Chumchuqlar endi Makkatillodan qaytmaydi(mi?) yoxud Saudiya islom olamining chinakam yetakchisiga aylanadimi?


Saqlash
10:32 / 06.01.2025 268 0

Oʻzbek xalqida, “Toshkent donini yegan chumchuq, Makkatillodan ham qaytib keladi” degan gap bor. Chumchuqlarning Makkaga uchishi haqidagi maʼlumot qanchalik toʻgʻri, bu haqda ornitologlar nima deydi – bu boshqa masala. Ushbu aytim, aslida, xalqimizning vatan qadr-qimmatini hech nimaga mengzab boʻlmasligini taʼkidlovchi alqovidir: vatanni Makkatilloga ham almashib boʻlmaydi.

 

Biz Saudiya Arabistoni nomini koʻp qoʻllovchi xalqlar qatoriga kirmaymiz. Xalqimiz nazdida bu hudud koʻproq Makka, yoki, Madina shaharlari bilan bir xil maʼnoda keladigan sinonim nom. Saudiya Arabistonining siyosiy-ijtimoiy chizgilari haqida koʻp maʼlumotga ega boʻlmagan xalqlar qatorida tursak-da, unga maʼnodosh sifatida ishlatilib kelinadigan shahar nomlari tufayli, bu joylarni maʼnaviy muqaddas manzillar sifatida koʻradigan xalqlar ichida eng yuqori oʻrinlarda turamiz. Saudiya oʻzbeklar uchun barcha arab davlatlarining bir butunidir, garchi, bu hududda oʻnlab boshqa arab tilli davlatlar boʻlsa-da.

 

Lekin, keyingi paytlarda (aniqrogʻi 2017-yildan) Saudiya Arabistonida boʻlayotgan radikal oʻzgarishlar butun dunyoning diqqat markazida ekan, xalqimizda ham bu davlat haqidagi solid tushunchalar korroziyaga uchradi desak xato gapirmagan boʻlamiz. Saudiya Arabistonida shu yildan boshlangan evrilishlardan tortib, goʻzallik konkursiga qatnashgan mamlakat vakilasining toj kiyishi va bu davlat tuprogʻida ilk marta konsert bergan global pop yulduz Jennifer Lopesgacha boʻlgan vaqt kesimiga bir sharh yozishga ehtiyoj borligi sezilmoqda va ushbu maqolamiz aynan mana shu haqda. Taʼkidlashim kerakki, maqola mukammallikdan yiroq va shaxsiy izlanishlar yigʻindisidir.

 

Hammasi nimadan boshlandi?

 

Bu savolga javob bitta, hammasi 2017-yilda shahzoda Muhammad bin Salmonning valiahd etib tayinlanganidan boshlandi. Shahzoda shu yili qarindoshi Muhammad ibn Naif oʻrniga valiahd boʻlganidan koʻpchilikning xabari bor. Shu vaqtdan boshlab, Saudiya Arabistoni dunyo matbuotida tez-tez koʻrinuvchi obyektga aylandi. Bu davlat haqida qotib qolgan tushunchalar, bir boshdan eriy boshladi. Avvalo, Saudiya qirollik oilasidagi mashmashalar, keyin, mamlakat yoshlariga berilayotgan erkinliklar, xotin-qizlarga haydovchilik va yolgʻiz sayohatga chiqish uchun berilgan erkinlik, tungi klublar va koʻngilochar joylarning koʻpayishi, hijobning majburiylikdan olib tashlanishi, Jamol Qoshiqchining Istanbulda oʻldirilishi kabi kabi birin-ketin yuz bergan hodisalar, oddiy odamlarda bu davlat haqidagi tasavvurlarni shunchalik zoʻriqtirib yubordiki, bu davlat haqida nimadir deb ogʻiz juftlash qiyin boʻlib qoldi. Ammo shuni ham eʼtirof qilish kerakki, bu mamlakatda boʻlayotgan shiddatli oʻzgarishlar, oddiy odamlar uchun hayratlanarli ekan, akademik qatlamdagilar uchun kutilayotgan bir hodisa edi. Buning bir qancha sabablari bor, albatta.

 

Birinchi sabab, Saudiya mintaqa davlatlari ichida eng koʻp aholi va yosh qatlamga ega boy-badavlat mamlakat. Tabiiyki, bu yerda ilm-fandan xabardor yoshlar ham koʻp.

 

Ikkinchi sabab, neft savdosi dunyo iqtisodida asta-sekin katta daromad manbayi boʻlmay qolmoqda. Agar ertaroq chora koʻrilmasa, modadan qolayotgan bu tijoratdan keladigan daromad kasodga uchrashi, Saudiya uchun yangicha iqtisodiy yechim kerakligi, ustma-ust boʻlayotgan neft inqirozlari endi davlat iqtisodiga jiddiy taʼsir qila boshlaganidir. Saudiya Arabistoni neftdan keladigan daromadlar natijasida juda tez shaharlashdi, bu esa odamlar ongida ijtimoiy soʻrovlarni kuchaytira boshladi. Qirol hokimiyati bunga tezroq javob berishi kerak edi.

 

Albatta, bunday radikal oʻzgarishlar dunyo modern shakliga tezroq moslashishmi, yoki, mintaqa va islom dunyosida liderlikka ega boʻlish uchun boʻlayotgan intilishmi buni vaqt koʻrsatadi. Ayni paytda, Donald Tramp bilan munosabatlari juda yaxshi boʻlgan shahzodaning Trampning navbatdagi prezidentlik davrida yana qanday islohotlarga qoʻl urishi haqidagi fikrlar ham hayajon beradi.

 

Kim bu valiahd Muahmmad bin Salmon?

 

Dunyo matbuotini yillar davomida band qilib kelayotgan valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon huquq va siyosiy fanlar yoʻnalishida tahsil olgan. Chet elga na oʻqish yoki, na stajirovka uchun bir kun ham chiqmagan boʻlsa-da, uning huquq va siyosatchilarga xos boʻlmagan (albatta, bu Yevropa koʻzi bilan qaralganda, hudud uchun esa normal holat deyish mumkin) harakatlar bilan mamlakatda oʻzgarishlar boshlashi, olqishlar bilan kutib olinmoqda. Ayniqsa, mamlakatdagi yoshlar undan juda mamnun hamda uning atrofida jipslashmoqda.

 

Lekin, shahzoda Muhammad bin Salmonni bunday shiddatli oʻzgarishlar qilishiga nima undayapti? Uning maqsadi gʻarbdan legitimlik olishmi? Nega shuncha voqea-hodisalarga qaramay, Isroil bilan hamkorlikdan voz kechmayapti? Buning sababi, geografik qadarmi, yoki, majburlikmi? Yoxud, buning sababi islom dunyosi uchun yetakchilikda asosiy raqib deb qaraladigan Eron islom davlatiga qarshi Isroilning qoʻllovini olishmi?

 

Chunonchi, shahzoda Muhammad bin Salmon 2018-yilda Eron bosh rahnamosi oyatulloh Ali Homaneiyni “Yaqin sharq Gitleri” deb ham atagandi. Bunday munosabat esa diplomatiya qoliplardan chiqish va keskinlik belgisi boʻlib, aniq maqsadlar bilan aytiladi.

 

Diqqat shahzoda bin Salmonga qaratilarkan, u oʻz mamlakatini sevadigan va oʻzgarishlar boʻlishini xohlaydigan kishi sifatida taʼriflanmoqda. Uning oldinga surgan fikrlaridan biri, mamlakatda erkaklar iqtisodga qanday taʼsir koʻrsatayotgan boʻlsa, xotin-qizlarning ham bundan ortda qolmasligi lozim. Shahzoda Muhammad bin Salmon bu omil mamlakat iqtisodini oʻstirishini taʼkidlab kelmoqda. Buni ustiga Saudiya Arabistonida katta foiz xotin-qizlar chet eldagi nufuzli universitetlarda taʼlim olib kelgan. Buni esa zudlik bilan davlatga daromad keltiradigan qoʻshimcha qiymatga aylantirish lozim.

 

Toʻgʻri, barcha avtoritar va diktatura rejimiga ega boʻlgan davlatlar kabi oʻzgarishlar tepadan pastga qarab boʻlmoqda. Lekin shahzoda bin Salmonning bundan aslo xavotiri yoʻq. Uning tashvishlanmasligining sabablaridan biri, quyi kesimda modern davlat yaratish uchun kadrlar soni yetarli, yaʼni boʻlayotgan reformalar uchun pastda javob va tamal mavjud. Axir, mamlakat yoshlarining katta qismi, eng rivojlangan davlatlarda taʼlim olib kelganini yuqorida ham yozdik. Shahzoda Muhammad bin Salmon otasi boʻlmish sulton Salmon bin Abdulazizning mamlakatdagi imkon chegaralarini kamaytirishni istadi va bunga erishdi ham. Qizigʻi, oʻzi mamlakatda boʻlayotgan reformalar boshida ekan, gʻarb taʼsiriga tushib qolgan boshqaruvchilarni mamlakatdan quvdi, yoki, taʼsir koʻrsatmaslik sharti bilan olib qoldi.

 

Keyingi paytlarda, shahzoda Muhammad bin Salmon Turkiya davlatining asoschisi Mustafo Kamol Otaturkka ham oʻxshatilyapti. Aslida, bu mengzashlarda ham jon yoʻq emas, chunki, u olib borayotgan islohotlar Turkiya davlati tomonidan ham jiddiy kuzatilayotgani uchun Turkiya tarixining 1920-1930 yillaridagi evrilishlari bilan qiyoslanmoqda va eʼtirof qilinmoqda. Buning ustiga, Turkiya va Isroil bu hududdagi demokratik boshqaruvga ega boʻlgan nodir davlatlardir. Ularning yoniga reforma kuchini koʻrsata olgan, kamiga salmoqli va sifatli aholiga ega boʻlgan bir davlatning qoʻshilishi nega ularni xursand qilmasin?

 

Hamma arab bir arabmi?

 

Ushbu hudud borasida izlanish olib borayotganlarning xulosalariga koʻra, Saudiya Arabistoni nafaqat modernlashmoqda, balki, milliylashmoqda. Saudiya milliy, sekulyar va millatchi boʻlgan bir tomonga ogʻish koʻrsatmoqda. Yaʼni, bizning tasavvurimizga oʻranishib qolgan bu makonda yashaydigan arablarning hammasi bir arab emas, aksincha, ular ham xuddi bizga oʻxshab bir qancha boʻlaklarga boʻlingan. Arablar keyingi paytlarda, oʻzlarini nafaqat arab, balki saudiyalik, misrlik, iordaniyalik va hokazo deb ajrata boshlagan.

 

Bu hudud borasida yaxshi bilimga ega boʻlganlarning tez-tez quloqqa chalinib turadigan bir gaplari bor. Ularning aytishicha, arablar juda kibrli boʻladi va pasportlarning rangiga qarab siz bilan muomala qiladi, hatto, maoshingizni ham shunga koʻra, yaʼni pasportingiz “rangi”ga koʻra olasiz. Gʻarb yoki, Osiyoning kuchli pasporti egasi boʻlsangiz arablar diyorida oshigʻingiz olchi. Boʻlmasa, Xudo urganni nafaqat Paygʻambar balki “Paygʻambarning vorisimiz” deyotganlar ham turtib oʻtaveradi.

 

Saudiyadagi migrantlar haqida gap ketarkan, kafala (arabcha: نظام الكفالة niẓām al-kafāla) – yaʼni “zamonaviy qulchilik” tizimi haqida ham aytib oʻtmasak boʻlmas. Bu nizomga koʻra, siz Saudiya Arabistonining biror fuqarosi kafolatisiz ushbu davlatda ishlay olmaysiz. Oddiyroq aytganda, tobelikka mahkum qilinasiz. Bunda tashqari, mamlakat dunyoda soʻnggi boʻlib, 1962-yilda qullikni bekor qilgan davlat ham hisoblanadi.

 

NEOM – 2030

 

NEOM – 2030 Saudiya Arabistonining koʻp gapiriluvchi loyihalardan biri. Bu loyiha amalga oshishi doirasida, jahonning turli nuqtalaridan kelib ishlayotgan mutaxassislar orasida oʻzbekistonliklar ham yoʻq emas. Shuni alohida taʼkidlab oʻtish joizki, bu loyihaning eng katta hamkorlari Isroil va Misrdir. Hamkor davlatlar Qizil va Oq dengizga tutashib ketuvchi qoyilmaqom bir shahar qurishmoqchi. Loyihaning dunyoda eshi-oʻxshatmasi boʻlmagan bir tijorat kompleksi boʻlishi kutilmoqda.

 

Biroq bu rejaning amalga oshishi qanchalik reallik? Bunga, albatta, qisqa bir davr ichida guvoh boʻlamiz. Masala shundaki, bu loyiha ichida Turkiyaning nega yoʻqligi bir bahs mavzusi ekan, bildirilayotgan fikrlar ichida, bu nuqtada joylashgan davlatlar Turkiya bilan raqobat muhitini yaratishga intilayotgani ham bor.

 

Biroq NEOM-2030 loyihasi kelajagi borasida savollar ham yoʻq emas. 2024-yilda Ar-Riyod umumiy maydoni 26 ming km2 boʻlishi kerak boʻlgan loyihani 98 foizga qisqartirib, 2,4 km2ga tushirdi. Baʼzi mutaxassislar ushbu loyihani allaqachon muvaffaqiyatsiz deb atamoqda.

 

Uzun gapning qisqasi, Saudiya Arabistoni oʻz hududida geopolitik kuchga ega boʻlgan bir davlatga aylanish taraddudiga tushgan. Ibrohim kelishuvlari doirasida bir yoqadan bosh chiqarishga kelishib olgan bu davlatlar, shuning uchun ham Gʻazo hududida boʻlayotgan qirgʻinbarotga panja orasidan qaramoqda va Isroil bilan oralari buzilishini istamaydi degan qarashlar ham yoʻq emas. Bayon qilinayotgan fikrlarga koʻra, bu makonda 5-6 yil ichida koʻp oʻzgarishlarni kuzatishimiz mumkin, chunki, bunga majburiyat bor va hatto Gʻazoning ham oʻzgarishi alohida taʼkidlanyapti. Alaloqibat, bu hududda hali beri Isroilning harbiy va siyosiy harakatlari toʻxtamasligi ayon boʻlib bormoqda.

 

Oʻzbekiston-Saudiya Arabistoni munosabatlari qanday davom etishi kerak?

 

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, bizning hududlarimizda din va dindorlik masalalari butun vaqti sarfimizni olayotgan ekan. Saudiya Arabistoni modern dunyo tomonga peshma-pesh ketib bormoqda. Bu esa qarshimizga shunday savollarni chiqarmasdan qolmaydi:

 

– biz islom dinining maʼnaviy markazi deb biladigan Saudiya Arabistoni siyosiy kursi shunday davom etadimi, yoki, oʻzgarishlar vaqtinchalikmi?

 

– agar vaqtinchalik boʻlsa, Saudiyaning bundan maqsadi nima?

 

– agar davom etadigan boʻlsa, diniy va maʼnaviy qadriyatlarimizni qanday himoya qilishimiz kerak? Makkaga uchgan chumchuqlarimiz, Toshkentga qaytadimi?

 

Turkiyalik modern ilohiyotchilarning fikriga tayanadigan boʻlsak, islom dinini himoya qilish va yashatib qolish yana biz, yaʼni, Turkiy xalqlarning zimmasiga tushadi. Lekin diniy reformalar qanday amalga oshadi, bu juda bahsli savol. Eng muhimi Oʻzbekiston-Saudiya munosabatlari koʻp jihatdan Saudiyaning Eron va Turkiya bilan raqobatiga bogʻliq. Ar-Riyod Rossiya bilan aloqalarni yaxshilashga urinayotgandek koʻringani bilan, boshqaruvning AQSH bilan jiddiy bogʻlangan iplari bor.

 

Yuqorida yozganimizdek, Saudiya Arabistoni 2030-yillarga borib anchayin modern tomonga oʻzgarishi taxmin qilinyapti. Bu haqda Saudiya Arabistonida faoliyatda boʻlgan chet ellik professorlar ham taʼkidlamoqda. Islohotlar Saudiya davlatining oʻz xohishi va irodasining mahsuli va bunga haqli. Chunki, Saudiya Arabistonidagi ichki siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy vaziyat shuni taqozo etmoqda. Oʻzbekiston teran munosabatlarga ega boʻlgan ushbu davlat bilan moʻtadil siyosat olib borishi va munosabatlarni toʻgʻri analiz qilishi kerak boʻladi.

 

Aytganday, 2023-yilda Saudiya Arabistonining turizmdan oladigan foydasi naqd 15 foizga oshgan (bu Haj amallariga boruvchilar ulushidan tashqari miqdor).

 

Fazliddin Madiev

 

Toshkent ISFI katta oʻqituvchisi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

12:01 / 07.01.2025 0 173
Ma’naviyat – millat ruhi, shaxs mas’uliyati





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23829
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//