Ma’naviyat – millat ruhi, shaxs mas’uliyati


Saqlash
12:46 / 07.01.2025 204 0

Ma’naviyatga berilgan ta’riflar ko‘p. Kimdir uni inson ruhi, kimdir axloq, kimdir qadriyatlarimiz bilan bog‘laydi. Yana kimdir esa unga madaniyat bilan egizak tushuncha sifatida qaraydi. Barcha ta’rif-u tavsiflarda, albatta, jon bor. Boisi, ma’naviyat inson olamidagi eng noyob xazinadir. Shu sababli uning insoniyat bilan bog‘liq har narsada o‘z mavqeyi, o‘rni bor.

 

Ayniqsa, bugun butun dunyoda ishonch inqirozi, qadriyatlar transformatsiyasi, geosiyosiy tahlikalar avj olayotgan bir paytda ma’naviyat ehtiyoj, najotga aylanib bormoqda.

 

Shu bois, yurtimizda ma’naviyatga jamiyatni harakatga keltiruvchi kuch, uning joni va ruhi, taraqqiyotning o‘q tomiri sifatida yuksak maqom berilmoqda. Mamlakatimiz, xalqimiz o‘z oldiga qo‘ygan ulkan, ezgu maqsad Uchinchi Renessans poydevorini qurish, kelajak darvozalarini ochishning asosi sifatida qaralmoqda.

 

Buyuk bobomiz Amir Temur kelajak avlodlari uchun qoldirgan nasihatlari, tuzuklari ichida bunday jumla borki, unda “qudratli nabiralarim”, deya katta ishonch bildirib, “Saltanat boshqarish haqida qo‘llanma (dasturilamal) yozib qoldirdim, toki farzandlarim va avlodimdan bo‘lganlarning har biri unga muvofiq ish yuritsin. Ular tolei baland millatining sharofatini, muhabbat va do‘stligim orqali qo‘lga kiritgan davlat va saltanatni saqlagaylar”, deydi.

 

Bu tuzuklarda jamiyatni adolat, ilm-ma’rifat, keng mulohaza, muhabbat va do‘stlik asosiga qurish eng asosiy omil sifatida ko‘rilgan. Shu sabab “yuz ming otliq askar qila olmagan ishni bir to‘g‘ri tadbir bilan amalga oshirish mumkin”ligi aytiladi.

 

Bugun o‘zgarishlar silsilasida xuddi Amir Temur qoldirgan vaziyat aks etayotgandek. Prezidentimiz tomonidan taraqqiyot iqtisodiyot, ma’naviyat, ma’rifatga asoslanishi, inson qadrini ko‘tarishdagi adolat, mintaqalararo do‘stlik ruhining qaytgani, jahon minbarlaridan turib, kuch siyosatini emas, tinchlik, insoniylik asosiga qurilgan umumbashariy g‘oyalarning ilgari surilishi, buyuk bobokalonimiz aytganidek, millat toleini baland, davlat tinchligini mustahkam qilishga qaratilmoqda.

 

Ayniqsa, bu borada Prezidentimizning mustaqillikni asrashdagi muhim tizim Xavfsizlik kengashi bilan bir qatorda Ma’naviyat va ma’rifat kengashi raisi bo‘lgani, buyuk sarkarda aytganidek, davlatni kuch-qudrat bilan birga ma’rifat ila boshqarish mohiyatini ham aks ettirmoqda.

 

Davlatimiz rahbari 2023-yil so‘ngida Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishini o‘tkazib, bugungi vatan va xalq taqdiriga tahdidlar zamonida yana bir bor ma’naviyat, ma’rifat masalasini kun tartibiga olib chiqdi, ziyolilar fikrlarini tingladi.

 

G‘oyat murakkab va tahlikali vaziyatda vatanimizning milliy manfaatlariga javob beradigan to‘g‘ri yo‘lni topish oson bo‘lmayotgani, tarixda bunday vaziyatlarda millat fidoyilari uyg‘oq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, ma’naviyat va ma’rifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqani eslandi. 

 

 

Ilm o‘qub qilmagan amal...

 

Alisher Navoiyning bunday satrlari bor: “Ilm o‘qub qilmagan amal maqbul, Dona sochib ko‘tarmadi mahsul”. Ziyoli faqat so‘zda emas, asliyati, amali, fidokorligi bilan ham bu maqomga munosibdir. U ilmini ulashib, jamiyatga nur, fikrini ulashib, taraqqiyotga keng yo‘l ochadi.

 

K.Yung klassifikatsiyasi bilan aytganda, introvert, ya’ni o‘z manfaatlari bilan yashovchi shaxsdan ekstrovertga, ya’ni umumman­faatlar yo‘lida xizmat qiluvchi, jamiyat unga zarurligini anglab yetuvchi shaxslar bizga ko‘proq zarur. Afsuski, so‘nggi vaqtlarda mizantroplar, ya’ni kiyimi zamonaviy, diplomi a’lo, ma’lumoti oliy, lekin odob-axloqdan yiroq, qadriyatlarni tan olmaydiganlar ham paydo bo‘la boshladi. Ularni ko‘rib, dono xalqimizning “Olim bo‘lma, odam bo‘l” degan purma’no gapini eslash kifoya.

 

Shu sabab Ma’naviyat va ma’rifat markazi, avvalo, tom ma’noda asliyati ziyoli, qalbi uyg‘oq, vatan taqdiriga befarq qaramaydigan fidoyilar birlashuvi yo‘lida qator tashabbuslarni amalga oshirdi. Xususan, 2024-yil davomida ziyolilar, olimlar, ijodkorlar bilan 30 marotaba uchrashildi, fikr almashildi, birgalikda harakat qilishga kelishib olindi. Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida “Tamaddun, madaniyat va ma’rifat” shiori ostida “Ma’rifat karvoni” ilmiy-ma’rifiy va madaniy targ‘ibot tadbirlari ilk bor ziyolilarning o‘zaro muloqot platformasi shaklida o‘tkazildi.

 

Unda 14 ta hududda o‘tkazilgan tadbirlar davomida 78 mingdan ziyod ishtirokchi qatnashdi. Prezident tashabbusi bilan ma’naviyat targ‘ibotchilari safiga qo‘shilgan hoji otaxon va onaxonlarimiz ham bu tadbirlarda ishtirok etdi. Birgalikda targ‘ibot ishlarini tashkil qilish borasida muloqotlar qilindi, targ‘ibotchi hojilar uchun qo‘llanma sifatida “Yangi O‘zbekiston fidoyisi” kitobi tayyorlandi, har bir targ‘ibotchi hojilarimizga tarqatildi. Maqsad yagona ziyolilarning birlashuvi, hamjihatlikda jamiyatga ma’naviy ruh, ma’rifat nurini olib kirishdir.

 

Prezidentimiz yig‘ilish davomida ma’naviy-ma’rifiy soha xodimlarining mas’uliyati haqida ham aytib o‘tgandi. Shu ma’noda, markaz tomonidan sohaning 43 ming 857 nafar vakili faoliyatini tizimli monitoring qilish maqsadida “MMM.KPI.UZ” raqamli platforma loyihasi ishlab chiqildi. Platforma boshqa tizimlar bilan integratsiya qilinib, soha vakillari faoliyatini baholash va ularga metodik ko‘mak berish imkonini yaratadi.

 

Sababi bugun bu soha xodimlari qanchalik o‘z ishini yaxshi ko‘rsa, to‘g‘ri ishlasa, fidokor bo‘lsa, butun jamiyatda ma’naviyat yangi kuch, yangi harakatga aylana oladi.

 

 

Yoshlar tarbiyasi “o‘zbek”, “o‘zbekistonlik” degan nomlarning abadiy saqlanishi degani

 

Davlatimiz rahbari kengaytirilgan yig‘ilishda va albatta, o‘tgan yil davomidagi har bir nutqi, uchrashuvda qayta va qayta farzandlarimiz axloqi, tarbiyasiga jiddiy e’tibor berish shartligini ta’kidladi.

 

Bu bejiz emas, albatta. Bugun insoniyat oldida eng og‘ir ish turibdi. Zero, hali hech bir davrda bunaqa raqamli avlod bilan ishlashga to‘g‘ri kelmagan. Bugun bolalarimiz eshitadigan manba, ko‘radigan ma’lumotlar oqimi katta. Zamonaviy hayotimizda bu oqimga to‘siq qo‘yib bo‘lmasligi ayon. Yaxshi bilasiz, bola ruhiyatida taqiqqa qiziqish ortadi.

 

Biz avval an’anaviy tarzdagi sanoqligina mafkuraviy xurujlarni bilardik. Lekin hozir ularning salmog‘i ham, turi ham ortib bormoqda. Ba’zan uning hatto mafkuraviy tahdid ekanini kimdir anglamay qolmoqda.  Bularning barchasi tezkorlik bilan, har kuni, millionlab informatsiyalar ichida berilmoqda. Yoshlarni manipulyatsiya qilish, bizga yot, qadriyatlarimizga begona odatlarni singdirishga urinishmoqda.

 

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda ideal dunyo, ideal hayot, degan xavflar paydo bo‘lmoqda. Internetda yashab, kontentlar bilan o‘ylaydigan, trendlar ichida yashaydigan, natijada o‘z hayotidan norozi, internetdagi go‘zal, ideal tasvirlar qurboniga aylanayotgan avlod shakllanib kelmoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, feyk, ya’ni noto‘g‘ri axborotlar to‘g‘ri, haqqoniysiga qaraganda 6 barobar tez tarqaladi. Bu bugun axborot makonimizda mafkuraviy tahdidlar xavfi shu daraja yuqori ekanini ko‘rsatadi.

 

Ma’lum bo‘lishicha, global mediaplatformalardagi kontentlarning 70 foizi G‘arb davlatlari tomonidan tarqatiladi. Bu bugun har 10 nafar o‘zbek bolasining 8 nafari G‘arb qadriyatlari ta’sirida yashamoqda, o‘ylamoqda, harakat qilmoqda, degani. Buning xavfi esa ertagina emas, bugunoq ko‘zga tashlana boshladi.

 

2023-yilda dunyo bo‘yicha har soniyada 8,4 kishi turli ijtimoiy tarmoqlarga obuna bo‘lgan, 2024-yilda ularning soni 5,6 foiz o‘sib, 266 million nafarga ko‘paygan. Hozir Yer yuzida ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari soni 5,04 milliarddan ko‘p bo‘lib, ular bir kunda o‘rtacha 2 soat-u 23 daqiqa vaqtini internet uchun sarflaydi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazilayotgan so‘rovnomalarga berilayotgan achinarli javoblar, yoshlarimiz olayotgan videokontentlar, o‘ylab topilayotgan bayramlar-u urf-odatlarni aytmasa ham bo‘ladi. Sababi bugun dunyo bo‘ylab 60 foiz odam axborotni ijtimoiy tarmoqlar orqali oladi. 2023-yilda siyosiy jarayonlarning beqarorlashuviga 100 dan ortiq yirik kiberhujum sabab bo‘lgan.

 

Shu bois, markaz o‘z faoliyatining asosiy qismini ijtimoiy tarmoqlarga qaratib, yoshlarbop kontentlar tayyorlashga harakat qilmoqda. Shu maqsad yo‘lida markaz huzurida interaktiv Raqamli targ‘ibot laboratoriyasi tashkil etildi. Bugungi kunda unda videoroliklar, audiomateriallar, ko‘rsatuvlar, hujjatli filmlar tayyorlanyapti.

 

Aholining turli qatlami bilan ma’naviy tarbiya ishlarini tizimli tashkil etish maqsadida 3 ta yosh toifasi “X” (katta yosh), “Y” (o‘rta yosh) va “Z” (kichik yosh) avlod vakillari o‘rtasidagi mavjud vaziyat tahlil qilindi.

 

“Z” avlod vakillari 73 foiz vaqtini ijtimoiy tarmoqlarga sarflaydi, har qanday axborotni raqamli ko‘rinishda oladi.

 

Mazkur tahlillardan kelib chiqib, “Oyina.uz” portalida 4 bosqichda “Kitoblararo 80 kun” marafoni tashkil etildi. 3 oy davomida 40 mingga yaqin yosh qamrab olindi.

 

Xususan, raqamli formatda “Agar” tok-shousi, “Ustoz” loyihasi, “Buyuk millat tarixi”, “Matonat”, “Siyosiy ma’rifat soati”, “Qonli oktyabr”, “Jasorat”, “Audiomutolaa”, “Teatr kuni”, “Ziyolilar minbari” teleloyihalari yaratildi.

 

Chop etilayotgan har bir qo‘llanma, kitoblarga zamonaviy ruh olib kirildi. Xususan, “Men ham harbiy bo‘laman”, “Buyuklar haqida 100 ta fakt” kitob-albomlari tayyorlanib, buyuk ajdodlarimiz haqidagi faktlar suratlar yordamida tasvirlanib, maxsus QR-kod va sun’iy intellekt yordamida suratlar jonlantirildi.

 

Shuningdek, “Sof til” telegram boti yaratildi. U orqali yoshlarimiz, keng aholi qatlamida o‘zbek tiliga hurmat-e’tibor va jamiyatda mavqeini yuksaltirish borasida daxldorlik bilan yashash ko‘nikmasini shakllantirish maqsad qilindi.

 

Bir faktga e’tibor qarataylik, Xalqaro mehnat tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda 2 milliardga yaqin odam turli to‘qnashuvlar va zo‘ravonlik bo‘layotgan, beqarorlik hukm surayotgan mintaqalarda yashamoqda. Achinarlisi, ularning uchdan bir qismidan ziyodi 1524 yoshlilardir.

 

Tezkor dunyomizda tinch holatda ulg‘ayayotgan, ta’lim olayotgan har bir farzandimiz uchun shukr qilish bilan birga ularni turli xavflardan asrash, kelajak tahdidlari borasida ogoh bo‘lish bizning barchamizning vazifamizdir.

 

Vatanparvarlik: so‘z va amal birligi

 

Vatanga muhabbat inson yaralganidan beri unga hamroh tuyg‘u, kuchli e’tiqod va tarbiya mahsulidir. Sharq yoki G‘arbda bo‘lmasin, bu tuyg‘uning yashovchanligi inson qalbi bilan bog‘lanib, ongda anglanadigan, ish bilan isbotlanadigan muhim hayotiy faoliyat sifatida qarab kelingan.

 

Hazrat Navoiy asrlar qa’ridan “Vatan tarkin bir nafas aylama” desa, Gyote “Begona yurt vatan bo‘la olmaydi”, deya uqtirgan.

 

Tarixda vatanparvarlik so‘z bilan emas, amaliy harakatlar bilan ko‘rsatilgan, aniq maqsad yo‘lida kuchaytirilgan, tahdidlarga qarshi turishda eng qudratli kuch sifatida ko‘rilgan. Buyuk Amir Temur janglarda yengilmas sarkarda sifatida tarix sahnasida qolishi zamirida ham aslida harbiy-vatanparvarlik, askarlar ruhiyatiga qaratilgan katta e’tibor, ruhiy tarbiya bor.

 

Zero, vatanparvarlikni anglatish uchun qancha ko‘p harakat qilinmasin, anglanish aniq faoliyat ko‘rinishiga ko‘chmas ekan, u natija bermaydi, maqsadga eltmaydi ham.

 

Biz uzoq yillar vatanparvarlikni anglatishga, u haqda faqat gapirishga harakat qildik. Aslida, vatanparvarlik avvalo anglanib, so‘ngra faoliyat bilan tirik bo‘lgan jarayondir. Shu sabab davlatimiz rahbari 2024-yildagi har bir chiqishida vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, buni ta’limning ajralmas qismiga aylantirish, faqat harbiylar emas, hamma vatanparvar bo‘lishi lozimligiga urg‘u berib keldi.

 

Bu harakatlar, avvalo, ta’lim bilan amalga oshirilishi, madaniyat, san’at orqali unga ruh berilishi, tarbiya, axloq orqali kuchaytirilishi bo‘yicha aniq tashabbuslar bildirilmoqda.

 

O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan muloqotda Prezidentimiz ta’limning ajralmas qismi bo‘lgan tarbiya va odob-axloq masalalariga e’tibor qaratib, bu borada tegishli vazifalarni belgilab, zarur topshiriqlar bergan edi.

 

Navoiy viloyatiga tashrifi davomida esa 22-umumta’lim maktabida bo‘lib, bu vazifa va topshiriqlarni yanada ayon tarzda barcha mas’ullarga anglatdi.

 

“Ilmli bo‘lish, kasb-hunar egallash yaxshi. Qalbingizda vatanparvarlik kuchli bo‘lsa, shijoatingiz yanada baland bo‘ladi”, dedi Prezidentimiz.

 

Har kim farzandi, avvalo, inson bo‘lib ulg‘ayishini, shaxs bo‘lib jamiyatga foyda keltirishini istaydi. Vatanparvarlik mavhum tushuncha emas. Ilmli, kasb-hunar bilgan, kelajak maqsadi bor insonlar yurtini sevadi. O‘zi tug‘ilib o‘sgan zamin obodligi uchun hech bo‘lmasa bir daraxt ekadi. Tom ma’noda inson bo‘lib, shu orqali vatanparvarligini ko‘rsatadi. Bu yo‘lda esa san’at, madaniyat, teatr, kitobdan samarali vosita bo‘lmasa kerak.

 

Bugun markaz tomonidan yosh avlodni tarbiyalash, vatanparvarlik ruhida ulg‘aytirish yo‘lida 3 xil: aytib, ko‘rsatish, ya’ni an’anaviy targ‘ibot, raqamli va metodik targ‘ibot bo‘yicha ishlar olib bormoqdamiz.

 

An’anaviy targ‘ibot bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirildi, xususan, “Ma’naviyat festivali”da 197 ta tuman/shahardagi 1612 ta chekka mahallada 600 ming aholi ishtirok etdi. “Kinokarvon” loyihasi doirasida 8767 ta MFY, 8729 ta maktabda vatanparvarlikka qaratilgan targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, 1,7 million ishtirokchi qatnashdi.

 

Jamoamiz bilan ishlayotgan metodik ta’minot yo‘nalishi, avvalo, farzand tarbiyasi, o‘quvchi vatanparvarligi shunchaki tadbirlar orqali singdirishga emas, aniq tizimli tarzda, maqsadli va uzoq muddatda bajarishga qaratilmoqda.

 

Hozir tizimli tarzda bog‘cha maktab oliy ta’lim uchun aniq, yosh xususiyatiga mos, rejali grafik asosida targ‘ibot tadbirlari ishlab chiqildi. 208 ta OTM uchun namunaviy ma’naviy-ma’rifiy ishlar rejasi hamda 10 ming 187 ta umumta’lim maktabi uchun ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar kalendar rejasi tayyorlandi.

 

Farzandlarimiz uchun qiziqarli ko‘rinishdagi, sun’iy intellekt yordamida ishlangan videomahsulotlarni tomosha qilish imkonini beruvchi 8 ta tilda buyuklarimiz haqida faktlar tayyorlandi. Unda ajdodlarimiz hayoti va bosib o‘tgan yo‘li sodda, qiziqarli tasvirlar yordamida ko‘rsatilmoqda.

 

Markaz va hududlarning ijtimoiy tarmoqlardagi 223 ta rasmiy kanalida a’zolar soni 900 mingga oshirildi. Vaholanki, bu ko‘rsatkich 2024-yil boshida 23 ming nafar edi. Vatanparvarlik, ma’naviy tarbiya va milliy qadriyatlarga oid kontentlar soni 132 mingtaga yetkazildi.

 

Bularning barchasi tarbiya borasidagi ishlarimizni faqat bir taraflama emas, har bir yo‘nalishda rivojlantirishga qaratilganidan dalolat. Biroq aytish lozimki, hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p. Tarbiya, vatanparvarlik yo‘nalishidagi ishlarni aslida bir soat ham to‘xtatib bo‘lmaydi.

 

Albatta, kim, qaysi sohada ishlamasin, vatanparvarligini so‘zi bilan emas, ishi bilan ifoda etsa, maqsadlar birlashib, orzudagi jamiyatni qurish mumkin. Kelgusidagi ishlarimiz mana shu maqsadga erishishga qaratilgan.

 

 

Hayotiy saboq

 

Ma’naviyatning ta’riflari qatoriga “hayotiy saboq” tushunchasini ham kiritish lozim. Sababi hayotdan neki ta’lim olsak, xulosa chiqarsak, u insonning ruhi, fe’l-atvori, yurish-turishi, ma’naviy olamida aks etadi.

 

Buyuk Bilga xoqon ta’kidlaganidek, adolat-la ish ko‘rsak, qonunlarni hurmat qilsak, yolg‘on so‘zlamasak, o‘zimizniki bo‘lmagan narsaga ko‘z olaytirmasak, yaqinlarimizga, bizga berilgan omonat (lavozim, vazifa)ga mas’uliyat bilan qarasak, bir-birimizni kamsitmasak, kattalarni hurmat qilib, zaiflar, bolalar va ayollarga izzat ko‘rsatsak, daraxtlarni zaruratsiz kesmasak, suvlarni ifloslantirmasak, yomon ishlar qilishdan o‘zimizni tiysak, ittifoqchiligimiz va birligimiz bilan dushmanlarga o‘z o‘rnini ko‘rsatib qo‘ysak, moviy osmon qulab, qo‘ng‘ir yer yorilmaguncha Turon eli va to‘rasini hech kim buzolmas.

 

Bugun Bilga xoqon aytgan hayotiy haqiqat yangi O‘zbekiston qiyofasida aks etmoqda. Chunki unda inson qadri, adolatli, ma’rifatli jamiyat, ayollar va bolalarga, xalqqa ehtirom, tabiatni asrashga da’vatlar, eng asosiysi, birlashish g‘oyasi ilgari surilmoqda. Ma’naviyat esa millat ruhi, hayotiy saboq, jamiyat ustuni, taraqqiyot asosidir.

 

Shu o‘rinda millat mas’uliyati ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi, zaruratiga ehtiyoj seziladi. Negaki millat ruhini saqlash, asrash, uni zaiflashtirmaslik har bir millat vakilidan fidoyilik, e’tibor, birlashish, mas’uliyat talab qiladi. Bu mas’uliyat yuki bilan har bir qalbda shoir Asqad Muxtor aytganidek:

 

Men bilishim kerak, bilishim kerak,

Bir savol qalbimga larza soladi:

Ajdodlardan meros qonimdan bo‘lak,

Mendan izdoshlarga nima qoladi?

 

Otabek HASANOV,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat

markazi rahbari

 

“Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2025-yil 7-yanvar, 3-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

18:01 / 08.01.2025 0 14
Bugun hamma biladigan “Turon” atamasi tarixi

Adabiyot

16:01 / 08.01.2025 0 18
Amir Temur qanday kitobxon bo‘lgan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23835
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//