“Bekat” qadimda beklar dam oladigan joy bo‘lgan – etimologik tahlil


Saqlash
16:23 / 06.01.2025 376 0

Turk va o‘zbek tillarini o‘zaro solishtirishda davom etamiz. Hozirgi o‘zbek tilida keng qo‘llanadigan so‘zlardan biri “bekat” so‘zidir. U transport to‘xtab o‘tadigan, yo‘lovchilar tushib yoki chiqib oladigan joy ma’nosini anglatadi. Bu so‘z yasalishiga qarar ekanmiz “bek” so‘ziga “-at” qo‘shimchasining qo‘shilishidan tashkil topganiga guvoh bo‘lamiz. Turk tilida esa asosi “bek” bo‘lgan “beklemek” kalimasi bor. Uning ma’nosi “kutmoq” degani. Bir qarashda, “bekat” transport kutiladigan joy mazmunini anglatadigandek go‘yo. Bizning fikrimizcha esa unday emas.

 

Bir paytlar turklar “bekçi” deganda eshikog‘asini nazarda tutgan. Saroydagi xizmatchilarning bir turi (posbon, poyloqchi, qoʻriqchi, qorovul) “bekçi” deya atalgan. Eshikog‘asi esa keyinchalik “bekçi”dan “kapiçi”ga o‘zgargan.

 

“Beklemek” fe’lidan yasalgan “bekçi” posbon va poyloqchi ma’nolarida kelar ekan, demak, so‘z ma’nosi hozirgidek kutish bo‘lmagan. Aksincha, kuzatib turish, qo‘riqlab turish mazmunlarini anglatgan. Qadimda biror xonada yashirin majlis o‘tkazganlar yoxud sirli ish bajaruvchilar o‘zlarini xavfdan ogoh qilish uchun tashqarida bir odamini qoldirishgan. U ichkaridagilar ishni yakunlagunga qadar poyloqchilik qilib turgan. “Bekçi” atamasi shundan paydo bo‘lgan. Bunga to‘laqonli amin bo‘lishimizga hozirgi o‘zbek tilidagi yopiq ma’nosini beruvchi “bek” so‘zi sabab bo‘ladi. O‘zbekchada keng iste’molda bo‘lgan “bekitmoq”, “bekinmachoq” kabi jumlalar ham buning isbotidir.

 

O‘zbek tilidagi “bek” kalimasi qadimdan yuqori lavozimdagi amaldorlarning unvoni bo‘lib kelgan. Hozirda esa o‘g‘il bolalar ismiga qo‘shiladigan faol qo‘shimchalardan biri hamdir. Biz yuqorida aytib o‘tgan turkchadagi kutish va o‘zbekchadagi amaldor ma’nolaridan qaysi biri “bekat” atamasini hosil qildi, degan savolga javob izlaymiz.

 

Chig‘atoy ulusi davrida mamlakatning turli nuqtalariga xon farmonlarini, yuqori darajadagi topshiriqlarni yetkazadigan lavozim egalari bo‘lgan. Ular ko‘zlagan manziliga yetib olishlari uchun sarhadi bepayon saltanatda barcha sharoit bilan ta’minlangan. Jumladan, ma’lum masofalarda yomlar qurilgan. Yomlarda mas’ul amaldor to‘xtab dam olishi, ot-ulovini almashtirishi yoki ularni yem-xashak bilan to‘yintirib yana yo‘lga tushishi mumkin edi. Karvonsaroy va rabotlardan farqli o‘laroq yomlarda faqat beklar to‘xtab o‘tgan. Beklar dam oladigan joy esa “bekat” nomi bilan mashhur bo‘lgan. Bundan ko‘rinadiki, “bekat” so‘zining zamirida “beklar joyi” ma’nosi anglashiladi. Keyinchalik bu so‘z barcha to‘xtab o‘tadigan manzil ma’nosida ishlatila boshlangan.

 

Quyidagi ma’lumot ham fikrimizni quvvatlaydi. Agar “bekat”ning ildizi faqat “kutish”ga borib taqalganida, turkiyaliklar transport to‘xtaydigan joylar uchun “durak” (“turoq”) jumlasini qo‘llashmas edi. Zero, “bek”ning kutmoq ma’nosi hozirda faqat ularda mavjud.

 

Darvoqe, “Yom” so‘zining ham asl nomlanishi “Jom” bo‘lib, keyinchalik so‘z boshidagi tovush qarluq lahjasida “y”lashtirib yuborilgan. Samarqand viloyatidagi “Jomboy” tumani, “Jom” qishlog‘i ham bir paytlar beklar nafas rostlaydigan manzillar bo‘lgan.

 

Anvar ESHNAZAROV

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

18:02 / 21.02.2025 0 22
O‘zbek to‘ylari: o‘tmishda va hozir

Jarayon

17:02 / 21.02.2025 0 19
Qayta yaralayotgan qadim hunar

Adabiyot

16:02 / 20.02.2025 0 167
Iste’dod barcha zamonlarda jasoratdir





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 24802
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//