Bugun hamma biladigan “Turon” atamasi tarixi


Saqlash
18:00 / 08.01.2025 31 0

Turon hududi ma’lum vaqtlar oralig‘ida turli nomlar bilan atalgan. Masalan, “Transoksiana”, “G‘arbiy O‘lka”, “Al-Haytal”, “Bilod-al Turk”, “Turiston”, “Turgiston”, “Vorarud”, “Movarounnahr”, “O‘rta Osiyo” kabi nomlar bilan ham atalgani, bu nomlardan qaysi davrda foydalanilganini hamma ham bilmasa kerak. O‘lkamiz hududidan topilgan moddiy ashyolarda va yozma manbalarda Turon atamasi haqida turlicha ma’lumotlar uchraydi.

 

“Avesto”da Turon atamasi bevosita ishlatilmasa ham, tur xalqi haqida ma’lumotlar mavjudligi aytilgan.  Bu atama dastlab IIIIV yuzyilliklardagi Sosoniy muhrlarida pahlaviy yozuvida qayd etilgan. Bu esa “Turon” dastlab geosiyosiy atama sifatida qo‘llanganini ko‘rsatadi. Sosoniylar davrida Turon atamasi kushonlar, xioniylar, kidariylar va eftallar kabi xalqlarga nisbatan ishlatilgan. Va geografik hududni anglatgan.

 

Turon nomi Sosoniylar boshqaruv tizimida va mahalliy ma’muriyatlarda (IV–V va VII–VIII asrlar) ishlatilgan muhrlar orqali o‘rganiladi. Muhrlar Tehrondagi muzeyda saqlanadi. Barcha muhrlarda old tomonida pahlaviy tilidagi yozuvlar, orqa tomonida esa odamlar va turli hayvonlarning sur’atlari yoki ramzlari tasvirlangan. Yozuvni o‘qish jarayonida “Turon” va “Turonlik” so‘zlari qayd etilgan. Bu muhrlarning egalari sosoniy ma’muriyatida xizmat qilgan turonliklar bo‘lgan. Turon bu vaqtda ham geografik nom vazifasini saqlab qolgan.

 

VI asrga tegishli Samarqand tangalarining old tomonida biroz qisiq ko‘zli, yumаloq yuzli, uzun sochli hukmdor tasviri, orqa tomonining pastki qismida tamg‘a va tepa qismida so‘g‘dcha “hukmdor Turak” deb yozilgan yozuv mavjud (1-rasm. O.Smirnova  tomonida 1960-yil o‘qigan).

 

 

1-rasm.

 

Samarqand tangalari orasida VII asr boshlariga taalluqli “xwb twrnyn-turon hukmdori” yoki “Turon hukmdori xoqon” iboralari bilan zarb qilingan tangalar mavjud. Turon davlat nomi sifatida ishlatilgan.

 

Tanga va muhrlardan boshqa devoriy sur’atlarda ham Turon atamasining qo‘llanilishiga duch kelishimiz mumkin. VII asr o‘rtalarida Samarqandga elchi yuborgan Chag‘oniyon hukmdorining ismi “twr’nts” (Turontosh) ekani Afrosiyob devoriy suratlaridagi bitiklar orqali ma’lum bo‘ladi.

 

Yunon manbalarida Transoksiana atamasi Turon hududiga nisbatan qo‘llanilganini bilamiz. Ammo Transoksiana butun Turon hududini anglatgan deb bo‘lmaydi, u ikki daryo (Amudaryo va Sirdaryo) oralig‘iga nisbatan qo‘llanilgan. Xitoy yilnomalarida Xi Yu – “G‘arbiy o‘lka” (dastlab mil.avv II asrda Sima Sian asarida qo‘llanilgan) o‘z davlatlaridan g‘arbda joylashgan hududlarga nisbatan ishlatilgan.

 

Sosoniylar davri manbalarida: Turiston va Turgiston atamalari ma’nodosh bo‘lib qo‘llanilgan. 265-yilda sosoniylar hukmdori Shopur I Sakiston, Turiston va Hindiston dengiz qirg‘oqlarini Narsega bergan.

 

Fors manbalarida “Turon” hududiga nisbatan Varorud (daryoning narigi tomoni) yoki “Buyuk Xuroson” degan nomlar nomlanilgan.

 

Arab geograf olimlari asarlarida “Al Haytal” (Al Muqaddasiy eftallar yashaydigan hududga nisbatan qo‘llanilganini aytgan) va Bilod-al turk nomlari ishlatilgan. Al-Haytal islom dinini qabul qilgan turklarning hududiga nisbatan (Beruniy asarida), “Bilod-al turk” islom dinini qabul qilmagan turklar yeriga nisbatan ishlatilgan (Mahmud Коshg‘ariy). X.Vamberining fikricha, arablar Turon hududiga bosqinchilik yurushlarini boshlagan vaqtda bu yerlarni Movarounnahr deb atamagan. Qutayba Turon hududiga bostirib kelgan vaqtda bu yerni Turon deb nomlagan. Ya’ni Turon askarlarini kuch bilan yenga olmasligini bilgach, hiyla yo‘liga o‘tgani va birlashgan turk, so‘g‘d askarlarining ichiga ayg‘oqchi yuborib, fitna qilgani haqida ma’lumotlar bor. Arablar Turon va Movarounnahrni bir vaqtda qo‘llagan. IX–X asrlarda ijod qilgan Ibn Xordodbek asarida “shoh” unvonli podshohlarni sanaganda “Hindivonshoh, Toziyonshoh, Kobulonshoh, Sijistonshoh, Kirmonshoh, Turonshoh nomlarini keltirib, turklar hukmdori Turonshoh deb atalishini qayd etgan.

 

Somoniylar hukmronligi davrida Turon Movarounnahr deb atalgan. XI asrda hokimiyatga qoraxoniylar kelgandan so‘ng bu hududlar Turkiston deb atala boshlangan. Mahmud G‘aznaviy o‘ziga qarashli yerlarni Xuroson, qoraxoniylarga qarashli yerlarni Turkiston deb atagan. Mo‘g‘ullar istilosidan keyin Turkiston “Chig‘atoy ulusi” deb atala boshlangan. XI asrda yozilgan  Firdavsiyning “Shohnoma”sida turk xonlaridan birining qizi sosoniylar shohining xotini sifatida tilga olingan. Ayolning ismi Turanduxt, so‘zma-so‘z tarjimasi “Turonlik qiz” va “Turon hukmdorining qizi” deb keltirilgan. Asadiy Tusiyning “Lug‘ati-furs” asarida Turon mamlakati Turkiston va Xurosonning sharqiy qismini o‘z ichiga olgani yozib o‘tilgan. Bu ma’lumotlardan Turon keng tushuncha ekaniga va uning ichiga Turkiston kirganiga guvoh bo‘lamiz.

 

Demak, Turon hududiga nisbatan tarixda turli xalqlar tomonidan turlicha nomlar qo‘llanilgan. Turon barcha davrlarda o‘ziga xos geosiyosiy va madaniy hududni anglatgan. Turon nomi tangalar, muhrlar, devoriy rasmlarda, tarixiy manbalarda ham uchraydi.

 

Mahliyo A’ZAMOVA,

O‘zR FA Tarix instituti stajyor-tadqiqotchisi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:01 / 08.01.2025 0 168
Amir Temur qanday kitobxon bo‘lgan?

Ma’naviyat

12:01 / 07.01.2025 0 227
Ma’naviyat – millat ruhi, shaxs mas’uliyati





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23839
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//