
O‘zbek maqolanavislik maktabiga tamal toshini qo‘yib, unga xalqchillik ruhini baxsh etgan allomalardan biri Mahmudxo‘ja Behbudiydir. Olib borilgan tadqiqotlarga qaraganda, u o‘zbek va fors-tojik tillarida besh yuzdan ziyod maqola yozgan. Ammo Behbudiy ijodining boshqa qirralari kabi uning publitsistikasi ham to‘liq o‘rganilmagan, davriy matbuotda chop etilgan maqolalari yaxlit to‘plangan emas.
Bizga ma’lum bo‘lgan va mustaqillik tufayli bugungi matbuot sahifalarida e’lon qilinayotgan maqolalarning o‘ziyoq bu ijodkorning fikr hofizasi keng ekanini isbotlay oladi. U o‘z davrining faol va fidoyi farzandi sifatida zamonning barcha muammolariga munosabat bildirgan. Xalqni har jihatdan yuksaklikka ko‘tarish choralarini qidirgan. Barcha ma’rifatparvarlar kabi u ham xalqni ma’naviy jihatdan kamolga yetkazmay turib, uni farovonlikka erishtirib bo‘lmasligini tushungan. Nafaqat darsliklarining, balki matbuotdagi maqolalarining ham bosh mavzusi shu edi.
Ismoil G‘asparali kabi Mahmudxo‘ja Behbudiy ham rus-tuzem maktablariga qarshi chiqqan. Chor hukumatining bu xil maktablarni ochishdan maqsadi yerlik xalqqa dunyoviy bilimlarni berish emas, balki o‘ris pomeshchigi bilan musulmon dehqoni o‘rtasida tilmoch vazifasida ishlovchi vositachi tayyorlash ediki, bular jadidlarni qanoatlantirmas edi. Nega? Bu bilan millatni ilg‘or millatlar safiga olib chiqib, madaniy taraqqiyotga erishtirib bo‘lmasdi. Rus-tuzem maktablarida berilayotgan bilimlar asosan yerlik aholini qullik asoratida saqlashga qaratilgan edi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy “Oyina” jurnalida “Yoshlarg‘a murojaat!” nomli maqola bilan chiqqan. Unda shunday fikrlar bor: “Bizni Turkiston va Buxoroda bir zaif muhtaram yoshlar mavjuddirki, hukumat mahkamalarinda tijoratxona, bank va korxonalarga kotib, tarjimon, molfurush va dallollik, yoyinki nasiyachilik ila mashg‘uldurlar”.
Mahmudxo‘ja Behbudiy bunday chala bilim bilan qanoatlanib qolish zarardir, degan fikrni qat’iy qilib aytgan. U ma’rifat ko‘chasiga kirgan, lekin uning adog‘iga yetishni istamayotgan, ya’ni chala bilim bilangina qanoatlanib qolayotgan yoshlar bilan fikran bahsga kirishgan. “Men ota-onamga nisbatan savodliman-ku, shu kifoya-da”, degan fikrning puchligini ta’kidlab, “Vazifa olmoqqa va ish qilmoqqa ilm zamona degan narsa lozim ekan. Va har kim bu qadar bilgusi vazifa olar ekan. Bas, Siz muhtaramlar ham o‘z avlodingizni va aziz bolalaringizni, agarda xohlasangizki, Sizdan ko‘ra taraqqiy etsa (din va millatga xizmat ilm va aqcha ila bo‘lur), shu ilm zamona tahsil qilmog‘i uchun harakt qilmog‘ingiz lozimdur. Hamvatanlarimiz mulkini sotib to‘y qilganlaridek Sizda hatto lozim bo‘lganda mulkingizni sotsangiz-da o‘g‘lingizni zamoncha o‘qimog‘iga sa’y qilingiz. To‘yg‘a isrof qilinaturg‘an aqchalarni o‘qimoq yo‘lig‘a sarf qilingiz!” degan.
Bunday fikrlar Behbudiyning bir qator maqolalarida ta’kidlanadi. U bir maqolasida “Ma’rifatsiz millat inqirozga mahkumdir”, degan fikrlarni dadillik bilan aytganki, bu gaplarning zamirida katta haqiqat bor edi. Ayniqsa, jadid maktablari targ‘ibotiga bag‘ishlangan maqolalarida fidoyi farzandning Vatan va millat istiqboli haqida kuyunchaklik bilan aytgan so‘zlarini ko‘plab uchratish mumkin. U millatning taraqqiyotga erishuvida yolg‘iz maktabgina emas, uning yonida boshqa shahobchalar ham bo‘lmog‘i va faoliyat ko‘rsatmog‘i zarurligini uqtiradi. Jumladan, u “Kiyim va tashabbuh mas’alasi”, “Libos, qiyofat” maqolalarida kiyinish madaniyatiga, davr taqozosi bilan kirib kelayotgan yangicha kiyimlarga din ahillarining munosabatlarini qattiq turib tanqid qilgan. Ular tomonidan falon narsani kiyish gunoh, piston narsani yeyish makruh, deya tarqatilgan bid’atlar islomda yo‘qligini bir qator inkor qilib bo‘lmas dalillar bilan rad etgan. Tabiiyki, uning bunday qarashlariga qarshi kurash to‘xtamagan. Turli fitnalar uyushtirilgan. Biroq bu harakatlar uning intilishlarini bir lahza bo‘lsa-da susaytirmagan.
“Ikki emas, to‘rt til lozim” maqolasi Behbudiy publitsistikasining go‘zal namunalaridan biri bo‘lib, unda muallif til bilishning xosiyati haqida aytib, shunday deydi: “Arabiy bilmasak, din, ruscha bilmasak, dunyo qo‘ldan ketar”. Uning donishmandlik bilan aytgan fikrlaridan zamon ruhi aniq sezilib turganini payqash qiyin emas. U o‘z farzandlari Mas’ud hamda Parvinlarni dastlab usuli jadida maktablarida, so‘ngra gimnaziyada o‘qitgan. Keyinchalik o‘g‘li Mas’ud adabiyotshunoslik ilmi bilan shug‘ullangan. Tarjimon sifatida bir qator ibratli ishlar qilgan.
Behbudiyning “Samarqandda milliy ishlar haqinda” maqolasi o‘z davrining muhim masalasiga bag‘ishlangani bilan diqqatga molikdir. “Hurriyat” gazetasining sahifalarida ko‘tarilgan masalalarning muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishga taklif etilganlar kelmaganidan qattiq iztirobga tushgan muallif yozadi: “11 va 12-iyulda Samarqandda majlis muassislari intizorda bo‘lundilar.
Ruslar-da besh-o‘n nafar keldilar... Ammo Samarqand viloyatining Jizzax, Kattaqo‘rg‘on, Xo‘jand va O‘ratepa shaharlaridan birgina nafar kishi bo‘lsun, ushbu majlis uchun kelmadilar. Holbuki bu majlisda Turkiston uchun hayotiy masalalar mazkur bo‘lunur edi. Bilmayin bu qadar e’tibor etmaslik va jonsizlikning sababi nadur?”
Xo‘sh, bu yig‘ilishni chaqirishdan muddao nima? Asosan xalqning milliy, diniy, siyosiy ishlarga ongli aralashuvini kuchaytirish, yaqinda bo‘ladigan saylovlarga puxta tayyorgarlik ko‘rishga da’vat etgan. Afsuski, rahbarlar bu nozik masalaga loqaydlik bilan qaraganlar. Muallif ana shunday kishilarga qarata: “Oy, aziz hamvatanlar! Maqul va nafihlik so‘z va maslahatlarni eshitmoq kerak. Bir oz madaniy harakatga kelmoq kerak. Boshqalardan ibrat olmoq lozim. Bu sukutimiz, jonsizligimiz gunohdur, aybdur. Yig‘lamagan bolaga sut berilmas, harakat va sa’y etmoguncha haq olinmas, oldimizda shahar dumalari va mamlakat dumasi saylovi bor. Anga ishlamoq kerak, loyha va talabnomalar hozirlamak kerakdur”, deya ta’kidlagan.
U “Bizga islohot kerak” maqolasida chor hukumatining saylovlar borasidagi siyosatiga o‘z e’tirozini bildirgan. Hukumatning “har bir 25 yashar turkistonlikni qozi vo‘lostnoy bo‘lishi mumkindur” degan qonuni qatida boshqa maqsadlar borligini aytib, yuqori lavozimlarga qobiliyatli, bilimli insonlarni emas, puldor chalasavodlarni, davlat ishlariga farosati yetmaydigan kimsalarni saylashga yo‘l ochilayotganidan tashvishga tushgan. Chunki bunday kimsalar millatni emas, o‘z cho‘ntagini o‘ylaydigan, arzimagan mansabga, boylikka millatni mustamlakachilarga tutib berishga tayyor turgan iymonfurushlar deb bilgan. Shuning uchun ham u xonlar zamonidagi qozi saylash borasidagi ishlardan ibrat olishga undagan.
Mustamlakachilarning maorif sohasida olib borgan siyosati ham noto‘g‘ri ekanini dalillab, shunday degan: “Eski zolim hukumatning ish va din buzguvchi odamlari va misso‘nerlari madrasalarimiz va maktablarimiz to‘g‘risinda ham bizni hayvonotg‘a va jaholat maydonig‘a ham yo‘q va mahv bo‘lush chuqurig‘a sudraydurg‘on zakunlar va’z etdi. Madrasani hech nima bilmaydurg‘on talabalarni madrasag‘a saylab qo‘yush tadbirini zakun qilib chiqardilar”.
Nega shunday qonunlar chiqarildi? Xalqni asoratda saqlash, ma’rifat nurlaridan bebahra etish uchun. Chunki bunday odamlarni idora etish, ezish oson bo‘ladi. Behbudiy masalaning ana shu nozik tomonlariga diqqat qaratgan.
“Haq olinur, berilmas” maqolasida muallif eski hukumatning yiqilishi-yu yangisining tarix maydoniga kelishi Turkistonda ham bir qator o‘zgarishlarni yuzaga keltiradi, degan fikrlarni rivojlantirib, asosan, muxtoriyat haqidagi mulohazalarini bayon etgan. Turkistonliklar o‘z taqdirlarini o‘zlari belgilaydi, degan fikr uning maqsadlari ifodasi sifatida jarangladi. Turkiston chor hukumati bilan hamkorlikda xorijga chiqadi, u o‘z aravasini o‘zi tortadi, kabi mulohazalarni aytib, “O‘zimizning muhofazamiz uchun milliy jandarma, askarimiz bo‘lur”, deydi. U yana o‘z fikrini davom ettiradi: “Mamlakatimiz xazinasidan boshqa milliy va madaniy ishlarimizning masrafi uchun o‘zimizning alohida xazinamiz bo‘lur. ...davlat va siyosat ishlaridan boshqa barcha ishlarimiz o‘z ixtiyorimizda bo‘lur. Va muning uchun zamonaviy va madaniy nizomnoma va qonunnomalar tahrir etmoq lozimdur”.
Albatta, Mahmudxo‘ja Behbudiy bu fikrlarni muxtoriyat qonunlaridan kelib chiqib, jahondagi federativ davlatlar tajribalariga tayangan holda aytgan edi. Afsuski, uning 1917-yili ilgari surgan g‘oyalari amalga oshmadi.
Umuman olganda, Mahmudxo‘ja Behbudiy maqolalarida ko‘tarilgan masalalar millat va yurt taqdiri, uning ertangi istiqbolini o‘ylab aytilgan edi. Davr ko‘pchilik ma’rifatparvarlarning hur fikrlari kabi Behbudiy qarashlariga ham “kishan” bo‘ldi. Uning fikrlari millat va yurt ravnaqi uchun bugun ham ahamiyatli ekanining guvohi bo‘lib turibmiz.
Mashhuraxon DARMONOVA,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari
xotirasi davlat muzeyi katta ilmiy xodimi,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Manba va adabiyotlar
1. Mahmudxo‘ja Behbudiy hazratlarining qisqacha tarjimai holi. “Mehnatkashlar tovushi” gazetasi. 1920-yil 8-aprel.
2. Mahmudxo‘ja Behbudiy. Haq olinur, berilmas. “Hurriyat” gazetasi. 1917-yil 13-iyul.
3. Mahmudxo‘ja. Ikki emas, to‘rt til lozim. “Oyina” jurnali. 1913-yil 20-avgust. 1-son. 12–14-betlar.
4. Mahmudxo‘ja Behbudiy. Samarqandda milliy ishlar haqinda. “Hurriyat” gazetasi. 1917-yil 23-iyul.
5. Mahmudxo‘ja Behbudiy. Bizga islohot kerak. “Najot” gazetasi. 1917-yil 3-iyun.
6. Mahmudxo‘ja Behbudiy. Turkiston muxtoriyati. “Hurriyat” gazetasi. 1917-yil 19, 22-dekabr.
Falsafa
Jarayon
San’at
Vatandosh
Adabiyot
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q