Ma’naviyat
Qosim Shayx Azizon taxminan 1498-yili qadim Karmananing (hozirgi Navbahor tumani hududi) Marjonxotin qishlog‘ida tug‘ilgan. Ba’zi manbalarda bu makonda Shayxning 20 tanob, ya’ni 1,7 gektardan ortiq ekin yeri bo‘lgani haqida ma’lumot keltirilgan (qarang: Rahmonov A. Avlodlar manzili. Karmana, 1996. 7-bet).
U Buxoro va Samarqand madrasalarida tahsil olib, yassaviya tariqati shayxlaridan bo‘lgan Ko‘h Nur Mavlaviy va Shayx Xudoydodlardan tariqat sirlarini o‘rgangan (qarang: Qosim Shayx. O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. 11-tom. Toshkent, O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi, 2005. 113-bet). Yoshlik davridanoq Shayx Xudoydodning zikri samolarida qatnashgan. Ustozining pand-nasihatlari, tasavvufiy va’zlarini eshitib, ularga qat’iy rioya qilishga intilgan.
Hofiz Tanish Buxoriyning “Sharafnomayi shohiy”, Hasanxo‘ja Nisoriyning “Muzakkir ul-ahbob”, Olim Shayx Azizonning “Lamahot min nafahot al-quds”, Muhammad Tohir Eshon Xorazmiyning “Tazkirat ul-avliyo”, Sayid Muhammad Nosiriddinning “Tuhfat uz-zoirin”, Sharafiddin Roqimiyning “Tarixi tomm” kabi asarlarida Qosim Shayx haqida ma’lumotlar uchraydi.
Bular orasida “Tazkirat ul-avliyo” (u “Tazkirayi Tohir Eshon”, “Tazkirayi naqshbandiya” ham deyiladi) Qosim Shayx hayoti, faoliyati, nasabi va shogirdlari haqida to‘liq ma’lumot berilgani bilan ajralib turadi. Asar 1744-yili yozilgan. Uning ko‘plab qo‘lyozma nusxalari O‘zFA Sharqshunoslik instituti Qo‘lyozmalar xazinasida saqlanadi (masalan, inv. №69, 75, 6832).
Qosim Shayx sakson yoshida vabo kasaliga yo‘liqadi. Xastalik tarqalmasligini o‘ylab, xos muridlariga uni ko‘rishga kelgan kishilarni oldiga kiritmaslikni tayinlaydi. Manbalarda keltirilishicha, Qosim Shayx o‘ziga shu kasallikni berib, yurt ahlini undan xalos qilishni Ollohdan so‘ragan va bu duo ijobat bo‘lgan. Shu tariqa Qosim Shayx hijriy 986, milodiy 1578-yili Karmanada vafot etadi va o‘z xonaqohi yonida dafn etiladi.
Yassaviya tariqatining boshqa vakillaridan farqli o‘laroq, Qosim Shayx ijtimoiy-siyosiy jihatdan faol bo‘lib, davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etgan. Zamona hukmdori bo‘lmish Abdullaxon Ikkinchining Buxoro xonligini birlashtirish va markazlashtirish siyosatini qo‘llab-quvvatlagan. Tarqoq beklarni yarashtirish, markaziy hokimiyatga bo‘ysundirish ishlarida faol qatnashgan. Bir muddat poytaxt Buxoroda ham istiqomat qilgan (qarang: Hofiz Tanish Buxoriy. Abdullanoma. Birinchi kitob. Toshkent, “Sharq”, 1999. 222-bet).
1551-yildagi Karmana sulhi Qosim Shayxning shuhratiga shuhrat qo‘shib, diniy, siyosiy nufuzini yanada oshirdi. Shu yili u, shahzoda Abdullaxon iltimosiga ko‘ra, Karmana qo‘rg‘oni mudofaasini tashkil etish hamda muxolif bilan sulh tuzilishida shaxsan tashabbus ko‘rsatdi, muzokaralarda bevosita ishtirok etdi. Abdullaxon Ikkinchi Qosim Shayxga qo‘l berib, unga murid tushadi va piriga “Azizon” deb murojaat qiladi. Xon biror xayrli tadbir boshlamoqchi bo‘lsa, avval pirining maslahat va duosini olib, keyin ishga kirishgan. U Qosim Shayxga Karmanadan to Xomrabotgacha bo‘lgan yerni in’om qiladi. 1558-yili esa Karmanada maxsus xonaqoh qurdiradi. Bu Abdullaxon taxtga o‘tirganidan keyin barpo etgan dastlabki inshootlardan hisoblanadi (qarang: Hotamov A., Bekniyozov N. Karmana – qadimiy diyor. Toshkent, “O‘zbekiston”, 2007. 76–78-betlar). Bu tarixiy fakt Buxoro xonligi ijtimoiy va ma’naviy hayotida yassaviya shayxlarining mavqei ortib borganidan dalolat beradi.
1532-yili Shayx Xudoydod Valiy vafot etadi. Shundan so‘ng Qosim Shayx yassaviya tariqatining yetakchi shayxlaridan biriga aylanadi. Atrofiga ko‘plab muridlar to‘playdi, ular orasida shayboniylar sulolasi vakillari ham bor edi.
Qosim Shayx yassaviya tariqati silsilasida 22-halqa hisoblanadi: Muhammad (s. a. v.), Abu Bakr Siddiq, Salmon Forsiy, Qosim ibn Muhammad, Imom Ja’far Sodiq, Boyazid Bistomiy, Abul Hasan Xaraqoniy, Abu Ali Formadiy, Xoja Yusuf Hamadoniy, Xoja Ahmad Yassaviy, Hakim ota (Sulaymon Boqirg‘oniy), Zangi ota, Sayid ota, Sadr ota, Elomon ota, Ali Shayx, Mavdud Shayx, Xodim Shayx, Shayx Jamoliddin, Shayx Xudoydod, Xo‘ja Mulloyi Nuriy, Qosim Shayx (qarang: O‘zbekiston Markaziy davlat arxivi f. i. 323, op. 2, inv. 90).
“Muzakkir ul-ahbob” asari muallifi Hasanxoja Nisoriy ham Qosim Shayxni o‘ziga pir tutgan. U murshidini, jumladan: “Qosim Shayx Azizon vujuddan kechmoq va vujudni darig‘ tutmaslik nazariyotini chunonam martabasiga yetkazganlar” deya ulug‘laydi (Hasanxoja Nisoriy. Muzakkir ul-ahbob. Toshkent, “Xalq merosi”, 1993. 35-bet).
Qosim Shayx vafotidan so‘ng Turkiston, O‘tror, Xorazm, Buxoro hududlarida yashovchi muridlari uning ishlarini davom ettiradi. “Tazkirat ul-avliyo” asaridagi ma’lumotlarga ko‘ra esa, Qosim Shayxdan keyin yassaviya silsilasi Turkiston, O‘tror va Amu vohasida keng tarqaldi (qarang: Muhammad Tohir Eshon. Tazkirat ul-avliyo. O‘zFA Sharqshunoslik instituti Qo‘lyozmalar xazinasi. Inv. №7017).
Qosim Shayx Azizon haqidagi asarlarda uning “Biz to‘rt silsiladan ruxsat olganmiz” degan e’tirofi keltiriladi (qarang: Suyundiq Mustafo Nurotiy. Karmana azizlari. Toshkent, “Muharrir”, 2010. 109-bet). Bu ma’lumot uning yassaviya, kubroviya, qodiriya, naqshbandiya shayxlaridan ta’lim va pirlik ijozati olganini ko‘rsatadi. Bu – tasavvuf tariqatlari tarixida kamdan-kam kuzatiladigan holat.
XVI asrda Buxoro shahrining qibla tarafidagi Chorbakr majmuasida makon tutgan Jo‘ybor xojalari naqshbandiya tariqatida yuqori nufuzga ega edi. O‘z davrida naqshbandiyaning peshvosi bo‘lgan jo‘yboriy shayxlardan Xoja Sa’d Karmanaga – Qosim Shayx huzuriga keladi. Bu ikki tariqat pirining samimiy do‘stona suhbati qudachilik bilan yakunlanadi.
Qosim Shayxning “Raddi shiya” (“Shiachilikni rad etish”) asari borligini XX asr boshlarida yashagan nemis sharqshunosi Karl Brokkelman eslab o‘tgan bo‘lsa-da, u hozirgacha topilmagan.
Qosim Shayx Azizon ham, piri Hazrat Shayx Xudoydod singari, boylik orttirish va podsholardan nazr-niyoz olishni xush ko‘rmas, ilojsiz qabul qilgan taqdirda ham, uni beva-bechora va muhtojlarga tarqatishni afzal bilar edi.
Mustaqillik yillarida bu avliyo zot mangu qo‘nim topgan majmua ta’mirlanib, muqaddas ziyoratgohlardan biriga aylantirildi.
Sardor QUVONOV,
Navoiy davlat Pedagogika instituti
mustaqil tadqiqotchisi
“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 4-son.
“Elni vabodan qutqargan zot” maqolasi
Ma’naviyat
Til
San’at
Jarayon
Mafkura
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q