Joriy yil oktyabr oyida Oskar Uayld tavalludiga 170 yil to‘ldi. U betakror uslubi va hayratangiz fikrlari bilan jahon adabiyoti peshvolari qatoridan joy olgan. Irlandiyaning Dublin shahrida tug‘ilgan bo‘lsa-da, ingliz, olmon va farang tillarida ijod qilgan. Atigi 46 yil umr ko‘rgan adibning hayoti ham, ijodi ham murakkab.
Oskar Uayldning ijodkor sifatida shakllanishiga XIX asrning ikkinchi yarmida Yevropada tarqalgan badiiy-estetik qarashlar, romantizm, realizm va krititsizm, ayniqsa, Balzak, Turgenev, Dostoyevskiy, Goffman, Andersen ijodi kuchli ta’sir ko‘rsatgan.
Uayld aristokratiya va o‘z mayl-istaklariga bandi burjuaziya tartiblariga qarshi chiqadi. Adib hukmron tabaqaga xos manmanlik, hayosizlik, ikkiyuzlamachilik, g‘irromlik, didsizlik kabi illatlarni dadil fosh etadi. Uayld rus yozuvchisi Dostoyevskiy izidan borib “Dunyoni go‘zallik qutqaradi” degan g‘oyani yoqlashga intiladi. Uning fikricha, san’at hayotga taqlid qilmaydi, aksincha, hayot san’atga ergashadi.
Oskar Uayldning asarlari va suhbatlaridan olingan fikrlardan namuna keltiramiz.
Tarjimon
Agar tarjimai holimga oid so‘rovnoma to‘ldirishimga to‘g‘ri kelsa, yoshim – 19 da, kasbim – daholik, qusurlarim – qobiliyat, deb yozgan bo‘lardim.
Men qoidalar uchun emas, balki istisnolar uchun yaratilganman.
Men asrimni shunday uyg‘otdimki, u meni afsona-yu asotirlarga burkadi.
Sizni yomonlaganlar – yomon, umuman yomonlamaganlar esa undan-da yomon.
Hayot janglarida qatnashganlardan ko‘ra chetda turganlar og‘irroq jarohat oladi.
Barchamiz hayot sirini izlaymiz, hayot siri – san’atda.
Yoshlikning hayratomuz xatosi – hayotni falsafa emas, ehtiros; keksalikning vahimali xatosi esa hayotni ehtiros emas, falsafa deb tushunishdadir.
Hayot falsafasi – hech bir jiddiy narsani jiddiy qabul qilmaslik, jiddiy bo‘lmagan ishlarga esa jiddiy yondashishdadir.
Keksalikning fojiasi qariganingizda emas, qalbingiz yoshligicha qolganidadir.
Biz mudom o‘z “men”imiz ichida adashib yuramiz, shu bois hayotimizni o‘zgartirishimiz dargumon.
Qoniqish – boshqalardan oladiganimiz, burch – boshqalardan kutadiganimiz, daholik – boshqalarga ravo ko‘rmaydiganimizdir.
Odamlarning o‘zidan ko‘ra kechinmalari qiziqroq.
Odamzod o‘zidan kuchliroq keladigan ehtiros va kechinmalardan instinktiv ravishda qo‘rqadi.
Kibrli odam har narsaning bahosini biladi, ammo ularning qadrini bilmaydi.
Mudom o‘tmishga ko‘z tikkan odam kelajagi o‘tib ketganini sezmay ham qoladi.
Anglash qiyin ikki narsa bor: o‘lim va tubanlik.
Kamtarlik omaddan yiroq, faqat surbetlik omadga yetaklaydi.
Maqtov meni itoatgo‘y qiladi, aksincha haqoratlasalar, o‘zimni yulduzlarga yaqin ko‘raman.
Men suhbatdoshimga og‘iz ochishga imkon bermayman. Bu vaqtimni tejaydi va benaf tortishuvga hojat qoldirmaydi.
Ijodkor tanishishni istaydigan kishilar xushsurat va a’mo bo‘lsin: birinchisi badiiy huzur beradi, ikkinchisi – aqlga istirohat.
Men gapirib huzurlanishdan voz kechishim mumkin, biroq boshqalarni meni tinglab huzurlanishdan mahrum qilolmayman.
Nikohdan ayollar baxt kutadi, erkaklar unga erkini tikadi.
Ayol noz-u karashmalari bilan sevdiradi, da’volari bilan bezdiradi.
Oshiqlik o‘zini aldash bilan boshlanadi va o‘zgani aldash bilan yakunlanadi.
Haqiqiy muhabbat o‘ziga qarshi qilingan gunohlardan tashqari barcha gunohlarni kechiradi.
Sizga befarq ayol bilan do‘stlashish oson.
Moda tufayli har qanday fantastika oniy dog‘uli o‘yinga aylanadi.
Moda shunday tuturiqsizlikki, shu bois u har yarim yilda yangilab turiladi.
Gustohona kiyinuvchilar – xushsuratlik ham hayot falsafasi ekanini unutib qo‘yganlardir.
Millatning badiiy didi me’morligidan kam bo‘lmagan kiyinishida ham aks etishi shart.
Biz shunday qashshoqlashganmizki, xushomaddan boshqa hech vaqomiz qolmadi.
Kuchli antipatiya – sirli bog‘lanishga ishora.
O‘zi botqoqda, ammo nigohi yulduzlarda.
Bizning asrimizda faqat benaf narsalar naflidir.
Menga ortiqchasini bering, zarurini boshqalarga tarqating.
Chin ijodkor havaskor bo‘lib qolaveradi.
San’at asarlarini tushuntirishga urinish ularni qadrsizlantiradi.
Josuslik o‘layotgan kasbdir, uning o‘rnini endi matbuot egallamoqda.
Men taraqqiyotga emas, odamdagi buzg‘unchilikning doimiyligiga ishonaman.
Kishining avval kim bo‘lgani emas, balki hayotning betakror har onida kimga aylangani muhimdir.
O‘zingizni o‘zingiz yarating, qolgan vazifalarga mas’ullar allaqachon tasdiqlangan.
O‘lganimdan keyin ajmal (eng go‘zal) gulga aylanishni istardim. Vahki, gunohlarim bois azfar (o‘tkir hidli) qizil yorongulga do‘naman.
Rus tilidan Viktor ALIMASOV tarjimasi
“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 4-son.
Tarix
Til
San’at
Adabiyot
Jarayon
Mafkura
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q