga tayaniladi. Vikipediyada boʻlsa, virusning dastlabki paydo boʻlish hududi Xitoy, Uxan shahri ekanini, boshlanish davri 2025-yil 2-yanvar sanasiga toʻgʻri kelishini koʻrish mumkin. Shuningdek, u yerda Virus paramiksoviruslar oilasiga tegishli boʻlib, u bilan kasallangan bemorlar Xitoy sogʻliqni saqlash tizimiga ogʻir bosim boʻlgani, mamlakat shifoxonalari joriy yilning dastlabki kunlaridanoq Metapnevmovirus bilan zararlangan bemorlarga toʻlib ketgani qayd etilgan.
JSST nima deydi?
Jahon Sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) ning Yevropa byurosi rahbari Xans Klyuge BMTga bergan maʼlumotga koʻra, inson Metapnevmovirusi odatda yoʻtal, yuqori tana harorati, burun bitishi va xrip simptomlari bilan namoyon boʻladigan, yetarlicha keng tarqalgan respirator virus sanaladi.
Biroq infeksiya ogʻir oqibatlarda, ayniqsa, yosh bolalarda, qariyalarda va surunkali kasalliklari boʻlgan bemorlarda pnevmoniyaga olib kelishi mumkin. Virus u bilan zararlangan insonlar bilan yaqin aloqa yoki ifloslangan yuzalardan havo tomchi yoʻli bilan yuqadi.
Mutaxassisga koʻra, kasallikning joriy qamrovi va intensivligi oʻtgan yilgiga nisbatan pastligicha qolmoqda. JSSTning Xitoydagi shtab-kvartirasi kasallik bilan bogʻliq vaziyat haqida doimiy maʼlumot olib, virus turlari, shtammlardagi oʻzgarish va patogenlar monitoringi uchun zarur yordamlarni koʻrsatmoqda.
Klyuge shuningdek, sogʻliqni saqlash sohasida shaffof va operativ muloqot muhimligini taʼkidlab, favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlikdan tashqari, dezinformatsiya va yolgʻon maʼlumotlarga qarshi turishda ishonchli manbalardan maʼlumot olish muhimligini qoʻshimcha qildi.
Kasallik bedavo ekani haqidagi xabarlar qanchalik haqiqatga yaqin?
Tarmoqlarda yangi virus haqida turli mish-mishlar tarqalar ekan, ularning orasida metopnevmovirusning davolash usuli yoʻqligi haqidagi maʼlumotlarga koʻzingiz tushadi. Yevropa JSST rahbarining soʻzlariga koʻra, chindan ham hali Metapnevmovirusga qarshi biror spetsifik davolash usuli va vaksina mavjud emas.
Oʻzbekiston SanEpid qoʻmitasi metapnevmovirus bilan kasallangan odamlarning aksariyati asoratlarsiz tuzalib ketishini aytgan. Virusni davolashda hozircha simptomatik usul qoʻllanilib, uy sharoitida bemor ahvolini yengillatishga qaratilgan choralar koʻriladi. Ogʻir holatlarda esa ambulator sharoitda bemorga kislorodli terapiya qoʻllash zarur boʻladi.
“Umuman olganda, odamlar salomatligi uchun istalgan xavfga tayyorgarlik koʻrishning eng yaxshi usuli – kuchli sogʻliqni saqlash tizimlari va xizmatlariga, jumladan, hamkorlik monitoringiga sarmoya kiritishdir” – taʼkidladi Klyuge.
Virusdan qanday saqlanish mumkin?
Mutaxassis taʼkidlashicha, keng qamrovli nafas yoʻli kasalliklarida qoʻllaniladigan oddiy chora-tadbirlar shamollashdan to gripp, COVID-19 va metapnevmovirus bilan zararlanishning oldini olishi va yuqish xavfini kamaytirishi mumkin. Bular:
- Kasal boʻlsangiz, uyda qoling. Jamoat joylarida va havo yaxshi aylanmaydigan joylarda niqob taqing;
- Yoʻtalayotganingizda va aksa urayotganingizda ogʻzingizni salfetka yoki bukilgan tirsagingiz bilan toʻsing;
- Qoʻllaringizni muntazam yuving va atrofingizdagi yuzaliklarni tozalab turing.
Agar metapnevmovirus chindan ham oʻn yillardan buyon bizga begona boʻlmagan mavsumiy virus boʻlsa, joriy holat avvalgilardan past natijalarni koʻrsatayotgan boʻlsa, bu virus haqidagi dunyo boʻylab ajiotaj nega 2025-yilga kelib paydo boʻldi? Bu savol yana ochiqligicha qoldi.
Tarix
Tarix
Tarix
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q