Neoimperiachilikning mafkuraviy ittifoqchisi sanalgan neoliberalizm iqtisodiy jabhada “falaj terapiyasi”, monetar siyosat va neomakroiqtisodiyot nazariyasi hamda boshqa katta-kichik konsepsiyalarga tayanadi. U iqtisodiyotda davlat vakolatlarini cheklab, transmilliy kompaniyalar qudratini oshirishni yoqlaydi. XX asrning 70-yillarida Nobel mukofoti laureati Milton Fridman rahbarligidagi Chikago maktabi neoliberalizm doirasida “falaj terapiyasi” gʻoyasini olgʻa surdi. Olim qatʼiy ravishda erkin bozor munosabatlarini joriy qilish uchun uchta gʻoya taklif etgan: mulkni toʻliq xususiylashtirish, yaʼni davlat mulkini batamom yoʻqotish; davlatni iqtisodiyotni tartibga solish va nazorat qilishdan chetlashtirish; ijtimoiy sohaga ajratiladigan mablagʻlarni keskin kamaytirish.
Tabiiyki, bunday siyosatni keng omma qabul qilishi qiyin edi. Shu bois M.Fridman jamoatchilik ongini falaj qilib qoʻyadigan tabiiy ofatlar (zilzila, suv toshqini, dovul, toʻfon, qurgʻoqchilik, yongʻin) yoki favqulodda hodisalardan (iqtisodiy inqiroz, toʻqnashuv, terakt, fuqarolik urushi, siyosiy beqarorliklar) foydalanib qolishni tavsiya etadi. “Shok terapiyasi” nazariyasi va amaliyotini oʻrgangan kanadalik siyosatshunos Naomi Klyaynning taʼkidlashicha, ushbu gʻoyani amalga tatbiq etgan biror mamlakat ijobiy natijaga erishmagan. Bu taʼlimot xalqni qashshoqlashtirib, ishsizlikni kuchaytirgani holda, kam sonli guruhlar, korporatsiyalarning boyishi, yangi oligarxlar paydo boʻlishiga xizmat qilgan. Shunga koʻra N.Klyayn mazkur nazariyani iqtisodiy tenghuquqlilik qadriyatiga yot, tor doiralar manfaatlariga xizmat qiluvchi korporativizm mafkurasi deb baholaydi (Klyayn N. Doktrina shoka. Rassvet kapitalizma katastrof. Moskva, “Dobraya kniga”, 2015).
Neoimperializmning mafkuraviy aslahasi
Neoimperializmning mafkuraviy aslahalari orasida turli-tuman nazariyalar, konsepsiyalar mavjud. Zaruratga, makon va zamonga qarab ulardan maʼquli istifoda etiladi. Baʼzi nazariyalar, konsepsiyalar bevosita targʻibot-tashviqotga moʻljallanmagan, yaʼni ular sof ilmiylikka daʼvo qiladi. Biroq neoimperializm tarafdorlari ularni oʻz maqsadiga moslab talqin etadi.
Neoimperializm ehtiyojlarini hisobga olib yozilgan bahsli asarlar talaygina. Amerikalik siyosatshunos Semyuel Hantingtonning 1994-yilda chop etilgan “Tamaddunlar toʻqnashuvi” risolasi shunday manbalar sirasiga kiradi. Muallif fikricha, endilikda urushlardan maqsad iqtisodiy-siyosiy va harbiy hukmronlikka erishish emas, balki madaniy-gʻoyaviy ustunlikni qoʻlga kiritishdir. Shu tariqa u neoimperializmning asl maqsadini niqoblashga urinadi. S. Hantington “Biz kimmiz?” asarida ham ochiqchasiga ingliz-protestant madaniyatiga ispanlashuv va multikulturalizm tahdid solayotgani haqida yozadi.
Amerikalik boshqa bir siyosatshunos Frensis Fukuyama esa “Tarix intihosi” maqolasida totalitar tuzum va mafkuralar barham topib, oxir-oqibat liberal demokratiya gʻalaba qozonishi, yaʼni Gʻarb qadriyatlari taʼsiri ortishini bashorat qiladi. Shunday ekan, milliy madaniy meros, qoloq milliy va diniy urf-odatlardan, milliy identlikdan voz kechib, dunyo fuqarosiga aylanish lozim, degan bahsli gʻoyasini ilgari suradi muallif. Gʻarbda yuzaga kelgan noxush ijtimoiy-madaniy, axloqiy, siyosiy tendensiyalarni tanqid qilib, ularning asl sabablarini ochib berishga intilayotgan Patrik Byukenen, Jeyms Koulman kabi mualliflar ham yoʻq emas. Shu oʻrinda “yumshoq kuch” konsepsiyasi muallifi Jozef Nay va amerikalik jamoat arbobi Jin Sharp nomini eslashni lozim topdik.
J.Sharp “Diktaturadan demokratiyaga” asarida Mahatma Gandi kabi mutafakkirlarning tinchlik yoʻli bilan erkinlikka (mustaqillikka) erishish gʻoyasiga oʻz prinsiplarini qoʻshgan holda yangi nazariyani ilgari surgan. Neoimperializm amaliyotchilari esa bu nazariyani “sakral (muqaddas) qurbonlik” keltirish (“Namoyishchilardan birortasini politsiya yoki armiya otib qoʻyishi zarur, ana shunda jazavaga tushgan omma davlat hokimiyatini agʻdarib tashlaydi”) gʻoyasi bilan boyitib, rangli inqiloblar amalga oshirish mexanizmini yaratdi. J. Sharpning oʻzi amaliy siyosat bilan shugʻullanmagan, asarini ham buyurtma asosida yozmagan. J.Nayni esa neoimperializmning tipik neoliberal mafkurachisi deb atasa boʻladi.
Nazarimizda, neoliberalizm taʼlimoti biror mamlakat aholisiga rivojlanish maqsadini aniq-tiniq belgilab berolmadi. Bu nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy taraqqiyot strategiyasi, shuningdek, inson takomili, yashashdan maqsad gʻoyasi va hayot idealiga ham taalluqlidir. Balki shu boisdir, neoliberalizm mafkurasi tarqalgan oʻlkalarda davlat siyosatida ham, fuqarolar hayotida ham kelajak idealini topish qiyin. Odamlar maqsadsiz, maʼnisiz umrguzaronlik qilayotgandek, hayot chin absurdga aylangandek. Bu hol ommada befarqlik kayfiyatini, siyosiy, axloqiy va gʻoyaviy infantillikni vujudga keltiradi. Aholisi loqayd va maqsadsiz mamlakatni esa istagan koʻyga solish, iqtisodiy, maʼnaviy jihatdan qashshoqlashtirish, talash mumkin.
Neoliberalizmning ayrim namoyandalari insonning ruhiy va ijodiy tuygʻulari, yuksak ideallar, koʻngil dunyosi, axloqiy va estetik qadriyatlarni eskilik sarqiti (anaxronizm) deb eʼlon qildi. Ular oʻrniga isteʼmolchilik ideali olgʻa surildi. Targʻibot-tashviqot ishida har bir aholi qatlamiga oʻziga xos tarzda yondashuv yoʻlga qoʻyildi. Brend tovarlar xaridiga mukkadan ketish, yoshlarning ekstravagant koʻrinishdagi estrada yulduzlari va virtual superqahramonlarga taqlid qilishi, hatto sigʻinishi, muloqotda dagʻal, vulgar, haqorat soʻzlarini qoʻllash, umuman, ommaviy madaniyatning noxush koʻrinishlari avj olgani oʻsha targʻibotning “meva”laridir.
Neoliberalizm mafkurasi demokratiya, inson huquqlari va erkinlik gʻoyasini neoimperializm manfaatlariga koʻra talqin etadi. Demokratiya, inson huquqlari va turli marginal guruhlarni himoya qilish bahonasida rivojlanayotgan mamlakatlar ichki ishlariga aralashuv, iqtisodiy sanksiyalar qoʻllash, hatto harbiy kuch ishlatish, rangli inqiloblar uyushtirish usullari zamirida neoimperializm yotadi. Neoliberalizm Gʻarbning ikki xil standartlar qoʻllash siyosatini oqlaydi. Masalan, 2024-yil may oyida Haagada joylashgan Xalqaro jinoiy sud Isroil bosh vaziri va mudofaa vaziriga nisbatan qamoqqa olish toʻgʻrisida order bermoqchi boʻlganda, Gʻarb rasmiy doiralari bunga qatʼiyan qarshi chiqdi. Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi (XOQ) Parijda oʻtgan Olimpiada oʻyinlarida rossiyalik va belorussiyalik sportchilar qatnashishiga cheklov qoʻydi, baʼzi sport federatsiyalari ularning Olimpiadada ishtirokini butkul taqiqladi. Bunga Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi sabab qilib koʻrsatildi. Gʻazo sektoriga uyushtirilgan qirgʻindan keyin jahon jamoatchiligi XOQdan Isroilga qarshi sanksiya qoʻllashni taklif etganida esa, Gʻarb rasmiy doiralari bunga ruxsat bermadi...
Insoniy ayniyat xavf ostida
Anʼanaviy liberalizmda demokratiya koʻpchilikning ozchilik ustidan hukmronligi sifatida tushuniladi. Ammo ozchilik manfaatlari toʻliq inkor qilinmaydi, qonun doirasida muhofaza etiladi. Neoliberalizm esa ozchilikning koʻpchilikni oʻz irodasiga boʻysundirishini yoqlaydi. Koʻpchilikning ovoz berishi va irodasi, yaʼni demokratik saylov ortidan hokimiyat tepasiga Hitler singari diktatorlar kelishi mumkinligi vaj qilinadi. Ularning daʼvosicha, ozchilik irodasiga ustunlik berilganda goʻyo bunday holatlar yuz bermaydi. Jamiyatda ozchilikka ustuvor imkoniyat tuhfa etilishini chin adolat deb talqin qilish, siyosat va huquqda ikki xil standart qoʻllanishi, shaxs jinsiy identligi masalasida “neytrallik” gʻoyasi neoliberalizm qanday mafkura ekani va kimlarning manfaatlarini ifodalashini aniq koʻrsatadi. Aslini olganda, bu – almisoqdan qolgan elitar nazariyaning zamonaviy sharoitga moslashgan patologik, nosogʻlom shaklidir. Xatarli jihat shundaki, neoimperialistik davlatlarning siyosiy va iqtisodiy yetakchilari, korporativ ozchilik, shu jumladan, “nojins” toifa vakillari oʻzini “zamonaviy elita” sanamoqda. Boz ustiga, axloq, huquq, siyosatga doir meʼyorlar, qarorlar, xalqaro kelishuvlarni qisman yoki toʻliq neoimperializm manfaatlariga moslashtirish tendensiyasi kuzatilmoqda.
Rossiyalik faylasuf Aleksandr Dugin amerikalik jurnalist Taker Karlsonga bergan intervyusida zamonaviy neoliberalizmning maqsadi shaxsni individual identligidan (insoniy ayniyatidan), shu jumladan, gender identligidan “ozod qilish” deb toʻgʻri taʼkidlagan edi. Agar faylasufning bu nuqtayi nazarini jahon hamjamiyatiga nisbatan qoʻllasak, bosh maqsad xalqlarni milliy identligidan mahrum qilish, idealsiz, milliy gʻurursiz olomonga aylantirish ekani oydinlashadi. “Nojins” hamjamiyatlar faoliyati qonuniylashishi va keng tashviq qilinishi, jinsiy neytrallik tamoyili asosida bogʻcha, maktablar tashkil qilinishi... bularning bari neoliberalizm odamlarni gender identlikdan voz kechtirmoqchi boʻlayotganidan dalolat beradi.
Neoliberalizm mafkurasi inson huquqlari va erkinliklari bobida anʼanaviy axloqiy qadriyatlarni tan olavermaydi. Ustuvorlik formal huquqqa beriladi. Masalan, jinsiy moʻljali oʻzgacha shaxslarni jinoiy taʼqib qilmaslik gumanizm tamoyili va inson huquqlariga mos degan qarash bilan kelishish mumkin. Chunki ularning ayrimlarida tabiiy tugʻma patologiya mavjud. Tugʻma kasallik uchun esa odamni ayblab boʻlmaydi. Bu toifa oʻtmishda ham boʻlgan. Lekin ilgari ular oʻz gʻayriodatiy hayotini koʻz-koʻz qilmagan, jamiyat axloqiy muhiti, osoyishtaligini ochiqcha buzmagan. Endilikda esa “gender betaraflik”, shahvoniy ozchiliklar huquqlari tajovuzkor tarzda targʻib-tashviq etilmoqda. Bir jinsli nikohlarga ruxsat berilishi erkinlik va demokratiya darajasini belgilovchi mezonga aylantirilmoqda. Teleekranlarda zoʻravonlik, fahsh, qotillik, dahshat sahnalari estetiklashtirilgan filmlar, sayoz mazmunli koʻngilochar koʻrsatuvlar koʻpaygani neoliberalizm mafkurasining madaniy hayotdagi aksidir. Superqahramonlarga bagʻishlangan elektron oʻyinlarni aytmaysizmi! Aynan shunday oʻyinlar, ommaviy madaniyatning “kitch”, “midl” singari mahsulotlari yordamida yosh avlod milliy ildizlaridan uzib olinmoqda; ota-onasi, yaqinlari va katta avloddan begonalashtirilmoqda.
Eʼtibor berilsa, rivojlanayotgan mamlakatlar aholisida “yumshoq kuch” yordamida zimdan milliy identligi va milliy qadriyatlariga nisbatan bepisand, hatto nigilistik munosabat shakllantirilmoqda. Sirasi, Gʻarb ommaviy madaniyati va axborot ekspansiyasi neoimperializmning yana bir kuchli mafkuraviy qurolidir.
Mumtoz liberalizm davlatlarning ichki va tashqi siyosatida populizm, tor manfaatlarga, siyosiy shoularga moyillikni tugʻdirgan edi. Endi bunday moyillik bir necha karra kuchaydi. Davlatlarning amaliy siyosatiga ommaviy madaniyat tamoyillari va xususiyatlari kirib keldi. Xatarlisi, obyektiv tarixiy zarurat, hatto milliy manfaatlardan emas, harbiy-siyosiy blok birdamligi manfaatlaridan kelib chiqib qaror qabul qilinmoqda. Kezi kelganda muayyan ittifoqqa mansub davlatlardan gegemon davlat manfaatlarini deb baʼzi suveren huquqlaridan voz kechish talab etilmoqda. Buni AQSHning soʻrovi (uni balki bosim degan maʼquldir?) ostida Yevropa Ittifoqiga kiruvchi ayrim davlatlarning oʻz milliy manfaatlari, erkin savdo qilish huquqidan qisman voz kechgani, yaqin-yiroq oʻlkalar bilan savdo-sotiqni cheklaganida koʻrish mumkin.
Siyosat va siyosatchilar maydalashib, bachkanalashib bormoqda. Baʼzi siyosatdonlar davlat arbobini emas, koʻproq shoumenlarni eslatadi. Jahon jamoatchiligini chalgʻitish va oʻz siyosatini maʼqullatish uchun turli fobiyalar (islom fobiyasi, ruslar fobiyasi, Shimoliy Koreya fobiyasi, Xitoy fobiyasi, migrantlar fobiyasi) oʻylab topilib, zoʻr berib omma ongiga singdirilmoqda. Bu, bir tomondan, omma ongini manipulyatsiya qilish usuli boʻlsa, ikkinchi tomondan, oʻz taʼsiridagi davlatlarni “umumiy xavf”ga qarshi birlashtirish, suverenitetini cheklash uchun oʻylab topilgan siyosiy-mafkuraviy usuldir.
Neoimperializmga xizmat qiluvchi mafkurachilar oʻz mamlakati va jahon jamoatchiligi fikrini boshqa oʻzanga burish maqsadida tarixiy voqealarni soxtalashtirishdan ham qaytmayotir. Bular, afsuski, tasodifan yuz berayotgan hodisalar emas, balki tizimli olib borilayotgan axborot qoʻporuvchiligidir. Masalan, AQSH aholisi, ayniqsa, yoshlarning katta qismi Ikkinchi jahon urushi Germaniya va SSSRga qarshi olib borilgan, Xirosima va Nagasaki shaharlariga atom bombasini SSSR tashlagan deb hisoblaydi. Hatto amerikalik ayrim rasmiy amaldorlarning AQSH va Ukraina birgalikda Ikkinchi jahon urushida Germaniya va Rossiyaga qarshi kurashdi, degan soʻzlari tarix qanchalik soxtalashtirilayotgani haqida tasavvur uygʻotadi.
Fobiyaning kuchayishi, soxtalashtirilgan siyosiy tarix, davlat boshqaruvi professionallik darajasining pasayishi, boshqaruv tizimiga tasodifiy shaxslarning, baʼzi hollarda marginal guruh vakillarining kelishi jahon hamjamiyati barqaror taraqqiyotiga katta xavf solmoqda. Chunki barqarorlik izdan chiqishi, ijtimoiy-siyosiy muhit taranglashuvi neoimperializm namoyandalari uchun ayni muddaodir. Nazarimizda, fobiyalar, voqealar va faktlarni soxtalashtirish, tinchlik, xavfsizlikka tahdid boʻlmasa, rivojlanayotgan mamlakatlar neoimperialist davlatlar bosimini toʻliq inkor qilib, mustaqil siyosat yurita oladi.
“Boshqariladigan xaos” nima?
Neoimperializm Ikkinchi jahon urushidan keyin jahon ikki qutbga boʻlingan sharoitda, oʻtgan asrning 70–80-yillarida shakllandi. SSSR va Sharqiy Yevropadagi sotsialistik tizim parchalangach, siyosiy jihatdan Amerika yetakchiligidagi rivojlangan Gʻarb mamlakatlari va ular taʼsiridagi mamlakatlarni birlashtirgan birqutbli dunyo, shuningdek, oʻzini hech qanday qutbga mansub deb bilmagan, taraqqiyot darajasi turlicha davlatlardan iborat uyushmagan hamjamiyat paydo boʻldi. Ikkiqutbli dunyoda qaror topgan siyosiy, harbiy, ijtimoiy va gʻoyaviy-mafkuraviy muvozanat buzildi.
Birqutbli dunyo muhitida AQSH va uning ittifoqchilari BMT kabi xalqaro tuzilmalarni pisand qilmasligi, ular qabul qilgan qarorlarning oʻz manfaatiga toʻgʻri kelmaydiganlarini mutlaqo eʼtiborsiz qoldirishi hollari koʻpaydi. Pirovardida global xavfsizlik soʻroq ostida qoldi. Neoimperializm “boshqariladigan xaos” nazariyasini yaratib, oʻziga kerakli mintaqalarda vaziyatni izdan chiqarmoqda. Qoʻshni mamlakatlar yoki bir mamlakat ichida turli etnoslar bir-biriga gij-gijlanmoqda. Jahondagi toʻqnashuvlar, gʻalayonlar, rangli inqiloblarning aksari “boshqariladigan xaos” nazariyasi mahsulidir.
Qoʻshqutbli dunyo mezonlariga mos BMT va uning baʼzi tuzilmalari birqutbli dunyoda samaradorligini yoʻqotdi. Uni isloh qilish zarurligi tobora oydinlashmoqda. Balki “koʻpqutbli dunyo” qaror topgach, BMTni qay tartibda, qay yoʻnalishda isloh qilish aniqroq namoyon boʻlar. Ehtimol, oʻshanda jahondagi siyosiy, harbiy va iqtisodiy kuchlar oʻrtasida qandaydir muvozanat, tiyib turish mexanizmi yuzaga kelar. Hozircha bu borada uzil-kesil xulosa qilish qiyin. Lekin shunisi aniqki, birqutbli dunyodan koʻpqutbli dunyoga oʻtish oʻta ziddiyatli kechmoqda, hatto uchinchi jahon muhorabasi xavfi ortmoqda.
Rossiya sobiq SSSRning vorisi sifatida unga tegishli eski qutbni saqlab qolishga harakat qilmoqda. Biroq u Gʻarb neoliberalizmiga muqobil samarali model taklif eta olmadi. Aksincha, “rus dunyosi”, “provoslav sivilizatsiyasi” kabi mavhum, eklektik va gegemonlik daʼvosi ayon koʻrinayotgan gʻoyalar ilgari surildiki, ular nainki sobiq sotsialistik mamlakatlar, mutaraqqiy Gʻarb davlatlarini ham tahlikaga tushirdi. Qattiq choʻchigan Sharqiy Yevropaning sobiq sotsialistik davlatlari va sobiq SSSRning ayrim respublikalari NATOga qoʻshilish yoʻlini tanladi. Rossiya 2000-yillargacha ichki ijtimoiy-siyosiy muammolar va iqtisodiy zaifligi sababli buyuk davlatchilik siyosatini ochiqchasiga yurita olmadi, ammo real harbiy xavf solib turdi.
Soʻnggi yillarda Rossiyadagi ayrim deputatlar, siyosatchilarning, hatto aholi bir qismining buyuk davlatchilik va shovinistik gʻoyalar tomon ogʻishi kuzatildi. Rossiyada “Nega Gʻarb davlatlariga mumkin-u, bizga mumkin emas?! Biz ham oʻz manfaatimiz yoʻlida boshqa davlatlarga nisbatan ulardek munosabatda boʻlishimiz kerak” qabilidagi chaqiriqlar tez-tez yangray boshladi. Bugun “ruslar dunyosi”, “rus yerlarini qaytarish” gʻoyalari goh rasmiy, goh norasmiy minbarlarda tashviq etilmoqda. Jamiyat ijtimoiy ongida sobiq ittifoqdosh respublikalarga nisbatan bosim oʻtkazishni oqlash kuchaymoqda. Mehnat migrantlariga nisbatan munosabat ham salbiy tomonga oʻzgarmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya Federatsiyasini Rossiya imperiyasi deb nomlash ham taklif etildi. Zaxar Prilepin singari ayrim qalamkashlarning “Kiyevda gʻalaba paradini oʻtkazganimizdan keyin, uni Toshkentda ham oʻtkazishimizga kim xalal bera oladi” degan tahdidli bayonoti yoki boshqa siyosatshunoslarning “Ozarboyjonlar va oʻrta osiyoliklar millat sifatida mavjud boʻlmagan, ularni bolsheviklar, Lenin sunʼiy tarzda yaratgan” qabilidagi gʻayriilmiy daʼvolari Rossiyaning davlat telekanallari efirida yangramoqda. Boz ustiga, Markaziy Osiyoda yashab kelayotgan qardosh xalqlar orasiga ishonchsizlik, nifoq urugʻini sochishga urinishlarni ham unutmaslik kerak. Sir emaski, agar mintaqa xalqlari oʻrtasida ziddiyat kelib chiqsa, shimoldagi davlat “nizoni hal qiluvchi hakam” boʻlib maydonga chiqmoqchi.
Yevropaliklarda, jumladan, ruslarda “Goʻdaklar tili ila haqiqat soʻzlaydi” degan naql bor. Vladimir Jirinovskiy tiriklik vaqtida Rossiyada “Kreml Jirinovskiy tilida soʻzlaydi” degan ibora paydo boʻlgan edi. Darhaqiqat, rasmiylar ayta olmaydigan ancha-muncha fikrlar, ogohlantirish, qoʻrqitishlar koʻpincha Jirinovskiy tilida yangrar edi. Bugun ham anʼana yoʻqolgani yoʻq, faqat ijrochilar oʻzgargan, xolos.
Rossiyaning ayrim ogʻizbotir siyosatchilari boshqa mamlakatlar haq-huquqlari, hatto suverenitetiga daxl etguvchi bayonotlar bergan kezlarda ushbu mamlakat tashqi siyosat mahkamasi koʻpincha “Bu gapirayotgan kishining shaxsiy fikri, Rossiya hukumatining pozitsiyasi mutlaqo boshqa” deb masalani xaspoʻshlashga urinadi. Holbuki, oʻsha “shaxsiy fikrlar” gohida davlat OAV orqali tarqatilmoqda-ku! “Shaxsiy fikr” bildirayotganlar ham boshi ochiq ziyoli emas, balki rasmiy amaldorlar-ku! Voqelikni koʻrib, tahlil qilib, ular Rossiya aholisi, jamoatchiligini keyingi harbiy-siyosiy bosqinchilikka tayyorlamayaptimikan degan xayollarga borasiz.
Maʼlumki, qadimgi Rim imperiyasi davridayoq “Divide et impera” – “Boʻlib tashla va hukmronlik qil” tamoyili oʻzga xalqlarni boshqarishning asosiy usuliga aylangan edi. Shoʻro hokimiyati mazkur tamoyilni ustalik bilan hayotga tatbiq etdi. Aftidan, qizil imperiya vorisi boʻlgan mamlakatdagi neoimperialistik doiralar yana xalqlarni bir-biriga nosogʻlom raqobatchiga aylantirishga urinmoqda.
Oʻzbekiston keyingi yillarda qardoshlik va tinchliksevar siyosat yuritib, qoʻshni respublikalar bilan chegaralarni demilitatsiya qildi, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy aloqalarni mustahkamladi. Ammo eski davrni qoʻmsayotgan neoimperialistlarga bunday yaxshi qoʻshnichilik yoqmaydi. Ular Markaziy Osiyo respublikalari oʻrtasida kelishmovchiliklar, toʻqnashuvlar boʻlib turishidan manfaatdor. Shunda vaziyatga aralashishga bahona topiladi.
Omonsiz kurash, ayovsiz raqobat
Globallashuv davrida anʼanaviy urushning mazmuni va shakli tubdan oʻzgarib, gibrid koʻrinishga keldi. Endi qurolli toʻqnashuvlar, harbiy operatsiyalar axborot urushi, uydirma tarqatish, kiberhujum, iqtisodiy sanksiyalar kabi yangi vosita, usullar bilan uygʻunlashib ketgan. Bundan neoimperialistik guruhlar faol foydalanmoqda. “Aybdor” davlatni yakkalab qoʻyish, uning ichki muxolifatini dastaklash, saylovni tan olmay davlat rahbarlarini nolegitimlikda ayblash va boshqa koʻplab shunga oʻxshash yangi taʼsir usullari paydo boʻldi.
Neoimperializmning kuchli vositalaridan yana biri bu – rangli inqiloblar orqali muayyan mamlakat hokimiyati va ijtimoiy fikrini toʻliq yoki qisman oʻziga boʻysundirishdir. Rangli inqiloblar koʻpincha milliy ozodlik, demokratiyani tiklash kabi maqsadlar bilan niqoblansa-da, aslida, u aholi ongini manipulyatsiyalash vositasida ittifoqchini ixtiyoriy almashtirishga yoʻnaltiriladi. Neoimperializm jahondagi siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy barqarorlikka, rivojlanayotgan mamlakatlar mustaqilligiga xavf solmoqda. Lekin, taʼkidlash zarurki, neoimperializm oʻz maqsadlariga “yumshoq kuch” yordamida erisha olmasa, “maxsus harbiy operatsiya”lar oʻtkazish, qoʻshin kiritishdan ham toymaydi.
Ikki xil standartlarni qoʻllash, gibrid urushlar, iqtisodiy sanksiyalar, “quloqsiz” davlatlarni yakkalab qoʻyish kabi taʼsir va taʼzir choralari mamlakatlar oʻrtasida oʻzaro ishonch yoʻqolishiga, xalqaro huquqning qoʻpol ravishda buzilishiga sabab boʻlayotir. Neoimperializm namoyandalari nazdida barcha xalqlar milliy oʻzligidan, gʻoyasi va maqsadlaridan voz kechishi, turmush tarzi va mentalitetini Gʻarb andozalariga muvofiq standartlashtirishi kerak. Sunʼiy intellekt keng qoʻllanadigan toʻrtinchi sanoat inqilobi yuz berishi sharoitida mazkur tendensiyalar yanada ziddiyatli tus olishi aniq.
Bugun jahon jamoatchiligini koʻpqutbli dunyo konsepsiyasi oʻziga jalb qilayotir. Geosiyosiy maydonga yana bir qudratli kuch – Xitoy kirib keldi. Koʻp nufusli Hindiston ham yaqin muddatda yirik mustaqil geosiyosiy oʻyinchi boʻlishi kutilmoqda. Koʻpqutbli dunyoga aylanish jarayoni mazmunan va shaklan yangi ziddiyatlarni tugʻdirmoqda, oʻzaro kurash va raqobatning yangi usullari vujudga kelmoqda.
Bunday murakkab geosiyosiy sharoitda Oʻzbekiston oqilona, ehtiyotkor, ayni choqda, aniq va qatʼiy siyosat yuritishi lozim. Zero, neoimperializmning iqtisod, moliya, kredit, investitsiya, IT va kognitiv texnologiyalar bilan bogʻliq koʻzga tashlanmas vositalari, dastaklari bisyor.
Abdurahim ERKAYEV
“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 4-son.
“Neoimperializm: mustaqillikka yangi tahdidlar” maqolasi
Mafkura
Adabiyot
Adabiyot
Tarix
Ma’naviyat
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q