Neoimperializm: mustaqillikka yangi tahdidlar


Saqlash
17:18 / 10.10.2024 444 0

Mustaqillikka yangi tahdidlar

 

Ko‘pqutbli dunyoning qaror topishi o‘ta ziddiyatli kechayotir. Xalqaro hamjamiyat transformatsiyasi – bir bosqichdan boshqasiga o‘tishi og‘riqli va xatarli jarayon ekani oydinlashdi. Mahalliy urushlar, mintaqaviy to‘qnashuvlar global ahamiyat kasb etib, jahon urushiga aylanib ketish xavfi ortmoqda.

 

Globallashuv, ko‘pqutbli dunyoni shakllantirish va bu jarayonni to‘xtatishga urinishlar, ba’zi buyuk davlatlarning turli mintaqalarni o‘zi uchun “hayotiy muhim hudud” sanab, ta’sir doirada saqlab qolishga intilishi, iqtisodiy va siyosiy sanksiyalar qo‘llash amaliyotining kuchayib borayotgani xalqaro ziddiyatlarning avj olishiga sabab bo‘lmoqda. Rivojlanayotgan mamlakatlar misli ko‘rilmagan kuchli bosimlarga duch kelmoqda. Bu kabi geosiyosiy jarayonlar mazmun-mohiyatini to‘g‘ri anglamoq uchun neoimperializm tushunchasini atroflicha o‘rganish lozim bo‘ladi.

 

 

Qo‘sh qutbning qaror topishi

 

XIX asr oxirlari – XX asr bosh­larida Yevropa mamlakatlarida imperializmga bag‘ishlangan ko‘plab maqola va asarlar yozilgan. Ular qa­rama-qarshi g‘oyaviy-siyosiy jabhalarda turgan tadqiqotchilar qalamiga mansub. Mualliflarning ayrimlari imperializmni kapitalizm rivojlanishining obyektiv natijasi hisob­lab, uni muqarrar hodisa sifatida talqin qilgan. Sotsialistik ta’limot tarafdorlari bu fenomenni o‘ta salbiy baholagan.

 

Imperializm geosiyosiy hodisa o‘laroq birinchi navbatda tabiiy resurslar va bozorga ega bo‘lmoq uchun taraqqiyotda ortda qolgan agrar mamlakatlarni bosib olish, mustamlakaga aylantirish siyosati edi. Xalqaro bosqinchilik siyosati harbiy soha va qurollanishni kuchaytirib, militaristik davlatlar safi kengayishiga olib keldi. Tabiiyki, o‘lja taqsimoti xamirdan qil sug‘urgandek kechmagan. Qurollanish, bir tomondan, zaif mamlakatlarni ishg‘ol etish uchun; ikkinchi tomondan, o‘ljani boshqa tajovuzkordan himoya qilish, qo‘ldan chiqarmaslik uchun zarur edi.

 

Imperializm ichki stixiyali erkin raqobat cheklanib, mayda korxonalarning yirik korxonalar tomonidan qo‘shib olinishi, to‘liq bo‘ysundirilishi, umuman, ishlab chiqarishni monopollashtirish asnosida vujudga keladi. Mavzuni tadqiq etgan olimlarning aksari monopoliyalarning ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatishda raqobatni cheklashi va bu holning pirovardida iqtisodiyotga salbiy ta’sir ko‘rsatishiga e’tibor qaratadi. 1916-yili inqilobchi Vladimir Leninning “Imperializm – kapitalizmning yuqori bosqichidir” nomli broshyurasi chop etilgan. Muallif imperializmni kapitalizmning monopollashgan shakli, chiriyotgan so‘nggi bosqichi deb ta’riflaydi. Chiriyotgan kapitalizm, chiriyotgan G‘arb iboralari shundan qolgan.

 

Garchi dastlab Kanada (1889), so‘ngra AQSh (1890), keyinchalik barcha rivojlangan mamlakatlarda monopoliyaga qarshi qonunlar qabul qilinib, monopollashtirish iqtisodiy taraqqiyot va teng­huquqli raqobat uchun zararli deb topilgan bo‘lsa-da, uning turli niqoblangan shakllari haligacha yashab kelmoqda. Buni ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishning zamonaviy yo‘nalishlari, masalan, elektron axborot so­hasida kuzatish mumkin.

 

Imperiya va imperialistik davlat o‘zaro yaqin bo‘lsa-da, teng tushunchalar emas. Yirik hududlar va mamlakatlar yakka­boshlik asosida boshqariladigan davlat imperiya deb ataladi. Buyuk Britaniya, Usmonli turklar, Rossiya, Avstriya-Veng­riya imperiya­lari shular jumlasidan. Niderlandiya, Belgiya, Ispaniya, Portugaliya kabi o‘lkalar esa o‘z koloniyalariga ega imperialistik davlatlar bo‘lgan.

 

Imperiyachilik da’volari, mustamlakalarni qayta bo‘lishga intilish oxir-oqibat Birinchi jahon urushini keltirib chiqardi. Rossiyada ikki inqilob ro‘y berdi. Shuningdek, Germaniya va Vengriya muvaffaqiyatsiz yakunlangan revolyutsiyalarga guvoh bo‘ldi. Buyuk depressiya ham aslida imperializmga xos yangi tutumlar, monopol munosabatlar bilan an’anaviy erkin raqobat o‘rtasidagi ziddiyatlardan kelib chiqqan edi. Birinchi jahon urushidan keyin garchi beshta yirik rasmiy imperiyadan to‘rttasi barham topsa-da, imperialistik ziddiyatlar to‘liq bartaraf etilmadi. Natijada Ikkinchi jahon urushi yuz berdi. Urushdan keyin esa xalqaro nizolarning oldini olish uchun BMTga asos solindi. 1940-yillar oxirida sotsialistik lager vujudga kelgach, jahon hamjamiyati ikki qutbga bo‘lindi.

 

XX asr ikkinchi yarmida turli mintaqalarda milliy-ozodlik harakatlarining qudratli to‘lqini ko‘tarildi. Imperializm g‘oyasi va siyosati inqirozga uchradi. Lekin imperializm o‘z pozitsiyalarini osongina boy berib qo‘ymasligi aniq edi. Shu tariqa mintaqaviy muhorabalar, Koreya va Vyetnamda bilvosita ikki qutb o‘rtasida qurolli to‘qnashuv, metropoliyalar va ularning mustamlakalari o‘rtasida milliy-ozodlik urushlari ro‘y berdi.

 

Shu tariqa dunyo miqyosida ijtimoiy fikr o‘zgardi, an’anaviy imperializm o‘z mavqeini yo‘qotdi. Ikkiqutblilik ma’lum darajada geosiyosiy muvozanatni vujud­ga keltirdi. BMT Xavfsizlik kengashi va tinchliksevar kuchlar harakati, xalqaro tashkilotlarning davlatlar siyosatiga ta’siri ortdi. Jahon davlatlari BMT va xalqaro tashkilotlar qarorlari, tavsiyalari, xalqaro jamoatchilik fikrini to‘liq inkor qilolmaydigan, qisman bo‘lsa-da, hisobga oladigan bo‘ldi. Bu o‘zgarish­lar pirovardida asta-sekinlik bilan inqiroz­ga uchragan an’anaviy imperializm­ning transformatsiyasiga olib keldi.

 

 

Geosiyosiy muvozanat buzilganda

 

XIX asr oxirlarida milliy chegaralardan chiqa boshlagan yirik monopol kartel va trestlar XX asrning 50–60-yillarda yirik transmilliy kompaniyalarga aylandi. Dunyo davlatlari ichki savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida aksilmonopoliya qonunlarini joriy etib, ularni jilovlashga urindi. Bundan tashqari, yangi tuzilgan Jahon savdo tashkiloti va boshqa tuzilmalar xalqaro miqyosda monopolizmni cheklashga harakat qildi. Yevropa komissiya­sining Raqobat masalalari bo‘yicha bosh direktorati, Xalqaro raqobat tarmog‘i, Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti kabi xalqaro tuzilmalar, bozor iqtisodiyoti yo‘liga o‘tgan mamlakatlarning deyarli barchasida milliy aksilmonopol organlar vujudga keldi. Proteksionizmga qarshi kurashga ham alohida e’tibor qaratildi. Lekin bari qog‘ozdagina silliq bo‘lib, amalda qoidalarni chetlab o‘tishlar, korrupsiya va firibgarliklar barham topmadi.

 

Zamonaviy ilmiy-texnikaviy taraqqiyot yutuqlari, IT va boshqa texnologiyalarni o‘zlashtirish natijasida mutaraqqiy mamlakatlarning siyosati, ichki va tashqi munosabatlari yangicha sifat va mazmun kasb etdi. Xalqaro aloqalar, boshqaruv hamda transmilliy tuzilmalar faoliyatini muvofiqlashtirish zarurati, aloqalar va almashuvning haddan tashqari tig‘izlashuvi, yagona axborot makonining vujudga kelishi oqibatida ijtimoiy-iqtisodiy robitalar evrilishga yuz tutdi. Xalqaro siyosiy munosabatlar ham tubdan o‘zgardi. Harbiy operatsiyalar, urushlar bosqinchilik siyosati mahsuli, zo‘ravonlik usullari ekani ma’lum. Ikkiqutbli dunyo davrida (1950–1990-yillar) namoyishkorona kuch ishlatib, jahon jamoatchiligi fikrini ochiqchasiga inkor qilib, boshqa davlat hududini bosib olish mumkin bo‘lmay qoldi. (Afsuski, istisno holatlar ham mavjud).

 

SSSR parchalanib, ikkinchi qutb mahv bo‘lgach, ayrim G‘arb davlatlari ko‘p masalalarda, ayniqsa, mustaqil siyosat yuritishga intilgan rivojlanayotgan mamlakatlarni “jazolash”da BMT bilan hisob­lashmay qo‘ydi. AQSh va uning yaqin ittifoqchilari “dunyo jandarmi” vazifasini zimmasiga oldi.

 

XXI asrda harbiy kuch ishlatish, suveren davlatlar hududiga qo‘shin kiritish XIX asrdagi mustamlakachilik bosqinidan tamoman farq qiladi. Qo‘shin kiritilgan davlatda avvalgidek milliy boshqaruv institutlari o‘rniga kolonial ma’muriy boshqaruv joriy qilinmaydi. Mahalliy guruhlardan ishg‘olchilarga sodiq hukumat tuziladi. Neoimperialistik kuchlar ichki ijtimoiy-iqtisodiy, huquq va sud masalalariga aralashib o‘tirmaydi. Ammo hukumat faoliyati va ichki siyosiy vaziyatni turli “yumshoq” usullar orqali qat’iy nazorat qiladi.

 

Aslida, geosiyosiy ziddiyatlarni jilovlashda BMTning hissasi katta bo‘lishi kerak edi. Afsuski, hozirgi kunda ziddiyatlar kamayish o‘rniga tobora ko‘paymoqda. Ayrim G‘arb mamlakatlari xalqaro munosabatlarda ikki xil standartni qo‘llashi esa vaziyatni yanada chigallashtirmoqda, davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch barham topmoqda.

 

Neoimperializm imperializmga xos asosiy belgilarni aynan yoki o‘zgartirgan holda saqlab qolgan, shu bilan birga, u yangi shakllarga ham ega. Hozirda kapital konsentratsiyasi, ya’ni mol-davlatning ma’lum guruhlar qo‘lida jamlanishi o‘ta kuchli. Ayrim transmilliy kompaniyalarning mablag‘i aksar rivojlanayotgan mamlakatlar ichki yalpi mahsuloti hajmidan ortib ketgan, ularni hatto qiyoslab bo‘lmaydi. Ba’zi sohalarda ishlab chiqarish go‘yo dekonsentratsiya bo‘lgan, ya’ni yirik shirkatlar o‘z korxonalarini turli davlatlarga ko‘chirib zaiflashgandek. Aslida, transmilliy kompaniya o‘z tuzilmalarini ishchi kuchi, xomashyo va energiya resurslari arzon, soliq stavkalari kam davlatlarga ko‘chirib, bir o‘q bilan ikki quyonni uradi. Bunda, birinchidan, mahsulot tannarxi pasayib, foyda ko‘lami oshadi. Ikkinchidan, ishlab chiqarish korxonasi ko‘chirilgan davlatning transmilliy kompaniyaga texnologik, iqtisodiy, hatto siyosiy qaramligi kuchayadi. Shu sabab, kezi kelganda unga qaysi davlat bilan qanday munosabat o‘rnatish “tavsiya” etiladi. Transmilliy kompaniya tuzilmalarining parchalanishi – kamyob hodisa. Kompaniya sud qarori bilan mustaqil korxonalarga bo‘linib, sotib yuborilsa ham, mulkdorlar tovon puli oladi. O‘shanda ham kompaniya korxonalari manzilini ko‘paytiradi yoki o‘zgartiradi. Masalan, Detroyt shahri AQShning avtomobilsozlik markazi sanaladi. E’tiborga molik jihati, avtomobil ishlab chiqaruvchi transmilliy kompaniyalar ishlab chiqarishning salmoqli qismini Meksika va boshqa rivojlanayotgan mamlakatlarga, hatto Yevropaga ko‘chirgan. Bu bilan kompaniya har bir ishchi boshiga oylik maosh­dan 1-1,5 ming dollargacha, ijtimoiy va bosh­qa soliqlardan esa yanada katta foyda ko‘radi. Yevropaga ko‘chirish esa avtomobillarni kemada Atlantika okeani orqali tashish, transport va sug‘urta xarajatlari, bojxona to‘lovlaridan xalos etdi. Bugun Detroyt aholisining salkam yarmini yo‘qotgan, ba’zi ko‘chalari huvillab yotibdi. Albatta, bunga ma’lum darajada yapon, xitoy, olmon avtomobillari raqobati ham ta’sir ko‘rsatgan.

 

Yana bir xavfli tendensiya shuki, ekologik jihatdan zararli ishlab chiqarish korxonalari, kimyoviy xavfli sanoat bo‘g‘inlari ham rivojlanayotgan mamlakatlarga ko‘chirilyapti. Ishlab chiqarishni iste’mol bozori yoki arzon ishchi kuchi va resurslar hududiga ko‘chirish sarmoya, ishlab chiqarish hamda bank kapitali qo‘shilishining yangi simbiozini vujudga keltirdi.

 

Investitsiya kiritish har doim ham beg‘araz iqtisodiy munosabat bo‘lavermaydi. Odatda, sarmoya kiritayotgan davlat mablag‘larning asosiy ulushini o‘z kompaniyalariga o‘tkazadi. Investor ma’lum mamlakatda korxona qurib, uni jihozlaydi. Bunda ko‘pincha sarmoyador asbob-uskunalar, jihozlar, texnologiya qiymatini o‘zi belgilaydi va u ba’zi hollarda bozordagi narxdan ancha yuqori bo‘ladi. Rivojlanayotgan davlat investitsiyalarni jalb qilish, korxonani barcha jihozlari va texnologiyasi bilan tayyor holda olish uchun sarmoyador shartlariga ko‘nishga majbur. Sirasini aytganda, investitsiya kiritishda ham niqoblangan shakldagi monopolizm unsurlari saqlanib qolgan. Bu – neoimperialistik iqtisodiy munosabatga bir misol.

 

 

Qo‘li uzun davlatlar

 

Neoimperializmning belgilaridan yana biri – jahon moliya-kredit, bank tizimi, banklararo hisob-kitob, savdo-sotiq va to‘lov tizimining total (yalpi) nazoratga olishga urinishdir. Jumladan, savdo-sotiq, iqtisodiy almashuvda yagona xalqaro to‘lov rezerv valyutasi (AQSh dollari) va hisob-kitobni amalga oshirishning zamonaviy elektron mexanizmi yaratilgan. Erkin konvertatsiya qilinadigan yevro, funt sterling, iena, frank va bosh­qa valyutalar AQSh dollariga nisbatan yordamchi rol o‘ynaydi. Global ziddiyatlarning eng kuchlisi, ta’bir joiz bo‘lsa, Uchinchi jahon urushini keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan sabablardan biri – xalqaro hisob-kitoblarda ayrim yirik va iqtisodiy baquvvat davlatlarning AQSh dollaridan voz kechish istagidir. Bu neoimperialistik ziddiyatlarning butun xalqaro aloqalarga, geosiyosiy vaziyatga kuchli ta’sir ko‘rsatayotganidan dalolat beradi.

 

Milliy va xalqaro to‘lov tizimi innovatsion axborot texnologiyalari ta’sirida tubdan o‘zgardi. Bu – axborot texnologiyalari ravnaqi hamda moliyaviy xizmatlarning jahon miqyosida konsentratsiyalashuvi natijasidir. Milliy doirada real vaqt rejimida yalpi hisob-kitoblar tizimi (Real Time Gross Settlement – RTGS) joriy etildi. Hammamiz kundalik hayotda foydalanadigan plastik kartochkalar shu tizim unsuridir. Agar 1985-yili dunyo bo‘yicha faqat 3 foiz markaziy banklar bu tizimni joriy qilgan bo‘lsa, 2000-yilga kelib 90 foizdan oshdi. 2020-yili faqat 1 foiz markaziy banklar mazkur tizimni joriy qilmagan edi.

 

Xalqaro to‘lov tizimlariga kelsak, avvalo, bosh serveri AQShda joylashgan SWIFT tizimini e’tirof etish lozim. Mazkur qisqartma o‘zbekchaga “Banklararo to‘lovlarni amalga oshirish va axborotni uzatish xalqaro tizimi” deb o‘giriladi. Ushbu tizim kredit kartalari orasida Visa International, Master Card Worldwide kabi mashhur brendlar mavjud. Xalqaro hisob-kitobni qulaylashtirish maqsadida ta’sis etilgan SWIFT tizimidan bugun boshqa davlatlarga bosim o‘tkazish maqsadida ham foydalanilmoqda. Katta-kichik doiralarda Rossiya va Xitoyni mazkur tizimdan uzish taklifi yangramoqda. SWIFT boshqa davlatlarning ichki va tashqi iqtisodiy aloqalarini nazorat qilish quroliga ham aylangan. Harholda tizim orqali to‘lovlarga oid ma’lumotlar uning ta’sischilari qo‘lida. Hozirgi davrda axborotning o‘zi qudratli kapitalga aylangani ayni haqiqat.

 

Daromadni milliy makon, milliy soliq nazoratidan olib chiqish, “boj-xiroj” miqdorini kamaytirish uchun ofshor zonalar yaratilgan. Ofshor hududlar korrupsiya va boshqa noqonuniy yo‘llar orqali topilgan mablag‘larni “halollash”da firibgarlar, qo‘li egri tadbirkorlar va jinoiy tuzilmalarga qo‘l keladi. 2010-yili moliyaviy institutlar boshqaruvidagi ofshor aktivlar miqdori 7,8 trillion dollarni tashkil etgan. An’anaviy imperializm davrida ofshor zonalar bo‘lmagan.

 

Axborot konsentratsiyasi va yagona axborot maydoni ustidan nazorat o‘rnatishga urinish neoimperializmning yangi alomatlaridan sanaladi. Bu yog‘ini so‘rasangiz, neoimperialistik kuchlar nafaqat jahon axborot maydoni, shuningdek, uyali aloqadan foydalanadigan har bir kishi ustidan ham nazorat o‘rnatmoqda. To‘g‘ri, oddiy fuqarolarning so‘zlashuvlari tegishli markazlarni kam qiziqtiradi. Ammo nazorat qiluvchi dasturlarda ma’lum bir “kalit so‘zlar” borki, muloqotda ular jaranglab qolsa, suhbat avtomatik tarzda yozib olinadi. Bu go‘yoki terrorchilar, jinoiy guruhlar va mafiya tuzilmalari xatti-harakatini nazorat qilish uchun zarur. Ammo mobil aloqadan siyosatchilar, davlat arboblari, harbiylar, biznes vakillari ham foydalanishini hisobga olsak, aloqaning total nazorati neoimperializmning siyosiy, iqtisodiy, harbiy, mafkuraviy va ijtimoiy manfaatlariga xizmat qilishi ayonlashadi.

 

Keyingi yillarda raqamli texnologiyalar yordamida yuz berayotgan kapital konsentratsiyasi va amaliyotini ba’zi tadqiqotchilar “texnofeodalizm” deb atamoqda. Bu borada, ayniqsa, Gretsiyaning sobiq moliya vaziri, professor Yanis Varufakis “Texnofeodalizm: kapitalizm­ni nima o‘ldirdi?” kitobida keltirgan mushohadalar diqqatga sazovor. Taqrizchi Maksim Semelyakning maqolasidan iqtibos keltiramiz: “Y.Varufakis talqiniga muvofiq, biz inersiya bo‘yicha kapitalizm deb hisoblaydigan voqelik aslida unday emas. Biz tobora uqubatli o‘rta asrga botib borayotirmiz. Varufakis joriy iqtisodiy tuzumni texnofeodalizm deb ataydi. Unda daromad o‘rniga – renta, unumdor mehnat o‘rniga – qullik. Muallif Amazon va Google kabi texnik platformalarni (ularni klaudalistlar deb ataydi) tovar va xizmatlar taqdim etuvchi nufuzli shirkatlar deyish noto‘g‘ri, deb hisoblaydi. Ularning biznesi bozorning tashqi belgilariga ega, biroq mohiyatan u yoki bu kishining raqamli feodal mulkidirki, u yerini qarollari (krepostnoylari) o‘rtasida taqsimlash o‘rniga bulutlardagi (ya’ni havoyi, mavjud bo‘lmagan – A. E.) joylarni taqsimlaydi va undan renta oladi. Ushbu neofeodal tizimda Amazon, Tencent, Alibaba, Facebook, Apple, Google va boshqa texnogigantlar – yangi boshqaruvchi sinfga; bulutlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqasi yo‘q qolgan kompaniyalar va ishlab chiqaruvchilar avtomatik tarzda ularning vassallariga aylanadi” (Maksim Semelyak. Novoe srednevekove: tochno li kapitalizm prevratilsya v feodalizm? // https://kz.kursiv.media/2024-04-06).

 

Texnofeodalizm hodisasi neoimperializmning hozirgi IT va zamonaviy texnologiyalarga asoslangan iqtisodiy munosabatlar muhitida yuzaga kelgan shakllaridan biridir. Kapital va ishlab chiqarish konsentratsiyasi, iqtisodiy munosabatlarni boshqarish usullari shu darajaga yetmoqdaki, uni an’anaviy imperialistik munosabatlar bilan feodalizmga xos ayrim shakllarning o‘ziga xos sintezi deyish mumkin. Bu hodisa monopoliyalashtirishning yangi ko‘rinishidir. M.Semelyakning yozishicha, AQSh va Yevropada kichik va o‘rta biznes vakillarining yirik platformalarga qaramlikdan shikoya­ti ortib bormoqda. Deylik, iste’molchiga sifatli ta’lim o‘rniga onlayn dastur, tibbiy xizmat o‘rniga sog‘lomlashtiruvchi ilovalar taklif etiladi. “Amazon va Google shirkatlariga o‘sib borayotgan be­zarar servis tarmog‘i deb qarash mumkin, lekin ularning xizmatlari tobora toza suvdek muqobilsiz ne’mat bo‘lib borayotganini sezmaslik mumkin emas”, deb yozadi muallif.

 

 

Iqtisodiy qaramlik xatari

 

Buyuk davlatlarning siyosati mohiyatan o‘zgargan emas: jahon mamlakatlarini o‘ziga bo‘ysundirish, iqtisodiy qaram qilish va boyliklariga sherik bo‘lish. Ammo eski mustamlakachilik tizimi yemirilgach, yangisini o‘ylab topish kerak edi. Neoimperialist mamlakatlar, aniqrog‘i, transmilliy kompaniyalarning xalqaro siyosati shu maqsadga qaratildi.

 

AQShlik iqtisodchi Jon Perkins butun dunyoda shov-shuv uyg‘otgan “Iqtisodiy qotil iqrornomasi” kitobida yozishicha, rivojlangan G‘arbning turli konsalting, investitsion va injiniring kompaniyalari, banklari, jamg‘arma va boshqa institutlari yosh davlatlarga go‘yo qisqa muddatda qoloqlikdan qutulib, mo‘jizaviy tarzda rivojlanish yo‘liga o‘tishi uchun loyihalar tuzib beradi, ularni amalga oshirish uchun yirik kreditlar olishda “xolis, beg‘araz” yordam taklif etadi. Asl maqsad esa umrbod qutulib bo‘lmaydigan iqtisodiy qaramlik domiga tushirishdir. “Kredit shunchalik ulkanki, qarzdor bir necha yildan keyin o‘z to‘lovlari bo‘yicha defolt e’lon qilishga, o‘zini har tomonlama cheklab, birinchi navbatda ijtimoiy nafaqalar, pensiyalar, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyatga ajratiladigan mablag‘larni kamaytirib, avval olgan kreditlari foizlarini to‘lash uchun yangi kreditlar olishga majbur bo‘ladi”, deb yozadi J.Perkins (Perkins J. Confessions of an Economic Hit Man. Berrett-Koehler Publishers, 2004).

 

Google ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yil oxirida Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (XTA) mezonlariga ko‘ra, kredit olgan kambag‘al va rivojlanayotgan mamlakatlar qarzi 9 trillion dollarga yetgan. Ularga to‘lanadigan mab­lag‘ bir yilda 62 milliard dollardan oshadi. Bu yerda gap davlat va davlat kafilligida olingan qarzlar to‘lovi haqida ketmoqda. Qarzdorlik umumiy summasi 2010-yilga nisbatan ikki baravardan ko‘proq oshgan. 2010-yildan 2021-yilgacha tashqi qarzlar tuzilmasi keskin o‘zgarib, davlat va davlat kafilligida daromadi past va o‘rtacha mamlakatlarning xususiy kreditorlardan olgan qarzi 61 foizga o‘sgan (Бремя обслуживания долга у бедных стран достигло максимального уровня с 2000 года. https://www.vsemirnyjbank.org/ru/news/press-release/2022/12/06). Shunga ko‘ra G‘arb banklaridan kredit olishda o‘ta eh­tiyotkorlik, moliyaviy huquqni yaxshi bilish va me’yordan chiqmaslik tavsiya etiladi.

 

Shu bilan birga rivojlanayotgan davlatlarga kredit beruvchi Sharq davlatlari ham paydo bo‘ldi. Yalpi kredit summasida Xitoy, Hindiston, Saudiya Arabistoni, BAA kabi davlatlar ulushi o‘sib borayotir. Ularni jahon investitsiya bozorida G‘arb bilan raqobat qiluvchi yangi o‘yinchilar deyish mumkin. Sobiq imperialistik davlatlarning ko‘pchiligi rivojlanayotgan mamlakatlarni kredit berish va investitsiya kiritish, qisman savdo-sotiq orqali iqtisodiy va texnologik qaramlikda, jillaqursa, o‘z ta’sirida saqlab qolishga intilmoqda.

 

An’anaviy imperializm harbiy kuch yordamida qoloq mamlakatlarni o‘z mustamlakasiga aylantirgan bo‘lsa, neoimperializm “yumshoq kuch” ishlatib, moliyaviy, texnologik va axboriy jabhada qaram qilish yo‘lini tanlagan. “Yumshoq kuch” – mustaqil davlatlarni qaram qilish siyo­satining sermahsul usulidir. Nafaqat IT, bio va nanotexnologiyalar, shuningdek, kognitiv texnologiyalar, jumladan, omma ongini boshqaruvchi g‘oyaviy tashviqot va amaliyot texnologiyalari ham yaratildi. Kognitiv texnologiyalarda omma ongini axboriy xuruj, feyk ma’lumotlar bilan chalg‘itish, manipulyatsiyalash usullari birlashib ketgan.

 

Xulosa qilib aytganda, neoimperializm an’anaviy mustamlakachilikning evrilishga uchragan, niqoblangan ko‘rinishidir. Uning mafkuraviy ittifoqchisi sanalgan neoliberalizm g‘oyasi haqda keyingi maqolamizda batafsil so‘z yuritamiz.

 

Abdurahim ERKAYEV

 

“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 3-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 24055
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//