O‘tgan asr tanazzuli yoxud So‘fizodaning fojiaviy kulgisi


Saqlash
14:54 / 04.01.2025 161 0

Adabiyotshunoslik ilmida jadid adabiyotining ilk bosqichi sifatida taraqqiyparvarlik davri adabiyoti oʻrganiladi va bu davr 1905–1917-yillarga, yaʼni eng ogʻir, kurashlarga toʻla va shu bilan birga eng qizgʻin davrga toʻgʻri keladi. Yangilanish uchun mos tarixiy sharoitning yetilishi, qarashlar xilma-xilligi va keskinligi barobarida yagona maqsad – millatni yuksaltirish masalasining asos muammoga aylanishi, maʼrifat targʻiboti va noshirlik, mafkuraviy-gʻoyaviy-tarbiyaviy adabiyotni yaratishdagi intilishlar, taʼsirchan yangi poetik shakllarni izlab topish va asarni bahs maydoniga aylantirish kabi omillar adabiyotni yangi sifat bosqichiga olib chiqdi.

 

Poʻlotjon Qayyumov oʻz tazkirasida Soʻfizoda (217), Ibrohim Davron (218), Hijron (269), Mustagʻfar (270), Oraziy (277), Faqiriy (280), Mutrib (281), Tavallo (286), Xayoliy (287), Ahtariy (288), Gʻofilol (289), Lutfiy (291), Nihoniy (296), Shokir Sulaymon (299) kabi koʻplab shoirlar nomini sanab oʻtadi va ularga oʻrni bilan “fikrida buyuk oʻzgarish hosil etgan taraqqiyparvarlar, jadid muallimlar, jadidizm davrining mashhur arboblari”, deya taʼriflar beradi. Bu taraqqiyparvar jadid shoirlar Navoiy, Fuzuliyga tatabbular bogʻlaydi, shu bilan birga hunarsizlik, tabaqalar tafovuti, ijtimoiy-maishiy muammolar, ayollar masalasi, din va ilm maʼrifati, maorif, eng muhimi, sheʼriyatni yangilash masalalariga diqqat qaratadi. Bu sheʼriyatda hali dagʻallik, toʻla estetik hodisaga aylanmagan jihatlar, Oktabr voqealaridan keyin tushunchalarda yanglishish va ikkilanishlar boʻrtib koʻrinadi. Shu jihatdan mumtoz anʼanalar tizimli davom ettirilgan, deya olmaymiz. Hatto mumtoz poetika qonuniyatlaridan birdan uzoqlashish, maishiy mavzularga berilish sheʼriyatning estetik qimmatini bir qadar tushirgan. Bu, albatta, yangilanayotgan, yangilanishi kerak boʻlgan tafakkur va hayot tarzi bilan bogʻliq edi.

 

Tayanch bilim – madrasa taʼlimi va “ilmi badeʼ” boʻlgan bu ijodkorlar hali yagona gʻoya atrofida faol birlashmagan, tushuncha hamda qarashlarida ham maʼlum ziddiyatlar mavjud edi. Ular aruz vaznida ijod qilar, devonchilik anʼanalariga amal qilar, mumtoz janrlardan foydalanardi, ijodining ilk davrlarida ishqiy, keyinroq hajviy sheʼrlarga keng oʻrin berishgandi.

 

Soʻfizoda badihagoʻy shoir boʻlib, manzilli, murosasiz bahs yurituvchi va keskin satirik ruhga ega sheʼriyat sohibi edi. Poʻlotjon Qayyumov shoirga quyidagicha taʼrif beradi: “Yengil, silliq, avomfahm iboralarga ega oʻtkir maʼnoli lirika egasi. Avomchiligi, yoʻqsullarga yaqin turishi ila tanilib turar. Boshqa shoirlardan koʻra Hamzaga hamfikr, hamohang turar edi”[1]. Shoirni oʻz koʻzi bilan koʻrgan Poʻlatjon domla uning doim soʻzini “Maslak balosi” deya boshlashi, ochiq chehrali, kular yuzli kishi boʻlganini aytadi.

 

“Shoʻro”, “Oyina” sahifalarida sheʼrlari bosilgan, ayniqsa, “Mushtum”da chop etilgan hajviy sheʼrlari millat va millat shoirlarining maʼnaviy qiyofasi, ogʻriqlarini yetarlicha tasavvur qilishga imkon beradi. Shoir sheʼriyatida 20-yillarning oʻrtalariga borib mutoyiba tagidagi hazin kayfiyat kuchaya borgan, shu nuqtalardan eʼtiboran milliy adabiyotimizda satirik sheʼr tabiati ham oʻzgardi. Davralarda, choyxonalarda davom etib kelayotgan kulgi milliy-fojiaviy kulgiga aylandi, hatto endi buni kulgi ham deb boʻlmasdi:

 

Oʻlturub xum boshigʻa, boʻldi boʻyoqchi maymun...

Oldi “partiyni” boʻlub koʻp kishi ikki xotun...

“Jenotdel”dagi xom nosiha – bibi otun[2]...

 

Yoki

 

Agar xotun ololmay beva boʻlsam, yallochi qizlar,

Mozorimgʻa borib childirma birla yor-yor ayting.

 

Yoki 1925-yil 3-mart sonida Lutfilla Olimiyning “Unitilgan shoir” sarlavhali maqolasi bilan “Fargʻona” gazetasida bosilgan musaddasidan parcha:

 

Payt poylab dushmanim qoʻydi yoʻlimga loy tuzoq,

Guldirab chalqancha tushdim, toyilib boʻldim choʻloq,

Sudralib qolgʻan kunimda boʻlmading qoʻltuq tayoq,

Iltimosimdin zerikding, doʻstim, boʻlding yiroq,

Qaygʻirib koʻp yigʻlamoqdin koʻzlarim boʻldi shapoq,

Jola yangligʻ koʻz yoshim har qatrasi bir nosqovoq.

 

Zotan ushbu sheʼr yoʻllangan Lutfilla Olimiy bekorga “...lirikasida oyogʻidan qora bulut chaqmoq chaqib, kulib turgani koʻrinadur” deya taʼrif bermaydi.

 

Bu avlod ijodkorlaridan yana biri – Tavallo ijodida ham Oktabr voqealariga qadar achchiq kinoya, qochib boʻlmas keskinlik koʻrinsa, 1917–1920-yillardan barmoqda yaratilgan hajviy sheʼrlarida yengil-yelpi kesatiq-qochiriq, zaharli istehzo toʻlib-toshadi. Ularda umidsizlikning juda chuqur qiyofasi va uning bora-bora isyonga aylana borgani kuzatiladi:

 

Bunlaring shoʻrbo-palov, norin yebon, choy ichsa bas,

Soʻngra ikki yelkasiga tepsalar ham indamas,

Chiq ichimdan, jonim-yey, san manga hamdamlashmasang.

 

Tadqiqotchilar sovet davriga kelib, Tavalloda maʼnaviy inqiroz boshlanganini, bolsheviklar siyosatining gʻayriaxloqiy, gʻayriinsoniy mohiyati, oilaviy yoʻqotishlar sabab umrining qatliga qadar boʻlgan 20-yili samarasiz oʻtganini bayon qiladilar[3]. Yu.Saryomiy taʼsirida haq, ishq, fano toʻlqinlarida ham yashab koʻrgan Tavallo 1917-yil yolgʻonlariga tob berolmadi. Bu yolgʻonlardan soʻng shoir millati kabi maʼnan majruh boʻlib qoldi, davr uni oʻksitib qoʻydi. Tavalloning 10-yillardagi yoniq sheʼriyati yangi oʻzbek sheʼriyatiga ulanib ketolmadi. U endi yozganlarini koʻproq “Magʻzava” taxallusi bilan eʼlon qildi.

 

Soʻfizodaning sheʼrlari “Sabzazor” bayoziga (Toʻplovchi va nashrga tayyorlovchi: Munavvar qori. – Toshkent: Ilin bosmaxonasi, 1914. – 49 b. OʻzR FA Sharqshunoslik instituti. Sharq qoʻlyozmalari xazinasi, asosiy fond, toshbosma. Inv №12891), “Yangi adabiyot” sheʼriy toʻplamiga (Yangi adabiyot. Sheʼrlar toʻplami. Noshir: Xoji Muin (Mehri) ibn Shukrullo. – Samarqand: Gazaurov matbaasi, 1915. – 36 b. Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi. Nodir qoʻlyozma, toshbosma va bosma asarlar. Inv №766/III.) kiritilgan. Sheʼrlar mazmun mundarijasiga koʻra munojot, hasbi hol, shikoyat, Vatan madhi va dardi, maktab, ilm-maʼrifat, teatr mavzularida boʻlib, Turkiston ahliga xitob tarzida berib borilgan.

Vadud Mahmud milliy uygʻonish davri adabiyotining ikki boʻgʻinini juda aniq farqlaydi. Maʼrifatparvarlik adabiyoti va yangi oʻzbek adabiyoti oʻrtasida koʻprik boʻlgan taraqqiyparvarlik adabiyotini, ulardagi uslubiy oʻzgarishlarni tekshiradi. Natijada, “Soʻfizoda, Siddiqiy Ajziy, Abdulla Avloniy, Sidqiy Xondayliqiy, Tavallo, H.H.Niyoziy kabi ikki davrga koʻprik boʻlmish shoirlar ijodida oʻsha adabiy voqelikni” kuzatish mumkin boʻladi.

 

Shahnoza NAZAROVA,

filologiya fanlari doktori

________________________________________

[1] Poʻlotjon Domulla Qayyumov. Tazkirai Qayyumiy. – Toshkent, 1998. – B.483–487.

[2] Soʻfizoda. Ashʼor // Mushtum. 1925. №2.

[3] Milliy uygʻonish davri oʻzbek adabiyoti: Universitetlar va pedagogika oliy oʻquv yurtlarining filologiya fakultetlari uchun darslik / B.Qosimov, Sh.Yusupov, U.Dolimov va boshq. – Toshkent: Maʼnaviyat, 2004. – B.319-320.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23801
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//