Ko‘plab buyuk siymolar singari Sohibqiron Amir Temur ham o‘z davrining ma’rifatparvar hukmdori sifatida kitobni qadrlagan. Yoshligidanoq mutolaa vositasida bilim olishga, odil va fozil kishilar qoldirgan ma’naviy merosni o‘rganishga intilgan.
Manbalarga ko‘ra, Temurbek o‘n to‘rt yoshida Kesh shahridagi Abdulla Qutb madrasasida o‘qib yurgan kezlarida Jaloliddin Rumiyning “Ma’naviy masnaviy” kitobidan o‘ziga yoqqan joylarini yod olgan. U sevib o‘qigan va ko‘p joylarini yod olgan yana bir she’riy asar – ozarboyjonlik shoir Mahmud Shabistariyning “Gulshani roz” (“Sirlar gulshani”) nomli kitobi bo‘lgan ekan” (Qodirov P. Amir Temur siymosi. Toshkent, “O‘zbekiston”, 2007. 12-bet).
Ozarboyjonga yurishi vaqtida Shabistar qishlog‘ining nomi Temurga Mahmud Shabistariy va uning “Gulshani roz” kitobini eslatadi. So‘rab-surishtirilganida ma’lum bo‘ladiki, Shabistariy chindan ham shu qishloqda yashab o‘tgan, uning qabri esa qarovsiz holda ekan. “Shunda Amir Temur o‘z odamlariga farmon berib, qabr o‘rnida mo‘jaz bir maqbara qurishni, atrofdan maqbaraga qarashli vaqf yer ajratishni, undan keladigan daromadlar hisobiga bog‘ barpo etish va shoir qabrini ziyoratgoh kabi obod saqlashni buyuradi. Bundan tashqari, Sohibqironning maxsus buyrug‘iga asosan Shabistar aholisining yoshi o‘n besh yoshdan yuqori bo‘lgan fuqarolarining har biriga (3891 nafar) besh misqoldan (1 misqol – 5 gramm) umumiy hisobda 19455 gramm, ya’ni bugungi hisobda salkam 20 kilo oltin ulashiladi” (Brion M. Menkim, sohibqiron – jahongir Temur. Toshkent, “Yoshlar matbuoti”, 2023. 27-bet).
Temur saroyida kotib bo‘lgan va uning hayot yo‘lini chuqur o‘rgangan tarixchi Hafizi Abro‘ bunday yozgan: “Amir Sohibqiron maktabda o‘z tengqurlaridan saboqda o‘zib ketardi. Balog‘at yoshiga yetguncha ilm, adab, xat va suxanvorlik kasb etdi. Undagi teran bilim shijoatga payvand bo‘ldi va shundan so‘ng amirlik mansabini egalladi” (Hafizi Abro‘. Zubdat ut-tavorix. Turkiyadagi “Fotih” kutubxonasi. Inv. №4371. 14-sahifa).
Sohibqiron askarlariga fath etilgan mamlakatning olim-u fuzalolari, yuksak iste’dod va hunar egalari, noyob qo‘lyozmalari, qaysi din bo‘lishidan qati nazar, ibodatxonalariga zarar yetkazmaslikni buyurgan. Uning saltanatida o‘z davrining eng katta va boy “Dor ul-kutub” (“Kitoblar uyi”) kutubxonasi nodir kitoblar va noyob qo‘lyozmalar bilan to‘ldirilgan. Ularni saqlashga, asrab-avaylashga katta e’tibor berilgan (qarang: Amir Temur – jahon tarixida. Toshkent, “Sharq”, 2001. 91-bet).
Samarqanddagi saroy kutubxonasi juda mashhur bo‘lgan. Rus olimi Dmitriy Logofetning yozishicha, “Amir Temur hukmronlik qilgan dastlabki yillarda mazkur kutubxona Shahrisabzda bo‘lgan. Keyinchalik Samarqandga ko‘chirilgan” (Salomova M. Temuriylar davrida kutubxonalar. “Ma’rifat” gazetasi, 2004-yil 4-dekabr). Mazkur kutubxonada yunon, lotin, fors, suryoniy, arman va boshqa tillardagi eng noyob qo‘lyozmalar saqlangan. Ta’kidlash joizki, barcha kitoblar XI–XII asrlardagi mashhur kutubxonalar singari, fanlar bo‘yicha joylashtirilib, maxsus sandiqlarda saqlangan. Saroy kutubxonasida o‘z davrining yetuk olimlari hisoblangan Mavlono Abdujabbor Xorazmiy, Mavlono Shamsuddin Munshiy, Mavlono Abdullo Lison, Mavlono Badriddin Ahmad, Mavlono No‘moniddin Xorazmiy, Xo‘ja Afzal, Mavlono Alouddin Koshiy, Jalol Xokiylar Amir Temur homiyligida ilmiy-ijodiy faoliyat olib borgan” (Fayziyev X. Amir Temur va temuriylar davrida ilm-fan rivoji. Respublika ilmiy-amaliy konferensiya materiallari. 11-kitob. Toshkent, 2021. 172-173-betlar).
Temur saroy ahli, turli lavozim egalari, jamiyat a’zolarining ham savodli bo‘lishini muhim deb bilgan. Sohibqiron fikriga ko‘ra, “Kitob – barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aql-idrokning, ilm-u donishning asosidir, hayotni o‘rgatuvchi murabbiydir” (Amir Temur o‘gitlari. Toshkent, “Navro‘z”, 1992. 59-bet).
Insoniyat tarixida o‘tgan ayrim hukmdorlar urushlarda erishgan g‘alabasidan so‘ng noyob kitob va qo‘lyozmalarni yoqib yuborib, ta’lim maskanlarini yakson qilgan. Temur esa, aksincha, qaysi yurtda bo‘lmasin, kitob va noyob qo‘lyozmalarni to‘plab, ularni asrab-avaylagan holda Samarqandga jo‘natgan. Bundan maqsad poytaxtini dunyoning eng yirik madaniy markaziga aylantirish edi. Amir Temur fan va madaniyat arboblari, hunarmandlar bir joyga jamlansa, kutubxonalar qancha ko‘p va boy bo‘lsa, mamlakatda ilm-fan va madaniyat shuncha tez rivojlanishini teran anglagan.
Komiljon SULTONOV,
O‘zFA Temuriylar tarixi davlat muzeyi
ilmiy xodimi
“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 4-son.
“Kitobga oshiq jahongir” maqolasi
Tarix
Ma’naviyat
Til
San’at
Adabiyot
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q