Shoir oʻzini davolash uchun ham yoziladigan sheʼrlar – konfessional sheʼriyat “Oqdan qizilga” toʻplami misolida


Saqlash
16:49 / 09.01.2025 163 0

1950-60-yillar Amerika sheʼriyati konfessional sheʼriyat muhitida yashadi. Konfessiya soʻzi (eʼtirof etish, iqror boʻlish) oʻzi haqidagi bor zaifliklar, ayblar, travmalar, “niqob” ortidagi sirni rohibning oldida tan olishni nazarda tutadi. Konfessional sheʼriyatda ham shu xususiyat mavjud edi. Sheʼriy yoʻnalish sifatida shaxsiy hayot, ichki his-tuygʻular va travmalarni ochiq, samimiy tarzda ifoda etishga urgʻu bergandi. U shuning uchun “shaxsiy” yoki “MEN” sheʼriyati ham deb ataladi. Oʻlim, depressiya, suitsid, bolalik travmalari va oilaviy munosabatlar, qisman jinsiy mavzu ham bu sheʼriyatning asosiy tadqiq obyekti boʻlgan. 

 

Tushunganingizdek, bunday sheʼrlarning asosiy mazmunida shoir ruhiyatida oʻta ogʻir iz qoldirgan keskin voqealar yotadi. Tahlilchilar konfessional sheʼriyatning paydo boʻlishini asrni qamragan Holokost, Sovuq Urush, yadroviy qurollanish poygasi keltirib chiqargan ijtimoiy muammolarning yechimsizligi oldida insoniyatning shokka tushib qolgani va shundan qochish istagi, deya baholaydi. Modomiki, ijtimoiy dardlar hammani qoʻrquvda va chorasizlikda ushlarkan, ongli ravishda undan qochish uchun shoirlar diqqatni oʻziga qaratdi va zamon oldidagi yechimsizlik oʻz ogʻriqlarining ham yechimsizligi shaklida namoyon boʻldi. Yana bir tarafi, ijtimoiylik oldida zaif odamzod oʻzining har tomonlama ojiz, yanchilganini tan olishdan koʻra boshqa chora koʻrmadi. Ular aynan qayerda va qanday kuchliroq yanchilganini oʻta azob bilan tasvirlab yubordi – ayni shu narsa uni eʼtirof qilishga sabab bo‘ladi. Bu eʼtirofning ichida azob ham, gunoh ham, istaklar, ayblar, atrofdagilar qilmishlari ham – hammasi madh etilgandi. Bundan tashqari bu sheʼriyat terapevtik xususiyatga ham ega. Masalan, konfessional sheʼriyatning yorqin vakili Anna Sekstonga terapevti yozish vositasida davolanishni maslahat beradi. Yoʻnalishning asoschilaridan sanalgan Robert Louell ham oʻz bipolyar buzilishidan xalos boʻlish uchun yozgan, u hatto ruhiy kasalxonada oʻtgan kunlari, oʻsha damdagi kechinmalarini ham sheʼr qiladi. Aynan mana shu narsa oʻquvchini koʻp tortgan oʻsha davrda. Chunki ruhiy buzilishni tan olish va yozish tabu edi. Robert Louellning “Life studies” sheʼriy toʻplami konfessional sheʼriyatning boshlanishi boʻldi. Koʻpchilikning eʼtiroficha, bu kitob Tomas Eliotning “Yoʻqotilgan zamin” asaridan keyin Amerika oʻquvchisini qattiq taʼsirlantirgan ikkinchi kitob boʻlgandi. Mazkur yoʻnalishning yana bir vakili Snodgrass oʻzining dastlabki toʻplamini ajrashuv tufayli qizini yoʻqotganidan keyin yozgan, kitobda muallifning oila bilan bogʻliq ogʻriqli tajribalari bor. Bungacha shaxsiy hayot va tajribani bunchalik ochiq eʼtirof etish oqlanmas va oʻz dardiga oshiqcha mahliyolik sifatida noqulay sanalardi. Biroq Snodgrassning oʻzi uni konfessional shoirlar qatoriga kiritishlaridan gʻashlangan. “Qanaqadir tavba tazarru yo iqrorlik uchun sheʼr yozish mengamas”, deydi u. Va keyinchalik sheʼriyatda shaxsiy kechinmalardan uzoqlashib, ularni davr bilan bogʻlangan holda tadqiq qiladi.

 

Yoʻnalishning yana bir yirik namoyondasi – Silviya Plat. Bu shoira nainki konfessional sheʼriyatga oid mavzularni shaxsiylikdan uzoqlashtirib, ramziy ifoda etgani, balki murakkab sintaksis qurilishi bilan ham ajralib turadi. Vafotidan keyin turmush oʻrtogʻi ayolining mazkur yoʻnalish shoiri sanalishiga qarshi turadi, sheʼriyatidagi farqliliklarni ochiqlab beradi. Ammo Silviyaning oʻzi Louell va Sekstondan ruhlangani, ularning sheʼriyatini hayajon bilan qarshilagani bor gap. Uning ham ijodida oila, oʻlim, bolalik travmalari, suitsid istagi, depressiya mavzusi bor boʻyi bilan koʻrinadi. Konfessional sheʼriyat oʻsha davrdagi Amerikada shu darajada mashhurlikka yetganki, Nil Armstrong oyga qaysi kitoblarni olib ketishi kerak degan savolga, gazetalar Plat, Sekston, Robert Louell, Snodgrass deb yozishardi. Ammo uning ham umri uzoq boʻlmadi. Amerika adabiyotida biror uslub yo yoʻnalish 10 yildan oshiq yashab qolsa, bu turgʻunlik boʻlgan boʻlardi, doimiy yangilik va yangilanishga oʻch muhit esa turgʻunlikka toqat qilolmaydi. Bu sheʼriyat ham vaqtida oʻz davrini yashadi, adabiyot maydonini shaxsiy tajriba orqali boyitdi va sheʼriyatdagi ruhiy tahlilni yanada chuqurlashtirdi. Oʻzidan keyingi avlodga katta taʼsir oʻtkazdi, ular konfessional yoʻnalish yoʻlidan yurmagan boʻlsa-da, tajribalardan boyigani haqiqat. Aslida bugungi zamonaviy dunyoda ijod qilayotgan inglizzabon shoirlarning 90% dan ortigʻi konfessional yoʻnalishga mansub, degan qarash bor, ammo bunga keyinroq qaytamiz. Shuncha gapni gapirishimizga sabab boʻlgan omil esa oʻzbek sheʼriyati ham konfessional poeziyaning yutuqlari bilan boyishni boshlagani va uni hozircha Anif sheʼriyati (toʻgʻri, boshqalardayam bu mavzular uchraydi, ammo unda konfessional ruh “yarq” etib koʻzga tashlanadi) misolida koʻrishimiz mumkinligi edi. 

 

 

Anif sheʼriyati, xuddi konfessional yoʻnalishning koʻplab vakillariga xos boʻlganidek, koʻproq terapevtik, ichidagi hislarini, aytilmagan gaplarini ozod qilishga chogʻlangan. Shuning uchun tili oddiy muloqot tilini eslatadi – badiiy bezaklardan holi. Muallif ijodining avvalida “anonim” tarzida sheʼrlarini eʼlon qila boshladi. Xoʻsh, shoir nima uchun anonim yozadi – ichidagi aytib boʻlmaydigan gapni aytishga ehtiyoj sezganda… Aynan bu ham konfessional yoʻnalish xususiyati, shaxsiy ogʻriqlarni ochiqlash doim ham muallifning oʻziga yaxshilik keltirmagan. Ammo aytmaslikning iloji yoʻq ekan, muallif hech boʻlmasa, yashirin qolib boʻlsa ham aytishni tanlaydi, unga nomdan, eʼtirofdan koʻra yengillashish muhim boʻlib qoladi. Masalan, “Begonalik” sheʼrida oʻqiymiz: 

 

Sizga begona edi mendagi orzu,

Qiziqish, ogʻriq va tuygʻular.

Farqsiz boʻlib borar edi mengayam

Oʻzimning oʻzimga yetti yotligim.

Koʻzgularni sindirib tashlang,

Unda koʻrgim kelmayapti aksimni.

Qoldi faqat birgina istak –

Oʻlgim kelyapti.

 

Yoki “Kimligim” sheʼrida toʻliq shoirning personali – yaʼni ichki “men” bilan yuzlashamiz:

Anif, siz kimsiz

deb soʻrashadi mendan,

mavjudmisiz chindan ham

balki sharpa yoki farishta.

Men esa indamayman

va oʻzimga beraman savol:

kimman men?

qandayman?

nimaman?

qachon tugʻildim?

meni kim yaratdi?

boshpanam qayer?

 

Sheʼr davomida vujuddagi ikki ruhning kurashi keladi va yozish, aytish uchun biroz noqulay iqrorlar aytiladi: “sigʻindi kabi yashardim, ijarachi kabi noqulay” kabi ogʻriqli eʼtiroflar bor. Konfessional sheʼriyat qanchalik shaxsiy tuygʻularga asoslanmasin, u alohida “men”dan chiqib jamoaviy “Men” darajasiga koʻtarila oladi, shuni bilan u dunyo sheʼriyatida qiymatlidir. Shunisi bilan yolgʻiz bitta odamning oʻta subyektiv dardi emas, koʻpchilikka xos kechinma ifodasiga aylana oladi. Anifdan oʻqiymiz:

 

Bolaligidan unga doim

shukur qilish kerak deyishdi,

qancha kam gapirsa

shuncha yaxshi boʻlishi,

eʼtiroz bildirmasa

va boricha qabul qilsa,

sabr qilsa bir kun

baxt kulib boqishi,

narigi dunyoda azoblariga

ajr berilishi,

oyning oʻn beshi qorongʻi

qolgan oʻn beshi

yorugʻ boʻlishini aytishdi,

unga sabr toqatdan koʻylak kiydirib

turmushga uzatdilar…

 

Sheʼr oxiri:

…“U sizning yaratigʻingiz!”

soʻng ozod qalbi va boʻm-boʻsh

vujudni koʻtargancha

tark etdi uyni.

yoʻl koʻrinmaydi,

qayga borar u?

 

Bu sheʼr shoirning shaxsiy dardimi yo jamiyatdagi biror ayol dardimi, bilolmaymiz. Chunki shaxsiy koʻringan dard ijtimoiy dard darajasiga koʻtarilib, umumlashib ketgan. Ha, faqat bir ayol shoir dardi boʻlishi mumkin sheʼrda va oʻz navbatida u minglab ayollar kechinmasini ham ifodalaydi.

 

 

Konfessional sheʼriyatda travmalar ham ustuvor turadi, bundan asl maqsad esa shoirning kechinmasini qogʻozga toʻkish orqali oʻz-oʻzini davolashidir. Zero, konfessional sheʼriyatga “estetik-terapevtik” hodisa deb, bekorga taʼrif berishmaydi. Anif yozadi:

 

Bugun bolam soʻradi,

bolalikka qaytishni

istaysizmi deb.

Men aytdim istamayman

bola boʻlishni

bogʻchaga va maktabga qaytishni

kamsitilgan davrlarimni qayta yashashni…

 

(sheʼrda bolalik davri qoʻrquvlari va himoyasizliklari shu tarzda ifodalanadi.) Oʻzi adabiyotning boshqa yoʻnalishlarida ham ijodning oʻzagi sifatida asosan ijodkorning bolalik xotiralari yotadi. Chunki shu davr yorqin esda qoladi. Bir koreys filmida esi kirdi-chiqdi boʻlib qolgan matematika professori oʻzining bemorligi, poymol ketgan isteʼdodi va hayotidan koʻra 10 yashar bolaga koʻproq qaygʻuradi. Boisi professor eng qiyin holatdagi kattalardan koʻra bolalarga ogʻirroqligini biladi. Bola dunyoni, undan nima kutishni, qanday munosabatda boʻlishni bilmaydi, voqelik oldida doim ojiz va himoyasiz. Shu sabab bolalarning kichik ogʻrigʻi ham kattalarning eng ogʻir tashvishidan-da ogʻriqli. Anif mana shu ogʻriqqa yoʻl oladi. Bu bilan sizga “qara, men shunday ezilganman” yoki “dunyo yomon joy, uni tuzataylik” demoqchi emas, shunchaki, har qanday bolaga, nihoyat oʻziga ham bolalikni yashab oʻtish oson kelmasligini eʼtirof etib oʻtmoqchi, xolos.

 

Oʻzigacha boʻlgan shoirlardan farqi – uning eʼtiroflari voqelikning ichiga oʻta shoʻngʻib kirishi. Aynan shu shoʻngʻish bizni hurkitadi baʼzan, chunki birdan dard “yuqadi”, ehtimol, shunisiga gʻashimiz keladi. Axir har qanday dardni ham yuqtirish shartmas-ku, ayniqsa, u birovning shaxsiy dardi boʻlsa! Ammo ijodkor shu orqali dunyoning bir haqiqatini chizgani va shu bilan oʻzini oʻzi bu ogʻirlikdan xalos etayotganini unutmasligimiz kerak. Ha, u oʻquvchi sifatida siz-u meni oʻylamayapti, koʻproq oʻzining yorugʻlashishi tarafdori. Oʻzingiz uchun muhim deb bilmasangiz, bunday sheʼriyatni oʻqimaganingiz maʼqul. Umuman, sheʼriyat oʻta subyektiv va borgan sari germenevtiklashib borayotganini inobatga olsak, oʻqimaslik haqingiz ham toʻgʻri tushuniladi. Ammo “badiiy zavqdan mahrumlik” degan bir tushuncha ham bor. Masalan, Aleksandr Dugin degan faylasufning qarashlarini yoqtirmayman, ammo uni eshitishdan maʼnaviy zavq olaman. Nega? Uning fikrlarining oʻzi emas, fikrlash yoʻsini, asoslash yoʻsini lazzatlantiradi meni, ongning mislsiz kuchini his etaman. Agar maqsadni shunday qoʻysa, bu sheʼriyatdan ham zavq olish badiiy hodisaga aylanadi. Shu maʼnoda Anif ham sizga shunchaki arzi-hol qilmaydi, balki poetik koʻlam va kenglikda yetkazadi kechinmasini. Anifning “Metro”, “Oqdan qizilga”, “Hech”, “Siz oʻlmang” kabi sheʼrlari badiiy zavq tomonlama oʻz choʻqqisiga chiqqan sheʼrlar. Agar konfessional sheʼriyatni yo “men”ning iztirob-u oʻylarini xushlamasangiz ham, shu kabi sheʼrlardan rohat topishingiz aniq. Qolaversa, konfessional bu – faqat shaxsiy dard, travma, isyon, suitsid kayfiyati namoyoni emas, yaʼni birgina mazmunning oʻzi bilan cheklanmaydi, murakkab sintaksis va post-modernistik ifoda usuli uning xos xususiyati sanaladi. Silviya Plat sheʼrlari dunyo sheʼriyatida oʻzining murakkab va yuksak til qurilishi bilan ajralib turadi. Shoira haqida qilingan koʻplab ilmiy ishlar mazmunini uning iqrorlari, mohiyatidan koʻra oʻziga xos yangi til, ifoda usuli mavzulari tashkil etadi. Bunday fikrni Anna Sekstonga nisbatan ham aytish mumkin. Bu sheʼriyat oʻz dardiga shoʻngʻib adabiyotdan, tildan uzilib qolgan sheʼriyat emas, aksincha, uni yana bir pogʻona balandga olib chiqqan poeziya hamdir. Biroq baʼzi tadqiqotchilarga koʻra, bugungi kunda yoziladigan konfessional poeziya namunalari faqat personalning iqrori boʻlib qolgan, 60-yillar shoirlariga xos til va shakldagi izlanishlar, chuqurlik va yangilik yetishmaydi, ifoda ham oʻta joʻnlashib qolgan. Mana shu taʼkidlar ham koʻrsatadiki, har qanday shaxsiy dard bayoni sheʼriyatga daxldor boʻlmaydi, agar u sanʼat darajasida ifoda etilmagan boʻlsa.

 

 

Anifning mahorati hali oʻsib borayotgan mahoratdir. Aslida, poetik mahorat yoʻli hech qachon tugamaydigan, doimiy sayqalni talab qiladigan uzun yoʻl. Anif esa qanday aytish koʻnikmasi ustida ishlayotgan va hali ishlashi kerak boʻlgan yozarman. Ijodkorning “Oqdan qizilga” toʻplamini sof konfessional ruhda, deyolmaymiz, albatta. Toʻplamning “kayfiyat”i aslida sof postmodernistik ruhda. Uning “Kechagi kabi…”, “Uy zuluk…”, “Meni chalgʻiting” kabi koʻplab sheʼrlarida postmodernga xos ruh suzib yuradi. Toʻplam oʻzbek sheʼriyatida ayol shoirning sof postmodernistik kayfiyati sifatida ham birinchilardan va shu bilan ahamiyatlidir.

 

Toʻgʻri, konfessional poeziya ham postmodern adabiyotning bir qismi, ammo Anifdagi bu ruh 60-yillar sheʼriyatiga xos postmodernga taalluqli emas, u hozirgi zamon odamining postmodernik qarashlar tarzidir. Ayni shu jihatdan ham kitob katta tahlillarga yoʻl ochadi.

 

Yana bir alohida jihat – Anif sheʼrlarida onalikning boshqa qirrasi ochiladi. U sheʼrda oʻz bolalariga murojaat qilarkan, onaning alturistik sevgisi bilan emas, egoizmdan holi boʻlgan oʻz-oʻzini sevish va bolalariga ham shuni oʻrgatish maqsadida yozadi. Anif shundagina dunyoga va umumiy insoniyatga sevgini saqlab qolishga ishonadi. Ayni shu rakurs eʼtiborimni tortdi va bu zamonaviy sheʼriyatning yangi qirrasi, nazarimda. 60-yillarda konfessional poeziya dunyo sheʼriyati mavzu va shakllarini kengaytirgani kabi bugun Anifning yoziqlari ham zamonaviy sheʼriyatimizning bir chetida turib, uni kengaytirishga urinayotgan sheʼriyat, deyish mumkin.

 

Tillaniso NURYOGʻDI,

Filologiya fanlari boʻyicha

falsafa doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23923
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//