Millatning tarixiy ildizlari, tadriji va istiqboli to‘g‘risida fikr yuritish ham mushkul, ham maroqli. Zotan, milliy mansublik kishiga g‘urur, iftixor baxsh etadigan, ayni choqda, mas’uliyat yuklaydigan ulug‘ qadriyatlardandir. Insonning jamiyatdagi o‘rni, qadr-qimmati, maqomini his etishi, o‘zligini anglashida ham bu tushunchaning o‘rni katta.
O‘zbeklar kurrayi arzdagi qadimiy millatlardan biri sanaladi. O‘zbek xalqining kelib chiqishi, shakllanish jarayonlarini o‘rganishda jahonda tanilgan ko‘plab olimlar ilmiy izlanishlar olib borgan, bu borada fundamental asarlar yaratilgan. Shunga qaramay, o‘zbek millati shakllanishiga doir fikr-xulosa tugal holda shakllanganicha yo‘q.
O‘zbek elatining millat sifatidagi takomiliga doir ko‘plab ilmiy ma’lumotlarni keltirish mumkin. Ammo bu maqoladan ko‘zlangan maqsad millatning tarixiy tadrijini ko‘rsatish emas. Shunday bo‘lsa-da, asosiy muddaoga o‘tishdan avval millat tarixiga bir qur nazar tashlashni lozim topdik.
Faylasuf olim Qo‘chqor Xonazarovning yozishicha, X–XX asrlar oralig‘ida xalqimiz uch marta millat o‘laroq uyushgan. XX asrning oxirgi o‘n yilligida esa to‘rtinchi marta zamonaviy millat sifatida jahonga bo‘y ko‘rsatdi.
X–XII asrlarda mintaqada hukm surgan barqarorlik, tinchlik, poydor siyosat va maqbul ijtimoiy vaziyat Movarounnahr ahlining millat bo‘lib uyushishi, uning bag‘ridan Forobiy, Farg‘oniy, Xorazmiy, Ibn Sino, Beruniy kabi daholarning yetishib chiqishini ta’min etgan. XIII asr boshlaridagi mo‘g‘ul istilosi oqibatida millatimiz ma’lum davrga tarix sahnasidan chetlashgan. XIV–XVI asrlarda, temuriylar hukmronligi davrida Amudaryo va Sirdaryo oralig‘i hamda uning atroflarida iqtisodiyot, madaniyat va ma’naviyat gullab-yashnadi. Millat qaddini rostlab, mintaqani jahon moddiy, ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylantirdi. XVI asr o‘rtalaridan XIX asr ikkinchi yarmigacha o‘lka taqdiri yana o‘zgarishga yuz tutdi: yurt parchalandi, iqtisod-u madaniyat inqirozga uchradi. XIX asrning ikkinchi yarmidagi chor Rusiyasi bosqini o‘zgaga qul bo‘lib qolgan millatning yangidan uyg‘onishiga turtki berdi. Ammo mustaqillikka erishgunimizga qadar milliy taraqqiyot istibdod sababli noraso, kemtik, zaif va mahdud bo‘lib qoldi (Shoniyozov K. O‘zbek xalqining shakllanish jarayoni. Toshkent, “Sharq”, 2001. 24-25-betlar).
Aksar olimlarimiz to‘g‘ri ta’kidlaganidek, o‘zbeklar bu yurtga qayerdandir kelib qolgan emas, ularning ajdodlari qadim-qadim zamonlardan shu zaminda yashab, asrlar mobaynida turli elatlarni o‘z tarkibiga singdirib boravergan. Demak, aholi urug‘, qabila, elat va millatgacha bo‘lgan bosqichlarni bosib o‘tgan. Turli elatlar shu tariqa yagona millatga do‘ngan. Shu yurtda qadim zamonlardan yashab kelgan aholi o‘zbek millatining asosiy yadrosini tashkil etadi. Ular so‘zlashadigan lahja va shevalar o‘zbek adabiy tiliga asos bo‘lgan.
O‘zbek xalqining elatdan millatgacha bosib o‘tgan davrlari haqida turlicha fikr bildirilgan. Biz millat o‘laroq to‘liq shakllandikmi-yo‘qmi degan savol tegrasida ham bahslar tingani yo‘q. Kimdir bu jarayon hali oxiriga yetmagani, boshqa birov jarayon tugallanganini aytadi. Nuqtayi nazarlar xilma-xil ekani bejiz emas. Chunki to‘laqonli millat maqomining aniq mezon yoki o‘lchamlari yo‘q. Ma’lum elatning to‘laqonli millat darajasiga yetgan-yetmagani borasida faqat boshqa ilg‘or millatlarga qiyosan mulohaza yuritish mumkin. Xalqimiz bugun to‘liq millat maqomini oldi, deya qat’iy hukm chiqarsak, hali mutaraqqiy millatlardan o‘rganmog‘imiz lozim bo‘lgan jihatlar ko‘p-ku, degan e’tiroz yangrashi tabiiy.
Rossiyada ro‘y bergan Oktyabr to‘ntarishidan keyin Markaziy Osiyoda milliy respublikalar tuzildi. Ammo mustaqil millatlar unib-o‘sishiga yo‘l qo‘yilmadi, bil’aks, o‘zgalarga qaram qavmlar shakllantirildi. Chor Rusiyasi yurtimizni qanday tobe etib, ekspluatatsiya qilgan bo‘lsa, sho‘rolar ham shu siyosatni davom ettirdi. Mintaqa xalqlari “o‘z xohishi bilan Rossiyaga qo‘shildi” degan yolg‘on ostida Vatanimiz boyliklari tashib ketildi, istibdodning yangi-yangi shakl-usullari amalga oshirildi.
Aslida, 1924-yilda Turkistonning milliy respublikalarga bo‘lib tashlanishi mintaqa xalqlari uzoq yillar orzu qilib kelgan tenglar ichra tenglikka erishish, mustaqil millat huquqini qo‘lga kiritish orzusi yo‘lidagi to‘siq edi. O‘sha davrda shunday siyosat yuritildiki, Markaz respublikalar o‘rtasida istagan vaqti ziddiyat keltirib chiqarishi, keyin o‘sha nizoli masalani “katta og‘a” sifatida “hal qilishi” mumkin edi.
Eng yomoni, xalqimiz ruhiy jihatdan ham qaram, tobe bo‘lib qoldi. Katta iroda va kuch-qudratni ishga solgan millatlar vaqti kelib iqtisodiy va siyosiy qaramlikdan butkul qutuladi. Bu hol tarixda ko‘p bora o‘z tasdig‘ini topgan. Ammo ong, ruhiyat va zehniyatdagi qullik asoratlaridan xalos bo‘lish nihoyatda mushkuldir.
Jahon mamlakatlariga nazar soling, ilgari mustamlaka bo‘lgan ko‘plab xalqlar ozodlik kurashlaridan keyin milliy mustaqillikni qo‘lga kiritdi, iqtisodiy taraqqiyotga erishdi. Biroq ularning aksari hali-hamon milliy ong va ruhiyatni isloh etish borasida ulkan qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda. Sababi ma’lum: har qanday bosqinchi davlat tobe millat zehniyatiga qo‘rquv, hadik va mutelik urug‘larini qadashga uringan. Taassufki, taqdirning bu sira sinovi bizning millatimizga ham begona emas.
Bir yuz o‘ttiz yillik qaramlikdan keyin xalqimiz mustaqillikni qo‘lga kiritdi. Moddiy, iqtisodiy, siyosiy jabhalarda jilovni qo‘limizga oldik. Taraqqiyot bobida ko‘p yutuqlarga erishdik – ular haqida OAVda muntazam materiallar e’lon qilinib, ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Xo‘sh, ongimiz, ruhiyatimiz ham iqtisodiy taraqqiyotimizga uyg‘un, hamohangmi?
Mustaqillikka erishib izchil taraqqiyot yo‘lidan borayotgan ayrim mamlakatlardan ortda qolayotganimizni tan olishimiz lozim. Boz ustiga, chinakam millat bo‘lib shakllanishimiz asliy ildizlarimizga bog‘liq ekanini ham esdan chiqarayotgandekmiz. Tegishli qonunlar, qonunosti hujjatlar qabul qilinib, yo‘nalishlar belgilanyapti. Lekin ko‘pincha vazifalar ijrosi ora yo‘lda qolib ketayotir. Bu – milliy taraqqiyotimizdagi birinchi muammo.
Ikkinchi muammo shuki, bugunga qadar o‘z milliy modelimizni yarata olmadik. Bugun biror xorij mamlakati rivojlanish modelini qabul qilsak, ertaga boshqasiga o‘tamiz. Holbuki, dunyoda taraqqiyot cho‘qqilarini egallagan, shu yo‘lda harakat qilayotgan millatlar, yaxshimi-yomonmi, o‘z taraqqiyot modelini ishlab chiqqan.
Mamlakatimizda katta islohotlar olib borilyapti, ammo ularning samarasi ko‘ngildagidek emas. Nazarimizda, buning bir qancha sabablari bor.
Avvalo, so‘zimiz va amalimiz bir-biridan yiroqlashib ketgan. Ustiga-ustak, tiynatimizdagi maddohlik, xushomadgo‘ylik kabi illatlardan xalos bo‘lolmayapmiz. Ayrimlar o‘zini hamon sobiq sho‘ro tuzumi davrida yashayotgandek tutadi. O‘sha davrga xos madhiyabozlik bugun ham davom etayotgandek. Yurtdoshlarimiz ham bunga ko‘nikib bormoqda.
Aholining moddiy shart-sharoiti shiddat bilan o‘zgarayotgan zamon talablariga muvofiq emas. Davlat ilg‘or qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilayotganiga qaramay, aksar cohalarda “eski tos, eski hammom”dan qutula olmayapmiz. Chunki qonunchilik ijrosiga mas’ul ayrim mansabdorlar shaxsiy foydadan boshqa jihatni o‘ylamay qo‘ygan.
Qahramon shoirimiz Abdulla Oripov “o‘zga erur imlo bu kun” deb yozganidek, zamon evrilib, mezonlar ham o‘zgarib ketdi. Bugun insonning maqom-martabasi, obro‘-e’tibori, qo‘yingki, qadr-qimmati pulga, moddiy boylikka bog‘liq bo‘lib qoldi. Kimning sarvati ko‘p bo‘lsa, dunyo uniki! Xalqona aytganda, og‘zi qiyshiq bo‘lsa ham, boyning o‘g‘li gapirsin. Shunday talotumda qo‘li kalta, kamtarona maosh evaziga ro‘zg‘orini arang tebratib kelayotgan yurtdoshlarimiz sarosima, taraddudda qolgani haqiqat.
Bizningcha, bugun jamiyatimiz ahli besh guruhga bo‘lingan: 1) sarmoyadorlar, ya’ni kapitalistlar; 2) byudjetdan maosh olib yashayotgan o‘rtahol ziyolilar; 3) qora qozonini el qatori qaynatayotgan qishloq ahli; 4) kurashlar sharoitida shakllanayotgan o‘rta sinf (davlat ularni har taraflama qo‘llab-quvvatlashga g‘amxo‘rlik qilmoqda, ammo unib-o‘sishlariga to‘siq bo‘ladigan kuchlar talaygina); 5) ishsiz kambag‘allar.
Xavotirli jihati, biz shartli ravishda bo‘lgan ushbu ijtimoiy toifalar orasida farq ortib, o‘rtadagi masofa tobora kattalashmoqda. Bu esa jamiyatda taranglikni kuchaytirib, turli ijtimoiy muammolarni yuzaga keltirishi mumkin.
Albatta, jamiyatda moddiy tengsizlikni butunlay yo‘q qilib bo‘lmaydi. Ammo, harqalay, uni minimal darajaga keltirish mumkinligi ko‘plab mamlakatlar tajribasidan ma’lum.
“Millat vijdoni” deb ulug‘lanadigan ziyolilarimiz jamiyatda yuz berayotgan o‘zgarishlar, mavjud ahvolga nisbatan befarq ekani ham kishini o‘yga toldiradi. Holbuki, ziyoli ahli xalqni birlashtirishi, ommani ezgu maqsadlar sari yo‘naltirishda peshqadam bo‘lishi kerak. Ziyolilarning faol toifasi esa jamiyatga sig‘mayotgandek. Boshi qovushmagan, o‘zaro birlashuv istagi sust. Darvoqe, ziyolilarni himoya qilishi kerak bo‘lgan davlat idoralari ham u qadar faol emas. Lekin shunday sharoitda ham ziyoli o‘ziga yuklatilgan mo‘tabar vazifani ado etishi shart emasmi?..
Bugun ayrim ziyolilarda jamiyatga nisbatan ishonchsizlik kayfiyati borligini ham tan olishimiz zarur. Ba’zilar esa jamiyatdagi muammolar o‘z-o‘zidan hal bo‘ladi deb o‘ylaydi, nazarimizda. Jadid bobolarimizning millatni uyg‘otish va taraqqiyga yetaklash yo‘lidagi kurashda mol-dunyosi, hatto jonini-da nisor etgani oydinlarimizga o‘rnak bo‘lmog‘i darkor.
“O‘tmishda biz qoloq edik, Oktyabr inqilobidan keyin “katta og‘a” bizga yordam qo‘lini cho‘zdi, aks holda, qoloqligimizcha qolib ketar edik” qabilidagi safsata sho‘ro davrida ko‘p va xo‘b aytilgani ma’lum. Holbuki, “yordam qo‘lini cho‘zish”dan ko‘zlangan asl g‘araz bizni butunlay qaram qilish, boyliklarimizga ega chiqish bo‘lgan. Mana, ozod bo‘lganimizga ham 33 yil bo‘ldi. Chinakam millat darajasiga yuksalib, o‘zligimizni to‘la-to‘kis angladikmi?
O‘zlikni anglashning uch shakli bor: avvalo, har bir inson o‘zini o‘zi anglashi lozim; soniyan, muayyan millat vakili sifatida milliy o‘zlikni idrok etmoq kerak; uchinchidan esa bashar farzandi o‘laroq dunyoni anglamoq talab etiladi. Bu uch jihat o‘zaro mushtarakdir, halqalardan hatto bittasi bo‘lmasa ham qolganlari bog‘lanmaydi. Ya’ni etnik guruh, elat ham to‘laqonli millat darajasiga ko‘tarilmaydi.
Insonlarning barmoq izlari kabi dunyoqarashi, e’tiqodi ham turlichadir. Kimdir o‘zi mansub mamlakat, qolaversa, oila oldidagi burchlarini teran anglaydi, qadriyatlarni e’zozlaydi va asrlar sinovidan o‘tgan rasm-rusumlarga rioya qiladi. Boshqa birov bilgani holda ma’naviy burchlarini ado etmaydi. Yana bir toifa esa ularni na biladi, na bilishga intiladi. Jamiyatda birinchi toifa vakillari salmog‘i ortsa, millat va davlat rivojlanadi. Ayni choqda, milliy urf-odatlar, qadriyatlar va axloqqa rioya etishning o‘zi yetarli emas, ularni saqlash, rivojlantirish, kelgusi avlodlarga yetkazish ham muhimdir. Vatanga ichkari va tashqaridan kelishi mumkin bo‘lgan yovuzliklarga qarshi butun millat bir tan-u bir jon bo‘lib kurashishi qanday soz!
Odam millat mansubi o‘laroq maqomini ona Vatanida to‘liq his etadi. To‘g‘ri, keyingi vaqtlarda ko‘plab millatdoshlarimiz AQSh, Yevropa va Osiyo mamlakatlariga ishlagani borib, u yerlarda doimiy yashab qolmoqda. Migratsiyadan fojia yasamaslik kerak, ammo ona tili omilini e’tibordan soqib etib bo‘lmaydi. O‘tgan asrning 30-yillarida o‘zga davlatlarga bosh olib ketishga majbur bo‘lgan o‘zbeklar farzand-u nevaralariga ona tilini o‘rgatgan edi. Millat vakili ona tilini biladimi – boshqa milliy qadriyatlarni ham saqlashga intiladi. Demak, millat hozir ham, istiqbolda ham barhayot bo‘lib qoladi, yo‘q bo‘lib ketmaydi, har vaqt “men”ini namoyish etib turaveradi. Yagona shart – odamning milliy o‘zligini anglashidir.
Dunyo rang-barang va murakkab bo‘lib, uni anglash oson emas. Dunyoni anglamoq orqali zamon va makonda bashariyatning ertasi uchun qanday imkoniyat hamda xavf-xatarlar yuzaga kelayotgani, millat va mamlakat istiqbolida qanday o‘zgarishlar yuz berishi mumkinligi-yu qanday yo‘l tutish lozimligini bilish mumkin. Kurrayi arzda kechayotgan voqea-hodisalardan xabardor bo‘lmoqqa intilmagan odam nainki o‘zi, balki millatini ham gumrohlikka yetaklashi hech gap emas. Bugun dunyo har bir insonni turli muammolarga ro‘baro‘ etmoqda, ularning mohiyatini bilmasdan turib risoladagidek hayot kechirib bo‘lmaydi.
Demak, har bir insonning o‘zini o‘zi anglashi, millat vakili sifatidagi maqomini idrok etishi va dunyoni bilishi – millat bo‘lib shakllanishning muhim mezonlari hisoblanadi. El-ulusning millat bo‘lib birlashuvida bu uch omil dialektik bog‘liqlik kasb etishi lozim. Ular qancha uzviy bo‘lsa, millat maqomi shuncha yuksaladi.
Moddiy kuch o‘z-o‘zidan harakatga kelmaydi, uni harakatga keltiruvchi turtki lozim. Bu turtki insonning ongi va ruhiyatidir. U qancha kuchli bo‘lsa, millat ham o‘zligini shuncha teran anglaydi.
Bugun O‘zbekiston “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” g‘oyasini amalga tatbiq etmoqda. Qayta tiklangan urf-odat, an’ana va qadriyatlarimiz milliy o‘zlikni anglashda ko‘mak beradi. Ammo hali ajdodlardan qolgan boy merosni o‘rganishda sabot-la davom etmoq, yangi fan, texnika va texnologiya yutuqlarini zamon talab qilgan darajada o‘rganmoq va hayotga tatbiq etmoq lozim. Ajdodlarimizning moddiy va ma’naviy merosi bilan maqtanishning o‘zi yetarli emas. Ular kabi butun insoniyat koriga yaraydigan kashfiyot-u ixtirolarga qo‘l urmog‘imiz darkor. Buning uchun katta bilim talab etiladi.
Maktab ta’limi zamon talablari asosida rivojlantirilishi kerak. Maktab yoshidagilar qo‘l urayotgan jinoyatlar, axloqsizliklarni o‘ylasak, bu borada qiladigan ishlarimiz hali naqadar ko‘pligi, ma’naviy-ruhiy muolaja suv bilan havodek zarurligi ayonlashadi. Axir, millatimiz o‘tmishida bolalar o‘rtasida shu xil zo‘rlik, axloqsizlik, ota-onaga nisbatan hurmatsizlik bo‘lganmikan?! Jamiyat va mamlakatni rivojlantirish intellektual salohiyatni oshirishga, bu esa maktab va ta’lim-tarbiya ishiga bog‘liqdir.
Tarbiya borasida ko‘p gapiryapmiz-u, ammo muammolar yechimini topayotgani yo‘q. Boya jamiyatdagi norasoliklarni bartaraf etishda ziyolilar mas’uliyatiga to‘xtalgan edik. Nazarimizda, asosiy gap faqat ziyolilarda emas. Ongimiz, ruhiyatimizdan sobiq sho‘ro tuzumida shakllangan yana bir illat – boqimlikni siqib chiqara olmayapmiz. Jamiyatimizda hammasini davlat beradi, hammasini davlat bajaradi, deb o‘ylaydiganlar hozir ham ko‘pchilikni tashkil etadi. O‘zimizni, milliy o‘zligimizni anglashimiz sekin kechayotgani sabablaridan bir ham shu. Bu borada tarixchi olim Baxtiyor Alimjonov “Tafakkur” sahifalarida bildirgan quyidagi fikrlarga qo‘shilamiz: “O‘zligimizning asosini tarixiy ong tashkil etadi... Tarixiy ong tugal shakllanmagani yoki sovetcha ongning haligacha ustunligi sabab o‘zligimiz postkolonial va modern (stalincha variantda) kategoriyalarga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Oqibatda jamiyatda madaniy taraqqiyot past-baland tarzda kechmoqda, ziyolilar orasida ilmdan yiroq bahslar ko‘paymoqda, dunyoviylik va diniy tafakkur turli jabhalarda to‘qnash kelmoqda. Intellektual “ayirmachilik” va boshboshdoqlik, milliy o‘zlikning tarixiy asoslari bo‘shligi shunday noravo holni paydo qiladi” (Alimjonov B. O‘zanini izlayotgan o‘zlik. “Tafakkur” jurnali, 2023-yil, 3-son. 28-bet).
Jamiyatimizda tariximizni yaxshi biladiganlar ancha-munchani tashkil etadi, lekin uni bilmaydiganlar ham oz emas. Bir toifa ziyolilar, iqtisodiy-ijtimoiy ahvoli qanday bo‘lishidan qat’i nazar, jamiyat tashvishi ila yashamoqda, og‘riqli nuqtalarimiz haqida dadil fikr bildirmoqda, dangal yozmoqda. Yana bir toifa esa yutuqlarni ko‘pirtirib maqtash bilan band.
Alhosil, bugungi kunda millatimiz taraqqiyotiga ikki nuqtayi nazardan qarash mumkin. Birinchidan, millat urf-odat, an’ana, qadriyatlarga qisman bo‘lsa-da amal qilib kelyapti, o‘zbek tili davlat tiliga aylandi, milliy o‘zlikni anglashga kuchli urinish bor, ma’lum darajada milliy birlik shakllandi. Ikkinchidan, milliy o‘zlik to‘la-to‘kis anglanmadi, ruhiyatimiz va ongimizda mustabid tuzumdan meros bo‘lib o‘tgan illatlar hamon yashab kelmoqda; erkin fikrlash, o‘z so‘zini dadil aytish ommalashmadi; Vatan, til, millat manfaatlari shaxs manfaatlaridan ustun qo‘yilayotir...
Siyosatshunos olim To‘lqin Alimardon to‘g‘ri ta’kidlaganidek, “Har bir xalqning o‘z qadr-qimmatini anglashi milliy hurriyatga eltuvchi yo‘li hisoblanadi. Millatning adolatli jamiyat barpo etishdek ardoqli orzu-intilishlari erkin, ruhiyati sog‘lom shaxslarning aql-idroki va e’tiqodi asosida ro‘yobga chiqadi” (Alimardon T. Haqiqatga sadoqat. “Tafakkur” jurnali, 2024-yil, 1-son. 32-bet).
Nazarimizda, milliy o‘zligimizni anglash ahvoli o‘tgan asrning 90-yillar oxirigacha bo‘lgan darajadan durust emas. Holbuki, u davrda jamiyatda moddiy yetishmovchiliklar ko‘p edi. Shunga qaramay, xalq ozodlikka erishish va uni mustahkamlashni asosiy maqsad, bosh a’mol deb bilgan edi. Millat ruhi va ongini yuksaltirish haqida qayg‘urmasak bo‘lmaydi. Negaki, milliy o‘zlikni anglash orqaligina chinakam millat bo‘lib shakllanamiz.
Sa’dulla OTAMURODOV
“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 4-son.
“Qachon millat bo‘lamiz” maqolasi
Roto by: Abdumannon MUHAMMAD
Adabiyot
San’at
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
San’at
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q